Ushbu xabarlar va asarlar dunyoparast olimning ahvoli johilnikidan ko‘ra yomonroq va azobi og‘irroq bo‘lishini hamda najot topuvchilar va Allohga yaqin bo‘luvchilar oxirat olimlari ekanini bayon qilmoqda.
Oxirat olimlarining ham bir qancha alomatlari bor.
Ulardan biri ilmi bilan dunyo talab qilmaslikdir. Zero, olimlikning eng past darajasi dunyoning haqir, past, tashvishli va o‘tkinchi ekanini hamda oxiratning ulug‘, doimiy, ne’matlari musaffo va mulki buyukligini bilishdir. Olim kishi yana shuni ham bilmog‘i lozimki, dunyo va oxirat bir-biriga ziddir. Kundoshlar kabidirki, birini rozi qilsang, ikkinchisini g‘azablantirgan bo‘lasan. Tarozining ikki pallasi kabidirki, biri og‘ir kelsa, ikkinchisi yengil bo‘ladi. Mag‘rib va mashriq kabidirki, biriga yaqinlashganing sayin ikkinchisidan uzoqlashasan. Biri bo‘sh, biri to‘la ikki qadah kabidirki, to‘lasining suvidan bo‘shiga qo‘ysang, bunisi to‘lgan sari unisi bo‘shab boradi.
Kimki dunyoning og‘ir, g‘am-tashvishli, lazzatlari alamlari bilan aralash va undagi barcha yaxshi narsalar o‘tkinchi ekanini bilmagan bo‘lsa, u aqli buzilgan kishidir. Chunki mushohada va tajriba buni ochiq ko‘rsatib turibdi. Shunga ko‘ra, aqli yo‘q kishi qanday qilib olimlardan bo‘lsin? Kim oxirat ishining ulug‘ va davomiyligini bilmagan bo‘lsa, u iymondan ajralgan kofirdir. Iymonsiz kishi qanday qilib olim bo‘lsin?! Kim dunyoning oxiratga zid ekanini va u ikkalasini bir joyda to‘plash mumkin emasligini bilmagan bo‘lsa, u barcha payg‘ambarlarning shariatlarini bilmaydigan johildir, balki, Qur’onni boshidan oxirigacha inkor etuvchidir. U qanday qilib olimlar toifasidan sanalsin?! Kim bularning barchasini bilib ham oxiratni dunyodan ustun qo‘ymagan bo‘lsa, u shaytonning asiridirki, hoyu xohishlari uni halok qilgan va badbaxtligi unga g‘olib kelgandir. Darajasi shunday bo‘lgan kishi qanday qilib olimlar jamoasidan sanalsin?!