Imom G’azzoliy. Ihyou ulumid-din (Ilm kitobi)  ( 157091 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 20 21 22 23 24 25 26 27 28 29 30 31 B


Munira xonim  15 Oktyabr 2006, 12:22:41

Shunday qilib, u bo‘lgan voqeani aytib berdi. Oxirida esa Alloh taoloning:

«Albatta, sizlar uchun Allohning payg‘ambarlarida go‘zal namuna bordir» (Ahzob surasi, 21-oyat), degan oyatini o‘qib: «Sizlar kimdan namuna olyapsizlar. Rasulullohdanmi (sollallohu alayhi vasallam) yoki birinchi bo‘lib g‘isht va toshdan uy qurgan Fir’avndanmi?» dedi. Shunda uni qo‘yib yubordi».

Hotamul Asom (r.a.) hikoyati mana shudir.

Salaflarning kamtarlik va zeb-ziynatni tark etish kabi siyratlaridan yuqoridagi ma’nolarga dalolat qiluvchi iboralar yana keladi. Bu boradagi haqiqat shuki, muboh narsalar bilan ziynatlanish harom emas. Lekin unga chuqur kirishish unsiyatni paydo qiladi. Natijada uni tark qilish qiyinlashadi.

Ziynatlanish faqat uning sabablariga rioya etish bilan mumkin bo‘ladi. Ko‘pincha uning sabablariga rioya etmaslik mudohana (murosa, xushomadgo‘ylik), xalqning xohishiga rioya qilish, riyokorlik va boshqa man’ qilingan ishlardan iborat gunohlarni keltirib chiqaradi. Bu gunohlardan qutulishning chorasi ziynatlanishdan saqlanishdir. Chunki kim dunyoga sho‘ng‘isa, albatta, undan salomat chiqmaydi. Agar dunyoga sho‘ng‘ish bilan birga, undan salomat qolish mumkin bo‘lganida edi, Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam) dunyoni tark etishda mubolag‘a qilmas edilar. Hattoki, xutba vaqtida naqshli kiyimni157 va tilla uzukni yechib qo‘yar edilar.158 Bundan boshqa yana ko‘plab dalillar borki, bayoni yaqinda keladi.


157. Muttafaqun alayh.
158. Muttafaqun alayh.


Qayd etilgan


Munira xonim  15 Oktyabr 2006, 12:22:56

Hikoya qilinadiki, Yahyo ibn Yazid Navfaliy (r.a.) Imom Molik ibn Anasga (r.a.) shunday maktub yozgan: «Bismillahir rohmanir rohiym. O‘tmish va kelajakdagilar ichida Uning payg‘ambari Muhammadga Allohning salot va salomi bo‘lsin! Yahyo ibn Yazid ibn Abdulmalikdan Molik ibn Anasga. Ammo ba’d. Menga ma’lum bo‘ldiki, sen nafis       kiyimlar kiyib, nozik taomlar yer emishsan. Yana ko‘rpachalar ustida o‘tirib, eshigingga soqchilarni qo‘yibsan. Holbuki, sen ilm kursisiga o‘tirgan zotsan. Sening huzuringga kelish uchun ulovlar tayyorlangan va odamlar ham doimo sen tomonga oshiqadilar. Ular seni imom qilib olganlar va so‘zlaringdan rozi bo‘ladilar (qabul qiladilar). Shunday ekan, Allohdan qo‘rq, ey Molik! Mutavoze’ bo‘l. Bularni  senga nasihat uchun yozdimki, Allohdan o‘zga hech kim bundan xabardor emas. Vassalom!»

Molik (r.a.) unga shunday javob yozdilar: «Bismillahir rohmanir rohiym. Alloh taolodan sayyidimiz Muhammadga, ahli va ashobiga salot va salomlar bo‘lsin! Molik ibn Anasdan Yahyo ibn Yazidga. Senga Allohning salomi bo‘lsin! Ammo ba’d. Maktubing menga yetib keldi va nasihat, shafqat, adab bo‘lib (qalbimga) joylashdi. Alloh seni taqvo bilan siylasin va nasihating evaziga yaxshilik bilan mukofotlasin. Alloh taolodan tavfiq so‘rayman. (Yaxshilik qilishga) kuch va (yomonlikdan saqlanishga) quvvat faqatgina buyuk va oliy zot bo‘lgan Allohdandir. To‘g‘ri, sen zikr qilganingdek, men nozik taomlar yeyman, nafis kiyimlar kiyaman, (soqchi bilan o‘zimni) qo‘riqlataman va yumshoq o‘rinlarda o‘tiraman. Mana shularni qilamiz va Alloh taolodan mag‘firat so‘raymiz. Zero, Alloh taolo:

«Bandalari uchun chiqarilgan Allohning ziynatini va pok rizqlarni kim haromga chiqaradi?» (A’rof surasi, 33-oyat) deb marhamat qilgan. Albatta, buni tark etish unga kirishdan ko‘ra yaxshiroq ekanini bilaman. (Bundan keyin ham) bizni maktubingdan darig‘ tutma. Biz ham seni maktubimizdan darig‘ tutmaymiz. Vassalom!»

Qayd etilgan


Munira xonim  15 Oktyabr 2006, 12:23:09

Molikning (r.a.) insofiga qaraki, ziynatni tark etish uni olishdan yaxshiroq ekanini e’tirof etib, uning mubohligiga fatvo berdilar. U zot ikkala holatda ham to‘g‘ri so‘zlagandirlar. Bir inson qachon, bu nasihatdagi kabi insof va e’tirof bilan nafsini isloh etsa, keyin uning nafsi mubohlar huzurida to‘xtashga qodir bo‘lsa, ammo bu uni riyokorlikka, xushomad go‘ylikka va yomon ko‘rilgan ishlarga o‘tib ketishga majbur qilmagan bo‘lsa, u kishi Imom Molik kabi (buyuk) maqomdadir. Lekin ko‘plar ziynatlar oldida o‘zini to‘xtatishga qodir bo‘lmaydi. Shu sababdan mubohlar bilan ziynatlanish katta xatardir. Bu holat xavf va qo‘rquvdan uzoq. Holbuki, oxirat ulamolarining asosiy xususiyati qo‘rquvdir. Qo‘rquvning xususiyati esa, xatar ehtimoli bo‘lgan ishlardan uzoqlashishdir.

(Oxirat olimlarining alomatlaridan) yana biri podshohlardan uzoqroq bo‘lish, modomiki, qochishga imkoni bor ekan, umuman huzurlariga kirmaslikdir. Podshohlar uning huzuriga kelsalar ham, ularga aralashishdan saqlanishi lozim. Chunki dunyo shirin va ko‘rkamdir. Uning jilovi podshohlar qo‘lida. Ular zolim bo‘lishi bilan birga, roziliklarini topish va qalblarini o‘ziga moyil qildirish uchun takallufidan xoli bo‘lmaydi. Ularni inkor etish, zulmlarini bildirish va fe’llarining qabihligini aytish bilan dillarini ranjitish har bir dindorga vojib bo‘ladi. Sultonlar huzuriga kirib yurguvchi kishi yo ularning chiroyli hayotlariga qarab o‘zidagi Allohning ne’matini kamsitadi, yoki ularni inkor etishdan sukut qilib, ularga xushomad qiluvchi bo‘ladi, yoki ularning roziligini topish va hollarini maqtash uchun gapida takalluf qiladiki, bu ish ochiqdan-ochiq bo‘htondir, yoki ularning mol-dunyolaridan bir qismini qo‘lga kiritishni tama’ qiladiki, bu yomon sifatdir. Podshohlarning molidan olish joiz bo‘lganlari va joiz bo‘lmaganlari, yomon va yaxshilari (bayoni) yaqinda «Halol va harom» kitobida keladi. Xulosa qilib aytganda, ularga aralashish yomonliklarning kalitidir. Oxirat olimlarining yo‘llari esa, bundan ehtiyot bo‘lishdir.


Qayd etilgan


Munira xonim  15 Oktyabr 2006, 12:23:22

Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam) aytadilar: «Kim sahroda yashasa, (qalbi) qattiq bo‘ladi, kim ovga ergashsa, g‘aflatda qoladi, kim podshoh huzuriga borsa fitnaga uchraydi».159 Yana shunday deydilar: «Yaqinda ustingizga shunday amirlar keladiki, ularning sizlarga maqbul va siz rad etadigan amallari bo‘ladi. Kim ularni inkor qilsa, gunohdan qutuladi. Kim yomon ko‘rsa, salomat bo‘ladi. Lekin kim rozi bo‘lsa va tobe’ bo‘lsa, Alloh taolo uni uzoq qiladi». Shunda (sahobalar): «Ularga qarshi jang qilmaylikmi?» dedilar. Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam): «Yo‘q, ular namoz o‘qisalar, urushmang»,160 dedilar.

Sufyon Savriy (r.a.) aytadilar: «Jahannamda bir vodiy borki, unda faqatgina podshohlarni ziyorat qilguvchi qori-olimlar turadilar».

Huzayfa (r.a.): «Fitna chiqadigan joylardan saqlaning», dedilar. «U qaysi joy?» deb so‘rashdi. U kishi: «Amirlarning eshiklari. Sizlardan birortangiz amirning huzuriga kirsa, uning yolg‘onini tasdiqlaydi va  unda bo‘lmagan sifatlarni gapiradi», deb javob berdilar.

Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam) aytadilar: «Olimlar, modomiki, podsholarga aralashmasalar, Allohning bandalari ichida payg‘ambarlarning ishonchli vakillaridir. Qachonki, aralashsalar, payg‘ambarlarga xiyonat qilgan bo‘ladilar. Shunda ulardan ehtiyot bo‘linglar va ajralinglar».161 Bu hadisni Anas (r.a.) rivoyat qilganlar.


159. Abu Dovud, Termiziy va Nasoiylar rivoyati, sahihi.       
160. Imom Muslim Ummu Salamadan rivoyat qilgan.
161. Ibn Javziy «Mavzu’ot»da zikr qilingan.


Qayd etilgan


Munira xonim  15 Oktyabr 2006, 12:26:59

A’mashga (r.a.): «Siz ilm ihyo qildingiz, chunki sizdan ko‘plar ilm oladi», deyishganida, u kishi aytdilarki: «Shoshmanglar! (Mendan ilm olganlarning) uchdan biri uni idrok etmasdan oldin vafot qiladi. Yana uchdan biri podshohlar eshigidan ajralmay qoladi, ular odamlarning eng yomonidirlar. Qolgan uchdan bir qismining ham juda ozi najot topadi».

Shuning uchun Said ibn Musayya (r.a.): «Qachon bir olimning amirlar atrofida o‘ralashib yurganini ko‘rsangiz, undan ehtiyot bo‘ling. Chunki u o‘g‘ridir», deganlar.

Avzoiy (r.a.) aytadilar: «Amaldorni ziyorat qiluvchi olimdan ko‘ra Allohga yoqimsizroq hech narsa yo‘qdir».

Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam) shunday deganlar: «Olimlarning yomoni amirlar huzuriga borganlaridir. Amirlarning yaxshilari olimlar huzuriga kelganlaridir».162

Makhul Damashqiy (r.a.) aytadilar: «Kim Qur’onni ta’lim olsa va dinni chuqur o‘rgansa, keyin podshohga laganbardorlik bilan uning huzuridagi narsani tama’ qilib, yaqin bo‘lsa, (shu maqsadda) bosgan qadamlari sonicha jahannam o‘tidan bo‘lgan dengizga sho‘ng‘ib boradi».


162. Ibn Moja avvalgi qismini zaif sanad bilan rivoyat qilgan.


Qayd etilgan


Munira xonim  15 Oktyabr 2006, 12:27:13

Samnun (r.a.) aytadilar: «Olimning suhbatiga kelinadi, lekin u topilmaydi. Uning qaerdaligini so‘ralsa,  amirning huzurida deyiladi. Naqadar yomon!!».

Yana aytadilar: «Ilgari qachon bir olim dunyoni sevganini ko‘rsangiz, undan ehtiyot bo‘linglar, deganlarini eshitgan edim» Men buni tajriba qilib, sinab ko‘rdim. Podshohning huzuriga kirib chiqqandan keyin nafsimni hisobga tortdim va unda inqirozni ko‘rdim. Holbuki, eng og‘ir va qo‘pol so‘zlar aytishimni hamda sultonning xohishiga qarshi chiqishimni bilasizlar. Shunga qaramasdan, men undan biror narsa olmasam ham va bir ho‘plam suvini ichmasam ham, o‘rnimga boshqasini yuborib, o‘zim kirishdan qutilib qolishni yaxshi ko‘rdim».

Keyin yana shunday dedilar: «Zamonamiz olimlari Bani Isroil olimlaridan yomonroqdir. (Chunki) podshohga faqat ruxsat berilgan va nafsi havosiga muvofiq keladigan narsalar haqida gapiradilar. Agar podshohga zimmasidagi vazifalar va najotiga sabab bo‘luvchi ishlar haqida xabar bersalar edi, ularni og‘ir sanardi va huzuriga kirishlarini yomon ko‘rgan bo‘lardi. Mana shu narsa olimlar uchun Parvardigorlari huzurida najotdir».

Hasan Basriy (r.a.) aytadilar: «Sizlardan oldingilar orasida Islomga kirishda muqaddam va Rasulullohning (sollallohu alayhi vasallam) suhbatlariga erishgan bir zot bor edi. (Abdulloh ibn Muborak: «Hasan Basriy Sa’d ibn Abu Vaqqosni (r.a.) nazarda tutgan», deganlar.) U podshohlar atrofida o‘ralashib yurmasdi va o‘zini ulardan chetga olar edi. Farzandlari unga: «Rasulullohning (sollallohu alayhi vasallam) suhbatlarida va Islomga kirishda peshqadamlikda siz kabi bo‘lganlar ham ularning huzuriga boryapti. Siz ham borsangiz-chi?!» dedi. U zot: «Ey farzandlarim! Qavm bir o‘likni o‘rab olgan bo‘lsa, unga men ham boraymi?! Allohga qasamki, kuchim yetganicha, ulardan qochaman», dedilar. Farzandlari: «Ey otajon! Unda biz ochlikdan o‘lib ketamiz-ku», dedi. U zot: «Ey bolalarim! Semiz  munofiq bo‘lgan holda o‘lishdan ko‘ra, och mo‘min holda o‘lishim, menga suyukliroqdir», dedilar. Allohga qasamki, tuproq iymonni emas, balki sut va yog‘larni yeyishini bilganidan keyin farzandlari jim qoldilar».


Qayd etilgan


Munira xonim  15 Oktyabr 2006, 12:27:46

Bu qissada shunga ishora borki, podshoh huzuriga kirgan kishi munofiqlikdan qutula olmaydi. Bu ish esa iymonga ziddir.

Abu Zarr (r.a.) Salamaga (r.a.) shunday deganlar: «Ey Salama. Podshohlar eshigi oldida biror narsani qo‘lga kiritsang, ular sening dilingdan undan afzalrog‘ini olib qo‘yadi».

Mana shu narsa olimlar uchun katta fitnadir va shayton uchun ularga qarshi adashtiruv qurolidir. Xususan,  nutqi ravon va so‘zlari shirin bo‘lsa, shayton unga doimo: «Podsholarga va’z qilishing va huzurlariga kirishing ularni zulmdan tiyilishga va shariat hukmlarini qoyim qilishga undaydi», deb shivirlab turadi. Borib-borib, unga podshohning oldiga kirish din ishlaridandir, degan    xayolni singdiradi. Keyin qachon kirsa, shirinso‘z bo‘lib qoladi, xushomad qiladi, uni maqtash va olqishlashda haddan oshadi, bu ishlarda esa dinning halokati bordir.

Aytadilarki, olimlar qachon ilm o‘rgansalar, amal qilardilar, qachon amal qilsalar, (ibodatga) mashg‘ul bo‘lib qolardilar, qachon mashg‘ul bo‘lsalar, (odamlar ko‘zidan) yo‘qolib qolardilar, qachon yo‘qolsalar, qidirilar edilar, qachon qidirilsalar, qochardilar.

Umar ibn Abdulaziz (r.a.) Hasan Basriyga (r.a.): «Alloh taoloning amrlarini bajarishda kimlardan yordam so‘rashim mumkin, ularni ko‘rsatib bersangiz», deb maktub yozdilar. Hasan Basriy (r.a.) shunday javob qaytardilar: «Din ahli sizning huzuringizga borishni xohlamaydi. Ammo dunyo ahlini esa, siz xohlamaysiz. Lekin siz sharafli zotlarni mahkam tuting. Chunki ular xiyonat bilan bulg‘anishdan sha’nlarini muhofaza qiladilar».


Qayd etilgan


Munira xonim  15 Oktyabr 2006, 12:28:08

Zamonasining eng zohidi bo‘lgan Umar ibn Abulaziz (r.a.) haqidagi gap mana shunday! Agar din ahllari u zotdan ham qochishlari shart bo‘lsa, boshqa amaldorlarni qidirish va ular bilan aralashib yurish haqida nima deyish mumkin?!

Hasan Basriy, Sufyon Savriy, Ibn Muborak, Fuzayl ibn Iyoz, Ibrohim ibn Adham va Yusuf ibn Asbot (r.a.) kabi salaf olimlar Makka, Shom va boshqa shaharlik dunyo olimlari haqida yo ular dunyoga moyil  bo‘lganlari  yoki sultonlarga aralashib yurganlari uchun doimo gapirib turar edilar.

(Oxirat olimlarining alomatlaridan) yana biri fatvo berishga shoshilmaslik, imkoni bo‘lsa, fatvo berishdan butunlay saqlanish va ehtiyot bo‘lishidir. Agar undan Allohning kitobidagi dalil yoki hadisdagi hujjat yoki ijmo’ yoxud ochiq va ravshan qiyos bilan haqiqatni biladigan masalasi haqida so‘rashsa, fatvo beradi. Agar shak-shubha qilib turgan masala xususida so‘ralsa, «bilmayman», deydi. Agar ijtihod va taxmin bilan to‘g‘ri javob bera olishiga ishongan masalasi haqida so‘ralsa, ehtiyot bo‘ladi va uni o‘zidan chetlatadi, boshqa loyiqroq kishi bo‘lsa, (javob berishni) unga qoldiradi. Mana shu ish ehtiyotkorlikdir. Chunki ijtihod og‘ir ish.

Hadisda aytilganki: «Ilm uchtadir. Notiq kitob, qoyim sunnat va «bilmayman» demoqlik».163

Sha’biy aytadilar: «Bilmayman, deyish ilmning yarmidir».


163. Xatib, Abu Dovud, Ibn Mojalar marfu’ holda rivoyat qilgan. Alboniy zaif degan.

Qayd etilgan


Munira xonim  15 Oktyabr 2006, 12:28:22

Kimki bilmagan narsasi haqida so‘ralganida, Alloh rizosi uchun sukut qilsa, uning savobi javob berganning savobidan oz emasdir. Chunki bilmasligini e’tirof etish nafsga juda og‘ir. Zero, sahobai kiromlar va salaflarning odatlari shunday edi.

Ibn Umardan (r.a.) qachon fatvo so‘ralsa: «Odamlarning ishlarini o‘z zimmasiga olgan anavi amirga bor va buni uning bo‘yniga qo‘y», der edilar.

Ibn Mas’ud (r.a.) aytadilar: «Odamlar so‘ragan barcha masalalarga fatvo (javob) beradigan kishi majnundir».

Yana shunday deganlar: «Olimning qalqoni «bilmayman» deyishdir. Agar uni qo‘ldan chiqarsa, unga o‘ldiruvchi (zarbalar) keladi».

Ibrohim ibn Adham (r.a.) aytadilar: «Bir ilmda gapirib, boshqa bir ilmda sukut qilishdan ko‘ra shaytonga og‘irroq narsa yo‘qdir. Shayton unday olim haqida: «Bunga qaranglar, uning sukuti men uchun gapirganidan og‘irroqdir», deydi».

Ba’zilar (avliyolardan bo‘lgan) abdollarni sifatlab shunday deydi: «Muhtoj bo‘lgandagina yeydilar, uyqu g‘olib kelgandagina uxlaydilar, zarurat tug‘ilgandagina gapiradilar, ya’ni, so‘ralguncha gapirmaydilar. Qachon bir savol so‘ralganida o‘rinlariga javob beradigan kishini topsalar, sukut qiladilar. Agar majbur bo‘lsalar, (shundagina) javob beradilar. Ular savoldan oldin gap boshlashni gapirishga bo‘lgan maxfiy shahvatdan deb biladilar».

Qayd etilgan


Munira xonim  15 Oktyabr 2006, 12:28:37

Hazrati Ali (r.a.) va Abdulloh ibn Mas’ud (r.a.) odamlarga gapirayotgan bir kishining oldidan o‘tdilar. Birlari (ikkinchilariga): «Bu odam, meni tanib qo‘yinglar, deyapti», dedilar.

Ba’zi hakimlar aytadilar: «Olim — undan savol so‘ralganda (sog‘lom) tishi sug‘urilgandek iztirob chekkan kishidir».

Ibn Umar (r.a.) shunday der edilar: «Bizni ko‘prik qilib, jahannamga ustimizdan yurib o‘tishni xohlayapsizlarmi?!»

Abu Hafs Nisoburiy (r.a.) aytadilar: «(Haqiqiy) olim savol so‘ralgan paytda, qiyomat kuni unga: «Qaerdan olib javob berding?» deyilishidan qo‘rqqan kishidir».

Ibrohim Taymiydan (r.a.) biror savol so‘rashsa, yig‘lashni boshlar va: «Boshqani topolmay menga kuninglar qoldimi?!»  der edilar.

Abul Oliya Riyohiy, Ibrohim ibn Adham, Sufyon Savriylar (r.a.) ikkita, uchta yo ozchilikdan iborat jamoatga gapirar edilar. Qachon (tinglovchilar) ko‘payib ketsa, turib ketardilar.

Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam) shunday deydilar: «Uzayr payg‘ambarmidi yoki yo‘qmi, bilmayman. Tubba’ mal’unmidi yoki yo‘qmi, bilmayman. Zulqarnayn      payg‘ambarmidi yoki yo‘qmi, bilmayman».164


164. Abu Dovud va Hokimlar sahih holda rivoyat qilishgan.

Qayd etilgan