Imom G’azzoliy. Ihyou ulumid-din (Ilm kitobi)  ( 129460 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 21 22 23 24 25 26 27 28 29 30 31 B


Munira xonim  15 Oktyabr 2006, 12:28:53

Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam) yerning eng yaxshi va eng yomon joyi haqida so‘ralganlarida, «bilmayman» deb javob berganlar. Hatto Jabroil (a.s.) tushganda Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam) undan so‘radilar, u ham «bilmayman», deb javob berdi. Toki, Alloh taolo yerning eng yaxshi joyi masjidlar va eng yomon joyi bozorlar ekanini bildirgunga qadar (shunday davom etdi).165

Ibn  Umardan (r.a.) o‘nta masala so‘ralsa, bittasiga javob berib, to‘qqiztasiga sukut qilar edilar. Ibn Abbos (r.a.) esa, to‘qqiztasiga javob berib, bittasiga sukut qilardilar. Fuqaholar ichida «bilmayman» deydiganlari «bilaman» deydiganlaridan ko‘proq edi. Sufyon Savriy, Molik ibn Anas, Ahmad ibn Hanbal, Fuzayl ibn Iyoz va Bishr ibn Hars shular jumlasidandir.

Abdurahmon ibn Abu Laylo (r.a.) aytadilar: «Mana shu masjidda (ya’ni, Masjidi nabaviyda) Rasulullohning (sollallohu alayhi vasallam) ashoblaridan yuz yigirma kishini ko‘rishga muvaffaq bo‘ldim. Ularning barchasi bir hadis yoki biror fatvo borasida so‘ralsa, o‘rniga birodari javob berishini yaxshi ko‘rar edilar».

Boshqa bir iborada shunday deyiladi: «Bir masala ularning birortasidan so‘ralsa, boshqaga yuborar edi. U ham boshqasiga qaytarar edi. Hatto aylanib yana birinchilariga kelardi».

Rivoyat qilinishicha, ashobi suffalardan biriga qo‘yning pishirilgan boshi hadya qilindi. U juda och bo‘lgani holda, uni birodariga hadya qildi. U ham boshqasiga berdi. Va hokazo ularning o‘rtasida aylanib, yana birinchi kishiga qaytib keldi.


165. Imom Ahmad, Abu Ya’lo, Bazzor va Hokimlar rivoyati.

Qayd etilgan


Munira xonim  15 Oktyabr 2006, 12:29:07

Hozirgi kunda olimlarning ishi qanday qilib aksiga aylanib qolganiga qara, undan qochish lozim bo‘lgan narsa talab qilinmoqda, matlub narsadan esa qochilmoqda.

Fatvo berishdan ehtiyot bo‘lish xayrli ekaniga ba’zi olimlar musnad holatda rivoyat qilgan quyidagi hadis dalildir: Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam): «Odamlarga uch toifa kishilargina fatvo beradilar: amirlar, ma’murlar va (o‘zicha fatvoga) takalluf qiluvchi kishilar», dedilar.

Ba’zi olimlar aytadilar: «Sahobai kiromlar to‘rt ishni bir-birlariga havola qilar edilar: imomlikni, vasiyatni (ya’ni, uning bajarilishini nazorat qilishni), omonat saqlashni va fatvo berishni».

Ba’zilar deydilar: «U (olim)larning fatvo berishga shoshuvchirog‘i ilmi eng oz bo‘lganidir. Undan qattiq qochuvchi kishi esa, taqvodorrog‘idir».

Sahobai kiromlar va tobe’inlar (barchalaridan Alloh rozi bo‘lsin) asosan beshta ish bilan mashg‘ul bo‘lar edilar: Qur’on tilovati, masjidni obod qilish, Alloh taoloni zikr etish, yaxshilikka buyurish va yomonlikdan qaytarish. Buning boisi shuki, ular Rasulullohdan (sollallohu alayhi vasallam) ushbu hadisni eshitganlar: «Odam bolasining barcha kalomi o‘zi uchun zararlidir. Faqat uchta kalom bundan mustasno: yaxshilikka buyurish, yomonlikdan qaytarish, Alloh taoloni zikr etish».166

Alloh taolo shunday marhamat qiladi:

«Ularning ko‘p maxfiy suhbatlaridan - agar sadaqa berishga yo biron yaxshilik qilishga yoki odamlar o‘rtasini isloh qilishga buyurgan bo‘lmasalar - hech qanday foyda yo‘qdir». (Niso surasi, 114-oyat).


166. Termiziy va Ibn Mojalar rivoyati. Termiziy g‘arib hadis, degan.

Qayd etilgan


Munira xonim  15 Oktyabr 2006, 12:29:20

Olimlardan biri ray sohiblaridan bo‘lgan ko‘falik  kishini tushida ko‘rdi va: «(Hayotda) qilib o‘tgan fatvo va rayingiz natijasida qanday muomala ko‘rdingiz?» deb so‘radi. U esa, aftini burishtirib, yuzini boshqa tomonga o‘girdi va: «Hech narsa topolmadik, oqibatimizni ham o‘nglay olmadik», deb javob berdi.

Ibn Hassin (r.a.) aytadilar: «Bulardan (ya’ni, hozirgi olimlardan) har biri shunday masalalar haqida fatvo beradiki, agar shu masala Umar ibn Xattobdan (r.a.) so‘ralsa, unga (javob berish uchun) ahli Badrni to‘plagan bo‘lar edilar».

Demak, zaruratdan tashqari barcha holatda sukut saqlash ilm ahlining doimiy odati bo‘lib qolaveradi.

Hadisda shunday deyiladi: «Qachonki, bir kishiga sukut bilan zohidlik berilganini ko‘rsangiz, unga yaqinlashing. Chunki u hikmatni anglaydi».167 Aytishlaricha, olim kishi yo ommaviy bo‘ladi, u fatvo beruvchi va sultonlarning ashobidandir, yoki xoslar olimi bo‘ladi, u tavhidni va qalblarning amallarini bilguvchi va odamlardan ajralib, yolg‘izlikda yashovchi uzlat sohiblaridandir.

Aytadilarki, Ahmad ibn Hanbal Dajla daryosiga o‘xshaydi, har bir kishi undan qonib ichadi. Bishr ibn Hars esa suvi shirin usti yopiq quduq kabidirki,   uning yoniga bitta-bitta keladilar.


167. Ibn Moja Ibn Xalloddan zaif isnod ila rivoyat qilgan.

Qayd etilgan


Munira xonim  15 Oktyabr 2006, 12:29:32

Aytadilarki, falonchi olimdir, falon olim faqat gapiruvchi, falonchi ko‘p gapiruvchi, falonchi esa eng ko‘p gapiruvchi.

Abu Sulaymon (r.a.) aytadilar: «Ma’rifat gapirishdan ko‘ra sukutga yaqinroqdir».

«Qachon ilm ko‘paysa, gap kamayadi. Gap ko‘paysa, ilm kamayadi», degan hikmat ham bor.

Salmon (r.a.) Abu Dardoga (r.a.) shunday yozdilar (Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam) ularni bir-birilari bilan birodar qilgan edilar)168: «Ey birodar. Menga  yetib keldiki, sen tabib bo‘lib, bemorlarni davolayotgan emishsan. Ehtiyot bo‘l! Agar (haqiqiy) tabib bo‘lsang, gapiraver. Albatta, gaping shifo bo‘ladi. Agar o‘zingni (tabib) qilib ko‘rsatayotgan bo‘lsang, Allohdan qo‘rq va musulmonni o‘ldirma!» Shundan keyin Abu Dardo (r.a.) bir masala so‘ralsa, to‘xtab qolar edilar.


168. Imom Buxoriy Abu Ja’fadan rivoyat qilgan.


Qayd etilgan


Munira xonim  15 Oktyabr 2006, 12:29:47

Anasdan (r.a.) qachon bir masala so‘rashsa: «Buni sayyidimiz Hasan Basriydan so‘ranglar», der edilar.

Ibn Abbosdan (r.a.) biror narsa so‘ralsa: «Horisa bilan Jobir ibn Zayddan so‘ranglar», der edilar.

Ibn Umar (r.a.) esa, Said ibn Musayyabdan so‘rashni aytardilar.

Hikoya qilishlaricha, bir sahobiy yigirmata hadisni  aytdi. Odamlar undan tafsirini so‘rashdi. Sahobiy: «Menda rivoyat qilganimdan boshqa (ma’lumot) yo‘q», dedi. Shundan so‘ng majlisda o‘tirgan Hasan Basriy hadislarni birma-bir sharq qila boshladilar. Odamlar uning go‘zal tafsiriga va hofizasiga hayratlanishdi. Shunda o‘sha sahobiy odamlarga bir hovuch mayda toshni otib yubordi va: «Oldingizda shunday olim turganda, ilmni mendan so‘raysizlarmi?» dedi.

(Oxirat olimlarining alomatlaridan) yana biri himmatining ko‘prog‘i (g‘ayrati) botin ilmiga, qalb muroqabasiga, oxirat yo‘llari va unda yurish qoidalarini o‘rganishga qaratilgan bo‘lishi hamda ularning inkishofi uchun mujohada va muroqabaga jiddiy kirishishidir. Chunki mujohada mushohadaga yo‘l ochadi. Qalb ilmlarining nozik jihatlarini o‘rganish bilan hikmat buloqlari qaynab chiqadi. Ammo  (quruq) ta’lim bilan bunga erishib bo‘lmaydi. Balki, mujohada va muroqaba bilan, zohiriy va botiniy amallarni qo‘shish bilan, uyg‘oq qalb va musaffo fikr bilan, xilvatda Alloh taologa yuzlanish bilan cheksiz va son-sanoqsiz hikmat yuzaga chiqadi. Bu esa, ilhomning kaliti va kashfning manbaidir. Qanchadan-qancha ta’lim oluvchilar borki, ta’lim olish muddati uzun bo‘lgani holda, eshitgan ilmiga bir kalima bilan ham qo‘shimcha qilishga qodir emasdir. Ta’lim olishda muhim narsalar bilangina cheklanuvchi hamda amal va qalb muroqabasiga jiddiy kirishuvchi qanchadan-qancha kishilar borki, Alloh taolo unga oqillarning aqllarini hayratda qoldiruvchi hikmat sirlarini ochib beradi. Shuning uchun ham Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam): «Kim bilgan ilmiga amal qilsa, Alloh taolo uni bilmagan narsalarining ilmiga voris qiladi»,169 deganlar.


169. Abu Nu’aym Anasdan (r.a.) rivoyat qilgan, zaif.


Qayd etilgan


Munira xonim  15 Oktyabr 2006, 12:30:01

Eski kitoblardan ba’zisida shunday yozilgan ekan: «Ey Bani Isroil! Sizlar: «Ilm osmondadir, uni yerga kim olib tushadi? (Ilm) yerning qa’ridadir, uni kim olib chiqadi? (Ilm) dengizlar ortidadir, uni kim olib keladi?» demanglar. Ilm qalblaringizga joylangandir. Mening huzurimda ruhoniylar odobi va siddiqlarning axloqi bilan turinglar. Shunda ilm qalblaringizda zohir bo‘lib, butun vujudingizni egallab oladi».

Sahl ibn Abdulloh Tustariy (r.a.): «Olimlar, obidlar va zohidlar qalblari qulflangan holda dunyodan o‘tdilar. Faqat siddiqlar va shahidlarning qalblarigina ochildi, xolos», dedilar va keyin Alloh taoloning ushbu so‘zini tilovat qildilar:

«G‘ayb ochqichlar. Uning huzuridadirnim, ularni yolg‘iz o‘zigina bilur» (An’om surasi, 59-oyat).

 Agar nur bilan to‘lgan kishining qalbi zohiriy ilmlar ustidan hokim bo‘lmaganida edi, Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam): «Agar senga fatvo bersalar ham, senga fatvo bersalar ham, senga fatvo bersalar ham, sen o‘z qalbingdan fatvo so‘ragin»,170 demagan bo‘lardilar.


170. Alboniy «Sahihul jome’» kitoblarida zikr qilgan.

Qayd etilgan


Munira xonim  15 Oktyabr 2006, 12:30:18

Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam) Rabbilaridan rivoyat qilgan hadisi qudsiyda shunday deganlar: «Bandam Menga nafl namozlari bilan yaqinlashib kelaveradi. Nihoyat, Men uni sevib qolaman. Qachon Men uni sevsam, uning eshitadigan qulog‘i, ko‘radigan ko‘zi, ishlaydigan qo‘li, yuradigan oyog‘i bo‘laman. Qachon Mendan bir narsa so‘rasa, beraman. Panoh istasa, shubhasiz, uni saqlayman».171

Qur’onning qanchadan-qancha sirlari, daqiq ma’nolari borki, o‘zini zikr va fikrga baxshida etganlar qalbida hosil bo‘ladi. Tafsir kitoblari bunday ma’nolardan xolidir. Mufassirlarning ulug‘lari ham undan voqif emaslar.

Qachon bu ma’nolar  muroqaba qiluvchi murid uchun ochilsa va uni mufassirlarga arz qilsa, uni yaxshi qabul etadi va (sirlar) zakovatli qalblarning alomatlaridan hamda   Allohga yuzlangan oliyhimmat zotlarga berilgan lutf ekanini biladi. Mukoshafa, muomala ilmlarining sirlari va qalb xotiralaridagi jihatlarda ham shundaydir. Zero, bu ilmlardan har biri tubiga yetib bo‘lmaydigan dengizdirki, toliblar nasibasi miqdoricha  va muvaffaq bo‘lgan chiroyli amallari nisbatida unga sho‘ng‘iy oladi.

Oxirat olimlarining sifatlari borasida Ali (r.a.) uzun bir hadisda shunday deganlar: «Qalblar idishlardir. Ularning yaxshirog‘i ichiga yaxshilik jo bo‘lgani. Odamlar uch xil: rabboniy olim; najot yo‘lida ta’lim oluvchi; har gapiruvchiga ergashib ketuvchi, har qanday shamolga egiluvchi, ilm nuri bilan ziyolanmagan va ishonchli ruknga suyanmagan kishi. Ilm moldan yaxshiroqdir. Ilm seni himoya qiladi, sen esa molni qo‘riqlaysan. Ilm qancha sarflansa, ziyodalashadi, mol esa sarflash bilan kamayadi. Ilm dindirki, kishi u bilan dindor bo‘ladi va hayoti davomida toat-ibodatlarni  u bilan amalga oshiradi va vafotidan keyin yaxshilik bilan tilga olinadi. Ilm hokimdir, mol esa mahkumdir. Mol ketishi bilan uning manfaati ham yo‘q bo‘ladi. Mol-dunyo to‘plovchilar tirik bo‘lsalar ham, o‘lik kabidirlar. Olimlar esa, dunyo turgunicha tirik va boqiydirlar».


171. Abu Hurayradan  «sam’ahu va basarahu» lafzi ila qilingan rivoyatni Imom Buxoriy va Imom Muslim keltirshgan qildilar. Lekin «Al-Huliyya» kitobida zikr etilganidek, Anasdan (r.a.) qilingan rivoyat zaif sanadlidir.

Qayd etilgan


Munira xonim  15 Oktyabr 2006, 12:30:30

Shundan keyin Ali (r.a.) chuqur nafas oldilar va aytdilarki: «Eh! Mana bu yerda (qalbda) katta ilm bor, qaniydi uni ko‘taruvchi kishini topsam. Faqat ishonchsiz tolibga duch kelyapmanki, u dunyo talabida dinni vosita qiladi, ishlatadi va Allohning ne’matlari bilan Uning avliyolariga til tekkizadi hamda Allohning hujjatlari bilan Uning xalqidan o‘zini ustun tutadi. Yoki haqiqat ahliga itoat etuvchi tolibga duch kelyapman, lekin unda basirat bo‘lmagani bois, shubhali narsaga birinchi bor ro‘baru kelishi bilanoq qalbiga shak o‘rnashib qoladi. Shuning uchun  unisi ham, bunisi ham (munosib emasdir). Yoki havoyi nafs-ining istaklarini topish yo‘lida turli lazzatlarga berilgan tolibni yoki mol-dunyo jamg‘arishga jiddiy kirishgan, hoyu havasiga itoat etuvchi tolibni ko‘ryapmanki, ularning eng yaqin o‘xshashlari yaylovdagi chorpolardir. Ey Allohim! Qachon ilmni ko‘targanlar (olimlar) vafot etsa, ilm ham o‘ladi, lekin yer yuzi bu dinni hujjat-dalillar bilan Alloh (rizosi) uchun qoim qiluvchi (saqlovchi) kishilardan xoli bo‘lmaydi. Ular yo zohir-oshkora bo‘ladi, yoki Allohning hujjatlari va ochiq dalillari botil bo‘lmasin deb, qo‘rquvchi va yashirin yuruvchi bo‘ladilar. Ularning soni qancha va qaerda? Ularning  adadlari oz, lekin qadlari yuksakdir. O‘zlari yo‘qolgan, yashirin, lekin misollari qalblarda mavjuddir. Alloh taolo ular bilan O‘z hujjatlarini muhrfaza qiladi, toki ular o‘zlaridan keyingilarga uni yetkazadilar va o‘zlariga o‘xshaganlarning     qalblariga ekadilar. Ilm ularni ishning haqiqatiga (maqsadga) yetkazadi. Natijada, yaqiynning ruhiga ham erishadilar. Keyin esa, dunyoparastlarga og‘ir kelgan narsalarni ular osonlik bilan bajaradilar va g‘ofillar uchun begona bo‘lgan narsalar ular uchun qadrdon bo‘lib qoladi. Ular vujudlari bilan bu dunyoda yuradilar, lekin ruhlari oliy maqomlarga bog‘langan bo‘ladi. Ana o‘shalar Alloh taoloning xalqi ichida (tanlab olingan) do‘stlari va Uning ishonchli bandalari hamda Uning yerdagi xizmatchilari va diniga chaqiruvchilaridir».

Shundan keyin Hazrati Ali (r.a.) yig‘ladilar va: «Oh, qaniydi ularni bir ko‘rsam!» dedilar.

Ali (r.a.) oxirida zikr qilgan ushbu sifatlar oxirat olimlarining vasfidir. Bu shunday ilmki, uning aksari amal va mujohadada davom etish bilan qo‘lga kiritiladi.


Qayd etilgan


Munira xonim  15 Oktyabr 2006, 12:30:48

Yaqiynni kuchaytirishga qattiq e’tiborli bo‘lish ham oxirat ulamolarining vasfidandir. Albatta, yaqiyn dinning sarmoyasi. Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam): «Yaqiyn — to‘laligicha iymondir»,172 deganlar. Shuning uchun yaqiynni, ya’ni dinning avvalini o‘rganish lozimdir. So‘ng qalb sari yo‘l ochiladi. Shu sababdan ham Payg‘ambar (sollallohu alayhi vasallam): «Yaqiynni o‘rganinglar»,173 deganlar. Ma’nosi shuki, yaqiynga ega kishilar bilan hammajlis bo‘linglar, ulardan yaqiyn ilmini eshitinglar, ularga doimo iqtido qilinglar, toki, sizning yaqiyningiz ularning yaqiynidek kuchli bo‘lsin. Yaqiynning ozi amalning ko‘pidan yaxshidir. Rasulullohga (sollallohu alayhi vasallam) yaqiyni go‘zal, ammo gunohi ko‘p hamda ibodatda mujtahidu, yaqiyni kam kishilar haqida gapirilganida: «Hech bir odam yo‘qki, uning gunohi bo‘lmasin», deganlar. Lekin kim tug‘ma aqlli, tabiat yaqiynli bo‘lsa, gunohlar unga zarar qilmaydi. Chunki u qachon gunoh sodir etsa, tavba qiladi, istig‘for aytadi va pushaymon bo‘ladi. Bas, u gunohi to‘kilib, jannatga kirgizadigan fazilat bilan qoladi.174 Shu sababli ham Sarvari koinot (sollallohu alayhi vasallam): «Albatta, sizlarga eng kam berilgani yaqiyn va sabrga azmu qarordir. Kim bu ikkisidan nasibador bo‘lsa, tungi namoz va kunduzgi ro‘zasidan (ya’ni, nafl ibodatlardan) boy berganlariga parvo qilmasa ham bo‘ladi»,175 deganlar.

 Luqmonning o‘g‘liga qilgan vasiyatlarida shunday so‘zlar bor: «Amalga yaqiyn bilangina qodir bo‘linadi, kishi faqat yaqiyni miqdoricha amal qiladi, yaqiyni nuqsonli bo‘lmaguncha amali qusurli bo‘lmaydi».

Yahyo ibn Muoz: «Tavhidning nuri, shirkning o‘ti bor. Tavhidning nuri muvahhidlarning gunohlarini mushriklarning savoblarini yondiradigan shirk o‘tidan kuchliroq yondiradi», dedilar. Bu so‘zlari bilan yaqiynni nazarda tutdilar.



172. Bayhaqiy va Xatib Ibn Mas’uddan hasan isnod ila rivoyat qilishgan. Alboniy «Az-za’iyfa» kitobida munkar deb aytgan.
173. Abu Nu’aym mursal holda rivoyat qilgan. Abuddunyo ham  «Al-yaqin» kitobida rivoyat qilgan.
174. Imom Termiziy Anasdan (r.a.) rivoyat qilgan.
175. Aslini topa olmadim. Lekin Ibn Abdulbar, Muozning hadislaridan bir oz farqlisini rivoyat qilgan.


Qayd etilgan


Munira xonim  15 Oktyabr 2006, 12:31:00

Alloh taolo Qur’oni karimda yaqiynli zotlarni bir necha o‘rinda zikr etadiki, bu narsa yaqiyn yaxshiliklar va saodatlar robitasi ekaniga dalolat qiladi.

Agar sen, avval yaqiynning ma’nosini, uning kuchayishi va susayishi qandayligini tushunib olib, keyin uning talab va ta’limiga mashg‘ul bo‘lish kerak, chunki surati fahmlanmagan narsaning talabi mumkin emas, deydigan bo‘lsang, bilgilki, «yaqiyn» so‘zi ikki toifa farqli ikki ma’noga ishlatadigan mushtarak lafzdir. Nazzor va mutakallimlar u bilan shak-shubhadan xoli bo‘lish ma’nosini ta’bir qiladi. Zotan, nafs bir narsani tasdiqlashga mayl etishida to‘rtta maqom bor:

Birinchisida tasdiqlash ham, yolg‘onga chiqarish ham barobardir. Bu hol shak deya ta’bir etiladi. Masalan, muayyan bir shaxs haqida sendan, Alloh uni azoblaydimi, yo‘qmi, deb so‘ralsa, uning holati senga noma’lum bo‘lsa, unga hukmni isbot yoki inkor etishga nafsing moyil bo‘lmasa, balki nazaringda ikki holning imkoni ham barobar bo‘lsa, mana shu shak deya nomlanadi.

Ikkinchi maqom nafsingning ikki holdan biriga moyil bo‘lishidir. Bunda oldingi holning ustunligi ikkinchisiga ham bo‘lishi mumkinligini inkor etolmaydi. Masalan, sendan salohiyat va taqvo bilan taniydigan kishing haqida, agar u aynan shu holatda vafot etsa, jazolanadimi, deb so‘rashsa, nafsing uning jazodan ko‘ra jazolanmasligiga moyil bo‘ladi. Buning sababi unda salohiyat alomatlarining borligidir. Shu bilan birga, sen uning botinida azobni lozim etadigan ish yashirin bo‘lishini ham joiz sanaysan. Bu joiz sanashing yuqoridagi mayling bilan tengdir. Lekin u maylingning ustunligini daf etolmaydi. Bu holat gumon deb ataladi.

Qayd etilgan