La’nati iblis sahobalarga askarlarini yubordi, ammo ular taassuf bilan qaytishdi. Shunda boshlig‘i, ahvollaringiz qanday, deb so‘radi. Askarlar esa, ularga o‘xshashini ko‘rmaganmiz, ulardan biror narsaga yetishadigan bo‘lsak, bizni o‘zlariga ergashtirib olishdi, deb aytishdi. Boshliqlari, sizlar ularga biror narsa qilishga qodir emassizlar, chunki ular nabiylari suhbatida bo‘lib, Rabbilaridan nozil bo‘layotgan narsaga shohiddirlar, lekin ulardan keyin bir qavm keladi, o‘shanda sizlar niyatlaringizga yetishasizlar, deb aytdi. Qachonki tobe’inlar jamoasi kelishganda (iblis) yana askarlarini yubordi. Ular yana bosh eggan holda qaytib kelib, bulardan-da ajablanarlisini ko‘rmaganmiz, agar gunoh qilib qo‘yishsa, kechaning oxiri bo‘lishi bilan istig‘for aytishga turishadi va Alloh ularning yomonliklarini yaxshilikka almashtirib qo‘yadi, deb aytishdi. Boshliqlari, tavhidlari sahih va nabiylarining sunnatlariga ergashganlari uchun ulardan ham biror narsaga erisholmaysizlar, lekin ulardan keyin bir qavm kelurki, ular bilan ko‘zingiz quvonadi, nimani xohlasangiz, o‘ynashaverasiz, havoyi nafs tizginlarini ushlab olib, xohlagan tarafingizga yetaklayverasiz, agar istig‘for aytsalar ham, ular kechirilmaydi, tavba ham qilmaydilar, mabodo tavba qilishsa, Alloh ularning yomonliklarini yaxshilikka almashtirib qo‘yadi, deb aytdi. Keyingi asrda bir qavm keldi. Havoyi nafs ularda jo‘sh urib, bid’atlar ziynatli bo‘ldi. U bid’atlarni halol sanab, din qilib ushlab olishdi. Unga istig‘for ham aytishmadi, tavba ham qilishmadi. Dushman ularga tajovuz qilib, xohlagan tomoniga yetakladi.
Bu so‘zlarni aytuvchi odam iblisni ko‘rmagan, u bilan gaplashmagan bo‘lsa, uning bu gaplarini qaerdan bildi, deyishing mumkin. Bilgilki, qalb arboblari malakut sirlarini gohida ilhom yo‘li bilan, gohida sodiq tush ko‘rish bilan, gohida esa, tushda bo‘lgani kabi masalalarni mushohada qilish bilan kashf qilishadi. Mana shu eng oliy daraja bo‘lib, sodiq tush payg‘ambarlikning qirq oltidan bir bo‘lagi bo‘lgani kabi, nubuvvatlik darajasidir. Qosirlik chegarasidan o‘t, bu ilmni inkor qilishdan saqlan. Bu to‘g‘rida gapirgan ba’zi bir mahmadona ulamolar halok bo‘lishdi. Gumonlaricha, ular ilmni qo‘llari bilan ihota qilar emish. Mana shu kabi ishlarda avliyoullohlarni inkor qiluvchi oqil bo‘lgandan ko‘ra, johil bo‘lib yurgan yaxshidir. Kim avliyolarni inkor qilsa, anbiyolarni inkor etibdi va dindan to‘laligicha chiqibdi.