Hadis va asarlardagi to‘ldiruvchi ilmlarga rijal ilmi (roviylar haqidagi ilm), ularning ismlari, nasablari, sahobalar ismlari va sifatlari, roviylarning adolatli ekani haqidagi ilm, zaif hadis bilan kuchli hadisning orasini ajratish uchun roviylarning holatlarini bilish ilmi, musnad hadis bilan mursal hadis orasini ajratish uchun roviylarning yoshlari va umrlari haqidagi ilmlar kiradi.
Yuqorida ko‘rib o‘tilgan to‘rt qism ilm shar’iy hisoblanib, ularning barchasi maqtalgandir, shuning bilan birga ular farzi kifoyadir.
Agar, nega fiqh dunyo ilmi va faqihlar dunyo olimlari sirasida sanaldi, deb so‘rasang, javob quyidagichadir: ma’lumki, Alloh taolo Odam alayhissalomni tuproqdan xalq etdi, u kishining zurriyotlarini tuproqdan bo‘lgan otaning maniyidan va onaning ko‘kragidan otilib chiquvchi suvdan yaratdi. Zurriyotlarini otalar belidan onalar bachadoniga, undan dunyoga, keyin esa qabrga, qabrdan hisob maydoniga, undan jannat yoki do‘zaxga chiqaradi. Mana shu narsalar insonning ibtidosi, g‘oyasi va boradigan yeridir. Oxirat hayotiga zod (ozuqa) to‘plash uchun dunyoni yaratdi. Agar insonlar dunyoni adolat bilan tutsalar, xusumatu dushmanliklar kesiladi, faqihlarga ehtiyoj yo‘qoladi. Lekin insonlar dunyoni shahvat va dushmanlik bilan tutganlari uchun, unda xusumat va adovat yuzaga keladi. Shunda insonlarni boshqaradigan rahbarga ehtiyoj tug‘iladi. Rahbar esa insonlarni boshqarish uchun qonunga muhtoj bo‘ladi. Insonlar shahvatga berilib, bir-birlari bilan nizolashgan vaqtda ularni murosaga keltiruvchi o‘rta yo‘lni va boshqaruv qonunlarini biluvchilar faqihlardir. Shunday ekan, faqih dunyo ishlarida insonlarni to‘g‘ri yo‘lga soluvchi va siyosat qonunlarini o‘rgatuvchi rahbar, podshohlarga muallim va murshiddir. Tabiiy, fiqh dinga ham bog‘langan, lekin bevosita emas, balki dunyo vositasi ila bog‘langandir. Zero, dunyo oxirat ekinzori, din dunyo bilan kamol topadi. Din va podshohlik egizaklar kabidir. Ammo din — asos, podshoh esa, uning qo‘riqchisidir. Asosi yo‘q narsa mahv bo‘lishga mahkumdir. Qo‘riqchisi yo‘q narsa esa, zoe’ bo‘luvchidir. Saltanat va mulk podshoh bilan turgani kabi, hukumatlar orasidagi adovatni daf qilish faqat fiqh bilan bo‘ladi. Shuningdek, xalqni boshqarishda siyosat ilmi din ishlari orasida birinchi darajali hisoblanmaydi. Balki u din ilmining bir bo‘lagidir.