Imom G’azzoliy. Ihyou ulumid-din (Ilm kitobi)  ( 157510 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 5 6 7 8 9 10 11 12 13 14 15 ... 31 B


Doniyor  13 Oktyabr 2006, 06:31:22

Demak, ushbu salbiy xislatlarning me’yorlarini, haqiqatlarini, sabablarini, natija va davolarini bilish ham oxirat ilmidir. Uni o‘rganish, oxirat ulamolari fatvolariga ko‘ra, farzi ayndir. Bu ilmdan yuz o‘giruvchilar oxiratda podshohlar Podshohining qahriga yo‘liqadi. Bu ish namoz, ro‘za va haj kabi zohiriy amallardan yuz o‘giruvchilar, dunyo faqihlari hukmi bilan, dunyo sultonlari qilichi ostida halok bo‘lganga o‘xshaydi. Faqihlar farzi ayn masalalariki dunyoviy ishlar salohiyatiga bog‘lagan holda qaraydilar. Va bu narsa  oxirat salohiyati bilan ham bog‘liqdir. Agar faqihdan mana shu xislatlar, hatto ixlos yoki tavakkul yo riyodan saqlanish haqida so‘ralsa, u narsalar farzi ayn bo‘lishiga, ularni tark etgan kishi oxiratda halokatga yuz tutishiga qaramay, ular haqida gapirishdan tiyiladi. Agar sen undan li’on, zihor, musobaqa (otchoparlik), o‘q otish haqida so‘rasang, o‘rganish bilan asrlar tugab ketadigan, ayni paytda hech ehtiyoj sezilmaydigan bu o‘ta far’iy nozik masalalar haqida tom-tom kitoblarni oldingga terib qo‘yadi. Holbuki, u masalalardan birortasi biror mamlakatda paydo bo‘lsa, javob qiladigan olim yetarlicha topiladi. Faqih esa, kechayu kunduz u far’iy masalalarni o‘qib, yodlab, o‘zini qiynaydi, dini va nafsi uchun muhim bo‘lgan narsadan g‘aflatda qoladi.

Agar faqihdan: «Bunday qilishning boisi nima?» deb so‘ralsa, «Bu din ilmidir, farzi kifoya bo‘lgani uchun u bilan shug‘ullandim», deb javob beradi. Vaholanki, u o‘zini va boshqalarni chalg‘itadi. Aqlli kishi biladiki, agar uning maqsadi farzi kifoya haqidagi buyruqning haqqini ado etish bo‘lganida edi, avval farzi aynni oldinga qo‘ygan bo‘lardi. Balki boshqa o‘rganilishi kerak bo‘lgan ko‘pgina farzi kifoyalarni ham oldinga qo‘ygan bo‘lar edi. Qancha-qancha musulmon mamlakatlarida musulmon tabibning yo‘qligidan u yerlarda musulmon bo‘lmagan tabiblar faoliyat ko‘rsatmoqda. Vaholanki, fiqhiy hukmlarda tabiblarga aloqador joylarda ularning guvohliklari qabul qilinmasligi aytilgan. Shundan keyin ham birortasini tib ilmi bilan mashg‘ul bo‘lganini ko‘rmayapmiz. Ular fiqh ilmi ustida, ayniqsa, ixtilofli va bahsli masalalarda bir-birlarining so‘zlarini botilga chiqarib, tortishishgani tortishishgan. Holbuki, biror muammo paydo bo‘lsa, javob qiladigan, fatvo bera oladigan faqihlar Islom diyorlarida to‘lib yotibdi...

Qayd etilgan


Doniyor  13 Oktyabr 2006, 06:31:50

Din ilmlariga yomon olimlarning aralashuvi tufayli din ilmi eskirmoqda. Alloh taolodan yordam so‘rab, Unga iltijo etamizki, shaytonni xursand qiladigan, Rahmonning g‘azabini keltiradigan g‘ururlardan bizni asrasin.

Zohiriy ulamolarning taqvodorlari qalb sohiblari va botiniy ulamolar fazilatiga iqror bo‘lganlar. Imom Shofe’iy (r.a.) Shaybon Ro’iy degan zotning huzurlarida go‘yo bola maktabda o‘qituvchining huzurida o‘tirgandek o‘tirib, u kishidan turli masalalarni so‘rar edilar.

Odamlar: «Sahroyidan masala so‘raysizmi?» deyishsa (Shaybon Ro’iy cho‘pon edilar), Imom Shofe’iy (r.a.): «Biz g‘aflatda qolgan narsalardan bular ogohdir», deb javob berar edilar. Imom Ahmad ibn Hanbal (r.a.) bilan Yahyo ibn Ma’in Ma’ruf (ibn Feruz) Karxiyning (r.a.) huzurlariga borib turishardi. Holbuki, Ma’ruf Karxiy (zohiriy ilmda) bu ikkovlariga barobar emasdi, ammo u zotdan (turli masalalar) haqida so‘rashardi.

Sahobalar Payg‘ambardan (sollallohu alayhi vasallam): «Boshimizga bir ish tushib, uning hukmini  Qur’oni karimdan ham, sunnatdan ham topa olmasak, nima qilamiz?» deb so‘rashganida, u zot: «Solih kishilardan so‘ranglar va ishingizni ular o‘rtasida maslahat qilinglar», deganlar.72 Shuning uchun, zohiriy ulamolar-er va saltanat ziynati, botiniy ulamolar-osmon va malaklar olamini ziynati, deyilgan.


72. Tabaroniy Ibn Abbosdan rivoyat qilgan. Roviylar orasida Abdulloh ibn Kayson borligi uchun jumhur bu hadisni zaif deyishdi. Lekin Haysamiy «Majma’uz zavoid» kitoblarida Alidan rivoyat qilingan shunga o‘xshash hadisni sahih va roviylari ishonchli degan.

Qayd etilgan


Doniyor  13 Oktyabr 2006, 06:32:00

Junayd (r.a.) aytadilar: «Menga bir kuni ustozim Sirriy: «Mening huzurimdan ketsang, kim bilan o‘tirasan?» deb so‘radi. «Muhosibiy bilan», dedim. Shunda u zot: «Yaxshi, sen uning ilmi va odobini ol 0, ammo kalom (ilmini) yomonlashi va mutakallimlarga qarshi aytgan fikrlariga e’tibor qilma», dedilar. So‘ng men o‘rnimdan turib ketayotgan edim, u kishining (menga): «Alloh seni (avval) sohibi hadis qilib, (so‘ng) so‘fiy qilsin, (avval) so‘fiy qilib, (so‘ng) sohibi hadis qilmasin», deganlarini eshitdim. (U zot ushbu so‘zlari bilan) kim avval hadis va ilm tahsil qilib, so‘ng so‘fiy bo‘lsa, najot topishiga,  kim ilmolishdan avval so‘fiy bo‘lsa, jonini xatarga qo‘yishiga ishora qildilar».

Agar, nima uchun kalom va falsafa ilmlarining yaxshi yoki yomon ekanini yoritib ketmadingiz, desang, javob quyidagicha: Kalom ilmi ikki dalilga  Qur’oni karim va sunnati nabaviyaga suyanadi. Kitob va sunnatdan tashqaridagi narsalar yo bid’atlardan iborat bahsi noxush masalalar (buning bayoni kelgusida batafsil keltiradi), yoki turli firqalarning tortishuviga doir xusumatlardir, ko‘p qismi botil va befoyda, inson tabiatiga malol keladi, quloqlar eshitishni yoqtirmaydi. Ba’zilarining dinga umuman aloqasi yo‘q va ilk asrda (sahobalar davrida) mavjud bo‘lmagan narsalardir. Ular bilan ovora bo‘lish, shubhasiz, bid’at.

Lekin hozirgi kunda holat o‘zgardi. Agar Qur’oni karim va sunnati nabaviya ko‘rsatmalaridan chalg‘ituvchi bid’at sodir bo‘lsa, bir toifa odamlar chiqib, shunga o‘xshash boshqa bid’atlarni ham jamlab, u haqda kitoblar yozishyapti. Bas, shuning bilan mahzur (ya’ni, shug‘ullanish mumkin bo‘lmagan narsa) zarurat hukmi bilan ruxsatli bo‘ldi. Agar bid’atchi o‘z tashviqoti bilan bid’atiga da’vat qilgan bo‘lsa, shunga muqobil darajada javob berish farzi kifoyaga aylandi. Albatta, buning chegarasi bor. Inshaalloh, bu haqda kelgusi bobda zikr qilamiz.

Qayd etilgan


Doniyor  13 Oktyabr 2006, 06:32:09

Falsafa butun boshli bir fan emas, balki to‘rt qismdan iboratdir. Birinchisi: handasa va hisob ilmi (geometriya va matematika). Bu ikkalasi, avval zikr etilganidek, o‘rganish muboh bo‘lgan ilm. Ularni o‘rganish faqatgina umumiy mazmum darajaga o‘tib ketishi mumkin bo‘lgan odamga man’ qilinadi. Binobarin, bu ikki ilm bilan shug‘ullanuvchilarning ko‘pchiligi bid’at chegarasigacha chiqib ketishgan. Ba’zi odamlarni bu ilmlarni o‘rganishdan qaytarish ularning mahzurligi uchun emas (balki odamlarning irodasi zaifligidan). Bu hol suzishni bilmaydigan bolaning anhor bo‘yida turishidan yoki  Islomga yangi kirgan odamning kufrga kirib ketishidan qo‘rqib, kofirlarga aralashishdan qaytarilganiga o‘xshaydi.

Ikkinchisi: Mantiq ilmi. Bu ilm dalil va uning shartlari, had va uning darajalari haqida bahs yuritadi.

Uchinchisi: Ilohiyot ilmi. U Alloh subhonahu va taoloning zoti va sifatlari haqida bahs yurituvchi fandir. Bu fan kalom ilmi sanaladi. Faylasuflar ilohiyat fanidan ayri bir ilm yaratib, ajrab chiqishmagan. Balki ayrimlari kofir, ayrimlari bid’atchi bo‘lib, mazhablarga bo‘linib ketishgan. Mu’tazila mustaqil ilm emas, balki uning ahli mutakallimlar, bahslashuvchilar va mutafakkirlardan iborat toifadir. Ular ham botil mazhablarga ajrab ketganlar. Faylasuflar ham xuddi shunday.

Qayd etilgan


Doniyor  13 Oktyabr 2006, 06:32:31

To‘rtinchisi: Tabiiy fanlar ilmi. Bulardan ba’zilari shariat va dinga teskari keladi. Ular ilm emas, balki jaholatdir. Yana ba’zilari borliqdagi jismlarning xususiyatini, qanday qilib boshqa shaklga o‘tishlari va o‘zgarishlarini tadqiq qiladi. Bu narsa tabiblarning qarashiga o‘xshaydi. Faqat tabiblar inson tanasiga qanday kasallanish va qanday sog‘ayish xususiyatlari jihatidan, tabiiy fan olimlari esa, jismlarning o‘zgarishi va harakatlanishi jihatidan qaraydilar. Lekin tabibning ulardan afzalligi bor, chunki tabib inson salomatligi uchun harakat qiladi. Ammo tabiiy fan olimlarining ilmiga hojat yo‘qdir. U ilmlarni o‘rganishga ruxsat berilgani esa, bid’atchilarning xom xayollaridan avom xalqning e’tiqodlarini asrash uchundir. Xullas, kalom ilmining paydo bo‘lishi bid’atchilarning chiqishi bilan bog‘liq. Binobarin, arablarning zulmi va ularning yo‘lto‘sarliklari paydo bo‘lishi bilan hajga boruvchilar yo‘liga qo‘riqchilar ijaraga olina boshladi, agar arablar dushmanchiliklarini tark etsalar, qo‘riqchini ijaraga olish shart bo‘lmas edi. Bid’atchi ham o‘zining botil da’volarini tark qilsa, sahobalar davridagi ilmlar kifoya qilib, kalom ilmini o‘rganishga extiyoj tug‘ilmasdi. Shunday ekan, mutakallimlar dindagi darajasini bilsin. Ularning dindagi o‘rni haj yo‘lidagi qo‘riqchi kabidir. Agar qo‘riqchi faqat qo‘riqchilik uchun mas’ul bo‘lsa, u hojilar qatorida bo‘lmaydi. Mutakallim ham oxirat yo‘lidan yurmasa, qalbini yomonliklardan asramasa, uning salohiyati bilan shug‘ullanmasa, faqat munozara va mudofaa uchun harakat qilsa, din ulamolari safida bo‘lmaydi. Mutakallimning dindagi ulushi faqat aqida bo‘lib, unga avom xalq ham sherikchilik qiladi. Bu (ya’ni, aqida) qalb va tilning zohiriy amallaridan iboratdir. Mutakallim avom xalqdagi sog‘lom aqidani qo‘riqlashi va mujodala qilishi bilan ajralib turadi. Alloh taoloni Uning sifatlari va af’ollarini tanish va mukoshafa ilmidagi biz ishora qilgan narsalar kalom ilmining barcha jihatlarini o‘rganishdan hosil bo‘lmaydi. (Hatto kalom ilmi bularni o‘rganishdan to‘sib, mone’lik qilishi ham mumkin.) Albatta, unday ma’rifatga Alloh subhonahu va taolo hidoyatga debocha qilib qo‘ygan mujohada (nafsga qarshi kurashish) bilan yetiladi. Shuning uchun Alloh taolo:

«Bizning (yo‘limiz)da jihod qilgan — kurashgan zotlarni, albatta, O‘z yo‘llarimizga hidoyat qilurmiz. Aniqki, Alloh chiroyli amal qilguvchi zotlar bilan birgadir» (Ankabut, 69-oyat), degan.

Qayd etilgan


Doniyor  13 Oktyabr 2006, 06:33:01

Agar sen: «Mutakallimlar avom xalqning aqidasini bid’atchilardan qo‘riqlovchi, dedingiz, ularning darajasini esa, arab yo‘lto‘sarlarining hujumidan hojilarning mol-mulklarini himoya qiluvchilarga qiyosladingiz. Bu bilan faqihning darajasini sulton kabi ba’zi odamlar ba’zilariga qiladigan dushmanchiligini to‘sadigan qonunning nazoratchisi qilib ko‘rsatdingiz, holbuki, qo‘riqchilik va nazoratchilik din ilmiga nisbatan ancha past daraja. Millatning fazilat bilan mashhur bo‘lgan ulamolari faqihlar va mutakallimlardir. Ular Alloh taolo huzurida xalqning afzalidirlar. Qanday qilib, din ilmiga mansub zotlarni past darajaga tushirib qo‘ydingiz», desang, bilgilki, kim haqni shaxslar bilan tanisa, u zalolat sahrolarida hayratga tushib qolibdi. Agar haq yo‘lda yursang, haqni tanisang, haqni tamsil etganlarni ham  taniysan.

Agar sen odamlar o‘rtasida yuksak darajalari bilan mashhur bo‘lgan kishilarga boqib, ularga taqlid qilish bilan qanoatlansang, sahobalarning yuksak martabalaridan g‘aflatda qolasan. Men zikr qilib o‘tgan olimlar sahobalarni (barcha ilm sohiblaridan) oldinda ekanliklariga ijmo’ qilishgan. U zotlarning dinda peshqadamliklari kalom va faqih ilmi tufayli emas, balki oxirat ilmi va uning yo‘lidan yurganliklari tufaylidir.

Abu Bakrning (r.a.) boshqalardan ustunliklari ko‘p ro‘za tutish, ko‘p namoz o‘qish yoki ko‘p hadis rivoyat qilish, fatvo berish yoki gapirish boisidan emas, balki qalblariga mustahkam o‘rnashgan narsa tufaylidir. Bunga Rasullar sayyidi (sollallohu alayhi vasallam): «Abu Bakrning fazli namoz va ro‘zaning ko‘pligi bilan emas...» deya guvohlik berganlar.73 Demak, sen Abu Bakrni ana shu cho‘qqiga olib chiqqan sirni bilishga qiziq. U sir nafis javhar, yashiringan yoqutdir. Sen ifodasi cho‘zilib ketadigan, turtki va sabablar tufayli izzat-hurmat qilinadigan narsani tashla.


73. Termiziy Abdulloh ibn Muzaniydan rivoyat qilgan.

Qayd etilgan


Doniyor  13 Oktyabr 2006, 06:33:37

Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam) vafot qilganlarida ortlarida  Allohni tanigan minglab olim zotlar-sahobalar qoldi. Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam) ularni maqtaganlar. Vaholanki, ularning birortasining kalom ilmidan xabari yo‘q edi, bir nechtasidan boshqasi fatvoga o‘zini loyiq bilmasdi. Abdulloh ibn Umardan (r.a.) biror masala so‘ralsa, u zot: «Falonchi amirdan borib so‘ra. Chunki muammo va hukmlarda xulosa chiqarib, fatvo berish valiy va sultonlarning ishi», der edilar.

Hazrati Umar (r.a.) vafot etganlarida Ibn Mas’ud: «Ilmning o‘ndan to‘qqiz qismi ketdi», dedilar. U kishiga: «Oramizda shunday sahobalar turib, shunday deysizmi?» deyishganida, u zot: «Men fatvo va hukm chiqarishni ko‘zda tutmayapman. Balki  Alloh taoloni tanish ilmini aytyapman», deb javob berdilar.

Ibn Mas’ud (r.a.) ushbu so‘zlari bilan kalom va jadal (munozara) ilmini ko‘zda tutgan deb o‘ylaysanmi? Nima uchun Hazrati Umarning vafoti bilan o‘ndan to‘qqizi o‘lgan ilmni o‘rganishga qiziqmayapsan? Vaholanki, kalom va jadal ilmining eshigini yopgan u kishidir. Sabi’ ibn Sharik degan kishi, ikki oyati karima bir-biriga qaramaqarshi kelyapti, deb savol berganida, unga darra urib, Basraga surgun qilganlar va odamlarni undan uzoqroq yurishga buyurganlar.

Mutakallim va faqihlarni mashhur olimlar, deyishingga kelsak, bilgilki, Alloh huzuridagi fazilatga yetish bilan odamlar orasida erishiladigan obro‘-shuhrat boshqa-boshqa narsa. Abu Bakr Siddiqning (r.a.) shuhratlari u kishining xalifaliklari sababli, ammo fazilatlari esa, qalblarida e’zozlangan sir tufayli bo‘lgan.

Qayd etilgan


Doniyor  13 Oktyabr 2006, 06:33:45

Hazrati Umarning (r.a.) shuhrati siyosatlari tufayli, fazilatlari esa, vafotlari ila o‘ndan to‘qqizi o‘lgan Alloh taoloni tanish ilmi bilan edi. U kishining adolati va xalqqa nisbatan mehribonligi Alloh taologa yaqinlik hosil qilish uchun edi. Bu narsa Umarning (r.a.) ichida yashiringan fazilatdir. Zohiriy amallari esa, mansab, obro‘ qozonishni istovchi va shuhratga qiziquvchi kishilarda ham sodir bo‘lishi mumkin. Bas, shuhrat halokatga eltuvchi ofatdir. Fazilat esa, hech kimga oshkor bo‘lmaydigan bir sir. Binobarin, faqih va mutakallimlar obro‘ va fazilat masalasida xalifa, qozi va boshqa ulamolarga o‘xshab ketadi va bir necha xil bo‘ladi. Ularning ichida ilmi va fatvosi bilan dong taratishni istamaydigan, balki Payg‘ambarimizning (sollallohu alayhi vasallam) sunnatlarini himoya qilib, Alloh taoloning roziligini istaydiganlari bor. Ana o‘shalar Alloh taoloning roziligini tutgan zotlardir. Ularning Alloh taolo huzuridagi fazilatlari ilmlariga amal qilganlari va o‘z qarashlari hamda fatvolari bilan Alloh taoloning roziligini iroda etganlari uchundir. Albatta, har bir ilm amaldir. Chunki u kasb qilib egallanadi. Ammo amal-fe’l, ilm emasdir. Tabib Alloh taologa ilmi tufayli yaqin bo‘ladi. Bas, u ilmi bilan Alloh subhonahu va taolo uchun amal qiladi va shu ilmi orqali mukofotlanadi. Sulton ham Alloh uchun xalqning o‘rtasida vositachilik qiladi va Alloh huzurida mukofotlangan, rozi qilingan bo‘ladi. U din ilmiga kafil bo‘lgani uchun emas, balki o‘z ilmi tufayli qilgan amali bilan Alloh taologa yaqinlikni qasd etgani uchun mukofotlanadi.

Alloh taologa yaqinlik hosil qiluvchi narsalar uch qism:
1.   Mujarrad (yolg‘iz) ilm . U mukoshafa ilmi.
2.   Mujarrad (yolg‘iz) amal. Masalan, sultonning adolati va xalqni adolat ustida ushlab turishi.
3.   Ilm va amaldan tarkib topgan harakat. U oxirat yo‘lining ilmidir. Uning sohiblari barcha olimlar va amal qiluvchilardir.

Qayd etilgan


Doniyor  13 Oktyabr 2006, 06:33:54

Sen nafsingga bir boq: qiyomat kuni Allohning ulamolari orasida bo‘lasanmi yoki Alloh uchun amal qiluvchilar bilan bo‘lasanmi yoxud ikkala ishni ham qilganlar bilanmi? Xohlaganingga qo‘shilib, ulushingni ol. Bu ish sen uchun o‘sha mashhurlarga taqlid qilishingdan muhimroqdir.
Bir she’rda aytilganidek:
Eshitganlaringni tashla, ko‘rganingni ol,
Quyoshda Zuhaldan behojat etguvchi nur bor.


Bu aytilganlarga qo‘shimcha tarzda avval o‘tgan faqihlar hayotidan lavhalar keltirib o‘taman. Sen bu hikoyalarda faqihlarga taqlid qilganlarning ularga zulm etishganini ko‘rasan. U muqallidlar qiyomat kuni faqihlarning eng katta xusumatchilaridan bo‘ladi. Chunki faqihlar ilmlari bilan faqat Alloh taoloning roziligini maqsad qilganlar. Ahvollaridan ko‘rinmoqdaki, ular oxirat ulamolaridandir. Oxirat ulamolarining alomatlari bobida buning bayoni keladi. Binobarin,  faqih zotlar faqat fiqh ilmi bilan chegaralanib qolmay, qalb ilmi va uni nazorat qilish bilan ham mashg‘ul bo‘lganlar. Lekin qalb ilmi haqida kitob yozishdan ularni qaytargan narsa sahobalarning fiqhni, fatvo ilmini juda yaxshi bilaturib, u haqda kitob yozishdan tiyilganlaridir. Sahobalarni bu ishdan to‘sgan omillar aniq-ravshan bo‘lib, ularni zikr etishga hojat yo‘q.*

Hozir endi yuqorida aytganimizdek, faqihlarning hayotlaridan so‘z yuritamiz. Bu so‘zlar ularga ergashyapmiz deb, so‘ng amallari va xulq-atvorlarida u zotlarga xilof ish tutganlarga ta’nadir.

Qayd etilgan


Doniyor  13 Oktyabr 2006, 06:34:03

Fiqh ilmining peshvolari va odob-axloq namoyondalari, tobe’lari ko‘p bo‘lgan zotlar beshtadir:
Imom Shofe’iy (r.a.), Imom Molik (r.a.), Imom Ahmad ibn Hanbal (r.a.), Abu Hanifa (r.a.), Sufyon Savriy (r.a.).

Ularning har biri obid, zohid, oxirat ilmining olimi,  xalqning dunyosini isloh qiluvchi faqih, ilmi bilan Alloh taoloning roziligini istagan zotlar bo‘lishgan.

Zamonamiz faqihlari mana shu besh xislatdan faqat bittasigagina ergashdilar. U ham bo‘lsa, fiqhning far’iy masalalariga chuqur kirish va mubolag‘a qilishdir. Zero,  to‘rt xislat faqat oxirat uchun manfaatlidir. Bitta bu xislat (ya’ni, faqihlik) dunyo va oxirat uchun salohiyatli bo‘ladi. Agar uni oxiratni ko‘zlab o‘rganilsa, dunyo uchun manfaati ozdir. Zamonamizdagi faqihlar fiqhning far’iy masalalariga chuqur ketib, ulug‘ faqihlarga o‘xshashni da’vo qiladilar. Ularning da’volari haqiqatdan shu qadar uzoqki, temirchilar bilan farishtalarni muqoyasa qilishga o‘xshaydi. Quyida buyuk faqihlarning mana shu besh xislatga dalolat qiladigan holatlarini keltirib o‘tamiz. Ularning fiqh ilmidagi ma’rifatlari ochiq-ravshan ko‘rinib turibdi.

Qayd etilgan