Imom G’azzoliy. Ihyou ulumid-din (Ilm kitobi)  ( 157075 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 6 7 8 9 10 11 12 13 14 15 16 ... 31 B


Doniyor  13 Oktyabr 2006, 06:34:11

Imom Shofe’iy rahimahulloh.

U kishining obidliklariga dalolat shuki, kechani uch qismga bo‘lib, bir qismida ilm tahsil qilganlar, bir qismida ibodat bilan shug‘ullanganlar va bir qismida uxlaganlar.

Rabi’ aytadilar: «Imom Shofe’iy (r.a.) ramazon oyida Qur’oni karimni oltmish marta xatm qilar va bularning barchasini namozda o‘qir edilar». Shogirdlaridan bo‘lgan Buvaytiy ramazon oyida har kuni  bir marta Qur’oni karimni xatm qilardilar. Hasan Karobiysiy aytadilarki: «Men Imom Shofe’iy bilan bir necha bor tunab qoldim. U kishi kechaning uchdan bir qismida namoz o‘qirdilar. Namozlarida ellik oyatdan ko‘p, yuz oyatdan oshirmay o‘qiganlarini ko‘rdim. Rahmat oyatini o‘qiganlarida o‘zlari va barcha mo‘min-musulmonlar uchun Alloh taolodan rahmatini, azob oyatini o‘qiganlarida o‘zlari va mo‘minlar uchun  najot berishini so‘rar edilar. U zotda xavf bilan rajo birdek jamlangandek edi».

Sen u kishining Qur’onning sirlarini bilishlariga  va uning ma’nolarini tadabbur qilishlariga qaramay, ellik oyat bilan kifoyalanishlari nimaga dalolat qilishini bir o‘ylab ko‘r.

Imom Shofe’iyning o‘zlari aytadilar: «Men o‘n olti yildan beri to‘yib ovqatlanmadim. Zero, to‘yib ovqatlanish badanni og‘irlashtiradi, qalbni qoraytiradi, zakovatni ketkazadi, uyquni jalb etadi va kishini ibodatga zaif qiladi». Qorin to‘q bo‘lishining ofatlarini bayon qilishlaridagi hikmatlarini fikr et, ibodatdagi g‘ayratlariga qara. U zot ibodat uchun to‘yib ovqat yeyishni tashladilar. Hukamolar aytadilarki, ibodatning sarmoyasi kam yeyishdir.

Qayd etilgan


Doniyor  13 Oktyabr 2006, 06:34:19

Imom Shofe’iy (r.a.) yana aytadilar: «Men xoh rostgo‘y bo‘lay, xoh yolg‘onchi bo‘lay, hech qachon Alloh taolo nomi bilan qasam ichmadim». Endi u kishining Alloh taologa bo‘lgan izzat-ikromlarini taammul et.

Bu hol u zotning Alloh taoloning buyukligini chuqur his etganlariga dalolatdir. 

Imom Shofe’iy (r.a.) bir safar bir masaladan so‘ralganlarida, sukut qilib qoldilar. «Alloh rahmat qilgur, javob bermaysizmi?» deyishdi. U kishi: «Sukutim afzalmi yoki javobimmi, bilib olay», dedilar. Tiyish va idora qilish qiyin bo‘lgan tilga nisbatan u kishining ehtiyot bo‘lishlariga boq. Ko‘rinib turibdiki, u zot faqatgina fazilatga yetishish va savob uchun gapirganlar yoki sukut qilganlar.

Ahmad ibn Yahyo ibn Vazir aytadilar: «Bir kuni Imom Shofe’iy chiroq bozoriga chiqdilar, biz ham u kishi bilan birga chiqdik. Bir payt (bozorda) kimdir bir ilmli kishini so‘ka boshladi. Imom Shofe’iy (r.a.) shunda bizlarga burilib: «Tillaringizni fahsh so‘zlashdan saqlaganingiz kabi, quloqlaringizni ham fahshni eshitishdan  saqlanglar. Zero, fahshni eshitib turuvchi odam (gunohda) so‘zlovchi bilan sherikdir», dedilar».

Qayd etilgan


Doniyor  13 Oktyabr 2006, 06:34:28

Binobarin, aqlsiz kishi o‘zining idishidagi (ya’ni, qalbidagi) eng jirkanch narsani sizlarning idishingizga ham ag‘darishga harakat qiladi. Agar aqlsizning so‘zi rad etilsa, yomon so‘zni so‘zlovchi badbaxt bo‘lgani kabi, uni rad etuvchi baxtiyor bo‘ladi.

Imom Shofe’iy (r.a.) aytadilar: «Bir donishmand boshqa donishmandga maktub yozib, shunday debdi: «Senga ilm berildi. Endi sen ilmingni gunohlar zulmati bilan kir qilma. Agar kir qilsang, ahli ilm o‘z ilmlari nuri bilan sayr qiladigan kunda sen zulmatda qolib ketasan».

Imom Shofe’iyning zohidliklariga to‘xtalsak, o‘zlari bu haqda aytadilar: «Kim dunyo muhabbati bilan Xoliqning muhabbatini bir qalbda jamladim, desa, yolg‘on so‘zlabdi».

Hamidiy aytadilar: «Shofe’iy (r.a.) ba’zi valiylar bilan birga Yamanga bordilar. So‘ng u yerdan Makkaga qaytdilar. U kishiga shahardan tashqariroqda  chodir qurib berildi. Odamlar ziyoratga kela boshlashdi. U zotning yonlarida o‘n ming dirham bor edi, shu pulning hammasini ziyoratchilarga ulashib tugatmagunlaricha u yerdan ketmadilar. Bir kuni hammomdan chiqar ekanlar, hammomchiga ko‘pgina mol berdilar. Bir safar qo‘llaridan qamchilari tushib ketgan edi, bir odam qamchilarini olib berdi, u zot olib bergan kishiga ellik dinor berdilar».

Qayd etilgan


Doniyor  13 Oktyabr 2006, 06:34:37

Imom Shofe’iyning saxovatlari hikoya qilayotganimdan ko‘ra mashhurdir. Zotan, zuhdning boshi saxovatdir. Kim nimani yaxshi ko‘rsa, uni mahkam ushlaydi. Molk-mulk faqat ko‘ziga dunyo arzimas bo‘lib ko‘ringan odamgagina qiymatsizdir, uni qiyinchiliksiz tarqatib yubora oladi. Bu ish aynan zuhddir. U zotning saxovatpeshaliklari zuhdlarining kuchiga, Alloh taolodan qo‘rqinchlarining qattiqligiga dalolat qiladi.

Oxirat dardi bilan mashg‘ul ekanliklariga esa, quyidagi voqea misol bo‘ladi. Sufyon ibn Uyayna «Raqoiq»dagi bir hodisani rivoyat qilganlarida, Imom Shofe’iy hushlaridan ketdilar. Shunda odamlar Sufyonga: «Shofe’iy o‘lib qoldi», deyishdi. Sufyon (r.a.): «Agar u o‘lgan bo‘lsa, zamonasining eng afzal kishisi o‘libdi», dedilar.

Abdulloh ibn Muhammad Baloviy rivoyat qilib aytadi: «Umar ibn Nabota bilan birga zohid va obid zotlarni zikr qilib o‘tirgan edik, Umar menga: «Men Muhammad ibn Idris Shofe’iydan ko‘ra taqvoliroq va faqihroq kishini ko‘rmadim», deb shuni so‘zlab berdi: «Men Horis ibn Labid bilan Safo tog‘iga chiqdim. Horis Solih Marriy degan zotning shogirdi bo‘lib, xush ovoz edi. U Qur’oni karimni o‘qiy boshladi:

«Bu (Kun) ular so‘zlay olmaydigan va ular uchun uzr aytishlariga ham izn berilmaydigan Kundir» (Mursalot, 3536), oyatini o‘qiganida, Imom Shofe’iyning ranglari o‘zgarib, badanlari qaltirab, qattiq iztirobga tushib, hushdan ketib yiqilganlarini ko‘rdim. Vaqt o‘tib, hushlariga kelib: «Allohim, yolg‘onchilar maqomiga tushishdan, g‘ofillarning yuz o‘girishidan Sendan panoh tilayman. Ey Allohim, oriflarning qalblari bo‘yinsundi va Senga mushtoqlarning gardanlari bukildi. Ilohiy, menga karamingdan ato et, himoyang ila meni o‘ra va muborak yuzing hurmatidan nuqsonimni kechir», derdilar».

Qayd etilgan


Doniyor  13 Oktyabr 2006, 06:34:45

So‘ng Umar ibn Nabota ketdilar. Biz ham qaytdik. Men Bag‘dodga keldim, Imom Shofe’iy ham Iroqda ekanlar. Namozga tahorat olish uchun daryo labida o‘tirsam, bir odam oldimdan o‘tib menga: «Ey yigit, tahoratingni chiroyli qil, Alloh taolo dunyo va oxiratingni chiroyli qiladi», dedilar. O‘girilib qarasam, menga gapirgan odamning orqasidan bir jamoat ergashib ketyapti. Tezda tahoratimni olib, orqalaridan ergashdim. U kishi o‘girilib: «Menda ishing bormi?» deb so‘radilar. Men: «Ha, Alloh sizga bildirgan narsadan menga biror narsa o‘rgating», dedim. Shunda u kishi: «Bilginki, kim Alloh taoloni haq deb hisoblasa, u Alloh azobidan qutulibdi, kimki diniga ehtiyot bo‘lsa, halokatdan omon qolibdi va kimki bu dunyoda zohid bo‘lsa, ertaga Alloh taoloning bergan savoblarini ko‘rib, ikki ko‘zi quvnaydi», dedilar. So‘ng: «Ziyoda qilaveraymi?» deb so‘radilar. Men: «Ha», dedim. U kishi: «Kimda uch xislat bo‘lsa, iymonini mukammal qilibdi: amri ma’ruf qilib, o‘zida tadbiq etsa, yomonlikdan qaytarib, o‘zi ham qaytsa va Alloh taoloning hududlarida o‘zini sotmasa», dedilar. So‘ng yana: «Ziyoda qilaveraymi?» deb so‘radilar. Men «Ha, ziyoda qilavering», dedim. U kishi: «Sen dunyodan yuz o‘girib, oxiratga qiziquvchi bo‘l va oshkorayu maxfiy ishlaringda Allohni rost bil, shunda najot topganlar bilan birga sen ham najot topasan», dedilar. So‘ng ketdilar. Men u kishining kimligini so‘radim. Odamlar: «Imom Shofe’iy», deyishdi».

U zot Qur’oni karimni eshitganlarida hushlaridan ketib qolganlariga, qilgan pand-nasihatlariga e’tibor ber, bular u kishining zuhdlari va Allohdan  xavflari qanday bo‘lganiga dalolat qilmoqda.

Ushbu xavf va zuhd faqat nomi ulug‘ va aziz bo‘lgan Allohni tanish tufayli hosil bo‘ladi. Albatta, bu gap  «Allohdan bandalari orasidagi olim-bilimdonlarigina qo‘rqur», degan oyati karimaga muvofiqdir.

Qayd etilgan


Doniyor  13 Oktyabr 2006, 06:34:54

Imom Shofe’iy (r.a) bu zuhd va xavfni  salam, ijara va boshqa fiqhiy ilm kitoblaridan hosil qilmaganlar, balki Qur’oni karim va hadislardan chiqarilgan oxirat bilimlaridan olganlar. Zero, avvalgi-oxirgilarining hukmi Qur’on bilan bog‘liq. U zotning qalb sirlari va oxirat bilimlari olimi ekanliklarini quyida rivoyat qilinajak hikmatlardan bilib olasan.

Imom Shofe’iydan (r.a.) riyo haqida so‘rashganda, u kishi xotirjam tarzda: «Riyo bir fitnadir. Hoyu havas bu fitnani ulamolarning qalb ko‘zlari ro‘parasiga osib qo‘ygan. (Ulamolar) nafslaridagi yomon xohish tufayli u pardaga qaradilar. Natijada qilgan amallarini bekor qildilar», deb javob berdilar.

Imom Shofe’iy (r.a) aytadilar: «Agar sen qilgan amalingda g‘ururga ketishdan qo‘rqsang, (qilgan amaling bilan) kimning roziligini izlayotganingga, qaysi savobni istayotganingga, qaysi azobdan qo‘rqayotganingga, qaysi ofiyat uchun shukr qilayotganingga va qaysi balo-ofatlarni eslayotganingga qara. Agar sen ushbu xislatlardan biri haqida fikr yuritsang, qilgan amaling ko‘zingga kichik ko‘rinadi».

U zot riyoning haqiqati va g‘ururning davosini qanday bayon etganlariga qara (va fikr qil). Riyo bilan g‘urur qalbning katta ofatlaridandir.

Qayd etilgan


Doniyor  13 Oktyabr 2006, 06:35:07

Imom Shofe’iy (r.a.) aytadilar: «Kim qalbini gunohdan saqlamasa, unga ilmi naf bermaydi».

U kishi yana aytadilarki: «Kim ilmi bilan Alloh taologa itoat etsa, ilm uning ma’naviyatiga naf beradi».

Yana aytadilar: «Har kimning yaxshi ko‘ruvchi va yomon ko‘ruvchi kishisi bor. Mudom ish shunday ekan, sen Alloh taoloning toatida bo‘lganlar bilan birga bo‘l».

Rivoyat qilishlaricha, Abdulzohir ibn Abdulaziz degan solih va taqvoli kishi Imom Shofe’iydan (r.a.) taqvo haqida turli masalalar so‘rar, u zot uning taqvosi tufayli bergan savolini qabul qilib, unga javob berar edilar. Bir kuni u kishi Imomdan: «Sabr, mehnat, tamkin, bulardan qaysi biri afzal?» deb so‘radi. Shunda Imom Shofe’iy (r.a.): «Tamkin payg‘ambarlarning darajasidir. Tamkinga faqat mehnatdan so‘ng erishiladi. Kishi imtihon qilinsa (ya’ni, biror musibat bilan balolansa), sabr qiladi. Agar sabr qilsa, makon topadi».

Qayd etilgan


Doniyor  13 Oktyabr 2006, 06:35:17

Qara, Alloh azza va jalla Ibrohim alayhissalomni avval imtihon qildi, so‘ng makon berdi, Muso alayhissalomni imtihon qilib, so‘ng makon berdi, Ayyub alayhissalomni ham avval imtihon qilib, keyin makon berdi, Sulaymon alayhissalomga ham imtihondan so‘ng makon va mulk berdi. Tamkin darajalarning afzalidir. Alloh taolo:

«Shunday qilib, Biz Yusufni (Misr) zaminidan o‘zi xohlagan joyda manzil-maskan tutib yashaydigan maqomga erishtirdik.» (Yusuf surasi, 56-oyat), deydi. Shuningdek, Ayyub alayhissalomga ham og‘ir mehnat-mashaqqatdan keyin makon bergan. Bu haqda:

«Unga ahli oilasini va ular bilan qo‘shib, yana o‘shalarning mislicha bola-chaqa ato etdik» (Anbiyo surasi, 84-oyat), deb aytgan», deb javob berdilar.

Imom Shofe’iyning ushbu so‘zlariga e’tibor ber, Qur’onning asrorlarini qanday chuqur o‘rganganlariga, Alloh taoloning boshqa payg‘ambarlari maqomlarini qanchalik yaxshi bilishlariga nazar tashla.

Qayd etilgan


Doniyor  13 Oktyabr 2006, 06:35:25

Alqissa, bularning barchasi oxirat ilmining natijasidir. Imom Shofe’iydan (r.a.): «Kishi qachon olim bo‘ladi?» deb so‘rashdi. U zot: «Agar bir ilmni o‘rganib, so‘ng boshqa ilmlarga yuzlanib, ulardan nimani bilmasligini tushunsa, shu payt olim bo‘ladi», deganlar.

Yunon hakimlaridan biri Jolinusga: «Sen bir xastalikka bir qancha narsalardan tarkib topgan dorini tavsiya qilasan», deyildi. Shunda u: «Dorilardan ko‘zlangan maqsad bitta (ya’ni, shifo), qolgani esa (unga yordamchi bo‘lib), dardni kesib turishi uchun qo‘llaniladi. Chunki yolg‘izlik qotildir», dedi.

Imom Shofe’iyning (r.a.) bu va bunga o‘xshash ko‘pgina misollari u zotning ma’rifatulloh va oxirat bilimida juda yuksak rutbada bo‘lganlariga dalolat qiladi. U zotning fiqh ilmiga bo‘lgan xohishlari va u haqdagi bahs-munozaralari Alloh rizosi uchun edi. Bunga quyida rivoyat qilingan so‘zlar dalolatdir.

U kishi aytadilar: «Odamlar ushbu fiqh ilmidan foydalanishlarini, ammo undan biror narsani menga nisbat bermasliklarini xohlar edim».

U zotning ilm ofatidan, shuhratdan saqlanishlariga nazar tashla. Ilmni yolg‘iz Alloh taolo roziligi uchun o‘rganib, obro‘-martabadan yuz o‘girishlariga, qalbni qanday toza tutganlariga qara.

Qayd etilgan


Doniyor  13 Oktyabr 2006, 06:35:32

Imom Shofe’iy (r.a.): «Men hech kimsa bilan uning xato qilib qolishini istab bahs-munozara qilmadim», deydilar.

Yana u kishi: «Men kim bilan suhbatlashgan bo‘lsam, uning ilmga muvaffaq bo‘lishini, to‘g‘ri yo‘lda yurishini, Allohdan yordam olishini va Alloh taoloning rioyasi va hifzu himoyasida bo‘lishini xohladim. Kim bilan suhbatlashmayin, Alloh taolo haqni mening tilim bilan yuzaga chiqaradimi yoki uning tili bilanmi, menga hech farqi yo‘q», deydilar.

Va yana aytadilar: «Men haq va hujjatni biror kimsaga aytsam, u mendan qabul qilsa, men uni hurmat qildim va uning muhabbatiga ishondim. Kim haq va hujjatni qabul qilishda men bilan tortishgan bo‘lsa, uni nazarimga ilmadim va u bilan musohaba qilishni tark etdim».

Ushbu alomatlar u zot fiqh va fiqhiy bahslarda Allohning rizosini iroda qilganlariga dalolatdir.

Qayd etilgan