Imom G’azzoliy. Ihyou ulumid-din (Ilm kitobi)  ( 157028 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 8 9 10 11 12 13 14 15 16 17 18 ... 31 B


Doniyor  14 Oktyabr 2006, 05:28:01

Bir odam Allohning  bir valiyini o‘ldirish uchun quvayotgan bo‘lsa, u valiy pana joyga yashirinib olsa, zolim uning yashiringan joyini so‘rasa, aytib berish joiz emas. Balki aldash vojibdir. Uning yashiringan joyini aytish zararga olib borgani uchun mazmumdir.

Ikkinchi sabab — ilm o‘z sohibiga (foydadan ko‘ra) ko‘proq zararli bo‘lishi. Masalan, nujum — yulduzlar ilmi. Bu ilmning ham aynan o‘zi mazmum emas.

Nujum ilmi ikki qismga bo‘linadi. Birinchi qism  hisob-kitob ilmi. Binobarin, Qur’oni karim oy va quyoshning sayr qilishi hisob-kitobli ekanini so‘zlagan. Alloh taolo:

«Quyosh ham, oy ham aniq hisob kitob bilan (joriy bo‘lur): «Biz oyni ham toki u eski (xurmo) butog‘i kabi bo‘lib (egilib, hilol holiga kelib) qolgunicha bir necha manzilga belgilab tayinlab qo‘ygandirmiz», degan.

Ikkinchi qism  hukmlar ilmi. Bu ilm bilan shug‘ullanish borliqdagi ro‘y berayotgan voqea-hodisalarning sababiga bog‘lab dalil chiqarishga olib boradi. Va u Alloh taoloning maxluqlari ustida odati va sunnatining joriy bo‘lishini bilishdan iborat. Lekin bu ilmni shariat mazammat qilgan.

Qayd etilgan


Doniyor  14 Oktyabr 2006, 05:29:58

Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam): «Agar qadar zikr qilinsa, tilingizni tiying, yulduzlar zikr qilinsa, tilingizni tiying va mening sahobalarim zikr qilinsa, (ular haqida yomon so‘z so‘zlashdan) tilingizni tiying», deganlar.78 Va yana: «Men ummatimga o‘zimdan keyin uch narsa kelishidan qo‘rqaman: imom (rahbar)lar zulmi, yulduzlarga ishonish va qadarni yolg‘onga chiqarish», deganlar.79

Umar ibn Xattob (r.a.): «Quruqlik va dengizda yo‘l topadigan miqdorda yulduzlar ilmini o‘rganing, so‘ng qolganidan o‘zingizni tiying», deganlar. Qolganini bilishdan qaytarishlari uch jihatga ko‘ra:

Birinchi jihat: u xalqning ko‘pchiligiga zarar yetkazadi. Chunki odamlarga falon yulduzlar harakati orqasidan mana bu hodisalar paydo bo‘ldi, deyilsa, ularning qalblariga mana shu yulduzlar hodisalarga ta’sirini o‘tkazuvchi va tasarruf qiluvchi ilohlar ekan, degan tushuncha o‘rnashib qoladi. Natijada qalb shu tushunchaga o‘ralib, yaxshilik va yomonlikning bo‘lish-bo‘lmasligini yulduzlarga bog‘liq deb biladi. So‘ng Alloh taoloning zikri qalbidan o‘chadi. Zaif kishi nazarini sabab-vositalar bilan cheklab qo‘yadi.

Ilmda mustahkam bo‘lgan kishi esa quyosh, oy va yulduzlar Alloh taoloning amriga bo‘ysundirilgan deb biladi.


78. Tabaroniy Ibn Mas’uddan hasan isnod bilan rivoyat qilgan.
79. Ibn Abdulbar Abu Mihjandan zaif isnod ila rivoyat qilgan. Alboniy sahih degan.

Qayd etilgan


Doniyor  14 Oktyabr 2006, 05:30:53

Zaifning nazari bunday: U quyosh chiqsa, nuri taraladi deb biladi. Xuddi chumoli qog‘ozning ustiga chiqib qolib, yozilayotgan qora harflarni qalamning ishi deb o‘ylagani singari. Uning tushunchasi barmoqlarni, barmoqdan so‘ng qo‘lni, qo‘ldan so‘ng uni harakatga keltiruvchi irodani, undan so‘ng yozishni iroda qiluvchi qobiliyatli kotibni, undan so‘ng yozayotgan qo‘lga qobiliyatni va xohish-irodani bergan zotni mushohada qilishga yetmaydi.

Ko‘pchilikning tushunchasi eng quyidagi sabablarni ko‘rish bilan cheklangan. Sabablarning sababchisini ko‘ra bilishga aqllari qosirdir. Binobarin, mana shu narsa nujum ilmini o‘rganishdan qaytarish sabablaridan biridir.

Ikkinchi jihat: yulduzlarga qarab hukm chiqarish taxminiydir, u birorta shaxs haqida aniq yoki gumonli (yaqiyn va zon) xabar bermaydi. Taxmin bilan hukm chiqarish esa, jaholat bilan hukm chiqarishdir. Shunga ko‘ra, bu ilm  yulduzlar ilmi bo‘lgani uchun emas, jaholat bo‘lgani uchun yomonlanadi.

Xabarlarda yulduzlar ilmini bilish Idris alayhissalomga  mo‘’jiza qilib berilgani aytilgan. U kishidan so‘ng bu ilm insonlardan uzoqlashib, yo‘q bo‘lib ketdi. Munajjimlarning ayrim hollarda qilgan taxminlarining rost chiqishi faqat muvofiq kelib qolish bilan bog‘liq. Chunki munajjim ba’zi sabablarni biladi. Vaholanki, inson haqiqatni bilolmaydigan ko‘pgina shartlar borki, ularning orqasida musabbab (sababning natijasi) hosil bo‘ladi. Munajjim bilgan sabab Alloh taolo taqdir qilgan sabablarga to‘g‘ri kelsa, taxmini to‘g‘ri chiqadi. Yo‘qsa, xato qiladi. Bu hol to‘p-to‘p bulutlarning ketma-ket kelayotganini ko‘rganda, insonning bugun yomg‘ir yog‘adi, degan taxminiga o‘xshaydi. Gohida bulutlar tarqalib, kun isib ketadi, gohida aksi bo‘ladi. Chunki bu yerda inson bilmaydigan boshqa sabablar ham bor, yolg‘iz bulutning o‘zi yomg‘ir yog‘ishiga sabab bo‘lolmaydi. Yoki dengizchi shamollar haqidagi tajribasiga tayanib, kema falokatga yo‘liqmaydi, deb taxmin qiladi. Ammo shamollarda maxfiy sabablar borki, dengizchi ularni bilmaydi. Gohida uning taxmini to‘g‘ri chiqadi, gohida xato.

Qayd etilgan


Doniyor  14 Oktyabr 2006, 05:31:33

Xullas, shu illatlar tufayli ham yulduzlardan so‘zlash man’ etiladi.

Uchinchisi: foydasi bo‘lmagan jihat. Chunki yulduzlar ilmining hisob-kitob va yo‘l topishdan ortiqchasini o‘rganish samarasiz narsaga sho‘ng‘ish va insonning eng qimmat boyligi bo‘lmish vaqtni foydasiz narsaga zoe’ ketkazishdir va bu narsa zararlarning dahshatlisidir. Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam) bir odamni ko‘pchilik o‘rab olganini ko‘rib, buning sababini so‘radilar. Odamlar: «Katta olim kishi ekan», deyishdi. Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam): «Qaysi masalada?» deb savol qildilar. Ular: «She’r va arab nasablari bo‘yicha», deb javob berishdi. Shunda Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam): «Foyda bermaydigan ilm va zarar qilmaydigan johillik», dedilar. Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam) so‘ng aytdilarki:  «Ilm  muhkam oyat, qoyim sunnat va odil faroiz (ya’ni, meros taqsimlash) ilmidir»80. Demak, yulduzlar ilmiga va shunga o‘xshashlarga kirishish jaholatga sho‘ng‘ish ekan. Alloh taoloning taqdir qilgani, albatta bo‘ladi, uni qaytarish mumkin emas.

Tib ilmi bundan mustasno, chunki unga hojat tushib turadi va uning ko‘pgina dalillarini bilish imkoni bor. Tush ta’biri ham mustasno, garchi u taxminga suyansa ham. Chunki tush payg‘ambarlikning qirq oltidan bir bo‘lagi bo‘lib, unda hech qanday xatar yo‘q.


80. Ibn Abdulbar Abu Hurayradan rivoyat qilib, zaif degan. Hadisni oxirgi qismini Abu Dovud, Ibn Moja va Hokimlar rivoyat qilishgan. Zahabiy va Alboniylar zaif deyishgan.

Qayd etilgan


Doniyor  14 Oktyabr 2006, 05:32:04

Uchinchi sabab — ilmga foydasiz sho‘ng‘ish. Bu ish ham ba’zi o‘rinlarda mazmumdir. Ilmning asosiylari qolib, noziklarini, ochiq-oydinidan avval maxfiylarini o‘rganish, ilohiyot sirlaridan bahs qilish shunga misol bo‘ladi. Faylasuflar va mutakallimlar qanchalik kirishmasinlar, ilohiy sirlarni mustaqil o‘zlari bila olmaydilar. Bu ilmga yetish va uning ayrim yo‘llaridan voqif bo‘lish faqat payg‘ambar yoki valiy zotlarga xosdir. Shunday ekan, odamlarni bu ilmdan qaytarib, shariat aytgan narsaga buyurish vojibdir. Va bu narsada tavfiq olishga qanoatlantiruvchi narsa bor. Qancha-qancha odamlar shu kabi ilmlarga sho‘ng‘ib, zarar ko‘rdilar. Agar ular chuqur ketmaganlarida, u ilm olib borgan narsadan ko‘ra, dindagi holatlarni yaxshiroq bilgan bo‘lardilar. Ba’zi odamlarga qush go‘shti, emizikli bolaga turli shirinliklar zarar qilgani kabi, ba’zi ilmlar ham ayrim insonlar uchun zararli ekani inkor etilmaydi. Balki ko‘p odamlarga ba’zi ishlarni bilmasligi foyda beradi.

Hikoya qilinishicha, bir odam tabibga xotini tug‘masligidan shikoyat qilibdi. Tabib xotinning tomiridan ushlab ko‘rib: «Farzandsizlikni davolashga hojat yo‘q, chunki siz qirq kun ichida o‘lasiz», debdi. Bu gapni eshitgan xotin qattiq dahshatga tushibdi. Hayoti ko‘ziga qorong‘u ko‘rinib, barcha mollarini chiqarib, faqirlarga ulashibdi, vasiyat qilibdi, yemabdi, ichmabdi. Ammo tabib aytgan muddat o‘tib hamki ayol o‘lmabdi. Er tabibga kelib: «Xotinim o‘lmadi-ku», debdi. Shunda tabib: «Men buni bilaman, hozir borib u bilan qo‘shil, tug‘adi», debdi. So‘ng aytibdiki: "U ozishi uchun uni o‘lim bilan qo‘rqitdim». Ushbu hikoya senga ba’zi ilmlarning xatarini his qilishingdan ogohlantiradi va Rasulullohning (sollallohu alayhi vasallam): «Naf bermaydigan ilmdan Allohdan panoh tilaymiz»,81 degan so‘zlarining ma’nosini tushuntiradi. Bas, sen ushbu hikoyadan ibrat ol va shariat yomonlagan, qaytargan ilmlardan bahs yurituvchi bo‘lma. Sahobalarga ergash va sunnatga tobe’ bo‘lganlar bilan kifoyalan. Salomatlik ergashishdadir. Xatar esa narsalardan bahs qilish va o‘zboshimchalikdadir. Fikring, aqling, daliling, hujjating va gumoning bilan narsalarning haqiqatini tanish uchun bahs qilyapman, deb tortishishni ko‘paytirma. Ilm haqida fikr yuritishning nima zarari bor, ham dema. Albatta, u sening zararingga xizmat qiladi. Shundog‘ ham sen o‘zingga zarar qiladigan qancha narsalarni bilasan, agar Alloh taolo rahmati bilan qutqarmasa, bu bilishing oxiratda halokatga olib boradi.


81. Ibn Abdulbar Jobirdan (r.a.) hasan sanad bilan rivoyat qilgan.

Qayd etilgan


Doniyor  14 Oktyabr 2006, 05:32:21

Bilgilki, tajribali tabib boshqalar bilmaydigan muolaja sirlarini bilgani kabi, payg‘ambarlar ham qalblarning davosini va oxirat hayoti sabablarini yaxshi biladilar. Ularning yo‘llariga qarshi hukm chiqarsang, halok bo‘lasan. Bir qancha kishilar borki, barmog‘iga bir yara chiqsa, o‘zicha uni davolamoqchi bo‘ladi. Tajribali tabib yarani tananing boshqa tomonidan davolashni uqtiradi. Holbuki, tomirlarning badanda qanday tarqalganini, joylashgan o‘rnini va tanani qanday o‘rab olganini bilmagan odam tabibning so‘zini aqldan yiroq sanaydi. Shuningdek, oxirat yo‘lidagi ishda, shariatning nozik maslak, odob va aqidalarida sir va nozikliklar bor, ularni tushunishga aqlning quvvati yetmaydi.

Masalan, toshlarda ajoyib xosiyat borki, hech kimsa ohanrabo temirni qanday qilib tortishi sababini bilishga qodir emas.

Shuningdek, aqida va amallarda ham g‘aroyibot va      ajoyibotlar bor, ular qalblarning musaffoligini, beg‘uborligini, tazkiyasi va Alloh taoloning (ma’naviy) qo‘shnichiligiga yetishish yo‘lidagi islohini ta’minlaydi. Ularning fazilatiga ro‘baro‘ bo‘lish foydasi dori-darmonlardan ko‘ra ko‘p va kattaroqdir.

Qayd etilgan


Doniyor  14 Oktyabr 2006, 05:32:53

Aql dorilarning manfaatini anglashga qosirlik qiladi, faqat tajribagina uni his etishga yo‘l ochadi. Shuning kabi aql oxirat hayotiga nima naf berishini anglay olmaydi, inchunun, tajriba yo‘li bilan ham his qilish imkoni yo‘q. Agar tajriba o‘tkazish mumkin bo‘lsa va ayrim o‘liklar qayta tirilib, bizga foydali, maqbul, Alloh taologa yaqinlashtiradigan va Allohdan uzoqlashtiradigan amallarni aytib bersalar edi, aqlga kifoya qilardi. (Aqida masalalari ham shunday.)

Ammo o‘liklarning qayta tirilib, bizga xabar berishlari mumkin bo‘lmagan ish. Demak, aqling Payg‘ambar (sollallohu alayhi vasallam) keltirgan xabarlarni tasdiq qilishi va ishoralarining manbalarini anglab yetishi senga kifoya qiladi.

Tasarrufdagi bundan boshqa (foydasiz) narsalardan aqlni chetlat va (Qur’on va sunnatni) mahkam tut. Shundagina salomat bo‘lasan, vassalom. Shuning uchun ham Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam): «Albatta, bir ilmda jaholat va bir so‘zda ojizlik bor»,82 deganlar. Ma’lumki, ilm jaholat bo‘lmaydi. Lekin johillik kabi zarar yetkazishi mumkin. Yana Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam) aytganlarki: «Tavfiqning ozi ilmning ko‘pidan yaxshi».83 Iso (a.s.): «Qancha-qancha daraxtlar bor, hammasi ham meva bermaydi, qancha-qancha mevalar bor, hammasi ham shirin emas, qancha-qancha ilmlar bor, barchasi birdek manfaatli emas», deganlar.


82. Abu Dovud Buraydadan rivoyat qilgan. Isnodida noaniq kishi bor.
83. Buning aslini topmadim. «Firdavs» kitobi sahibi Abu Dardodan qilgan rivoyatda zikr etgan. Alboniy zaif degan.

Qayd etilgan


Doniyor  14 Oktyabr 2006, 05:33:09

Ilmlarning o‘zgartirilgan lafzlari bayoni

Bilgilki, mazmum (qoralangan) ilmlar bilan shar’iy ilmlarning aralashib ketishi natijasida mahmud (maqtovli) ilmlarning nomlari buzildi, o‘zgardi, fosid maqsadlar sababli o‘tmish solihlar so‘zlarini asl ma’nosidan boshqa ma’nolarga ko‘chirish kelib chiqdi.

Asl ma’nosi o‘zgargan lafzlar beshta: «fiqh», «ilm», «tavhid», «tazkir» va «hikmat». Ular mahmud ismlardir. Ular bilan din arboblari vasf etilgan. Lekin hozir bu lafzlar mazmum ma’nolar kasb etishi tufayli kishilar ushbu nom bilan sifatlanuvchidan nafratlanadi.

Birinchi lafz: «Fiqh». Bu nomga boshqa ma’nolar yuklanmay, ayrim masalalarga xoslab qo‘llangan. Zero, u fatvolarda kam uchraydigan far’iy masalalarni tanish, uning nozik illatlaridan va u haqda so‘zni ko‘paytirishdan tiyilish, unga aloqador bo‘lgan fikrlarni yod olishga aytilgan. Kim o‘sha far’iy masalalarga qattiqroq kirishgan va ko‘proq shug‘ullangan bo‘lsa, faqih deyilgan.

Qayd etilgan


Doniyor  14 Oktyabr 2006, 05:33:18

«Fiqh» so‘zi ilk (hijriy) asrda mutlaq oxirat ilmiga, amallarni buzuvchi narsalarni va nafs ofatlarining nozik jihatlarini tanishga, dunyo faqirligini kuchli  anglab, oxirat ne’matlari sari qattiq intilishga va qalbiga xavfni ustun qilishga qo‘llangan. Bunga Alloh taoloning:

«Dinni o‘rganib, qavmlari ularning oldilariga qaytgan   vaqtlarida, u qavmlar Allohning azobidan saqlanishlari uchun ularni ogohlantirgani (qolmaydilarmi)?!» (Tavba surasi, 122-oyat) degan so‘zi dalolat qiladi. Oyati karimadan hosil bo‘lgan ma’no taloq, ‘itoq, li’on, salam va ijaraning far’iy masalalari emas, balki Allohning azobidan ogohlantirish va qo‘rqitishdir. Bu far’iy masalalar bilan na ogoh qilish va na  qo‘rqitish  hosil bo‘ladi. Balki ularni o‘rganishga kirishib ketish ko‘rib turganimiz kabi, qalbni qattiq qiladi,  qo‘rquvni ketkizadi. Alloh taolo:

«Ularning dillari boru anglay olmaydilar» (A’rof surasi, 179-oyat) degan. Alloh taolo bu oyatdan fatvolarni emas, iymon ma’nolarini ko‘zda tutgan.

(Shu yerda o‘quvchi noto‘g‘ri tushunib qolmasligi uchun, yuqoridagi jumlalarga izoh berishni lozim topdik. Ushbu kitobning sharhi «Itqof as-saodat» nomli asar muallifi alloma Sayyid Muhammad ibn Muhammad Husayniy az-Zubayda aytadilar: «Ushbu so‘zlar G‘azzoliyning zamonasiga xos. Chunki u paytda odamlar turli far’iy masalalarni yodlab olib, fitnalar ko‘paygan edi. Ammo hozirgi asrimizga ushbu so‘zlar dalil qilinmaydi». — Tarj.)

Qayd etilgan


Doniyor  14 Oktyabr 2006, 05:34:05

Umrimga qasamki, fiqh bilan fahm bir ma’noni anglatgan ikki ismdir. U qadimda ham, hozirda ham shu ma’nosida ishlatiladi. Alloh taolo:
«(Ey mo‘minlar), aniqki, sizlar (munofiqlarning) dillarida Allohdan ko‘ra qo‘rqinchliroqdirsizlar. Bunga sabab, ular Allohning qudratini anglamaydigan qavm ekanliklaridir» (Hashr surasi, 13-oyat) degan. Alloh taolo ushbu oyatda munofiqlarning Allohdan qo‘rqinchi ozligiga va fahmlari kamligi bois ular maxluqning qudratini buyuk ko‘rishlariga ishora qilmoqda.

Sen nazar tashla, bu hol fatvolarning far’iy masalalarini yod olmagani natijasimi yoki biz zikr qilgan   ilmlarning yo‘qligi?!

Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam) huzurlariga vakil bo‘lib kelgan kimsalarni: «Faqihlar va olimlar», deganlar.84 Sa’d ibn Ibrohim az-Zuhriydan: «Madinaliklarning qaysilari faqihroq?» deb so‘rashganida, u kishi: «Alloh taologa taqvodorroq bo‘lganlari», deb javob berganlar. U kishi bu gaplari bilan fiqhning samarasiga ishora qilganlar.

Taqvo fatvo va hukmlarning emas, botiniy ilmlarning samarasidir. Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam): «Faqihlarning faqihi kim ekanini aytaymi?» dedilar. Sahobalar: «Ha, ayting», deyishdi. Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam): «Insonlarni Allohning rahmatidan umidsiz etmagan, ularni Allohning makridan xotirjam qilmagan, Allohning fazlidan noumid etmagan va boshqa kitoblarga qiziqib, Qur’oni karimni tashlamagan odam», dedilar.85


84. Abu Nu’aym, Bayhaqiy, Xatiblar Suvayd ibn Horisdan zaif isnod bilan rivoyat qilishgan.
85. Abu Bakr ibn Lol, Abu Bakr ibn Sunniy va Ibn Abdulbarlar Alidan rivoyat qilishgan.

Qayd etilgan