Faqat farzi kifoyalar bilan mashg‘ul bo‘lib qolma. Chunki xalq orasida uni bajaruvchilari ko‘p. Boshqalar foydasi uchun o‘zini halok qiluvchi kishi nodon kishidir. Kiyimlari ichiga ilon, chayonlar kirib olgan va uni o‘ldirmoqchi bo‘lib turgan holida, kishi o‘zini o‘ylamay, boshqalardan pashshani haydash uchun vosita qidirib yurishi o‘ta axmoqlikdir. Agar sen nafsingni poklab, zohiriy va botiniy gunohlardan forig‘ bo‘lsang va bu hol senga odatga aylansa, ana o‘shandagina farzi kifoyalar bilan mashg‘ul bo‘lishing mumkin. Vaholanki, sen gunohlardan xoli emassan. Shunda ham tadrij (bosqichma-bosqich o‘rganish) qoidasiga rioya qil. Buning uchun, avvalo, Allohning kitobidan, so‘ngra Rasulullohning (sollallohu alayhi vasallam) sunnatlaridan boshla. Keyin tafsir, nosix-mansux, mafsul-mavsul, muhkam-mutashobihga o‘xshash qur’oniy ilmlarni o‘rgan. Rasulullohning (sollallohu alayhi vasallam) sunnatlariga oid ilmlarni o‘rganish ham qur’oniy ilmlar kabi lozim- lobud bo‘lgan ilmdir. Bularni yaxshilab ta’lim olgach, fiqh ilmidagi far’iy, ya’ni, mazhab ilmini o‘rgan. Xilof ilmi esa, lozim emas. Undan keyin fiqh ilmini o‘rganish lozim. Qolgan ilmlarni vaqting va umring yetganicha o‘rganaver. Bir fanni o‘rganaman deb, faqat shu fanga g‘arq bo‘lib ketma. Chunki ilm ko‘p, umr esa, qisqadir. Ilmlar xuddi asbob yoki muqaddimaga o‘xshaydi. Ular boshqa narsalarga erishish uchun kerak bo‘ladi. Boshqa narsalar uchun talab qilinadigan ilm bilan ovora bo‘lib, asl matlab-maqsad esdan chiqib qolmasligi kerak. Lug‘at ilmida arablarning gapini, Qur’on va hadisning g‘arib so‘zlarini tushunadigan miqdorida kifoyalan, unda juda chuqur ketma. Nahv ilmida ham xuddi shunday, Kitob va sunnatga oid qismini yaxshilab o‘rgansang yetadi. Har qanday ilm borki, uning iqtisori (qisqasi), iqtisodi (o‘rtachasi) va istiqsosi (ziyodasi) mavjud. Sen qiyoslashing uchun bu o‘lchovlarga hadis, tafsir, fiqh va kalom ilmlari orqali izoh berib o‘taman:
Tafsirdagi iqtisorga Ali al-Vohidiy an-Nisoburiy tasnif qilgan «Al-vajiyz» kitobi misol bo‘ladi. Iqtisor Qur’onni uning ikki barobari miqdorida tafsir qilishdir. Iqtisod deb Qur’onga uch barobar keladigan tafsirga aytiladi. Undan ortig‘i istiqso deyiladi. Bunday tafsir umrning oxirigacha ham qilinishi mumkin.