Imom G’azzoliy. Ihyou ulumid-din (Ilm kitobi)  ( 157501 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 11 12 13 14 15 16 17 18 19 20 21 ... 31 B


Doniyor  14 Oktyabr 2006, 05:47:06

Namoz, tahorat, ro‘za kabi zohiriy amallarni o‘rganish o‘sha farz ilmlardan. Ammo barcha beparvo bo‘lgan qalb sifatlari ilmi ham borki, u juda muhimdir. Qalb sifatlarining mahmud va mazmum turlari mavjud. Bu ilmni o‘rganish lozimligiga sabab inson ojizlik, hasad, riyo, kibr va manmansirash kabi mazmum sifatlardan to‘la xoli bo‘lmasligidir. Bu sifatlarning barchasi halokatga olib boradi. Ularga beparvo bo‘lmaslik kerak. Faqat zohiriy ilmlar ila mashg‘ul bo‘lib, qalb ilmiga e’tibor qilmaslik bir odamning qichima kasaliga chalinib, oshiqcha moddani qon yoki ich surish orqali chiqarib yuborishga e’tibor bermasdan, tananing yuzasiga yog‘ surtish bilan ovora bo‘lganiga o‘xshaydi. Ulamolarning soxtalari faqat terini yog‘lashga buyurgan tabiblar kabi, zohiriy amallargagina undaydilar. Oxirat ulamolari esa, zohiriy amallarga botinni poklashni, yomonlik ildizlarini qo‘porib tashlashni uqtirish bilan barobar ravishda buyuradilar. Achchiq dorini ichish badanni yog‘lashdan qiyin bo‘lgani kabi,  qalbni harakatga keltirish badanni harakatlantirishdan qiyin, shuning uchun odamlar qalbni poklashdan ko‘ra zohiriy amallarga shoshib boradilar. Badan qayta-qayta yog‘layverishdan charchaydi, moddalar ko‘payib ketgach, kasallik yanada kuchayadi. Agar sen oxirat muridi,  najot tolibi va abadiy halokatdan qochuvchi bo‘lsang, u holda botiniy illatlar ilmi bilan mashg‘ul bo‘l. Ularni davolash yo‘lini «Rub’ul muhlikot» bobida mufassal bayon qilganmiz. Ana shundan so‘ng o‘sha ilmlar seni shubhasiz «Rub’ul munjiyot»da bayon qilingan mahmud maqomlarga yetaklaydi.

Qalb mazmum illatlardan xoli bo‘lsa, mahmud narsalar bilan to‘ladi. Turli ekin va rayhonlar ham begona o‘tlardan tozalangan yerda o‘sadi. Agar yer tozalanmasa, u holda hech narsa unmaydi.

Qayd etilgan


Doniyor  14 Oktyabr 2006, 05:47:15

Faqat farzi kifoyalar bilan mashg‘ul bo‘lib qolma. Chunki xalq orasida uni bajaruvchilari ko‘p. Boshqalar foydasi uchun o‘zini halok qiluvchi kishi nodon kishidir. Kiyimlari ichiga ilon, chayonlar kirib olgan va uni o‘ldirmoqchi bo‘lib turgan holida, kishi o‘zini o‘ylamay, boshqalardan pashshani haydash uchun vosita qidirib yurishi o‘ta axmoqlikdir. Agar sen nafsingni poklab, zohiriy va botiniy gunohlardan forig‘ bo‘lsang va bu hol senga odatga aylansa, ana o‘shandagina farzi kifoyalar bilan mashg‘ul bo‘lishing mumkin. Vaholanki, sen gunohlardan xoli emassan. Shunda ham tadrij (bosqichma-bosqich o‘rganish) qoidasiga rioya qil. Buning uchun, avvalo, Allohning kitobidan, so‘ngra Rasulullohning (sollallohu alayhi vasallam) sunnatlaridan boshla. Keyin tafsir, nosix-mansux, mafsul-mavsul, muhkam-mutashobihga o‘xshash qur’oniy ilmlarni o‘rgan. Rasulullohning (sollallohu alayhi vasallam) sunnatlariga oid ilmlarni o‘rganish ham qur’oniy ilmlar kabi lozim- lobud bo‘lgan ilmdir. Bularni yaxshilab ta’lim olgach, fiqh ilmidagi far’iy, ya’ni, mazhab ilmini o‘rgan. Xilof ilmi esa, lozim emas. Undan keyin fiqh ilmini o‘rganish lozim. Qolgan ilmlarni vaqting va umring yetganicha o‘rganaver. Bir fanni o‘rganaman deb, faqat shu fanga g‘arq bo‘lib ketma. Chunki ilm ko‘p, umr esa, qisqadir. Ilmlar xuddi asbob yoki muqaddimaga o‘xshaydi. Ular boshqa narsalarga erishish uchun kerak bo‘ladi. Boshqa narsalar uchun talab qilinadigan ilm bilan ovora bo‘lib, asl matlab-maqsad esdan chiqib qolmasligi kerak. Lug‘at ilmida arablarning gapini, Qur’on va hadisning g‘arib so‘zlarini tushunadigan miqdorida kifoyalan, unda juda chuqur ketma. Nahv ilmida ham xuddi shunday, Kitob va sunnatga oid qismini yaxshilab o‘rgansang yetadi. Har qanday ilm borki, uning iqtisori (qisqasi), iqtisodi (o‘rtachasi) va istiqsosi (ziyodasi) mavjud. Sen qiyoslashing uchun bu o‘lchovlarga hadis, tafsir, fiqh va kalom ilmlari orqali izoh berib o‘taman:

Tafsirdagi iqtisorga Ali al-Vohidiy an-Nisoburiy tasnif qilgan «Al-vajiyz» kitobi misol bo‘ladi. Iqtisor Qur’onni uning ikki barobari miqdorida tafsir qilishdir. Iqtisod deb Qur’onga uch barobar keladigan tafsirga aytiladi. Undan ortig‘i istiqso deyiladi. Bunday tafsir umrning oxirigacha ham qilinishi mumkin.

Qayd etilgan


Doniyor  14 Oktyabr 2006, 05:47:23

Hadis ilmidagi iqtisorga hadis matnlarini yaxshi biluvchi kishi yordamida Imom Buxoriy va Imom Muslim «Sahih» kitoblarini o‘qib-o‘rganish misol bo‘ladi. Ammo hadis roviylarining ismlarini yod olish lozim emas. Chunki sendan oldingilar bu muhim vazifani bajarib bo‘lishgan. Iqtisod degani qo‘shimcha sahih «Musnad»larni ham bilishdir. Istiqso esa, naql qilingan hadislarni zaif,  kuchli, sahih, saqim (kasal) va rivoyat yo‘llarini aniqlashdan iborat. Hadis roviylarining holati, ismlari va sifatlarini bilish ham istiqso hisoblanadi.

Fiqh ilmida esa, iqtisor Muzaniy rahimahullohning «Muxtasar»i ichiga olgan qismiga teng. Biz bu kitobni «Xulosatul Muxtasar»da aynan keltirganmiz. «Al-vasiyt minal mazhab» kitobimizga yoki «Muxtasar ul-Muzaniy»ning uch barobari miqdoriga teng qismi iqtisod deyiladi. «Al-vosit» nomli kitobimizdagi yoki undan ham ko‘proq miqdorda bo‘lgan fiqh ilmiga istiqso deb aytiladi.

Kalom ilmidan ko‘zlangan maqsad salafi solihlar tomonidan naql etilgan ahli sunna e’tiqodini himoya qilishdir, boshqa maqsad yo‘q. Undan boshqa maqsadlar uchun kalom ilmini o‘rganish ishlarning haqiqatini haq bo‘lmagan turli yo‘llar bilan kashf qilish hisoblanadi. Sunnatni himoya qilishdan murod muxtasar uslub bilan iqtisor bo‘lgan tahsil olishdir. Mana shu kalom ilmidagi iqtisor deyiladi. U «Qavoidul aqoid» kitobi miqdorichadir. Kalom ilmidagi iqtisod deyilganda, «Al-iqtisod fil e’tiqod» kitobimizda keltirganimiz kabi, kamida yuz varaqdan iborat miqdor tushuniladi. Iqtisod darajasida kalom ilmini o‘rganishdan asosiy maqsad turli  bid’atchilarning bid’atiga qarshi kurashish va omi insonlar qalbidan ular kiritgan bid’atlarni chiqarib tashlashdir. Ushbu tarzdagi munozara uslubi mutaassiblik darajasi kuchli bo‘lmagan avom kishilarga foyda beradi. Ammo mubtadi’ga kalom ilmi kamdan-kam holatda naf’ beradi. Agar sen uni hujjatlar bilan mot qilib qo‘ysang ham, u mazhabidan, yo‘lidan voz kechmaydi. O‘zi javob berolmaydi, lekin boshqa mazhabdoshlari javob beradi deb gumon qiladi. Mujodala quvvati bilan uni hayron qilib qo‘yasan. Avomlar  xohish-istaklariga qattiq yopishib olmagan bo‘lsalar, bahs yo‘li ila burib yuborilgan nohaqlikdan ularni yana bahs quvvati ila haqiqatga qaytarsa bo‘ladi. Ammo mutaassiblik yo‘liga o‘tgan bo‘lsalar, u holda ulardan umid uziladi. Chunki mutaassiblik aqidalarning qalblarda mustahkam o‘rnashib olishiga sabab bo‘ladi. Xuddi mana shu  narsa olimlarga tekkan yomon ofatlardandir. Ular haq uchun taassubda haddan oshib ketadi va natijada muxoliflarini mensimaydilar va past ko‘radilar. So‘ng ularda teng kurashish, mashhur bo‘lish da’vosi tug‘iladi. Agar ular lutf-marhamat ila xilvatda nasihat qilish yo‘li bilan mujodala qilganlarida, so‘zsiz muvaffaqqiyat qozonar edilar. Ammo mutaassiblik, boshqalarni tahqirlash hech qachon yaxshi natija keltirmaydi.

Qayd etilgan


Doniyor  14 Oktyabr 2006, 05:47:31

Shu uchun ham bularning yaqiniga kela ko‘rma va zahri qotildan qochgan kabi ulardan qoch. Bu davolab bo‘lmas darddir, aynan mana shu narsa fuqaholarni tortishuv va manmansirashga yetaklab borgan. Buning ofatlari haqida keyinroq mufassal bayon qilamiz.

Ba’zida «insonlar bilmagan narsalarining dushmanidir», degan gapni eshitib qolasan. Ammo sen bunday o‘ylama. Sen bu nasihatni umrining bir qismini bu ishda zoe’ qilgan va tasnif, tahqiq, mujodala va bayonni oldingilardan-da ziyoda etgan, keyin esa, Rabbi unga to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatib, aybidan xabardor qilgach, uni tark etib, o‘zi bilan mashg‘ul kishidan eshit: «Shariatning ustuni fatvodir, uning illati esa, ilmi xilof orqali bilinadi, deganlarning so‘ziga aldanib qolma», deydi u.

Chunki mazhabning illatlari mazhabning o‘zida zikr qilingan. Undan ortiqchasi mujodalaning o‘zidir. Avvalgilar ham, sahobalar ham bu narsani bilishmagan. Holbuki,  ular fatvo illatlarini boshqalardan yaxshiroq bilar edilar. Mazhabni o‘rganishda xilof ilmi hech qanday foyda bermaydi, balki fiqhning zavqiga zarar yetkazadi.  Muftiyning farosati shunga guvohlik beradiki, agar uning fiqh ilmidan oladigan zavqi yetarli bo‘lsa, u  har narsada jadal-bahsga berilib ketmaydi. Agar kimning tabiati tortishuv-jadalga bog‘lanib qolsa, u holda o‘sha kimsaning zehni faqat tortishuv uchun xizmat qila boshlaydi va natijada fiqhni anglashning zavqidan bebahra bo‘lib qoladi. Jadal bilan faqatgina mansab, obro‘, shon-shuhrat talabgorlari mashg‘ul bo‘ladi. Ular nafslarini oqlash uchun o‘zlarini mazhabning illatini qidirayotgan qilib ko‘rsatadi. Bunday kishilar fiqh ilmi qolib, umrini jadal bilan o‘tkazib yuboradi. Bas, jinlardan bo‘lgan shaytonlardan ehtiyot bo‘l, insonlardan bo‘lgan shaytonlardan ham saqlan. Chunki ular jinlardan bo‘lgan shaytonlarga adashtirish va ig‘vo qilishda yordam beradi.

Qayd etilgan


Doniyor  14 Oktyabr 2006, 05:48:02

Umuman aytganda, oqillar nazdidagi rozilik o‘rni sen o‘zingni bu olamda faqatgina Alloh bilan birga bilishing, oldingda o‘lim, hisob-kitob va jannat-do‘zax kabi muhim hol va o‘rinlar turganingni his qilishingdir. Oldingda turgan bu muammolar uchun nimalar foyda berishini o‘ylab ko‘r, boshqa narsalarni tark qil!

Shayxlardan biri vafot etgan bir olimni tushida ko‘rdi va undan: «Tiriklik chog‘ingda mashg‘ul bo‘lgan munozara, mujodala, tortishuvlar naf berdimi?» deya so‘radi. Shunda olim qo‘lini yoyib, unga pufladi va: «Barchasi chang-to‘zon kabi uchib ketdi, faqat kecha yarmida o‘qilgan ikki rak’at namozgina menga xaloskor bo‘ldi», deya javob berdi.

Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi vasallam) bir hadisi shariflarida munozara-jadalning qabih ish ekanini bayoni sifatida: «Hidoyatga erishgan qavm jadalga berilganidan so‘nggina halokatga ketdi»,109 dedilar va so‘ng:

«Ular (bu misolni) sizga faqat talashib-tortishish uchungina keltirdilar. Axir ular xusumatchiurushqoq qavmdirlar» (Zuxruf surasi, 58-oyat), ma’nosidagi oyatni tilovat qildilar.


109. Termiziy va Ibn Mojalar Abu Umomadan rivoyat qilish.

Qayd etilgan


Doniyor  14 Oktyabr 2006, 05:49:06

Yana bir hadisda Alloh taoloning:

«Ammo dillarida og‘ish bor kimsalar...» (Oli Imron surasi, 7) oyatini tushuntirib: «Ular jadal ahlidir. Alloh taolo, ulardan uzoq bo‘linglar, deya ogoh etgandir»,110 deb aytganlar.
Ba’zi salaflar: «Oxir zamonda shunday bir qavm bo‘ladiki, ularga amal eshiklari yopilib, jadal eshiklari ochiladi», deb aytishgan.

Xabarda kelishicha: «Sizlar shunday zamondasizlarki, sizlarga amal qilmoq imkoni berildi. Tez kunlarda shunday qavm keladiki, ularga mujodala-tortishuv ilhomi beriladi».

Mashhur bir xabarda: «Allohga maxluqlari orasida eng yoqmaydigani ularning ashaddiy xusumatchilaridir»,112 deb aytilsa, boshqa xabarda: «Qaysi qavm mantiqqa kirishib ketsa, amaldan to‘xtab qoladi», deyilgan.


110. Muttafaqun alayh.
112. Muttafaqun alayh.

Qayd etilgan


Laylo  14 Oktyabr 2006, 14:16:37

To‘rtinchi bob
Xalqning xilof ilmiga berilib ketishi sababi, munozara va jadal ofatlarining tafsilotlari va uning muboh bo‘lishi shartlari

Bilgilki, Rasulullohdan (sollallohu alayhi vasallam) so‘ng davlatni hidoyatga ergashgan xulafoi roshidinlar boshqardilar. Ular Alloh ma’rifatiga ega olim, hukm chiqarishda yetuk faqih, fatvo berishda mustaqil zotlar edi. Mashvarat taqozo etuvchi hollardagina fuqaholarga murojaat qilar, boshqa paytlarda esa, ulardan yordam kutib o‘tirmas edilar. Shuning uchun ulamolar oxirat ilmi bilan mashg‘ul, boshqa ilmlardan xoli edi. Fatvo berishda xalqning dunyoga bog‘liq hukmlaridan o‘zlarini chetga olishardi. Siyratlarida keltirilgani kabi, bor ijtihodlari, harakatlarini Alloh taolo tomoniga yo‘naltirishar edi.

Xulafoi roshidinlardan so‘ng o‘zlari fatvo va hukm chiqarish ilmini yaxshi egallamagan hamda xalifalik maqomiga noloyiq kimsalar davlat tepasiga kelishdi. Ular o‘zlari hukm va fatvo chiqarishni eplay olmagach, fuqaholarni yordamga chaqira boshlashdi. Lekin salaflar axloqini mahkam ushlagan, dinning ko‘rsatmalarini sof saqlab kelayotgan tobe’in ulamolar biror mansabga chaqirilsalar, qochar va yuz o‘girar edilar.

Endi xalifalar ularni zo‘rlab bo‘lsa ham, qozilik va hukumat ishlariga jalb qilishdi. O‘sha asrlarda yashaganlar ulamolarning izzatiga, himmati yuksakligiga, boshliq va valiylar esa, ularni izlab yurganlariga shohid bo‘lishdi. Ba’zi kimsalar ilmni izzatga erishish va podshohlar tarafidan obro‘-e’tibor qozonish uchun talab qila boshlashdi. Ular fatvo berish ilmiga sho‘ng‘ib, podshohlardan mansab va muruvvat kutishar edi. Ularning ayrimlari hech narsaga erishmadi, ba’zilari esa, muvaffaqiyatga yetishdi. Ammo ular tilanish xorligidan qutilmadi. Ilgari qidirilgan fuqaholarning o‘zlari  endi qidiruvchiga aylanishdi. Sultonlardan yuz o‘girish bilan aziz-mukarram bo‘lgan fuqaholar ularga yuzlanish ila xorlanishdi. Har davrda bo‘lgani kabi, Allohning dinida sodiq bo‘lgan ulamolargina aziz bo‘lib qolaverdi.

Qayd etilgan


Laylo  14 Oktyabr 2006, 14:16:45

Avvaliga fuqaholar hokimlar va voliylar ko‘proq muhtoj bo‘lgan fatvo va hukmlar ilmi bilan ovora bo‘lishdi. Keyinroq amirlar va arboblar orasida ba’zi odamlar aqida qoidalariga oid gaplar tarqatayotganini eshitishdi. Endi ularning nafsi aqidaga, hujjatlarni tinglashga moyil bo‘ldi. Amir va arboblar kalom ilmidagi munozara va mujodalaga rag‘bat qilgach, kalom ilmiga sho‘ng‘ib, qattiq berilib ketishdi. Bu haqda ko‘p kitoblar tasnif qilishdi, mujodala uslublarini tuzishdi, turlarini ishlab chiqishdi va bu qilmishlarini Allohning dinini va sunnatni himoya etish, bid’atni sindirish deb nomlashdi. Keyinroq boshliqlarda kalom, munozara ilmlari to‘g‘ri emasligi haqida fikr paydo bo‘ldi. Chunki munozara va kalom ilmiga eshik ochilishi bilan qon to‘kilishi va vayronagarchilikka olib boruvchi taassubiyat va xusumat eshiklari ham ochilgan edi. Sultonlar va amaldorlar olimlarni yangi bir narsa — fiqh ilmida munozara qilish bilan mashg‘ul etmoqchi bo‘lishdi. Xususan, Shofe’iy (r.a.) va Abu Hanifa (r.a.) mazhablaridan qaysi biri afzal, deya olimlar orasida munozara alangasini yoqishdi. Endi odamlar kalom va boshqa ilmlarni tashlab, Shofe’iy va Abu Hanifa oralaridagi ixtilofiy masalalarga kirishib ketishdi. Amaldorlar mana shu ikki mazhabni aytganlari uchun Molik, Sufyon, Ahmadlar (rahmatullohi alayhim) orasidagi xiloflarga hech kim e’tibor bermadi. Ular bu mashg‘ulotlaridan maqsad shariatning nozik jihatlarini o‘rganish, mazhabning illatlarini tahrir qilish va fatvo berish asoslarini tuzib chiqish ekanini ayta boshlashdi. Bu ikki mazhab orasidagi ixtiloflar haqida kitoblar tasnif qilishdi va bugunga qadar mujodala turlariyu tasniflari bilan ovoradirlar. Bizdan keyingi asrlarda Alloh yana nimalarni sodir qiladi, bilmaymiz.

Xulosa qilib aytganda, xilof va munozaralarga olimlarning astoydil kirishganiga asosiy sabab ana shulardir.

Agar dunyo egalari, saltanat sohiblari Abu Hanifa va Shofe’iy qolib, boshqa imomlar orasidagi munozarani yoki umuman boshqa ilmdagi mujodalani xohlab qolishsa, olimlar o‘sha narsani amalga oshirishadi va ishlarining din ilmi ekanini, qolaversa, u bilan «olamlar» Rabbiga qurbat hosil etishini bahona qilishadi.

Qayd etilgan


Laylo  14 Oktyabr 2006, 14:16:56

Munozaralarni sahobalar mashvarati va salaf  ulamolarining suhbatlariga o‘xshatishdagi adashish bayoni

Bilgilki, faqat tortishuv, munozara va jadal bilan mashg‘ul bo‘luvchilar qilmishlarini oqlash uchun: «Bu munozara  bahsdan maqsadimiz haqiqatni odamlarga bildirish. Albatta, haq izlanadi, ilm yo‘lida qarashlar va fikrlar bilan yordamlashish foydali va ta’sirlidir. Sahobalarning odatlari shunday bo‘lgan. Ular ham bobo va aka-ukalar (merosi) masalasida, xamr ichuvchining jazosi, imom xato qilganida, jarima to‘lashning vojibligi, Hazrati Umardan (r.a.) qo‘rqib, bir ayol bola tashlab qo‘yganida unga xun to‘lash va faroiz kabi masalalarda mashvarat qilishgan. Shofe’iy, Ahmad, Muhammad ibn Hasan, Molik, Abu Yusuf va boshqa ulamolarning (Alloh ulardan rozi bo‘lsin) mashvaratlari ham bizniki kabi mashvarat edi-ku», deb aytishadi. Endi men senga ularning bahonalari faqatgina salafning odatiga o‘xshashdan o‘zga emas ekanini tushuntirib beraman.

Haqni izlash uchun o‘zaro yordamlashish dindan ekan, to‘g‘ri da’vo. Lekin uning shartlari bor, ularni bilish lozim. Bas, mujodala va munozara qilishning sakkizta sharti bor:
1. Munozara bilan shug‘ullanuvchi kimsa farzi kifoyalarga bosh qotirishdan avval farzi aynlarni o‘rniga qo‘ygan bo‘lmog‘i kerak. Agar kim hali farzi aynlarni to‘la bajarmay turib, farzi kifoya bilan mashg‘ul bo‘lsa va, maqsadim haq, deb da’vo qilsa, so‘zsiz u kazzobdir. Masalan, o‘zi namozni tark qiladi-da, avratini yopish uchun kiyim topolmagan kishini kiyintirish maqsadim, deya libos to‘qish va kiyim tayyorlash ila mashg‘ul bo‘ladi. Gohida chindan ham shunday bo‘lishi mumkin.

Bordi-yu birortasi unga omonatni qaytarish haqida so‘z ochsa, u darhol o‘rnidan turib, Allohga eng mahbub ibodat — namozga takbir aytadi. Va Rabbiga osiy bo‘ladi. Chunki shaxsning vaqt, shart va tartiblariga rioya etmasdan qilgan itoati uning haqiqiy itoatkor ekaniga dalil bo‘lmaydi.

Qayd etilgan


Laylo  14 Oktyabr 2006, 14:17:51

2. Farzi kifoyani munozaradan muhim bilmaslik kerak. Mabodo, farzi kifoyadan muhimroq narsani ko‘raturib, o‘sha muhimroqdan boshqasi bilan mashg‘ul bo‘lsa, u holda o‘sha fe’li ila osiy bo‘ladi. Ushbu so‘zimizga misol sifatida quyidagi holatni keltirish mumkin. Bir to‘p odamlar chanqoqlikdan o‘lim yoqasida turgan paytda, bir kishi ularga suv berish imkoniyati bo‘laturib, hijomat — qon olish ta’limi bilan mashg‘ul bo‘lmoqda. O‘zi uchun hijomatni o‘rganish farzi kifoya, shaharda uni biladiganlar bo‘lmasa, odamlarning barchasi halok bo‘ladi, deb da’vo qiladi. Unga qarata: «Axir shaharda hijomat qiluvchilar to‘lib yotibdi. Senga odamlarning ehtiyoji yo‘q», desang, u: «Hijomatchilarning ko‘p bo‘lishi bu fe’lni farzi kifoyalikdan chiqarmaydi», deb hozirjavoblik qiladi. Chanqoqlikdan    ayanchli ahvolga tushib qolgan musulmonlar dardi bilan shug‘ullanish bir yoqda qolib, hijomat bilan ovora bo‘lib yurganlarni qanchadan-qancha farzi kifoyalar beparvolik tufayli barbod bo‘lgani holda munozara bilan mashg‘ul bo‘layotganlarga o‘xshatish mumkin. Fatvo bilan ko‘plab odamlar shug‘ullanmoqda, vaholanki, ado etilmayotgan farzi kifoyalar bir talay. Fuqaholar unga e’tibor ham qaratmaydi. Masalan, tabobat. Haqiqatdan ham, ko‘plab shaharlarda shahodatiga ishonsa bo‘ladigan musulmon tabiblar topilmaydi, faqihlar tabobat bilan shug‘ullanishga hech kimni targ‘ib qilishmaydi. Amri ma’ruf va nahiy munkar ham  unutilgan farzi kifoyalardandir. Ba’zida munozara qiluvchi majlisda ipakdan qilingan ko‘rpa-yostiqlar ustida, ipak erkaklar uchun man’ qilinganini bilaturib, voqe’likdan uzoq masalalar haqida munozara qilaveradi. O‘sha munozara qilinayotgan voqea sodir bo‘lsa, ayrim faqihlar  tomonidan  yechimini topishi aniq. Lekin munozara qiluvchi o‘sha farzi kifoyalar bilan Allohga qurbat hosil qilishni bahona etadi.

Anas (r.a.) qilgan rivoyatda aytilishicha, Payg‘ambardan (sollallohu alayhi vasallam): «Qachon amri ma’ruf va nahiy munkar tark bo‘ladi, ey Allohning Rasuli?» deb so‘rashganda, Sarvari koinot: «Qachon yaxshilaringiz orasida tilyog‘lamachilik, yomonlaringiz orasida fohishalik, yoshlaringiz orasida mulk, razillaringiz orasida fiqh paydo bo‘lib qolsa»,114 deb javob berganlar.


114. Ibn moja hasan isnod bilan rivoyat qilgan. Albaniy zaif degan.

Qayd etilgan