Imom G’azzoliy. Ihyou ulumid-din (Ilm kitobi)  ( 157169 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 24 25 26 27 28 29 30 31 B


Munira xonim  15 Oktyabr 2006, 12:38:54

Ahmad ibn Hanbal esa: «Ilmni tark qilib, ko‘zlariga g‘aroyib ko‘ringan narsalarga tobe’ bo‘lishmoqda, ularning ilmlari juda oz», degan edilar.

Alloh o‘zi yordamchidir.

Molik ibn Anas (r.a.) aytadilar: «Oldingilar bugungi kun odamlari so‘rayotgan narsani so‘rashmasdi. Ulamolari ham halol, harom, deb aytaverishmas edi. Lekin ularning mustahab va makruh deyishganini ko‘rdim. Ya’ni, ular mustahab va makruh narsalarning nozik tomoniga nazar solishardi. Ammo ular nazdida buzuqligi ochiq ko‘ringan narsa harom edi».

Hishom ibn Urva aytadilar: «Bugun o‘zlaricha yangilik chiqarayotganlardan yangiliklari haqida so‘ramanglar. Chunki u narsaga javob tayyorlab qo‘yishgan. Ulardan sunnat haqida so‘ranglar, uni bilishmaydi».

Sulaymon Doroniy shunday deydilar: «Kishi bir yaxshilikka ilhomlantirilsa, (Rasulullohdan) qolgan asarda uning  borligini eshitmagunicha unga amal qilishi lozim emas. Agar uni asarda topgudek bo‘lsa, nafsidagi narsani asarga muvofiq qilgani uchun Allohga hamd aytsin». Bunday deyishlariga sabab, yangi fikrlar quloqqa quyilib, qalbga o‘rnashib olishi ko‘pincha uning musaffoligiga xalal berishi, u sababidan botil narsa haqqa aylanib qolishi mumkin. Bas, yangiliklar borasida (Payg‘ambarimiz) asarlarini ko‘rish bilan ish tutiladi.

Qayd etilgan


Munira xonim  15 Oktyabr 2006, 12:39:05

Shuning uchun Marvon hayit kuni namozda minbar qo‘yib, yangilik qilganida, Abu Said Xudriy unga qarshi chiqib: «Ey Marvon, bu qanaqa bid’at?» deganlar. Halifa Marvon: «Bu bid’at emas, bilganingizdek, yaxshilikning o‘zginasi. Insonlar ko‘payib ketganlari sababli ovoz ularga yetishi uchun shu ishni xohladim», dedi. Buni eshitgan Abu Said Xudriy: «Allohga qasamki, men bilgan narsada hech qanaqa yaxshilik yo‘q. Allohga qasamki, bugundan boshlab orqangda namoz o‘qimayman!» dedilar. Marvonning ishini inkor qilganlariga sabab, Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam) hayit va istisqo namozlarining xutbasida minbarga emas, kamon yoki hassalariga suyanar edilar.186

Mashhur hadisda: «Kim dinimizga bir yangilik olib kelsa, u rad qilingandir»,187 deyilgan.

Boshqa bir xabarda kelishicha Nabiy (sollallohu alayhi vasallam): «Kim ummatimni aldasa, unga Allohning, farishtalarning, kishilarning la’nati bo‘lsin», deganlar. Shunda:  «Ey Rasululloh, ummatingizni aldash qanday bo‘ladi?» deb so‘rashdi. Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam): «Bir bid’atni chiqarib, uni insonlarga yuklash»,188 dedilar.

Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam) yana aytadilar: «Har kuni Allohning maloikalari, kim Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam) sunnatlariga xilof qilsa, u zotning shafoatlaridan benasib qoladi, deb nido qiladi».


186. Tabaroniy Barodan rivoyat qilgan. Bu rivoyatda «istisqo» so‘zi yo‘qdir Alboniy «Zaiful jome’» kitobida zikr qilgan.
187. Muttafaqun alayh.
188. Doraqutniy Anasdan (r.a.) juda zaif sanad ila rivoyat qilgan.


Qayd etilgan


Munira xonim  15 Oktyabr 2006, 12:39:19

Sunnatga qarshi chiqib, dinda yangilik yaratgan kishi bilan boshqa bir gunoh qilgan kishining farqi davlat boshqaruvida turib, podshohga osiylik qilgan odam bilan muayyan xizmatlardagi buyruqlariga xilof bo‘lgan xizmatchining farqi kabidir. Chunki xilof qilganning gunohi kechirilur, ammo davlat boshqaruvida turganning gunohi kechirilmas.

Ba’zi ulamolar: «Salaflar gapirgan narsada sukut  qilish jafo, sukut qilgan narsada gapirish takallufdir», deb aytishgan.

Ba’zilar esa: «Haq og‘irdir.  Undan o‘zib ketish zulm. Unga yetisha olmaslik ojizlikdir. U  bilan birga to‘xtab turish kifoya qiladi», deb aytishadi.   

Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam): «O‘rtacha yo‘lni tutinglar. U shunday yo‘lki, balandlab ketganlar, orqaga qaytadi. Pastdagilar esa, unga ko‘tariladi»,190 deganlar.

Ibn Abbos (r.a.) aytadilar: «Zalolatga nisbatan uning ahli qalbida halovati bor. Bunga misol Alloh taoloning:

«Dinlarini o‘yin-hazil qilib olganlarni tark qiling» (An’om surasi, 70-oyat);

«Axir yomon amali o‘ziga chiroyli ko‘rinib, uni go‘zal deb o‘ylagan kimsa (Alloh haq yo‘lga hidoyat qilgan zot kabi bo‘lurmi)?!» (Fotir surasi, 8-oyat), deb aytgan so‘zlaridir».
Sahobalardan keyin zaruratsiz paydo qilingan yangiliklar o‘yin va lahvdir.


190. Abu Abiyd mavquf holda Ali ibn Abu Tolibdan rivoyat qilgan.  Ibn Asir ham «G‘aribul hadis» kitobida keltrgan.

Qayd etilgan


Munira xonim  15 Oktyabr 2006, 12:39:34

La’nati iblis sahobalarga askarlarini yubordi, ammo ular taassuf bilan qaytishdi. Shunda boshlig‘i, ahvollaringiz qanday, deb so‘radi. Askarlar esa, ularga o‘xshashini ko‘rmaganmiz, ulardan biror narsaga yetishadigan bo‘lsak, bizni o‘zlariga ergashtirib olishdi, deb aytishdi. Boshliqlari, sizlar ularga biror narsa qilishga qodir emassizlar, chunki ular nabiylari suhbatida bo‘lib, Rabbilaridan nozil bo‘layotgan narsaga shohiddirlar, lekin ulardan keyin bir qavm keladi, o‘shanda sizlar niyatlaringizga yetishasizlar, deb aytdi. Qachonki tobe’inlar jamoasi kelishganda (iblis) yana askarlarini yubordi. Ular yana bosh eggan holda qaytib kelib, bulardan-da ajablanarlisini ko‘rmaganmiz, agar gunoh qilib qo‘yishsa, kechaning oxiri bo‘lishi bilan istig‘for aytishga turishadi va Alloh ularning yomonliklarini yaxshilikka almashtirib qo‘yadi, deb aytishdi. Boshliqlari, tavhidlari sahih va nabiylarining sunnatlariga ergashganlari uchun ulardan ham biror narsaga erisholmaysizlar, lekin ulardan keyin bir qavm kelurki, ular bilan ko‘zingiz quvonadi, nimani xohlasangiz, o‘ynashaverasiz, havoyi nafs tizginlarini ushlab olib, xohlagan tarafingizga yetaklayverasiz, agar istig‘for aytsalar ham, ular kechirilmaydi, tavba ham qilmaydilar, mabodo tavba qilishsa, Alloh ularning yomonliklarini yaxshilikka almashtirib qo‘yadi, deb aytdi. Keyingi asrda bir qavm keldi. Havoyi nafs ularda jo‘sh urib, bid’atlar ziynatli bo‘ldi. U bid’atlarni halol sanab, din qilib ushlab olishdi. Unga istig‘for ham aytishmadi, tavba ham qilishmadi. Dushman ularga tajovuz qilib, xohlagan tomoniga yetakladi.

Bu so‘zlarni aytuvchi odam iblisni ko‘rmagan, u bilan gaplashmagan bo‘lsa, uning bu gaplarini qaerdan bildi, deyishing mumkin. Bilgilki, qalb arboblari malakut sirlarini gohida ilhom yo‘li bilan, gohida sodiq tush ko‘rish bilan, gohida esa, tushda bo‘lgani kabi masalalarni mushohada qilish bilan kashf qilishadi. Mana shu eng oliy daraja bo‘lib, sodiq tush payg‘ambarlikning qirq oltidan bir bo‘lagi bo‘lgani kabi, nubuvvatlik darajasidir. Qosirlik chegarasidan o‘t, bu ilmni inkor qilishdan saqlan. Bu to‘g‘rida gapirgan ba’zi bir mahmadona ulamolar halok bo‘lishdi. Gumonlaricha, ular ilmni qo‘llari bilan ihota qilar emish. Mana shu kabi ishlarda avliyoullohlarni inkor qiluvchi oqil bo‘lgandan ko‘ra, johil bo‘lib yurgan yaxshidir. Kim avliyolarni inkor qilsa, anbiyolarni inkor etibdi va dindan to‘laligicha chiqibdi.

Qayd etilgan


Munira xonim  15 Oktyabr 2006, 12:39:47

Ba’zi oriflar aytishadi: «Yer yuzida abdollar (chiltonlar) qolmadi. Ular odamlarning ko‘zidan qochishdi. Chunki ular bu zamonning ulamolariga nazar solishga toqat qila olishmaydi. Hozirgi ulamolar Allohni tanimaydi. Ular o‘zlarining va johillarning nazdidagina olimdirlar».

Sahl Tustariy aytadilar: «Gunohlarning eng kattasi johillik bilan qilingan johillik va ommaga qarab, g‘ofil kishilar so‘zini eshitishdir. Qaysi olim dunyodan so‘zlashga sho‘ng‘isa, uning so‘ziga quloq tutish lozim emas. Balki har bir aytayotgan gapini ayblab turish kerak. Chunki har bir shaxs o‘zi yaxshi ko‘rgan narsasini gapiradi. Yaxshi ko‘rgan narsasiga muvofiq bo‘lmasa, uni daf qiladi. Shuning uchun Alloh taolo:

«Biz qalbini Bizni zikr etishdan g‘ofil qilib qo‘ygan, havoyi nafsiga ergashgan va qilar ishi isrofgarchilik bo‘lgan kimsalarga itoat etmang» (Qahf surasi, 28-oyat), deydi».

Gunohkor avom din yo‘lidagi johillardan xursanddir. E’tiqodlaricha, bu johillar ulamo emish. Gunohkor olim o‘zining noqisligini e’tirof etib, istig‘for aytadi, tavba qiladi. Mana bu johil esa, o‘z gumonicha olim bo‘lib, ilm bilan mashg‘ul. Vaholanki, uning maqsadi din qolib, dunyoga yo‘l topishdir. U tavba ham qilmaydi, istig‘for ham aytmaydi. Mana shu holida o‘lgunicha davom etadi.   

Qayd etilgan


Munira xonim  15 Oktyabr 2006, 12:40:02

Odamlarning ko‘pchiligi shu yo‘lga kirib ketishgan. Faqat Alloh asraganlargina bundan mustasnodir. Ularni isloh qilishdan umid uzilgandir. Din sohibi uchun eng yaxshisi ulardan uzilib, alohida yashashdir. Biz bu haqda, inshaalloh, «Uzlat» kitobida to‘xtalamiz.

Yusuf ibn Asbot Huzayfa al-Mar’ashiyga xat yozib: «O‘zi bilan birga Allohni eslaydigan kimsani topa olmagan, topsa ham, gunohga botganini, suhbati ma’siyat bo‘lganini, uning ahli bo‘lmaganini topgan kishi haqida nima deb o‘ylaysiz?» degan edi.

Haqiqatda rost yozibdilar. Chunki kishilarga aralashib yurish g‘iybat eshitishga yoki munkar narsalarga sukut qilishga majbur etadi. Nari borsa, ahvollari yaxshilanib, ilmidan foydalanishlari mumkin. Shunda ham bechoralar ilm riyodan, pul jamlash va rahbarlik talabidan xoli bo‘lishi kerakligini koshki bilishsa! Shogird olayotgan ilmini dunyoga yoki yomonlikka vosita qilsa, unga ilm o‘rgatish xuddi qaroqchiga qilich sotganga o‘xshaydi. Ilm ham qilich kabidir. Uning yaxshilikka ishlatilishi g‘azotdagi qilich o‘rniga o‘tadi. Shuning uchun qaroqchilik qilishni xohlagan kishilarga qilich sotilmaydi.

Mazkur o‘n ikki alomat oxirat ulamolari alomatlaridan bo‘lib, bu xislatlarning hammasini salaf olimlari o‘zlarida jamlashgan. Sen ikki kishidan biri bo‘l: yo shu sifatlarni o‘zingda mujassam qil, yo mana shularni qilolmayotganingni e’tirof et. Zinhor uchinchisi bo‘lma, unda dinni dunyoga almashtirishni nafsingga qabul qilgan bo‘lasan. Sobit ulamolar suvrati bilan battollar siyratiga o‘xshab qolasan. Johilliging va inkor etuvchiliging tufayli noumid bo‘lib, halok bo‘luvchilar jamoasiga yo‘liqasan.

Shayton hiylasidan panoh tilaymiz. Unga ergashib ko‘pchilik halok bo‘lgan. Allohdan dunyo hayotiga aldanmaydiganlardan qilishini so‘raymiz.


Qayd etilgan


Munira xonim  15 Oktyabr 2006, 14:47:47

Yettinchi bob
Aql, uning sharafi, haqiqati hamda qismlari 

Aqlning sharafi bayonida

Bilgilki, aqlning musharrafligini ko‘rsatishda takalluf etishga ehtiyoj yo‘q. Xususan, ilmning sharafi aql tomonidan ko‘rsatib berilgan, aql ilmning manbai, matla’i va asosi ekani izhor qilingan. Ilm aqlda daraxtdagi meva, quyoshdagi ziyo va ko‘zdagi nur o‘rnida yuradi. Dunyo va oxirat saodatiga vasila bo‘luvchi narsa qanday qilib sharafli bo‘lmasin? Bo‘lgani holda hayvon insondan hayiqib turgan ekan, nega aqlning sharafi to‘g‘risida gumon qilinadi? Hatto ulkan jasadli, qonxo‘r va vahshiy hayvon ham inson suratini ko‘rganida, undagi ustunlikni, o‘zining hiylasini idrok etishini sezgani uchun hayiqadi, qo‘rqadi. Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam): "Shayxning (keksa odamning) qavmidagi o‘rni payg‘ambarning ummati orasidagi o‘rnidekdir",191 deganlarida, uning moli ko‘pligini, shaxsi ulug‘ligini yoki quvvati ziyodaligini e’tiborda tutmaganlar. Balki aqlining samarasi bo‘lmish tajribasini  aytganlar. Shuning uchun ham turklar, kurdlar, madaniyatsiz arablar va boshqa xalqlar darajalari yovvoyilikka yaqin bo‘lsa-da, keksalarni hurmat qilishadi.

Ko‘pgina qaysarlar Rasulullohni (sollallohu alayhi vasallam) o‘ldirishni qasd qilgan paytlarida, ko‘zlari ul zotga tushib, muborak chehralarida nabuvvat nurining yarqirashidan qo‘rqib ketishgan edi. Garchi bu hol aql botin bo‘lganidek, nafslarida yashirin bo‘lsa-da.

Aqlning sharafi zaruratan idrok etiladi. Quyida uning zikrida vorid bo‘lgan xabar va oyatlarni keltirish niyatimiz bor.


191. Ibn Hibbon Ibn Umar va Abu Mansurlardan, Daylamiy Abu Rofe’dan zaif  sanad ila rivoyat qilgan.


Qayd etilgan


Munira xonim  15 Oktyabr 2006, 14:48:02

Alloh uni o‘z kalomida «nur» deb nomladi:

«Alloh osmonlar va yerning nuridir. U zot nurining misoli xuddi bir tokcha» (Nur surasi, 35-oyat).
Foydali ilmni ruh, vahiy va hayot deb nomladi:

«(Ey Muhammad), shunday qilib (xuddi avvalgi payg‘ambarlarga vahiy qilganimizdek) Biz o‘z amrimiz bilan sizga Ruhni — Qur’onni vahiy qildik» (Sho‘ro surasi, 52-oyat).
Alloh subhonahu va taolo yana aytadi:

«Avval o‘lik (kofir) bo‘lgan, so‘ngra Biz uni tiriltirib, unga odamlar orasida o‘zi bilan birga olib yuradigan nurni (iymonni) berib qo‘yganimiz bir kishi» (An’om surasi, 122-oyat).

U zot nur va zulmatni zikr qilib, ulardan ilm va jahlni iroda etgan:
«Ularni qorong‘u zulmatlardan yorug‘lik — nurga chiqaradi» (Baqara surasi, 257-oyat).

Qayd etilgan


Munira xonim  15 Oktyabr 2006, 14:48:17

Payg‘ambar (sollallohu alayhi vasallam) aytadilar: «Ey odamlar, Rabbingiz haqida fikr etingiz, bir-biringizga aqlni ishlatishni tavsiya qilingiz, shunda nimaga buyurilganingizni, nimadan qaytarilganingizni bilib olasizlar. Bilingizki, u (aql) Rabbingizning huzurida sizga yordam beradi. Bilingizki, oqil garchi xunuk ko‘rinishli, past darajali va nochor hay’atli bo‘lsa-da, Allohga itoat qilgan kishidir. Johil esa, chiroyli ko‘rinishli, katta obro‘li, yuqori darajali va yaxshi hay’atli hamda so‘zamol, notiq bo‘lsa-da, Alloh taologa osiy bo‘lgan kishidir. Maymun va to‘ng‘izlar Allohning huzurida Unga osiy bo‘lgan kishidan aqlliroqdir. Ahli dunyoning ta’zimiga aldanmang. Ehtiyot bo‘lingizki, ular ziyon ko‘ruvchilardandir».192

Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam) yana aytadilar: «Alloh xalq qilgan birinchi narsa aqldir. Alloh unga, kel, dedi. Keldi. So‘ng, ket, dedi. Ketdi. Keyin Alloh azza va jalla: «Izzatim va jalolimga qasamki, O‘zim uchun sendan hurmatliroq xalq yaratmadim. Sen sababli olaman, sen sababli beraman. Sen tufayli mukofotlayman, sen tufayli jazolayman»,193 dedi».

Sen: «Aql agar araz bo‘lsa, u qanday qilib jismlardan oldin yaratildi? Agar javhar bo‘lsa, o‘zi alohida turadigan, boshqaga qo‘shilmaydigan qanday javhar bo‘ladi?» desang, bilgilki, bu mukoshafa ilmidandir. Uni muomala ilmida zikr etish loyiq emas. Hozirgi niyatimiz esa, muomala ilmining zikridir.

 Anasdan (r.a.) rivoyat etilishicha, Nabiyning (sollallohu alayhi vasallam) huzurlarida qavm bir odamni maqtab, mubolag‘a etishgacha borishdi. Shunda Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam): «Bu odamning aqli qanday?» deb so‘radilar. Ular: «Biz sizga uning ibodatdagi ijtihodidan, alvon yaxshiliklaridan xabar bersagu, bizdan uning aqli haqida so‘raysizmi?» deyishdi. Payg‘ambar (sollallohu alayhi vasallam) aytdilar: «Albatta, ahmoq jaholati uchun fojirning fujuridan ko‘proq musibatlanadi. Albatta, ertaga bandalar Rabbilari tomonidan aqllari miqdoricha ko‘tariladilar».194


192. Dovud ibn Mijbar Abu Hurayradan rivoyat qilgan zaif.
193. Tabaroniy Abu Umomadan va Abu Umoma Oishadan zaif isnod ila rivoyat qilgan.
194. Ibn Mijbar «Aql» kitobida mukammal holda, Termiziy «Navodir» kitobida qisqa holda rivoyat qilgan.


Qayd etilgan


Munira xonim  15 Oktyabr 2006, 14:48:31

Umar (r.a.) rivoyat qilishlaricha, Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam) shunday deganlar: «Kishi aqlining fazilatichalik narsani qo‘lga kiritolmaydi: u sohibini hidoyatga yetaklaydi, halokatdan qaytaradi. Bandaning to aqli yetilmagunicha, iymoni mukammal, dini to‘g‘ri bo‘lmaydi».195

Payg‘ambar (sollallohu alayhi vasallam) yana aytadilar: «Kishi chiroyli xulqi bilan ro‘zador va namozxon darajasiga yetishadi. Kishining aqli to‘lmagunicha, chiroyli xulqi ham kamolga yetmaydi. Mana shunda uning iymoni mukammal bo‘ladi, Rabbiga itoat etadi va dushmani iblisga osiylik qiladi».196

Abu Said Xudriy rivoyat etadilar: «Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam): «Har bir narsaning ustuni bo‘ladi. Mo‘minning ustuni aqldir. Uning ibodati aqlining miqdoricha bo‘ladi. Fojirlarning do‘zaxda aytadigan mana bu so‘zini eshitganmisiz? Ular:

«Agar bizlar tinglab, aql yurgizuvchi bo‘lganimizda, do‘zax egalari qatorida bo‘lmas edik» (Mulk surasi, 10-oyat), derlar»,197 dedilar».


195. Ibn Mijbar «Aql» kitobida rivoyat qilgan.  Ibn Hajar  zaif degan.
196. Ibn Mijbar va Termiziylar rivoyati. Lekin Termiziy «Kishining aqli» so‘zidan keyin rivoyat qilmagan. Bu hadisni Abu Dovud, Ibn Hibbon, Hokimlar ham sahih sanad ila rivoyat qilishgan.
197. Ibn Mijbar rivoyati. Bu kishidan Horis rivoyat qilgan. Ibn Hajar Asqaloniy zikr qilishlaricha: Dovud ibn Mijbar rivoyat qilgan va undan Horis Abi Usoma musnadida keltirgan ko‘lga tegishli hadislarning hammasi mavzu’dir.


Qayd etilgan