Ilm va ziyo > She'riyat

EY, KO'NGIL...

(1/3) > >>

Abdusalom:
EY KO‘NGIL

Abdulkarim Jumaboyev

Ey ko‘ngil, sevgining hijronlaridan,
Manglayga bitilgan armonlaridan.
Taqdirning beayov farmonlaridan,
Sen hamon yig‘larsan, men yig‘lab bo‘ldim.

Bu bir kam dunyoda kimning kami yo‘q?
Bu bir kam dunyoda kimning g‘ami yo‘q?
Bu bir kam dunyoda dil malhami yo‘q,
Sen hamon izlarsan, men izlab bo‘ldim.

Endi rashk otashi bag‘rimni yoqmas,
Endi visol menga qayrilib boqmas.
Hatto hijron kelib eshigim qoqmas,
Sen hamon kutarsan, men kutib bo‘ldim.

Karvonlar ortidan yo‘l qolgusidir,
Sahroyi bahordan cho‘l qolgusidir.
Behuda yongandan kul qolgusidir,
Sen hamon yonursan, men yonib bo‘ldim.

Cho‘qqilar cho‘kmagay - qor ketgan bilan,
Ilk sevgi ketmagay yor ketgan bilan.
Dardlaring tugamas soz chertgan bilan,
Sen hamon kuylarsan, men kuylab bo‘ldim.

Quyoshdan ayrilib yig‘lamas ko‘zim,
Bulutlar to‘ssa-da oyu yulduzim.
Ranglarga zor buldi kecha-kunduzim,
Sen hamon bo‘zlarsan, men bo‘zlab bo‘ldim.

Parvarish yetmadi ishk niholiga,
Xazondek to‘kildim kuz shamoliga.
Ey ko‘ngil, to hanuz Karim holiga,
Sen hamon kularsan, men kulib bo‘ldim.

Mavzu arxivi

Mohinur:
KO'NGIL

Ko'ngil bu-ko'ngildan yulish demakdir,
Yulib yana unda qolish demakdir.

Ko'ngil degani bu-cheki yo'q sog'inch,
Bir umr sevinish, nolish demakdir.

Unda Jomiy yashar, Navoiy yashar,
Ko'ngil-shu zotlarni bilish demakdir.

Ko'ngil ishq uchundir, muhabbat uchun,
Agar unda ishq yo'q, kalish demakdir.

Sirojiddin Sayyid

Kumushbibi:
YURAK


Yurak,sensan mening sozim,
Tilimni nayga jo'r etding.
Ko'zimga oyni berkitding,
Yurak,sensan ishqibozim.


Senga tor keldi bu ko'krak,
Sevinching toshdi qirg'oqdan,
Tilim charchar, ajab,gohi
Seni tarjima qilmoqdan.


Sen, ey sen - o'ynoqi dilbar,
Zafardan izla yoringni.
To'lib qayna, toshib o'yna,
Tirikman, kuyla boringni!


Itoat et!
Agar sendan
Vatan rozi emas bo'lsa,
Yoril,chaqmoqqa aylan sen,
Yoril! Mayli, tamom o'lsam!

Usmon Nosir

Kumushbibi:
Ko'ngil, sen munchalar nega
Kishanlar birla do'stlashding?
Na faryoding, na doding bor,
Nechun sen muncha sustlashding?

Haqorat dilni og'ritmas,
Tubanlik mangu ketmasmi?
Kishanlar parchalanmasmi,
Qilichlar endi sinmasmi?

Tiriksan, o'lmagansan,
Sen-da odam, sen-da insonsan;
Kishan kiyma, bo'yin egma,
Ki, sen ham hur tug'ilg'onsan!..

Abdulhamid Cho'lpon

http://www.htwm.de/truziboy/adabiyot/chulpon.htm

Kumushbibi:
Birga tug'ildik-ku, yuragim,
Jahonni kezmakka piyoda
Odimlarimizdir birdir bizning,
Shu baxtli, shu badbaxt dunyoda
Odamlarimiz birdir bizning.

Birga tug'ildik-ku yuragim,
Nasib etganda ham mangulik
Sen yashayver, sen meni kutma,
Men-ku ismingman xolos,
va lek,
Yuragim, ismingni unutma...

Paur Parfi

Navigation

[0] Message Index

[#] Next page

Go to full version