Oisha raziyallohu anhu rilayat qiladilar: «Men ota-onamni Abu Bakr va Ummu Rumon raziyallohu anhumoni) Islom dinidan bo‘lak dinda sira tasavvur qila olmasman, aqlimni tanibmanki, ular Islom diniga e’tiqod qilib kelishadi Shuningdek, men Rasululloh sallallohu alayhi va sallam biznikiga kelmagan biror kunni ham eslolmayman. Ul zot biznikiga kunning ikki tarafida, ya’ni ertalab va kechqurun qadam ranjida qilib turar erdilar. Musulmonlarga (Quraysh kofirlari) ozor yetkazganda (Janob Rasululloh uz sahobalariga hijrat qilmoqqa izn berdilar. Ular Habashiston tomon yo‘lga tushdilar). So‘ng, (ularga yetib olmoq niyatida) Abu Bakr ham Habashiston tomon hijrat qilib, Bark al-G’imod degan joyga yetib bordilar. Ul yerda Abu Bakrga Ibn ad-Dag‘ina yo‘liqdi. Ibn ad-Dag‘ina Al-Qorat qabilasi boshligi bo‘lib, Abu Bakrga: «Ey Abu Bakr, qaerga ketayotirsiz?» — dedi. Abu Bakr: «Qavmim meni (o‘z oralaridan) haydadi. Endi, men dunyo kezib, parvardigorimga ibodat qilmoq niyatidaman», — dedilar, (ammo hijrat qilib ketayotganlarini aytmadilar, chunki u kofir erdi). Ibn ad-Dag‘ina: «Sizdek bir (solih) odamning (o‘z qavmini) tashlab ketmog‘i ham, (qavmi tomonidan) haydab yuborilmog‘i ham joiz ermas. Axir, siz (odamlarga o‘zgalarda) topilmaydirgan narsalarni ehson qilursiz, mehru oqibat ko‘rsatursiz, og‘irni yengil qilursiz, mehmondo‘stlik qilursiz, halollik (oqibatida boshga tushadirgan) kulfatlarni (bartaraf qilmoqqa) yordam berursiz-ku! Men ersam, sizning qo‘shningizdurman! (Ya’ni, kishi o‘z qo‘shnisini birovlardan himoya qilmog‘i lozim bo‘lib, Ibn ad-Dag‘ina bir qo‘shni qabila vakili sifatida Abu Bakrga: «Men qavmingizning sizga aziyat yetkazmog‘iga yo‘l qo‘ymasman!» — demoqchi). Ortingizga qaytingiz, parvardigoringizga o‘z yurtingizda (ya’ni, Makkada) ibodat qilingiz!» — dedi. Shundan so‘ng, (Abu Bakr raziyallohu anhu) ortlariga qaytdilar, Ibn ad-Dag‘ina (ham) ul kishi birlan birga ketdi. (Makkaga yetib borishgach), Ibn ad-Dag‘ina kechki payt Quraysh qabilasi ulug‘lari huzuriga kirdi-da, ularga: «(Yurtdoshlariga ko‘plab manfaat yetkazib turguvchi) Abu Bakrdek (bir solih odam, agar o‘ta zarur bo‘lmasa, boshqa yurtda yashamoq niyatida o‘zboshimchalik birlan yurtini) tashlab ketmasligi hamda (bunday odamni biror kishi) majburan yurtidan chiqarib yubormasligi kerak! (Odamlarga o‘zgalarda) topilmaydirgan narsalarni ehson qilguvchi, mehru oqibat ko‘rsatguvchi, og‘irni yengil qilguvchi, mehmonnavoz hamda halollik (tufayli boshga tushadirgan) kulfatlarni (bartaraf qilmoqqa) yordam berguvchi bir (solih) kishini o‘z yurtidan haydaysizlarmi?!» — dedi. Quraysh ulug‘lari Ibn ad-Dag‘ina(ning Abu Bakrni himoya qilib aytgan gaplariga qarshi) lom-mim deya olishmadi. Ular Ibn ad-Dag‘inaga faqat: «Abu Bakrga buyuringiz, parvardigoriga uyida ibodat qilsin, uyida namoz o‘qisin, istagan narsasini tilovat qilsin, ammo bu birlan bizga aziyat yetkazmasin, ibodatu tilovatini maxfiy ado etsin! Chunki, biz u xotinlarimizu bolalarimizni yo‘ldan ozdiradi, deb qo‘rqurmiz» — deya olishdi, xolos. So‘ng, Ibn ad-Dag‘ina ularning bul gaplarini Abu Bakrga aytdi. Shundan so‘ng, Abu Bakr Quraysh kattalari shartiga rioya qilib, parvardigorlariga o‘z uylarida ibodat qiladirgan, namozlarini maxfiy tutadirgan va uylaridan bo‘lak yerda tilovat qilmaydirgan bo‘ldilar. (Birmuncha vaqt o‘tgach), Abu Bakr (raziyallohu anhuning miyalariga) bir (ajoyib) fikr keldi — ul kishi o‘z hovlilari oldiga masjid qurib olib, endi o‘shal yerda namoz o‘qiydirgan va Qur’on tilovat qiladirgan bo‘ldilar. Mushriklarning xotinlari va bolalari Abu Bakrning huzurlariga to‘planishib, ul kishiga ajablanib boqishar erdi. Abu Bakr qalbi nozik kishi bo‘lib, Qur’on tilovat qilsalar, ko‘z yoshlarini tutib tura olmas erdilar. Bu Quraysh mushriklari kattalarini xavotirga sola boshladi, (chunki ular xotinlari va bolalarining Islomga kirib ketishlaridan cho‘chishar erdi). Shul boisdan ular Ibn ad-Dag‘inaga odam yuborishdi. Ibn ad-Dag‘ina ularning huzuriga keldi. Shunda ular unga: «Biz Abu Bakrga sizning oldingizda parvardigoriga uz uyida ibodat qilmoqqa ruxsat bergan erdik, ammo u haddidan oshib, hovlisi oldiga masjid qurib oldi-da, oshkora namoz o‘qib, oshkora tilovat qila boshladi. Biz xotinlarimiz va bolalarimizni yo‘ldan ozdirishidan xavflanib (shunday shart qo‘ygan erdik). Siz uni bunday qilmoqdan qaytaringiz! Agar u parvardigoriga o‘z uyida ibodat qilmoqlik birlan cheklanishni xohlasa, shunday qilsin, mobodo bunday qilmoqdan bo‘yin tovlab, namozi va qiroatini oshkor ado qiladirgan bo‘lsa, ul holda unga bergan omonligingizni o‘zingizga qaytarmog‘ini talab qilingiz (ya’ni, «Bundan buyon men seni himoya qilmayman» — deb aytingiz!»). Biz so‘zingiz ustidan chiqmay, badnom bo‘lmog‘ingizni istamaymiz, ammo xotinlarimiz va bolalarimizdan xavotirda bo‘lganimiz boisidan Abu Bakrning oshkora (namoz o‘qib, oshkora tilovat) qilmog‘iga ham yo‘l qo‘ya olmaymiz», — deyishdi. So‘ng, Ibn ad-Dag‘ina Abu Bakrning huzurlariga kelib: «Siz bo‘yningizga qanday shart qo‘yganimni bilasiz, siz (namozu tilovatingizni uyingizda) ado etmoqlik birlan cheklanasiz yoxud men sizga bergan omonlikni o‘zimga qaytarasiz (ya’ni, men endi sizni himoya qilmasman). Men arablarning bir kishining yonini olib bergan so‘zimning ustidan chiqmaganligimni eshitmoqlarini istamayman!» — dedi. Abu Bakr: «Men sening himoyangni o‘zingga qaytarib, Olloh taoloning himoyasida bo‘lmog‘imga roziman», — dedilar. Shu kuni Rasululloh sallallohu alayhi va sallam Makkada erdilar. Ul zot musulmonlarga: «Men sizlar hijrat qiladirgan ikki toshloq yer (yoki ikki tog‘) oralig‘idagi xurmozor diyoringizni tushimda ko‘rdim. Shunda Madinaga hijrat qilguvchilar ul yerga hijrat qilishdi va Habashistonga hijrat qilgan guruh Madinaga qaytib keldi»,— dsdilar. Buni eshitib, Abu Bakr raziyallohu anhu Madinaga hijrat qilmoq uchun hozirlik ko‘ra boshladilar. Rasululloh sallallohu alayhi va sallam ul kishiga: «Shoshmay turingiz, chunki menga (hijrat qilmoqqa) ijozat berilmog‘ini istayman», — dsdilar. Abu Bakr: «Ona-onam sizga fido bulsinlar, siz shuni (ya’ni, izn berilmog‘ini) istaysizmi?»— dedilar. Janob Rasuluploh: «Ha» — deb javob qildilar. Shundan so‘ng, Abu Bakr Rasululloh sallallohu alayhi va sallamga hamroh bo‘lish uchun hijrat qilmoqdan tiyildilar-da, o‘zlarida mavjud ikki (baquvvat) tuyani akatsiya barglari birlan to‘rt oy boqdilar. Bir kuni biz choshgoh vaqtidan xiyol o‘tganda (otam) Abu Bakrning uylarida o‘ltirib erdik, bir kishi (Abu Bakrning ozod qilgan qullari Omir ibn Fuhayra yoxud Abu Bakrning qizlari Asmo) Abu Bakrga: «Ana, Rasululloh sallallohu alayhi va sallam (begonalar ko‘rmasin, deb) boshlarini o‘ragan holda odatda biznikiga kelmaydirgan bir vaqtda kelayotirlar», — dedi. Abu Bakr: «Ota-onam ul zotga fido bo‘lsinlar! Olloh taolo haqi, bir zarurat bo‘lmasa, bul vaqtda kelmas erdilar», — dedilar. Rasululloh sallallohu alayhi va sallam kelib (ichkariga kirmoqqa) izn so‘radilar. (Abu Bakr) ul zotga izn berdilar. Rasululloh sallallohu alayhi va sallam (ichkariga) kirib, Abu Bakrga: «Uyingizdagi (begona)larni chiqarib yuboringiz!» — dedilar. Abu Bakr: «Bular sizga begona emaslar, otam sizga fido bo‘lsinlar, yo Rasulalloh!» — dedilar. Ul zot: «(Hijrat qilib) yo‘lga chiqishga menga ijozat berildi», — dsdilar. Abu Bakr: «(Sizga) hamrohlik qilmoqni istayman, otam sizga fido bo‘lsinlar, yo Rasulalloh!» — dedilar. Ul zot: «Ha, (siz menga hamrohlik qilgaysiz)», — dedilar. Abu Bakr: «Otam sizga fido bo‘lsinlar, yo Rasulalloh, mana bu ikki tuyamdan birini olingiz!» — dedilar. Rasululloh sallallohu alayhi va sallam: «Pulga (ya’ni, sotib olaman)», — dedilar. So‘ng, biz otam Abu Bakr birlan Janob Rasululloh uchun tezda safar tadorikini ko‘rib, bir xurjunga (eb-ichguliklar) soldik. Shunda (singlim) Asmo binti Abu Bakr (belidagi) kamaridan bir bo‘lak qirqib olib, u birlan xurjun og‘zini bog‘lab qo‘ydi. Shul boisdan u «Ikki kamarli» deb ataladirgan bo‘ldi. Keyin, Rasululloh sallallohu alayhi va sallam va (otam) Abu Bakr Savr tog‘idagi bir g‘orga yetib borishdi. Ikkalalari ul yerda uch kecha berkinib yotishdi, Abu Bakrning o‘g‘illari Abdulloh ham ularning huzurida tunadi. Abdulloh yosh yigitcha bo‘lib, (qo‘l-oyog‘i) chaqqon, farosatli erdi. U tong-saharda ularning huzuridan chiqardi-da, (tezda Makkaga borib) guyoki shul yerda tunagandek, Quraysh (ahli) birlan birgalikda uyqudan uyg‘onar erdi. So‘ng, (mushriklarning o‘zaro) gaplarini tinglab, Janob Rasululloh birlan Abu Bakrga qarshi qanday reja tuzishayotganini fahmlagach, qorong‘u tushganda borib ularni bundan voqif qilar erdi. Abu Bakrning ozod qilgan qullari Omir ibn Fuhayra ersa, (ertalab bir idish va kechqurun bir idish sut beradirgan) bir qo‘yni berkitib qo‘ygan bo‘lib, xuftondan bir oz o‘tgach, uni Janob Rasululloh birlan Abu Bakrning oldilariga haydab borib (tashlab kelar) erdi. Ikkalalari, to Omir ibn Fuhayra tun oxirlab qolganda kelib qo‘yni chaqirmaguncha, uni sog‘ib sutini (kuni birlan oftobda qizigan) tosh chuqurchasida pishirib ichib, jimgina tunni o‘tkazishar erdi. Omir ibn Fuhayra o‘shal uch kecha davomida shunday qildi. Keyin, Rasululloh sallallohu alayhi va sallam birlan Abu Bakr Banu addiyl qabilasidan bir usta yo‘l ko‘rsatuvchi qishini o‘zlariga (ishga) yolladilar. Ul odam(ning ismi Abdulloh ibn Urayqiz bo‘lib), asli Banu addiyl qabilasidan ajrab chiqqan Banu Abd ibn Adiy qabilasiga mansub erdi. Buning ustiga u Os ibn Voil as-Sahmiy xonadonining ittifoqchisi bo‘lib, Quraysh kofirlari dinida erdi. Rasululloh sallallohu alayhi va sallam birlan Abu Bakr o‘z tuyalarini unga ishonib topshirishdi-da, ularni uch kechadan so‘ng Savr tog‘idagi g‘orga olib kelishiga va’dalashishdi. U uchinchi kecha tonggida tuyalarni (olib keldi). Keyin, Omir ibn Fuhayra va yo‘l ko‘rsatuvchi Janob Rasululloh va Abu Bakr birlan birga yo‘lga tushishdi. Yo‘l ko‘rsatuvchi ularni (dengiz) sohili tomon boshlab ketdi.