Bismillahir rohmanir rohim.
1-bob. Taom borasidagi sheriklik, taomni o‘rtada baham ko‘rmoqlik (halfana, harifona) va mol haqida. O’lchanadirgan va tortiladirgan narsalar qanday taqsimlanadi?
Jobir ibn Abdulloh raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Janob Rasululloh sallallohu alayhi va sallam uch yuz kishilik lashkarga Abu Ubayda ibn al-Jarrohni amir etib tayinlab, ularni sohil tomon jo‘natdilar. Men ham shu lashkar ichida erdim. Biz yo‘lga chiqib, oradan hech qancha vaqt o‘tmay, ozuqamiz tugab qoldi. Shunda Abu Ubayda askarlardagi bor yeguliklarni bir yerga jamlashni amr qildi. Menda bir oz xurmo qolgan erdi. Abu Ubayda har kuni boyagi to‘plangan yeguliklardan oz-ozdan berib turdi. Nihoyat, u ham tugadi. Endi kishi boshiga bittadan xurmo tegadirgan bo‘ldi. Bu ham tugagandan keyin, qiynala-qiynala sohilga yetib oldik. Qarasak, ul yerda to‘lqin chiqarib tashlagan, tepalikdek bir nahang yotibdi. Lashkar uning go‘shtini o‘n sakkiz kun yodi. So‘ng, Abu Ubayda nahangning ikki qovurg‘asini yerga sanchib qo‘yishni buyurdi. Ularning tagidan tuya yetaklab o‘tilgan erdi, tuyaning buyi undan pastlik qildi».
Salama raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «(Bir g‘azotda) qavmning yegulik hech narsasi qolmay, ular Nabiy sallallohu alayhi va sallamning huzurlariga kelib tuyalardan birini so‘yib yeyishga ruxsat so‘rashdi. Janob Rasululloh izn bergach, ular qaytib ketishayotgan erdi, Hazrat Umar yo‘liqdilar. Shunda ular ul kishini bo‘lgan voqeadan xabardor etishdi. Hazrat Umar: «Tuyalaringiz qolmagach, ne qilursizlar?» — dedilar. So‘ng, ul kishi Janob Rasululloh sallallohu alayhi va sallamning huzurlariga kirib: «Yo Rasulalloh, qavm tuyalari qolmagach, ne qilur?» — dedilar. Janob Rasululloh: «Odamlarga aytingiz, nima yeguliklari qolgan bo‘lsa, hammasini bu yerga olib kelishsin!» — dedilar. Keyin, yerga katta choyshab yozilib, barcha o‘zida qolgan-qutgan yeguliklarni o‘sha choyshabga tashladi. Janob Rasululloh o‘rinlaridan turib, ul yeguliklarga baraka tilab duo qildilar. So‘ngra, odamlarga idishlarini olib kelishni buyurdilar. Odamlar choyshabdagi yeguliqlardan to tugaguncha hovuchlab-hovuchlab olishdi, yegulik hammaga yetdi. So‘ng, Janob Rasululloh: «Men Ollohdan bo‘lak iloh yo‘q ekanligiga va o‘zim uning Rasuli ekanligimga shahodat keltirurman!» — dedilar».
Rofi’ ibn al-Xadiyj raziyallohu anhu rivoyat qiladidar: «Biz sahobalar Janob Rasululloh sallallohu alayhi va sallam birlan birga asr o‘qir, so‘ng bir jonliqni so‘yar erdik. Keyin, u o‘n bo‘lakka taqsim qilinib, to quyosh botguncha yer erdik».
Abu Muso raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Janob Rasululloh sallallohu alayhi va sallam bunday dedilar: «Darhaqiqat ash’ariylar, agar g‘azotda o‘zlarining yoki shaharda bola-chaqalarining yeguliklari kam qolsa, bor yeguliklarini bir yerga jamlab, keyin uni yaqdillik birlan teng bo‘lishib olishar erdi».