Imom al-Buxoriy. Al-jome' as-sahih (2-jild)  ( 502957 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 36 37 38 39 40 41 42 43 44 45 46 ... 111 B


AbdulAziz  20 Iyul 2008, 07:50:37

16-bob. Qarz shartlari haqida

Ibn Umar va Ato raziyallohu anhumo: «Agar kishi qarz berayotib: «Muncha muhlatdan so‘ng berasan» — deb shart qo‘ygan bo‘lsa, joizdur», — deyishadi.

Abu Hurayra raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam bir kishining bir yahudiydan qarz olib, uni unga ta’yin qilingan muhlatda qaytarib bergani haqida zikr qildilar».

Qayd etilgan


AbdulAziz  20 Iyul 2008, 07:50:46

17-bob. Ozod qilinmog‘i uchun bo‘yniga muayyan to‘lov qarz qilib qo‘yilgan qul yoxud cho‘ri haqida hamda Olloh taoloning Kitobiga zid bo‘lgan shartlar xususida

Jobir ibn Abdulloh raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Ular o‘zaro shartlashadilar», — deydilar. (Ya’ni, agar qul ozod bo‘lmoqni, quldor ersa uni ozod qilmoqni istasa, quldor o‘zaro kelishuv asosida qulning bo‘yniga muayyan to‘lovni qarz qilib qo‘yadi. Agar qul uni to‘lay olsa, ozod buladi, aks holda qulligicha qoladi).

Bu yerda Oisha onamizning cho‘ri Barirani sotib olib, ozod qilganlari, shunda unga homiylik huquqi ul muhtaramaga o‘tganligi haqidagi hadis takrorlangan.

Qayd etilgan


AbdulAziz  20 Iyul 2008, 07:50:56

18-bob. Biror narsa xususida qat’iy qarorga kelmay, ikki xil shart qo‘ymoqlikning joizligi va odamlar bir-birlariga ma’lum qiladirgan shartlar haqida. «Bir kam yuzta» deb aytish mumkinmi?

Ibn Sirin raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Bir kishi Kurayhga: «(Meni ham) karvoningga qo‘sh, agar falon kuni sen birlan birga yo‘lga (chiqsam ham), chiqmasam (ham), senga yuz dirham beraman», — dedi-da, (aytgan kuni yo‘lga) chiqmadi».

Ibn Sirin raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Bir kishi ikkinchi bir kishiga yegulik sotadirgan bo‘ldi-da, unga: «Agar chorshanba kuni (egulikni olib kelsam, keldim), olib kelmasam, ul holda bul xususda o‘zaro savdolashmadik, deb hisoblayver!» — dedi-da, o‘shal kuni kelmadi».

Abu Hurayra raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam: «Olloh taoloning to‘qson to‘qqizta, (ya’ni) bir kam yuzta ismi bor. Kimki ularni yodlab olsa, jannatga kirgay» — deb marhamat qildilar».

Qayd etilgan


AbdulAziz  20 Iyul 2008, 07:51:05

19 bob. Vaqf yerlari xususidagi shartlar

Ibn Umar raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Umar ibn al-Xattob raziyallohu anhu Xaybardan bir yer oddilar. Shunda Rasululloh sallallohu alayhi va sallam Hazrat Umarga o‘shal yer xususida maslahat bergali keldilar. Hazrat Umar ul zotga: «Yo Rasulalloh, men Xaybardan shunday bir yer oldimki, mulklarim ichida undan yaxshiroq mulk sira bo‘lmagan, uning xususida menga qanday maslahat bergaysiz?» — dedilar. Janob Rasululloh: «Agar istasang, uni sotilmaydirgan, hadya qilinmaydirgan va meros qilib qoldirilmaydirgan, ammo hosili ehson qilinadirgan qilib sadaqa qilgil!» — dedilar. Keyin, Hazrat Umar o‘shal yerni (ul zot aytgan shartlar asosida) sadaqa qildilar. Ul kishining mazkur sadaqalari Olloh taolo yo‘lida (g‘azot qilguvchi bechorahol kishilarni rizq birla ta’minlamoqqa), qullarni (ozod qilmoqqa), miskinlarni (tuygazmoqqa), (qavm huzuriga keladirgan) mehmonlarni (ziyofat qilmoqqa), musofirlarni (siylamoqqa) hamda (Hazrat Umarning) yaqin qarindoshlar(i)ga (ko‘mak qilmoqqa sarflanadirgan bo‘ldi). Ammo, uni parvarish qilguvchi kishi unga ega bo‘lib olmay, mehnatiga yarasha hosilidan o‘zi ham yesa, yeru dustlariga ham yodirsa, gunohi yo‘qdur».

Qayd etilgan


AbdulAziz  21 Iyul 2008, 08:24:24

Bismillahir rohmanir rohim

VASIYATLAR KITOBI

1 bob. Vasiyatlar haqida


Rasululloh sallallohu alayhi va sallam: «Musulmon kishining vasiyat qilib qoldiradirgan narsasi bo‘la turib, ikki kecha (bo‘lsa-da), (kasal bo‘lib) yotmoqqa haqi yo‘qdur, magaram yonida vasiyati yozib qo‘yilgan holda (yotmog‘i mumkindur)» deya deb marhamat qilganlar.

Bul xususda Olloh taolo: «(Ey mo‘minlar), vaqtiki qaysi biringizning qoshingizga o‘lim kelsa (va) ul o‘zidan keyin mol qoldirayotgan bo‘lsa, ota-onasiga va qarindoshlariga munosib suratda vasiyat qilmoqlik sizlarga farz qilindi. Bu Ollohdan taqvo qilguvchilar uchun haqdur va kimiki vasiyatni eshita turib o‘zgartirur, bas buning gunohi uni o‘zgartirguvchi o‘shal kimsalarga bo‘lur. Olloh taolo albatta eshitguvchi va bilguvchi zotdur. Kimiki vasiyat qilguvchining bir tarafga og‘ib ketishi yoxud gunoh sodir qilishidan xavotir olib, (vasiyat qilguvchi birlan merosxo‘rlar o‘rtasini) kelishtirib qo‘ysa, gunohkor bo‘lmas. Olloh albatta mag‘firatli, nihoyatda rahmdil zotdur» — deydi. («Baqara» surasi, 180—182-oyatlar).

Abu Ishoq raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam Juvayriya binti al-Harasga (uylanib), uning birodariga qarindosh bo‘ldilar. Rasululloh sallallohu alayhi va sallam vafot qilayotgan choglarida oq xachirlari, qurollari va (Olloh taolo yo‘lida) o‘zlari sadaqa qilgan yerdan bo‘lak, na biror dirham, na biror dinor, na biror qul, na biror cho‘ri va na biror narsa (meros) qilib qoldirdilar».

Talha ibn Musarraf raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Men Abdulloh ibn Abu Avfodan: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam vasiyat qilgan erdilarmi?» — deb so‘radim. Abdulloh: «Yo‘q», — dedi. Men: «Ul holda odamlarga ne deb buyurdilar?» — dedim. Abdulloh: «Olloh taoloning Kitobiga amal qilmoqni», — dedi».

Asvad raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Odamlar Oisha raziyallohu anhoning huzurlarida Janob Rasulullohning Hazrat Aliga vasiyat qilganlari haqida gapirishdi. Shunda Oisha onamiz: «Janob Rasululloh qachon Aliga vasiyat qilibdilar? Axir, Janob Rasulullohni (qazo qilgan kunlari) bag‘rimga men o‘zim suyab o‘ltirgan erdim-ku?! Shunda ul zot bir idishda suv keltirmoqni amr qilib erdilar. Keyin, birdan behol bo‘lib qolgan erdilar, hatto men jonlari uzilganini sezmay qolgan erdim. Qani, aytinglar-chi, ul zot qachon Aliga vasiyat qilgan bo‘lishlari mumkin?!» — dedilar».

Qayd etilgan


AbdulAziz  21 Iyul 2008, 08:25:31

2-bob. Kishining o‘z merosxo‘rlarini odamlarga qo‘l cho‘zib tilamchilik qiladirgan ahvolda qoldirganidan boy qilib qoldirgani afzalroqdur!

Sa’d ibn Abu Vaqqos raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Men Makkada (betob bo‘lib qolganimda) Rasululloh sallallohu alayhi va sallam ko‘rgani keldilar. (Sa’d o‘zlari hijrat qilib chiqib ketgan Makkada vafot etmoqlarini o‘shanda makruh ko‘rgan erdilar, ul kishini Olloh taolo rahmat etsin!). Shunda men: «Yo Rasulalloh, mol-mulkimning hammasini (sadaqa qilsinlar, deb) vasiyat qilayinmi?» — dedim. Ul zot: «Yo‘q», — dedilar. Men: «Yarminimi?» — dedim. Ul zot: «Yo‘q», — dedilar. Men: «Uchdan bir qisminimi?» — dedim. Ul zot: «Uchdan biri... uchdan biri ham ko‘plik qiladi, chunki vorislaringni odamlarga qo‘l cho‘zib tilamchilik qiladirgan ahvolda qoldirganingdan boy qilib qoldirganing afzalroqdur. Sen nimaiki ehson qilsang, hattoki xotining og‘ziga bir luqma taom tutsang ham, sadaqadur. Shoyad Olloh taolo umringni daroz qilsa-yu, (sening qo‘mondonligingda qator kufr maskanlari fath qilinib), sen tufayli musulmonlar manfaat va kofirlar zarar ko‘rsa!» — dedilar». O’shal vaqtda Sa’dning birgina qizlari bor erdi».

Qayd etilgan


AbdulAziz  21 Iyul 2008, 08:26:04

3-bob. «Mol-mulkimning uchdan biri sadaqa qilinsin» deb vasiyat qilmoq haqida

Hasan (al-Basriy): «Kishi o‘z mol-mulkining uchdan birinigina sadaqa qilinmog‘ini vasiyat qilsa, joizdur», — deydilar.

Olloh taolo: «(Ey Muhammad), odamlar o‘rtasida Olloh nozil qilgan narsaga (ya’ni, Qur’onga) binoan hukm qilingiz!»— deydi. («Moida» surasi, 48-oyat).

Ibn Abbos raziyallohu anhu: «Qani endi, odamlar (o‘z mol-mulklarining) to‘rtdan birini sadaqa qilmoqlariga ko‘nishsa! Chunki, Rasululloh sallallohu alayhi va sallam: «Uchdan biri... uchdan biri ham ko‘plik qiladi» — deb marhamat qilgandurlar», — deydilar.

Sa’d ibn Abu Vaqqos raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «(Men Makkadaligimda) betob bo‘lib qoldim. Shunda Janob Rasululloh meni kurgani keldilar. Men ul zotga: «Yo Rasulalloh, Olloh taologa duo qilingiz, meni ortimga qaytarmasin!» (ya’ni, «Yo Rasulalloh, Olloh taologa duo qilingiz, meni o‘zim tashlab chiqib ketgan Makkada vafot qildirmasin, Madinaga hijrat qilgan birodarlarim huzuriga salomat yetkazib, hijratdan ko‘zlangan maqsadni poyoniga yetkazmog‘imni nasib aylasin!») — dedim. Ul zot: «Shoyad, Olloh taolo umringni daroz aylab, sen tufayli musulmonlar manfaat va (kofirlar zarar) ko‘rsa!» — dedilar. Men: «(Yo Rasulalloh, mol-mulkimning hammasining sadaqa qilinmog‘ini) vasiyat qilmoqchiman, chunki mening birgina qizim(dan bo‘lak farzandim yo‘q)», — dedim. (Ul zot: «Yo‘q, unday qilma!» — dedilar). Men: «(Ul holda), yarmini (sadaqa qilmoqni) vasiyat qilaman», — dedim. Ul zot: «Yarmi ko‘plik qiladi», — dedilar. Men: «(Unda), uchdan birini», — dedim. Ul zot: «Uchdan biri... uchdan biri ham ko‘plik qiladi», — dedilar. Shunga binoan, mol-mulkning uchdan birini sadaqa qilmoqlik odamlarga tavsiya etilib, ularning ana shu miqdordagina sadaqa qilmoqlari joiz deb topildi».

Qayd etilgan


AbdulAziz  21 Iyul 2008, 08:27:11

4-bob. Vasiyat qilguvchining vasiyat qilinguvchiga: «Bolamga g‘amxo‘rlik qilgil!» — deb aytmog‘i hamda vasiyat qilguvchining (vasiyat qilinguvchi buyniga quyadirgan) joiz talablari haqida

Oisha raziyallohu anho rivoyat qiladilar: «(Uhud g‘azoti kuni Janob Rasulullohning muborak tishlarini urib sindirgan mushrik) Utba ibn Abu Vaqqos (Olloh taolo yo‘lida musulmonlardan birinchi bo‘lib o‘q o‘zgan) o‘z birodari Sa’d ibn Abu Vaqqosga: «Zam’a ibn Qaysning cho‘risining o‘g‘ilchasi mendan bo‘lgandur, uni (o‘z tarbiyangga) olgil!» — deb vasiyat qilgan erdi. (Makka) fath (qilingan) yili Sa’d ibn Abu Vaqqos (birodarlarining vasiyatiga binoan) ul bolani o‘zlariga oldilar-da: «Bu bola birodarim Utbaning farzandi bo‘lib, uni o‘z tarbiyamga olmog‘imni menga vasiyat qilgan erdi», — dedilar. Zam’aning o‘g‘li, (Janob Rasulullohning xotinlari Savdaning birodari) Abd ersa, o‘rnidan turib: «(Bu bola) mening ukam hamda otam (Zam’aning) cho‘rilarining bolasi bo‘lib, ul kishining to‘shaklarida dunyoga kelgandur», — dedi. Shul tariqa ikkalalari (bolani) talashib, janjallashgancha Janob Rasulullohning huzurlariga kelishdi. Sa’d: «Yo Rasulalloh, bu (bola) birodarim (Utbaning) o‘g‘li bo‘lib, uni (uz tarbiyamga) olmog‘imni menga vasiyat qilgan erdi», — dedilar. Zam’aning o‘g‘li Abd ersa: «(Bu bola) mening ukam va otamning cho‘rilarining farzandi bo‘lib, ul kishining to‘shaklarida dunyoga kelgandur», — dedi. Shunda Janob Rasululloh: «Ey Zam’aning o‘g‘li Abd, bu bola sening (mulkingdur dedilar, so‘ng: «Bola to‘shak egasinikidur, (u xoh cho‘riga er va xoh xo‘jayin bo‘lsin), zinokorga ersa, tosh (ya’ni, zinokor bolaga haqlig‘ bo‘lmay, u toshbo‘ron qilinmog‘i lozimdur)» — deb aytdilar. Keyin, bolaning Utbaga o‘xshashligini ko‘rib, xotinlari Savdaga: «Bu boladan o‘zingni hijobga yashirgil!» (ya’ni, «Bu bola otang Zam’aga ermas, balki zinokor Utbaga o‘xshaydi, shul boisdan u senga nomahram bo‘lib, uning ko‘ziga ko‘rinmagil!») — deb buyurdilar. Bola (shu kundan) to Olloh taologa ro‘baro‘ bo‘lguniga qadar Savdani ko‘rmadi».

Qayd etilgan


AbdulAziz  21 Iyul 2008, 08:27:36

5-bob. Agar kasal («Ha, o‘sha» deb) boshi birlan aniq ishora qilsa, joizdur

Anas raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Bir yahudiy bir cho‘rining boshini (uning taqinchoqlarini tortib olmoq uchun) ikki tosh orasiga qo‘yib yerdi. Shunda (ramaqijon holda yetgan) cho‘riga: «Boshingni yorgan falonchimi yoki pistonchimi?»— deya bir qancha kishilarning nomi aytildi. Nihoyat, o‘shal yahudiyning ismi tilga olinganda, cho‘ri («Ha, usha» degan ma’noda) boshi birlan ishora qildi. Shundan so‘ng, yahudiyni olib kelishdi, u tezda (aybini) e’tirof qildi. Keyin, Janob Rasululloh amr qildilar, uning boshi (ham) tosh birlan majaqlandi».

Qayd etilgan


AbdulAziz  21 Iyul 2008, 08:28:15

6-bob. («Mol-mulkimning mana shunchasi) farzandimga» deb vasiyat qilinmaydi, (chunki Olloh taolo har bir merosxo‘rning o‘z ulushini ta’yin qilib qo‘ygandur)

Ibn Abbos raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «(Ilgarilari mayyitning mol-mulki) farzandiga qolar erdi, ota-onasiga ersa, (uning) vasiyatiga (binoan meros) berilar erdi. So‘ng Olloh taolo bu (tartib)ni o‘zi istagancha o‘zgartirib, erkakning ulushini ikki ayolning ulushiga teng qildi hamda ota-onaning har biriga (mol-mulkning) oltidan biri, xotinga (agar farzand bo‘lsa) sakkizdan biri va (agar farzand bo‘lmasa) to‘rtdan biri, erga (agar farzand bo‘lmasa) yarmi va (agar farzand bo‘lsa) to‘rtdan biri miqdorida meros ta’yin qildi».

Qayd etilgan