Imom al-Buxoriy. Al-jome' as-sahih (2-jild)  ( 503503 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 37 38 39 40 41 42 43 44 45 46 47 ... 111 B


AbdulAziz  21 Iyul 2008, 08:28:40

7-bob. O’lar chog‘ida sadaqa qilmoq xususida

Abu Hurayra raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Bir kishi: «Yo Rasulalloh, qanday sadaqa afzalroq?» — dedi. Shunda ul zot bunday deb javob qildilar: «Eng afzal sadaqa sog‘ ekanligingda, hali boylikka o‘ch vaqtingda, (yanada) boyroq bo‘lmoqni orzu qilib, kambag‘alliqdan qo‘rqadirgan chog‘ingda qiladirgan sadaqangdur. Sadaqa qilmoqni joning bo‘g‘zingga keladirgan, (ya’ni) «Falonchiga munchasi, pistonchiga munchasi, falonchiga ersa, munchasini va’da qilgan erdim» deb aytadirgan vaqtingga qadar paysalga solma!»

Qayd etilgan


AbdulAziz  21 Iyul 2008, 08:29:06

8-bob. Olloh taoloning qavli: «Merosxo‘rlarga zarar yetkazmaydirgan tarzda qilingan vasiyat va qarzlar ado etilgandan so‘ng...» («Niso» surasi, 12-oyat)

Shurayh, Umar ibn Abdulaziz, Tovus, Ato va Ibn Uzayna raziyallohu anhum: «Betob yetgan kishi qarzi borligini aytib qo‘ymog‘i joizdur», — deyishadi.

Hasan (al-Basriy): «Kishining eng haqiqiy sadaqasi uning bu dunyodagi eng so‘nggi va oxiratdagi eng birinchi kuni qilgan sadaqasidur», — deydilar.

Ibrohim va Hakam: «Agar kishi (bu dunyoda) o‘z merosxo‘rini qarzdan poklasa, (oxiratga) pok bo‘lib (borgay)», — deyishadi.

Hasan (al-Basriy): «Agar kishi ular chog‘ida o‘z quliga: «O’lsam, ozodsan, deb aytgan erdim, (endi sen ozodsan!)» — desa, joizdur», — deydilar.

Ayrim ulamolar: «Kasal o‘z merosxo‘rlaridan ba’zilariga, ular uning xususida yomon fikrda bo‘lganlari uchun (yoxud uning o‘zi ular xususida yomon fikrda bo‘lgani uchun), (kamroq meros taqsim qilishga yoxud butunlay taqsim qilmaslikka) qaror qilmasligi lozim», — deyishib, so‘ng: «Kasal o‘zida birovning omonati, sotib berishga bergan moli hamda qarzi borligiga iqror bo‘lmog‘i lozim» — deb ma’qullashadi. Rasululloh sallallohu alayhi va sallam: «Badgumon bo‘lmangizlar, chunki badgumonlik eng yolg‘on so‘zdur!» (ya’ni, «Badgumonlikdan, birovga shubha birlan qarashdan, tuhmat qimoqdan saqlaningizlar, birov xususida miyangizga kelgan gumonni haqiqatga yo‘ymangizlar, chunki eng yomon, gunohovar gaplar badgumonlikdan, tuhmatdan kelib chiqur!») — deb marhamat qilganlar. Musulmonlarning (bir-birlarining) mol-mulklariga (ko‘z olaytirmoqlari, omonatga xiyonat qilmoqlari) halol ermas, chunki Janob Rasululloh: «Munofiqning alomatlaridan biri shuki, agar omonat topshirsalar, omonatga xiyonat qilur» — deb aytganlar. Olloh taolo: «Olloh sizlarga omonatlarni o‘z egalariga topshirmog‘ingizni amr qilur», — deydi («Niso» surasi, 58-oyat).

Abu Hurayra raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam: «Munofiqning uch alomati mavjud: agar gapirsa, yolg‘on gapiradi, agar omonat topshirsalar, omonatga xiyonat qiladi va agar va’da qilsa, va’dasining ustidan chiqmaydi», — dedilar».

Qayd etilgan


AbdulAziz  21 Iyul 2008, 08:29:47

9-bob. Olloh taoloning «Sizlar qiladirgan vasiyat yoki qarzlar (ado etilgan)dan so‘ng...» degan qavlining sharhi

Zikr qilinurki, Rasululloh sallallohu alayhi va sallam qarzni vasiyatdan ilgari (ya’ni, jon chiqar mahalda qilinadirgan vasiyatga qadar paysalga solmay, hali tan sog‘ vaqtda) uzmoqni amr qilganlar. Chunki, Olloh taolo: «Olloh sizlarga omonatlarni o‘z egalariga topshirmoqlaringizni amr qilur», — deydi. Demak, omonatni (sog‘ vaqtda o‘z egalaryga) topshirmoqlik uni (vorislarga) vasiyat qilib qoldirmoqni ixtiyor etmoqdan (bisyor) to‘g‘riroqdur. Janob Rasululloh: «Boylik orqasidan qilingan sadaqagina sadaqadur!» (ya’ni, kishining o‘zi va oilasi muhtoj bo‘lmagan hamda qarzu omonatlari uzilgan holda qilgan sadaqasi haqiqiy sadaqadur!») — deb marhamat qilganlar. Ibn Abbos: «Qul o‘z egalari iznisiz vasiyat qilmaydi», — deydilar. Janob Rasululloh: «Qul o‘z egasining mol-mulkini quriqlovchi va o‘z vazifasi doirasidagi ishlarni bajarguvchidur», — deydilar.

Hakim ibn Hizom raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Men Rasululloh sallallohu alayhi va sallamdan (Baytulmoldagi, ya’ni davlat xazinasidagi narsalardan) bermoqlarini so‘radim, ul zot berdilar. Keyin, yana so‘radim, yana berdilar. So‘ng, yana so‘rab erdim, ul zot menga: «Ey Hakim, bu mol-dunyo degan narsa (shul qadar fusunkorki), totli mevalar (yanglig‘ baloi nafsni qo‘zg‘ar). Kimki undan (ya’ni, mol-dunyodan baloi) nafsining so‘ziga kirmay, (o‘ziga yetarlicha) olsa, (Olloh taolo tomonidan) unga barakot ato etilgaydur va kimki undan (ya’ni, mol-dunyodan baloi) nafsining so‘ziga kirib, (ortiqcha) olsa, (Olloh taolo tomonidan) unga barakot ato etilmagaydur. (Ochko‘zlik birlan ortiqcha mol-dunyo olguvchi) shaxs yeb tuymas mechkay kabi bo‘lib, yuksak (ya’ni, ehson qilguvchi) qul, tuban (ya’ni, tilamchi) qo‘ldan afzaldur!» — dedilar. Shunda men: «Yo Rasulalloh, sizni haq (din) birla yuborgan zot haqi, endi dunyodan ko‘z yumgunimga qadar ham hech kimdan biror narsa so‘ramasman!» — dedim».

Urva ibn az-Zubayr bunday deydilar: «Abu Bakr raziyallohu anhu (xalifalik chog‘larida) Hakimni huzurlariga chaqirib, biror narsani in’om qilsalar, olmas erdilar. Keyin, Umar raziyallohu anhu (xalifa bo‘ldilar). Ul kishi ham Hakimni huzurlariga chaqirib, tuhfa berib erdilar, olmadilar. Shunda Hazrat Umar: «Ey musulmonlar jamoasi, sizlarni guvoh qilib ayturmanki, Hakimga: «O’ljalardan o‘z haqingni olgil!» — desam, olmadi», — dedilar. Darhaqiqat, Hakim o‘shanda Janob Rasulullohdan narsa so‘raganlaridan keyin, to vafot qilgunlariga qadar ham hech kimdan biror narsa olmadilar».

Hazrat Umar raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Men Rasululloh sallallohu alayhi va sallamning: «Barchangiz o‘z qo‘l ostingizdagilarga homiy va mas’uldursiz. Imom o‘zi boshqarayotgan (qavmga) homiy va mas’uldur, erkak o‘z oilasiga homiy va mas’uldur, xotin o‘z eri uyida homiy va mas’uldur, xizmatkor o‘z xo‘jayini mol-mulkiga homiy va mas’uldur» — deb aytganlarini eshitdim. Janob Rasululloh: «Kishi o‘z otasi mol-mulkiga homiydur» — deb (ham) aytdilar, deb uylayman».

Qayd etilgan


AbdulAziz  21 Iyul 2008, 08:30:13

10-bob. Agar (mol-mulkini) qarindoshlariga vasiyat qilib qoldirsa... Qarindoshlar o‘zi kim?

Anas raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam Abu Talhaga: «Uni (mulkingni) kambag‘al qarindoshlaringga vasiyat qilib qoldirgil!» — dedilar. Abu Talha uni (qarindoshlaridan) Hasson va Ubay ibn Ka’bga vasiyat qilib qoldirdilar».

Anas raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam (Abu Talhaga): «Uni kambag‘al qarindoshlaringga vasiyat qilib qoldirgil!» — dedilar. Abu Talha uni Hasson va Ubay ibn Ka’bga vasiyat qilib qoldirdilar. Ikkalasi Abu Talhaga mendan ko‘ra yaqinroq (qarindosh) bo‘lib, Hasson va Ubayning Abu Talhaga qarindoshligi quyidagicha erdi: Abu Talhaning to‘liq ismi Zayd ibn Sahl ibn al-Asvad ibn Harom ibn Amr ibn Zayd (Manot) ibn Adiy ibn Amr ibn Molik ibn an-Najjor va Hassonnnig to‘liq ismi Hasson ibn Sobit ibn Munzir ibn Harom bo‘lib, ikkalalarining shajaralari uchinchi bobokalon bo‘lmish Harom ibn Amrga borib tutashadi. Ul kishining to‘liq ismi Harom ibn Amr ibn Zayd (Manot) ibn Adiy ibn Amr ibn Molik ibn an-Najjor bo‘lib, Hasson, Abu Talha va Ubayni olti bobokalon orqali Amr ibn Molikka bog‘laydi. Amr ibn Molik ersa uchchalalarini o‘zaro tutashtiradi».

Anas raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam Abu Talhaga: «Uni (mulkingni) qarindoshlaringga vasiyat qilib qoldirganing ma’quldur», — dedilar. Abu Talha: «Aytganingizdek qilgum, yo Rasulalloh!» — dedilar. Keyin, o‘shal mulklarini («Bayruho» degan xurmozorlarini) o‘z qarindoshlariga — amakilarining farzandlariga taqsimlab berdilar».

Ibn Abbos raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Olloh taoloning «(Ey Muhammad), o‘zingizning yaqin qarindoshlaringizni qo‘rqitingiz (ogohlantiringiz)» degan oyati karimasi nozil bo‘lganda Rasululloh sallallohu alayhi va sallam Quraysh qabilasiga mansub urug‘larga murojaat qilib: «Ey Banu Fihr, ey Banu Adiy!» — deb chaqira boshladilar». (Ya’ni, Janob Rasululloh o‘zlarining merosxo‘rlari bo‘lmish yaqin qarindoshlarini chaqirib, ularni oxirat azobidan ogoh qildilar).

Qayd etilgan


AbdulAziz  21 Iyul 2008, 08:31:27

11-bob. Ayollar va bolalar yaqin qarindoshlardan hisoblanadimi?

Abu Hurayra raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Olloh taolo «(Ey Muhammad), o‘zingizning yaqin qarindoshlaringizni qo‘rqitingiz» degan oyati karimasini nozil qilganda Rasululloh sallallohu alayhi va sallam bunday deb nido qildilar: «Ey Quraysh jamoasi, o‘zlaringizni sotib olingizlar, men Olloh taologa biror (mablag‘) berib, sizlarni xalos qilolmasman! (ya’ni, Ey Quraysh jamoasi, Islomga kirib va uning ahkomlariga amal qilib, o‘zlaringizni o‘zlaringiz oxirat azobidan qutqaringizlar, chunki mening qarindoshligim Olloh taolo oxiratda beradirgan azoblardan sizlarni xalos qila olmagay!). Ey Banu Abdi Manof, men Olloh taologa biror (mablag‘) berib, sizlarni qutqarib qololmasman! Ey Abbos ibn Abdulmuttalib, men Olloh taologa biror (mablag‘) berib, sizni qutqarib qololmasman! Ey Rasulullohning ammasi Safiyya, men Olloh taologa biror (mablag‘) berib, sizni qutqarib qololmasman! Ey Muhammad qizi Fotima, mening mol-mulkimdan istagan narsangni so‘ra, ammo men Olloh taologa biror (mablag‘) berib, seni qutqarib qololmasman!». («Biror mablag‘ berib», ya’ni qarindosh ekanligim sizlarni oxirat azobidan xalos qila olmas» degan mazmundadur).

Qayd etilgan


AbdulAziz  21 Iyul 2008, 08:31:59

12-bob. Vaqf qilguvchi o‘zi vaqf qilgan narsasidan foydalanadimi?

Hazrat Umar (Xaybardagi yerlarini vaqf qilganlarida): «Uni parvarish qilib turgan kishi hosilidan yesa, gunohi yo‘qdur» — deb shart qo‘yganlar.

Vaqf qilingan yer hosilidan vaqf qilgan kishi birlan birga uning qarindosh va yeru do‘stlari ham tanovul qilish huquqiga ega bo‘lgan. Shuningdek, Olloh taolo yo‘lida biror jonlig‘ini qurbonlikka atagan yoxud boshqa biror narsasini ehson qilgan shaxs, garchi shart qo‘ymagan bo‘lsa-da, boshqalar kabi undan foydalanaveradi.

Anas raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam qurbonlikka atalgan tuyasini yetaklab ketayotgan bir kishini ko‘rib: «Uni minib olgil!» — dedilar. U: «Axir, bu qurbonlikka atalgan-ku!» — dedi. Janob Rasululloh: «Sho‘ring qursin, uni minib olgil!» — deb uch yoki to‘rt bor aytdilar».

Qayd etilgan


AbdulAziz  21 Iyul 2008, 08:34:56

13-bob. Kishi biror narsasini vaqf qilganda unga qarab, parvarish qilib turishni muayyan bir kishiga topshirmasa, joizdur

Chunki, Umar raziyallohu anhu (Xaybardagi yerlarini) vaqf qilganlarida: «Unga qarab, parvarish qilib turgan shaxs hosilidan yesa, gunohi yo‘q», — deb aytganlar. Shunda ul kishi: «Unga Umar yoxud falonchi qarab, parvarish qilib turadi» — deb biror muayyan odamning nomini tilga olmaganlar. Rasululloh sallallohu alayhi va sallam Abu Talhaga: «Bayruhoni yaqin qarindoshlaringga sadaqa qilganing ma’qul», — dedilar. Abu Talha: «Shunday qilgum!» — deb «Bayruho» degan xurmozorlarini yaqin qarindoshlariga — amakilarining farzandlariga bo‘lib berdilar.

Qayd etilgan


AbdulAziz  21 Iyul 2008, 08:35:56

14-bob. Agar kishi: «Hovli-joyim Olloh taolo yo‘lida sadaqadur» desa-yu, ammo: «Faqirlarga yoki boshqalarga» deb aniq aytmasa, joizdur. Chunki, u uni o‘z qarindoshlariga yoxud o‘zi istagan odamlarga sadaqa qila oladi

Abu Talha: «Mening eng yaxshi kurgan mulkim Bayruhodur, uni Olloh taolo yo‘lida sadaqa qildim» — deganlarida, Rasululloh sallallohu alayhi va sallam ul kishiga: «Bayruhoni yaqin qarindoshlaringga sadaqa qilgil!» — deb, shunday qilmoqlariga ijozat berdilar. Ayrim ulamolar: «Kimga sadaqa qilganini aniq aytmasa, joiz emas», — deyishadi. Lekin, dastlabki fikr to‘g‘ridur.

Qayd etilgan


AbdulAziz  21 Iyul 2008, 08:36:36

15-bob. Agar kishi: «Yerim (yoki bog‘im) onamning nomlaridan sadaqadur» — desa, garchi kimga sadaqa qilayotganini aniq aytmasa ham, joizdur

Ibn Abbos raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Sa’d ibn Uboda raziyallohu anhu safardaliklarida onalari (to‘satdan) vafot etib, (vasiyat qilmoqqa ulgurmadi). Sa’d (safardan qaytgach), Rasululloh sallallohu alayhi va sallamga: «Yo Rasulalloh, men safardaligimda onam (to‘satdan) vafot etib, (vasiyat qilmoqqa ulgurmabdilar, agar ulgurganlarida biror narsani sadaqa qilgan bo‘lardilar), men biror narsani onamning nomlaridan sadaqa qilsam, savobi tegurmi?» — dedilar. Janob Rasululloh: «Ha, (onangga savobi tegur)», — dedilar. Shunda Sa’d: «Men sizning guvohligingizda ayturmanki, hosildor bog‘im onam uchun sadaqadur!» — dedilar».

Qayd etilgan


AbdulAziz  21 Iyul 2008, 08:37:41

16-bob. Kishi mol-mulkining bir qismini yoki qullaridan bir nechasini yoxud ulovlaridan ba’zilarini sadaqa qilib, (qolganini olib qolsa), joizdur

Abdulloh ibn Ka’b rivoyat qiladilar: «Men Ka’b ibn Molik raziyallohu anhuning bunday deganlarini eshitdim: «Men Janob Rasulullohga: «Yo Rasulalloh, mol-mulkimni Olloh taolo va uning Rasuli yo‘lida sadaqa qilish birlan (qilgan gunohlarimga) tavba qilmoqchiman», — dedim. Ul zot: «Mol-mulkingaing bir qismini o‘zingda olib qolgil, bu sen uchun yaxshiroqdur!» (ya’ni, «Mol-mulkingning bir qismini o‘zingda olib qolgil, chunki merosxo‘rlaring sendan keyin odamlarga qul cho‘zib tilamchilik qiladirgan bo‘lib qolmasinlar!») — dedilar. Shunda men: «Ul holda Xaybardaga yerimni (sadaqa qilmay), o‘zimda olib qolaman», — dedim».

Qayd etilgan