Imom al-Buxoriy. Al-jome' as-sahih (2-jild)  ( 502922 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 38 39 40 41 42 43 44 45 46 47 48 ... 111 B


AbdulAziz  21 Iyul 2008, 08:38:08

17-bob. O’z mulkini vakili orqali (Olloh taolo yo‘lida) sadaqa qilgan kishi hamda vakilning (uning sadaqasini) o‘ziga qaytargani haqida

Anas raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «(Olloh taoloning) «(Ey mo‘minlar), toki yaxshi ko‘rgan narsalaringizdan sadaqa qilmaguningizga qadar yaxshilik borasida hargiz kamolotga erisha olmassizlar!» degan oyati karimasi nozil bo‘lganda Abu Talha Rasululloh sallallohu alayhi va sallamning huzurlariga kelib: «Yo Rasulalloh, Olloh taolo o‘z Kitobida: «(Ey mo‘minlar), toki yaxshi ko‘rgan narsalaringizdan sadaqa qilmaguningizga qadar yaxshilik borasida hargiz kamolotga erisha olmassizlar!» — deydi. Mening eng yaxshi ko‘rgan mulkim ersa, Bayruhodur. (Bayruho — bu bir bog‘ bo‘lib, Janob Rasululloh unga kirib, (daraxtlar) soyasida dam olar va suvidan ichib turar erdilar). Men ana o‘shal bog‘ni Olloh taolo va uning Rasuli yo‘lida sadaqa qildim. Buning uchun ersa, Olloh taolodan ajru savob umid qilgayman. Yo Rasulalloh, Olloh taolo uni nimaga sarf qilmog‘ingizni amr qilsa, o‘shal narsaga sarf qilingiz!» — dedilar. Shunda Janob Rasululloh Abu Talhaga: «(Borakalloh), juda savobli ish qilding, buning uchun oxiratda, (inshoolloh), rohat-farog‘atda bo‘lgaysan! Biz uni sendan qabul qilib, (yana) o‘zingga qaytardik. Uni yaqin qarindoshlaringga (taqsimlab) bergil!» — dedilar. Shunga kura, Abu Talha uni o‘zlarining yaqin qarindoshlariga taqsimlab berdilar. Ularning orasida Ubay va Hasson ham bo‘lib, Hasson Abu Talhadan olgan o‘z ulushini Muoviyaga sotdi. Shunda unga odamlar: «Abu Talhaning sadaqasini sotasanmi?!» — deyishib erdi, u: «Bir hovuch xurmoni bir hovuch dirhamga sotmayinmi?!» — dedi. O’shal bog‘ Muoviya qurgan Banu Judayla qasri joylashgan yerda erdi».

Qayd etilgan


AbdulAziz  21 Iyul 2008, 08:38:36

18-bob. Olloh taoloning «Meros taqsim qilinayotgan vaqtda (merosxo‘r bo‘lmagan) qarindoshlar, yetimlar va miskinlar hozir bo‘lsalar, ularga ham ul mol-mulkdan nasiba beringizlar...» degan qavli haqida («Niso» surasi, 8-oyat)

Ibn Abbos raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Odamlar: «Bu oyat mansux (bekor) qilingan» — deb ta’kidlashadi. Yo‘q, Olloh taolo haqi, u bekor qilingan emas! Bu — odamlarning yengiltaklik birlan, o‘ylamay-netmay aytadirgan gaplaridan biridur. (Hayotda) ikki toifa kishilar mavjud bo‘lib, ulardan biri (boy bo‘lganidan o‘z merosxo‘rlariga meros taqsim qilish birlan birga meros olish huquqiga ega bo‘lmaganlarga ham) nasiba bera oladi. Ikkinchisi ersa, (kambag‘al bo‘lganidan), bunday qila olmaydi, (shul boisdan u meros huquqiga ega bo‘lmaganlarga): «Mening sizlarga ham nasiba beradirgan darajada mol-mulkim yo‘q» — deb yotig‘i birlan tushuntiradi».

Qayd etilgan


AbdulAziz  21 Iyul 2008, 08:39:00

19-bob. To‘satdan vafot qilgan shaxs nomidan nimani sadaqa qilmoqni afzal kurishdi? Mayyitning (hayotlik chogidagi) nazrini (uning farzandlari) ado etmog‘i haqida

Oisha raziyallohu anho rivoyat qiladilar: «Bir kishi Rasululloh sallallohu alayhi va sallamga: «Onam to‘satdan vafot etib qoldilar. Men o‘ylaymanki, agar so‘zlashga ulgura olganlarida (biror narsani) sadaqa qilgan bo‘lardilar, onam nomlaridan sadaqa qilsam, bo‘lurmi?» — dedi. Janob Rasululloh: «Ha, bo‘lur, onang nomidan sadaqa qilaver!» — dedilar».

Ibn Abbos raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Sa’d ibn Uboda raziyallohu anhu: «Onam, ado etilmagan nazrlari bo‘la turib, vafot etib qoldilar, (endi ne qilayin?)» — deb Janob Rasulullohdan fatvo so‘radilar. Ul zot: «Onangning nomidan (nazrni) ado et!» — dedilar».

Qayd etilgan


AbdulAziz  21 Iyul 2008, 08:40:28

20-bob. (O’z mulkini) vaqf va sadaqa qilganligiga (birovni) guvoh qilmoqlik haqida

Ibn Abbos raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Sa’d ibn Uboda raziyallohu anhu safarda ekanliklarida onalari vafot etib qoldi. (Safardan qaytgach), ul kishi Rasululloh sallallohu alayhi va sallamning huzurlariga kelib: «Yo Rasulalloh, men safarda ekanligimda onam vafot etibdilar. Ul muhtaramaning nomlaridan sadaqa qilsam, savobi bo‘lurmi?» — dedilar. Janob Rasululloh: «Ha», — dedilar. Sa’d: «Ul holda men sizning guvohligingizda ayturmanki, serhosil bog‘im onamning nomlaridan sadaqadur!» — dedilar».

Qayd etilgan


AbdulAziz  21 Iyul 2008, 08:41:08

21-bob. Olloh taoloning qavli: «Yetimlarga (ular ulg‘aygach) mol-mulklarini beringizlar va haromni halolga almashtirmangizlar va ularning (o‘zlaringiz uchun harom bo‘lgan) mol-mulklarini (o‘zlaringiz uchun halol bo‘lgan) mol-mulkingizga (qo‘shib) yemangizlar, chunki bu katta gunohdur. Basharti yetim (qiz)larga adolat qilolmasligingizdan cho‘chisangizlar, ta’blaringiz suygan boshqa ayollardan (ikki, uch va to‘rttasiga) uylanaveringizlar!» («Niso» surasi, 2—3-oyatlar)

Zuhriy raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Urva ibn az-Zubayr Oisha raziyallohu anhodan (Olloh taoloning) «Basharti yetim (qiz)larga adolat qilolmasligingizdan cho‘chisangizlar, ta’blaringiz suygan boshqa ayollardan (ikki, uch va to‘rttasiga) uylanaveringizlar!» (degan oyati karimasi mazmuni) haqida so‘raganlarini aytib yurar erdilar. (Oisha onamiz o‘shanda bunday degan erkanlar): «(Bu oyat) o‘z valiyi («valiy» — «Biror yetimchani o‘z qaramog‘iga olgan kishi») qo‘lida tarbiyalanayotgan yetim qiz haqida bo‘lib, mazkur valiy uning jamoli va mol-mulkiga ega bo‘lib olish maqsadida o‘zining xotinlariga bergan mahrdan ancha kamroq mahr berib (yoxud butunlay bermay) unga uylanmoqchi bo‘ladi. Keyin, valiylar, yetim qizlarga to‘la-to‘kis mahr bermay adolatsizlik qilayotganlari uchun, ularga uylanishdan qaytarilib, (ta’blari suygan) bo‘lak ayollarga uylanmoqlari amr qilindi. Shunda odamlar Rasululloh sallallohu alayhi va sallamdan shul xususda fatvo so‘ray boshlashdi. Shu boisdan Olloh taolo «Sizdan ayollar haqida fatvo suraydilar. Siz, ularga: «Ular haqida sizlarga Olloh hamda Kitobda (Qur’onda) tilovat qilinadirgan oyatlar fatvo berur» — deb aytingiz!» degan oyati karimasini nozil qildi. Unda Olloh taolo valiylarning, agar yetim qiz badavlat va go‘zal bo‘lsa, unga to‘la-to‘kis mahr bermay uylanmoqchi bo‘layotganlarini va agar xunuk va kambag‘al bo‘lsa, unga uylanishdan voz kechib, boshqa ayollarga uylanmoqqa rag‘bat qilayotganlarini, shu boisdan yetim qiz xunuk va kambagal bo‘lgan chog‘da unga uylanmoqdan voz kechganlari kabi, u badavlat va go‘zal bo‘lgan chog‘da ham unga to‘la-to‘kis mahr bermay uylanmoqdan voz kechmoqlari lozimligini tushuntirdi».

Qayd etilgan


AbdulAziz  21 Iyul 2008, 08:41:47

22-bob. Olloh taoloning qavli: «Yetimlarni balog‘atga yetgunlariga qadar sinovdan o‘tkazib turingizlar. Agar ularning es-hushlari (aql-zakovatlari) joyida ekanligini ko‘rsangizlar, (balog‘atga yetganlarida) ularning mol-mulklarini o‘zlariga qaytaringizlar, ular ulg‘ayganda (mol-mulklarini qaytarib bermog‘im lozim bo‘ladi, deb) cho‘chiganingizdan ularning mol-mulklarini behuda sarf qilib va shoshib yeb qo‘ymangizlar. Kimiki boy bo‘lsa, yetimlarning mol-mulkidan parhez qilsin va kimiki faqir bo‘lsa, insofu adolat birla yesin! Bas, qachon ularga mol-mulklarini (qaytarib) bermoqchi bo‘lsangizlar, guvoh keltiringizlar, hisob uchun ersa Olloh taoloning o‘zi kifoya qilur. Erlar uchun ota-onalari va qarindoshlari qoldirgan narsalardan (merosdan) nasiba (ulush) bordur va xotinlar uchun ham ota-onalari va qarindoshlari qoldirgan narsalardan (merosdan) nasiba (ulush) bordur. Ul (ulushlar), oz yo ko‘pligidan qat’iy nazar, farz qilingandur!» («Niso» surasi, 6—7-oyatlar)

Bu yerda ushbu bobga taalluqli birorta hadis keltirilmagan.

Qayd etilgan


AbdulAziz  21 Iyul 2008, 08:42:11

23-bob. Yetim asragan qishining yetimning mol-mulki xususida nimalarga rioya qilmog‘i lozimligi haqida hamda yetim asragan kishining yetimning mol-mulkidan unga qilgan sarfu mehnatiga yarasha yemog‘i mumkinligi to‘g‘risida

Ibn Umar raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «(Otam) Umar ibn al-Xattob raziyallohu anhu Rasululloh sallallohu alayhi va sallamning zamonlarida o‘zlarining (Xaybardagi) mulklarini (Olloh taolo yo‘lida) sadaqa qildilar. Ul mulkning nomi «Samag‘» bo‘lib, o‘zi bir xurmozor erdi. (Otam) Hazrat Umar: «Yo Rasulalloh, men (Xaybardan) bir mol (xurmozor) oldim, u (mulklarim ichida eng) yaxshisi bo‘lib, uni sadaqa qilmoqchiman», — dedilar. Shunda Janob Rasululloh: «Uni sotilmaydirgan, hadya qilinmaydirgan va merosga berilmaydirgan (ya’ni, vaqf shartlari asosida) sadaqa qilgil!»— dedilar. Keyin, (otam) Hazrat Umar uni (Janob Rasululloh aytganlaridek) sadaqa qildilar. Ul kishining mazkur sadaqalari Olloh taolo yo‘lida (g‘azot qilguvchi bechorahol kishilarni rizq birla ta’minlamoqqa), qullarni (ozod qilmoqqa), miskinlarni (tuyg‘azmoqqa), (qavm huzuriga keladirgan) mehmonlarni (ziyofat qilmoqqa), musofirlarni (siylamoqqa) hamda (Hazrat Umarning) yaqin qarindoshlar(i)ga (ko‘mak qilmoqqa sarflanadirgan bo‘ldi). Ammo, uni parvarish qilguvchi kishi unga ega bo‘lib olmay, (qilayotgan) mehnatiga yarasha hosilidan o‘zi ham yesa, yeru do‘stlariga ham yedirsa, gunohi yo‘qdur». (Imom Buxoriy Hazrat Umarning «Uni parvarish qilguvchi kishi unga ega bo‘lib olmay, qilayotgan mehnatiga yarasha hosilidan yesa, gunohi yo‘qdur» degan fatvolariga tayanib, «Yetimni parvarish qilayotgan kishi ham uning mulkidan o‘z sarfu mehnatiga yarasha foydalanmog‘i joizdur» degan fikrni bildirmoq niyatida ushbu hadisni misol keltirganlar).

Oisha raziyallohu anho bunday deydilar: «Olloh taoloning «Kimiki (ya’ni, yetim asrayotgan odam) boy bo‘lsa, yetimlarning mol-mulkidan parhez qilsin va kimiki faqir bo‘lsa, insofu adolat birla yesin!» degan oyati karimasi yetam asrayotganlar xususida nozil bo‘lgan bo‘lib, unda agar yetim asrayotgan kishi faqir bo‘lsa, uning molidan sarfu mehnatiga yarasha insofu adolat birla yemog‘i mumkinligi ta’kidlangandur».

Qayd etilgan


AbdulAziz  21 Iyul 2008, 08:43:08

24-bob. Olloh taoloning qavli: «Yetimlarning mol-mulklarini zulm birla yeguvchilar aslida o‘t (olov) yeb. qorinlarini (unga to‘ldirurlar) va yaqinda ular duzaxga kirajaklar»

Abu Hurayra raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam: «Yetti halokatli (gunohi azimlar)dan o‘zingizni olib qochingizlar!» — dedilar. (Sahobalar): «Yo Rasulalloh, ular qaysi (gunohi azimlar?)» — deyishdi. Janob Rasululloh: «Olloh taologa shirk keltirmoq, sihr qilmoq, Olloh taolo (o‘ldirmoqni harom) qilgan jonni nohaq o‘ldirmoq, poraxurlik qilmoq, yetimlar molini yemoq, qo‘shin yurish qilgan kuni jangdan qochmoq va buzuqlik (ne ekanligi)dan bexabar, pokdomon mo‘minalarni badnom kilib qo‘ymoqdur», — dedilar».

Qayd etilgan


AbdulAziz  21 Iyul 2008, 08:43:48

25-bob. Olloh taoloning qavli: «(Ey Muhammad), sizdan yetimlar haqida so‘rarlar, siz aytingki, «Ularning hollarini isloh qilmoq yaxshiroqdur va agar ularni xarjda sherik qilib olsangizlar ular o‘z birodarlaringizdurlar va Olloh taolo yaxshi bilurki, kim fasod qilguvchidur va kim isloh qilguvchidur va agar Olloh taolo xohlasa erdi, sizlarni mashaqqatga solur erdi. Albatta, Olloh taolo g‘olib, hikmatli zotdur!» («Baqara» surasi, 220-oyat)

(Yetim asrab, uning mol-mulkini o‘z qo‘llarida saqlayotgan kishilar Rasululloh sallallohu alayhi va sallamdan: «Yetimlarning mol-mulklari xususida qanday tartib joriy qilaylik?» — deb so‘rashdi. Shunda Olloh taolo yuqoridagi oyati karimasini nozil qilib, yetim asrayotganlarning yetimlarning mol-mulklariga ko‘z olaytirmasliklari lozimligini, aksincha ular niyatlarini hamisha pok tutib, yetimlarning ahvollarini yaxshilashga harakat qilmoqlari kerakligini, zarur bo‘lgan holda ularning mol-mulklarini o‘z mol-mulklariga qo‘shib, insofan xarj qilmoqlari joiz ekanligini hamda Olloh taolo bu borada kim tuzatuvchi va kim buzuvchi ekanligini yaxshi bilishini uqtiradi).

Qayd etilgan


AbdulAziz  21 Iyul 2008, 08:45:42

26-bob. Dastyorlikka yaroqli (munosib) yetimni safar va muqimliqda dastyor qilib olmoqlik hamda (etim asrayotgan) onaning yoki uning erining yetim xususida bildirgan fikri haqida

Anas raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam Madinaga kelganlarida xizmatlarini qilguvchi bir dastyorlari yo‘q erdi. Shunda Abu Talha meni qo‘limdan yetaklab Rasululloh sallallohu alayhi va sallamning huzurlariga olib bordilar-da: «Yo Rasulalloh, Anas epchil va farosatli boladur, sizga dastyorlik qilib yura qolsin!» — dedilar. Shundan so‘ng, men ul zotga (un yil) safarda ham, muqimliqtsa ham dastyorlik qildim. Lekin, ul zot shu muddat davomida biror nojo‘ya ishim uchun «Nega bunday qilding?» yoxud biror aytgan yumushlarini qilmaganim uchun «Nega bunday qilmading?» deb menga hech dashnom bermadilar».

Qayd etilgan