12-bob. Olloh taoloning qavli: «Mo‘minlar orasida shunday kishilar borki, ular o‘zlari Ollohga bergan ahdu paymonlariga (ya’ni, Olloh taolo yo‘lida jihod qilib shahid bo‘lmoqlik haqidagi ahdu paymonlariga) vafo qildilar. Ulardan (bir qanchasi) o‘z ahdiga vafo qilib, (shahid bo‘ldi, qolganlari) ersa (shahidlikka) muntazirdurlar. Ular (munofiqlar yanglig‘ o‘z ahdlarini) o‘zgartirganlari yo‘q» («Ahzob» surasi, 23-oyat)
Anas ibn Molik raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Amakim Anas ibn an-Nazr raziyallohu anhu Badr janggida bo‘lmadilar. Keyin, ul kishi: «Yo Rasulalloh, siz mushriklarni qirgin qilgan dastlabki jangda bo‘lmadim. Agar Olloh taolo mushriklarga qarshi qilingan (o‘shal) jangda ishtirok etmog‘imni nasib etganida, nimalar qilishimni bir ko‘rgan bo‘lur erdi», — dedilar. Keyin, Uhud kunidagi jangda musulmonlar yengilib (qochdilar). Shunda amakim: «Yo parvardigoro, do‘stlarim qilgan ish uchun senga uzr aytaman hamda mushriklar qilgan ishdan xalos etmog‘ingni surayman!» — dedilar. (Ya’ni, do‘stlarining jangda mag‘lub bo‘lib qochganlari uchun parvardigordan uzr suradilar hamda mushriklarning jangda g‘olib kelib, musulmonlarning uldirilmog‘idan o‘z panohida asramog‘ini tiladilar). So‘ng, amakim (mushriklar tomon) yurib erdilar, (qochib kelayotgan) Sa’d ibn Muoz yo‘liqdilar. Shunda amakim: «Ey Sa’d ibn Muoz, (jangda shahid bo‘lib) jannatga (kirmoqni istarman), Nazrning parvardigori haqi, men Uhud (tog‘i) tomondan (jannat) hidi kelayotganini sezib turibman!» — dedilar. (Ya’ni, «Uhud etagida turgan mushriklarni tor-mor qilish birlangina jannatga erishmog‘imni yaxshi bilurman», — dedilar). Sa’d (ul kishiga javob berish o‘rniga): «Yo Rasulalloh, u kabi (ya’ni, Anas ibn an-Nazr kabi jasorat ko‘rsatish) qo‘limdan kelmadi», — dedilar. (Keyin, amakim Anas ibn an-Nazr mushriklarga qarshi jangga kirib shahid bo‘ldilar). So‘ng, biz ul kishining (jasadlarida) qilich, nayza yoki kamon o‘qi zarbasidan hosil bo‘lgan saksondan ortiq jarohat borligini ko‘rdik. Ul kishini mushriklar shul qadar pora-pora qilib tashlagan erdiki, biror odam taniy olmadi, hatto o‘zlarining singillari ham barmoqlaridan (yoki tirnoqlaridan arang) tanidi. Biz (Olloh taoloning) «Mo‘minlar orasida shunday kishilar borki, ular o‘zlari Ollohga bergan ahdu paymonlariga vafo qildilar...» deb boshlanadirgan (yuqoridagi) oyati karimalarini ul kishi va ul kishiga o‘xshash (jasorat ko‘rsatib, shahid bo‘lgan) musulmonlar haqida nozil qilingan, deb hisoblar erdik.
(Bir kuni) ul kishining (ya’ni, Anas ibn an-Nazrning) Rubayyi’ ismli singillari bir ayolning kurak tishini (urib) sindirib quydi. Shunda (Rubayyi’ning qarindoshlari tishi singan ayolning qarindoshlaridan) uni afv etmoqlarini iltimos qilishdi (ya’ni, jarima badaliga). Ammo, ular (bunga) ko‘nmay, Rasululloh sallallohu alayhi va sallamning huzurlariga (shikoyat qilib) borishdi. Janob Rasululloh qasos olmoqni (ya’ni, uning tishini ham sindirmoqni) amr qildilar. Shunda Anas (ibn an-Nazr): «Yo Rasulalloh, sizni haq (din) birla yuborgan zot haqi, uning (singlimning) tishi sindirilmasin!» — deb (elbordilar. Shunda) tishi sindirilgan ayolning qarindoshlari jarima olishga rozilik berishib, qasos olmaydirgan bo‘lishdi. Keyin, Janob Rasululloh: «Olloh taoloning qaysi bir bandasi o‘z parvardigori nomini o‘rtaga qo‘yib ont ichsa, unga vafo qilmog‘i lozim!» — dedilar». (Tishi sindirilgan ayol qarindoshlarining o‘z ontlarida turmay, Anas ibn an-Nazrning singillarini afv etishga rozi bo‘lganlari, yuzaki qaraganda, Janob Rasulullohning so‘zlariga ziddek tuyuladi. Ammo, ba’zi musulmonlar Badr janggida qochganlarida Anas ibn an-Nazrning ularning qilgan ishi uchun Olloh taolodan uzr so‘raganlarini eslasak, musulmonlarning bir-birlariga rahmdil, bir-birlarining gunohlarini kechiruvchan bo‘lmoqlari lozimligini anglaymiz).
Zayd ibn Sobit raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Sahifalardan (ya’ni, bir vaqtlar teri, mato, yassi tosh, hayvon kuragi kabi narsalarga bitib qo‘yilgan Qur’on oyatlaridan) mushaflarga (kitoblarga) nusxa ko‘chirildi. Shunda men «Ahzob» surasidagi bir oyatni uchratmadim, uni Janob Rasululloh qiroat qilganlarini (ko‘p marta) eshitgan erdim, Qidira-qidira uni Xuzayma (ibn Sobit) al-Ansoriydan topdim. Janob Rasululloh bir vaqtlar (Xuzaymaga shunday bir imtiyoz bergan erdilarki), ul kishining guvohliklari ikki kishining guvohligiga o‘tgan erdi. (Ya’ni, Janob Rasululloh bir kuni bir kishiga bir narsa xususida gapirib erdilar, u aytgan so‘zlarining rostligini inkor qildi. Shunda Xuzayma: «Mana men so‘zingizning rostligiga guvohlik beraman!» — dedilar. Janob Rasululloh: «Mendan dalil talab qilmay ham guvohlik berasanmi?» — dedilar. Xuzayma: «Biz sizga osmondan xabar kelishiga ishonamiz, bizga yana qanday dalil kerak?!» — dedilar. Shunda Janob Rasululloh Xuzaymaning guvohliklarini ikki kishining guvohligi o‘rnida qabul qilgan erdilar). Bu xususda Olloh taolo: «Mo‘minlar orasida shunday kishilar borki, ular- o‘zlari Ollohga bergan ahdu paymonlariga vafo qildilar...», — deydi».