Imom al-Buxoriy. Al-jome' as-sahih (2-jild)  ( 504023 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 47 48 49 50 51 52 53 54 55 56 57 ... 111 B


AbdulAziz  23 Iyul 2008, 08:39:01

58-bob. Olloh taolo yo‘lida bir kun (jihodga) tayyor turmoqning fazilati haqida

Olloh taoloning qavli: «Ey mo‘minlar, sabr qilingizlar, sabrda (dushmandan) ustun bo‘lingizlar va (jihodga doim) tayyor turingizlar, shoyad maqsudingizga yetsangizlar!» («Oli Imron» surasi, 200-oyat).

Sahl ibn Sa’d as-So’idiy raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam bunday deb marhamat qildilar: «Olloh taolo yo‘lida bir kun (jihodga) tayyor turmoqning savobi dunyo va undagi barcha narsalardan afzaldur, qamchingiz siqqudek jannatdagi joy dunyo va undagi barcha narsalardan afzaldur va bandaning kun oqqandan tungacha yoxud ertalabdan kun oqquncha bo‘lgan muddatda bir marta Olloh taolo yo‘lida (jihodga) chiqmog‘i dunyo va undagi barcha narsalardan afzaldur!».

Qayd etilgan


AbdulAziz  23 Iyul 2008, 08:39:31

59-bob. Dastyor bola birlan g‘azotga chiqqan kishi haqida

Anas ibn Molikraziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam Abu Talhaga: «Iltimos, Xaybar g‘azotiga chiqmog‘im uchun g‘ulomlaringdan birini menga  dastyor qilib bersang!» — dedilar. Keyin, Abu Talha meni ulovlariga mingashtirib yo‘lga tushdilar, shunda men balog‘at yoshiga yetgan yigitcha erdim. Men ul zotga, qaerda ulovlaridan tushib dam olsalar, o‘shal yerda dastyorlik qildim. O’shal kezlarda men ul zotning: «Yo parvardigoro, meni g‘amu tashvishdan, munkillaganlikdan, yalqovlikdan, qurqoqliqdan, baxillikdan, qarzga botmoqliqdan va odamlar qahridan o‘z panohingda asragil!» — deb aytganlarini ko‘p eshitganman. So‘ng, biz Xaybarga yetib keldik. Xaybar qurg‘oni Olloh taolo inoyati birlan fath qilingach, odamlar ul zotga Huyay ibn Axtabning qizi Safiyyaning husnu jamolini ta’rif qilishdi. Safiyya yosh kelinchak bo‘lib, eri Xaybar janggida musulmonlar tomonidan halok qilingan erdi. Janob Rasululloh Safiyyani (o‘zlariga xotin qilib olmoqni) ixtiyor qildilar. Keyin, uni o‘zlari birlan olib yo‘lga tushdilar. Sahbo tepaligaga yetib borganimizda ul zot Safiyyani cho‘riliqdan ozod qilib, o‘z nikohlariga oldilar-da, unga qo‘shildilar. Keyin, bir kichik charm palos (yoki dasturxon) yozib, unga «hays» (xurmo, yog‘ va pishloqdan tayyorlanadirgan taom) qo‘ydilar-da, menga: «Atrofingdagilarni (dasturxonga) taklif qil!» — dedilar. Bu Rasululloh sallallohu alayhi va sallamning Safiyyaga (uylanishlari munosabati birlan qilgan) to‘y ziyofatlari erdi. So‘ng, biz Madina tomon yo‘lga tushdik. Shunda men ul zotning (chodirdam) Safiyyani o‘z choponlariga o‘rab-chirmab ortlaridan ergashtirib chiqqanlarini, keyin tuyalari oldiga borib tiz cho‘kkanlarini, Safiyya ersa tizzalariga oyog‘ini qo‘yib turib, tuyaga minib olganini ko‘rdim. Biz yura-yura, nihoyat Madinaga yaqinlashdik. Shunda ul zot Uhud tog‘iga qarab: «Bu tog‘ bizni sevadi, biz ham uni sevamiz», — dedilar. So‘ng, Madinaga qarab: «Yo parvardigoro, Ibrohim alayhissalom Makkani muqaddas qilganlari kabi men ham Madinaning ikki tog‘i oraligini muqaddas qilurman! Yo parvardigoro, Madina ahlining rizqi ro‘ziga barakot ato etgaysan!» — deb duo qildilar».

Qayd etilgan


AbdulAziz  23 Iyul 2008, 08:39:50

60-bob. (Kemada) dengiz osha (g‘azotga bormoqlik) haqida

Bu yerda Anas ibn Molik raziyallohu anhu Janob Rasulullohning xolalari Ummu Harom binti Milhon huzurlariga kirib dam olganlarida ko‘rgan tushlarini bayon qilib berganlari haqidagi hadisni rivoyat qilganlar.

Qayd etilgan


AbdulAziz  23 Iyul 2008, 08:40:08

61-bob. Urush chog‘ida beva-bechora, nochoru notavon va solih kimsalardan duo talabida bo‘lmoq lozimligi haqida

Abu Sufyon raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Uiga (ya’ni, Janob Rasulullohga) boy-zodagonlar ergashayotirmi yoxud beva-bechora, nochoru notavonlarmi?» — deb sendan so‘rasam, sen: «Beva-bechora, nochoru notavonlar» — deb aytding. Ha, payg‘ambarlarga ana shundaylar ergashadilar», — dedi menga Qaysar».

Mus’ab ibn Sa’d raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Sa’d ibn Abu Vaqqos raziyallohu anhu o‘zlarini (nasl-nasab va boylik jihatdan) pastroq kishilardan afzal ko‘rdilar. Shunda Rasululloh sallallohu alayhi va sallam: «Oralaringizdagi beva-bechora, nochoru notavon kimsalar(ning ro‘zalari, namozlari va duolari)siz zafar va rizq topa olursizlarmi?!» — dedilar». (Ya’ni, zaif kimsalarning ibodatlari o‘ta ixloslidur, chunki ularning qalblari mol-dunyo hirsidan xoli va vijdonlari Olloh taolo birlan o‘zlarining oralariga g‘ov bo‘lguvchi qabohatlardan pokdur. Shul boisdan ularning duolari tezroq musgajob bo‘lur).

Aru Sa’id raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Rasululloh  sallallohu alayhi va sallam bunday deb marhamat qildilar.  «Odamlarga shunday zamon kelurki, unda bir guruh kishilar g‘azot qilurlar. Shunda: «Oralaringizda Rasululloh sallallohu alayhi va sallamga sahobalik qilganlar bormi?» — deyilur. «Ha, (bor)» — deb javob qilinur. Keyin, (o‘shal sahobalarning fazli tufayli ularga) fath (zafar) ato etilur. So‘ng, (yana) shunday zamon kelurki, unda (ham bir guruh odamlar g‘azot (qilurlar). Shunda: «Oralaringizda Rasululloh sallallohu alayhi va sallamning sahobalariga sahobalik qilganlar bormi?» — deyilur. «Ha, (bor)» — deb javob qilinur. Keyin, (Janob Rasulullohning sahobalariga sahobalik qilgan o‘shal sahobalarning fazli tufayli ularga) fath (zafar) ato etilur! So‘ng, (yana) shunday zamon kelurki, unda (ham bir guruh odamlar g‘azot qilurlar). Shunda: «Oralaringizda Rasululloh sallallohu alayhi va sallamning sahobalarining sahobalariga sahobalik qilganlar bormi?» — deyilur. «Ha, (bor)» — deb javob qilinur. Keyin, (Janob Rasulullohning sahobalarining sahobalariga sahobalik qilgan o‘shal sahobalarning fazli tufayli ularga) fath (zafar) ato etilur». (Ya’ni, Janob Rasulullohga hamrohlik qilganlar — «sahoba», sahobaga hamrohlik qilganlar — «tobi’uun», tobi’uunga hamrohlik qilganlar ersa «atbo’» deb atalib, Olloh taolo ularning fazilatlari; tufayli g‘azot qilguvchi musulmonlarga zafar ato etgandur, chunki ular mol-dunyo uchun emas, balki Olloh taoloning so‘zi — kalimai tavhidning jahonda eng ulug‘ so‘z bo‘lib qolmog‘i uchun g‘azot qilganlar. «Ulardan keyingi musulmonlarda (yuqoridagi) uch toifa sahobalarda bo‘lgan fazilatlar tobora kamayib borib, Islom podshohlari mol-dunyo va amal uchun urush qilganlar. Shul bois, Islom borgan sari zaiflashib va yakkalanib, hozirda uning suratigina saqlanib qolgan va unga ko‘pchilik musulmonlar nomigagina amal qiladirgan bo‘lib qolgandurlar» — deyishgan ba’zi ulamolar).

Qayd etilgan


AbdulAziz  23 Iyul 2008, 08:40:27

62-bob. (Jarohati og‘rigiga chidamay, o‘zini o‘ldirgan musulmonni) «Falooti shahid» deyilmaydi

Abu Hurayra raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam: «Olloh taolo o‘zining yo‘lda jihod qilguvchini ham, o‘zining yo‘lida jarohatlanguvchini ham yaxshi bilur!» — deb marhamat qildilar».

Sahl ibn Sa’d as-So’idiy raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «(G’azotlardan birida) Rasululloh sallallohu alayhi va sallam hamda (Xaybar) mushriklari o‘zaro to‘qnashib, jang qilishdi. (O’shal kungi jang tugab), Rasululloh sallallohu alayhi va sallam (va sahobalar) hamda boshqalar (ya’ni, Xaybar mushriklari) o‘z qarorgohlariga qaytayotganda musulmonlardan (Quzmon ismli) bir kishi o‘z sheriklaridan keyinda qolgan mushriklar guruhini va yolg‘iz ketayotgan mushriklarni quvib borib, qilichi birlan chopib tashladi. Shunda (musulmonlardan biri): «Yo Rasulalloh, bugun birortamiz falonchi (ya’ni, Quzmon) topgan savobchalik savob topmadik», — dedi. Janob Rasululloh: «Ammo, u o‘zi jahannam ahlidandur» — deb javob qildilar. Musulmonlar: «(Agar Quzmondek bir shijoatli kishi jahannam ahlidan bo‘lsa, ul holda qaysi birimiz jannatimiz?» — deyishdi). Shunda ulardan biri: «Men uning do‘sti bo‘laman», — dedi-da, (ertasiga) Quzmon birlan birga jangga kirdi, u qaerda to‘xtasa, to‘xtadi, yugursa, yugurdi, (xullas, undan ajralmay, yonma-yon jang qildi). Bir vaqt Quzmon og‘ir jarohatlanib, o‘z o‘limini tezlashtirdi, ya’ni qilichining dastasini yerga, uchini ersa ko‘kragining o‘rtasiga qo‘ydi-da, og‘irligini tashlab, o‘zini-o‘zi o‘ldirdi. (Boyagi u birlan yonma-yon jang qilgan) kishi (darhol) Rasululloh sallallohu alayhi va sallamning qoshlariga kelib: «Sizning Olloh taoloning Rasuli ekanligingizga guvohlik keltirurman!» — dedi. Janob Rasululloh: «Ne hodisa ruy berdi?» — dedilar. Boyagi kishi: «Hali siz Quzmonni jahannam ahlidan, deb erdingiz, bu odamlarga og‘ir botib erdi. Shunda men (ularga): «Mana men uning xususida sizlarga xabar keltiraman» — deb uning ortidan borib, (u birlan yonma-yon jang qildim). So‘ng, u qattiq yaralanib, o‘z o‘limini tezlashtirdi — qilichining dastasini yerga, uchini ko‘kragining o‘rtasiga qo‘ydi-da, og‘irligini tashlab, o‘zini-o‘zi o‘ldirdi», — dedi. Shunda Janob Rasululloh: «Bir kishi odamlar ko‘ziga jannat ahlining ishini qilgandek bo‘lib ko‘rinadi-yu, ammo o‘zi jahannam ahlidan bo‘ladi va bir kishi odamlar ko‘ziga jahannam ahlining ishini qilgandek bo‘lib ko‘rinadi-yu, ammo o‘zi jannat ahlidan bo‘ladi» — deb marhamat qildilar».

Qayd etilgan


AbdulAziz  23 Iyul 2008, 08:40:43

63-bob. Otishga undamoq haqida

Olloh taoloning qavli: «(Ey mo‘minlar), ularga (mushriklarga) qarshi imkoningiz boricha kuch va egarlangan otlarni hozirlab qo‘yingizlar, bu birlan Ollohning va o‘zlaringizning  dushmanlaringizni dahshatga solursizlar» («Anfol» surasi, 60-oyat).

Salama ibn al-Akva’ raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam (kamondan otish bo‘yicha) musobaqalashayottan Aslam qabilasiga mansub bir guruh kishilar huzuriga bordilar-da: «(Ey) Banu Ismoil, otingizlar, sizlarning ajdodlaringiz mergan o‘tgan, otingizlar, men Banu falon tarafidaman!» — dedilar. Shunda (o‘zaro musobaqalashayotgan) ikki jamoadan biri otishdan to‘xtadi Janob Rasululloh: «Nima bo‘ldi sizlarga, nechun otmayapsizlar?» — dedilar. Ular: «Siz Banu falon tarafida bo‘lsangiz biz qanday otamiz?» — deyishdi. Janob Rasululloh (gap nimada ekanligini fahmlab): «Otaveringizlar, men barchangizning tarafingizdaman!» — dedilar».

Abu Usayd raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam Badr kuni Quraysh (mushriklari) bizning va biz ularning qarshisida saf tortganimizda: «Agar ular (kamon o‘qi yetadirgan masofada) sizlarga yaqin kelishsa, kamondan o‘qqa tutingizlar!» — dedilar».

Qayd etilgan


AbdulAziz  23 Iyul 2008, 08:40:58

64-bob. (Masjidda) nayza yoxud boshqa qurollar birlan (harbiy) o‘yinlar o‘tkazmoq haqida

Abu Hurayra raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Habashlar Rasululloh sallallohu alayhi va sallamning huzurlarida (masjidda) nayzabozlik qilib turganlarida Hazrat Umar kirib kelib (qo‘llariga tosh) oldilarda, ularga otdilar. Shunda Janob Rasululloh: «Ey Umar, qo‘y ularni o‘z hollariga, (mashq qilaverishsin!)» — dedilar».

Qayd etilgan


AbdulAziz  23 Iyul 2008, 08:41:16

65-bob. Qalqon va o‘z do‘stini qalqon birla to‘sib himoya qilgan kishi haqida

Anas ibn Molik raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Abu Talha (Uhud kuni) bitta qalqon birla ham o‘zlarini, ham Rasululloh sallallohu alayhi va sallamni to‘sib himoya qildilar. Abu Talha mergan kishi bo‘lib, kamondan otganlarida Janob Rasululloh qadlarini rostlab, ul kishining otgan o‘qlari ketgan tomonga qarar erdilar».

Sahl raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallamning boshlaridagi dubulg‘a sinib, yuzlari qonab, kurak tishlari singanda Hazrat Ali qalqonda suv keltirib turdilar, Fotima ersalar Janob Rasulullohning (jarohatlarini, yuzlaridagi qonni) yuvdilar. Ammo, yuvgan birlan qon to‘xtamayotganini ko‘rib, qamish keltirdilar-da, uni kuydirib, (kulini) ul zotning jarohatlariga bosdilar, shundagina qon to‘xtadi».

Umar raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Banu Nazir qa-bilasining mol-mulki Olloh taolo o‘z Rasuli sallallohu alayhi va sallamga haqlig ravishda taqdir qilgan, musulmonlar uning uchun na ot va na tuya choptirib (ya’ni, jang qilib) mehnatlari singmagan o‘ljalardan erdi. Mazkur mol-mulk shaxsan Janob Rasulullohga tegishli bo‘lib, ul zot undan o‘z onlalarini yillik nafaqa birlan ta’minlar, qolganiga ersa Olloh taolo yo‘lida (jihod qilmoqqa) hozir turish uchun qurol-yarog‘ va otlar xarid qilur erdilar».

Ali raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Men Rasululloh sallallohu alayhi va sallamning Sa’d (ibn Abu Vaqqos)dan keyin biror kishiga (ota-onalarini) fido qilganlarini ko‘rmadim. Men ul zotning Sa’dga: «Otgil, ota-onam senga fido bulsinlar!» — deb aytganlarini eshitdim».

Qayd etilgan


AbdulAziz  23 Iyul 2008, 08:41:31

66-bob. Charm qalqon haqida

Oisha raziyallohu anho rivoyat qiladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam (Mino kunlari) mening huzurimga kirdilar. Shunda mening (hujramda) ikki ansoriya qizaloq Buos (urushi haqidagi) qo‘shiqni (baland ovoz birlan) kuylashayotgan erdi. Janob Rasululloh to‘shakka yonboshlab, yuzlarini (bizdan) o‘girib oldilar. Shu asnoda (otam) Abu Bakr raziyallohu anhu kirib keldilar-da, (ikki qizaloqqa qo‘shiq aytishga ruxsat berganim uchun) meni koyib: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallamning huzurlarida shaytonning (Olloh taoloning zikridan chalg‘ituvchi) qo‘shig‘ini aytasizlarmi?!» — dedilar. Rasululloh yeallallohu alayhi va sallam ul kishiga o‘girshshb: «Qo‘yingiz, ularni (koyimangiz, chunki bugun bizning bayramimizdur!» — dedilar. Keyin men, (otam) bizga e’tibor bermay turganlarida, qizaloqlarga ishora qilib erdim, (sekingina) chiqib ketishdi».

Oisha raziyachlohu anho rivoyat qiladilar: «Bayram kuni habashlar qalqon va nayza birlan mashq qilishayotgan erdi. Men o‘zim Rasululloh salshallohu alayhi va sallamdan so‘radimmi yoki ul zot o‘zlari: «Tomosha qilasanmi?» — dedilarmi (hozir yodimda yo‘q). (Har holda ul zot o‘zlari aytgan bo‘lsalar kerak), men: «Ha», — dedim. So‘ng, ul zot meni gavdalari birlan (begona ko‘zdan) pana qilib turib tomosha qildirdilar. Shunda ul zot (habashlarga qarata): «Ey Banu Arfada, ehtiyot bo‘lingizlar!» — dedilar. Men zerikkunimcha (tomosha qildim). Janob Rasululloh: «Yetarlimi, tomosha qilib bo‘ldingmi?» — dedilar. Men: «Ha», — dedim. Ul zot: «(Ul holda) ichkariga kirgil!» — dedilar».

Qayd etilgan


AbdulAziz  23 Iyul 2008, 08:41:54

67-bob. Qilich tasmasi va bo‘yinga qilich osib olish haqida

Anas raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam eng yaxshi va eng shijoatli kishi erdilar. Bir kuni tunda Madina ahli (qandaydir ovozni eshitib) xavotir olganidan o‘shal ovoz kelgan tomonga qarab yurdi. Io‘lda ularga Janob Rasululloh duch keldilar. Ul zot buyinlariga qilich osib olib, Abu Talhaning otlarini egarlamay minganlaricha (barchadan burun xavf sezilgan tomonga ketgan va ul yerda) hech qanday xatar yo‘qligini bilib, qaytib kelayotgan erdilar. (Madina ahlini ko‘rgach): «Qo‘rqmangizlar! Qo‘rqmangizlar!» — deb aytdilar, so‘ng (Abu Talhaning yo‘rg‘a otlarini nazarda tutib): «Biz buning dengiz (oqimi kabi bir tekis yugurishini) bildik!» — dedilar».

Qayd etilgan