Imom al-Buxoriy. Al-jome' as-sahih (2-jild)  ( 502829 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 52 53 54 55 56 57 58 59 60 61 62 ... 111 B


AbdulAziz  27 Iyul 2008, 06:50:41

113-bob. Tuya yoxud boshqa biror ulov saqlayottan kishi(ning fazilati) haqida

Abu Hurayra raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam bunday deb marhamat qildilar: «Inson (o‘z) vujudining har bir bo‘g‘imi uchun Quyosh chiqib (olamni munavvar qilguvchi) har kuni (Olloh taolo yo‘lida) xayru ehson (amali solihlar) qilmog‘i lozim bo‘lib, uning ikki odam orasini kelishtirib qo‘ygani ham savobdur, (safarda) hamrohini uloviga mingashtirib olib yoki uning yukini uloviga ortib olib, yordam qilgani ham savobdur, (birovning ko‘nglini ko‘targuvchi, unga dalda berguvchi) yaxshi (shirin) so‘z aytgani ham savobdur, namoz (uqiyman, deb) qo‘ygan har biri qadami ham savobdur va (odamlarga) ozor berguvchi (tosh, kesak, najosat kabi) narsalarni yo‘ldan olib tashlagani ham savobdur».

Qayd etilgan


AbdulAziz  27 Iyul 2008, 06:50:48

114-bob. Dushman yeriga Mushaflar birlan safar qilmoq haqida

Ibn Umar raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam va ul zotning sahobalari Qur’onni bilganlari holda dushman yeriga safar qilishdi». (Ya’ni, Qur’onni yod olganlar dushman yeriga qo‘rqmay boraveradilar, chunki dushman uni ularning dillaridan aslo tortib ololmas va oyoq osti qilolmas. Ammo, Qur’on, ya’ni uning yozma shakli Mushaf birlan dushman yeriga borib bo‘lmas).

Abdulloh ibn Umar raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam musulmonlarni Qur’on (ya’ni, Mushaf) birlan dushman yeriga safar qilmoqdan qaytardilar». (Bu yerda «Qur’on» deyilgani birlan «Mushaf» deb tushunmoq kerak. Chunki, Quron og‘zaki tarzda nozil qilingan bo‘lib, dushman uni qalblardan tortib olib, oyoq osti qilolmas).

Qayd etilgan


AbdulAziz  27 Iyul 2008, 06:51:00

115-bob. Urush (jang)dan ilgari takbir aytmoq haqida

Anas raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam Xaybarga tongda yetib keldilar. Shunda yahudiylar ketmonlarini yelkalariga qo‘yib (o‘z yerlarida ishlagani) chiqib kelishayotgan erdi. Janob Rasulullohga ko‘zlari tushgach: «Ana Muhammad, ana katta qo‘shin! Ana Muhammad, ana katta qo‘shin!» — deya qo‘rg‘onga kirib yashirinishdi. Janob Rasululloh qo‘llarini (fotihaga) ko‘tardilar-da: «Ollohu akbar! Xaybar xarob bo‘ldi! Biz biror qavmning yeriga kelib tushganimizda, («Ana Muhammad, ana katta qo‘shin!» — deb bir-birlarini) ogohlantiruvchilarning tonggi albatta kulfatli bo‘lur!» — dedilar. (Jangdan) keyin, biz eshaklarni so‘yib, (go‘shtini) pishirayotgan erdik, ul zotning jarchilari: «Olloh taolo birlan uning Rasuli sizlarni eshak go‘shti tanovul qilmoqdan qaytarur!» — deb e’lon qildi. So‘ng, qozonlar ichidagi (go‘shtlari) birlan ag‘darib tashlandi».

Qayd etilgan


AbdulAziz  27 Iyul 2008, 06:51:08

116-bob. Uzni qiynab, charchatib qo‘yadirgan darajada baland ovoz birlan takbir aytmoqdan qaytarilgani haqida

Abu Muso alAsh’ariy raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Biz (sahobalar) Rasululloh sallallohu alayhi va sallam birlan birga (safarda) erdik. Shunda bir vodiyga chiqqanimizda tahlil va takbir aytgan erdik, ovozimiz baland ko‘tarilib ketdi. Janob Rasululloh: «Ey odamlar, o‘zlaringizni (bunchalik) zo‘riqtirmangizlar, (tahlil va takbirni mehru muhabbat birlan aytingizlar), chunki sizlar bir kar yoki g‘oib (uzoq) kimsaga emas, (balki Olloh taologa iltijo qilayotirsizlar), Olloh taolo ersa (hamisha) sizlar birlan birga bo‘lib, (kar va yiroqdagi kimsaga qarama-qarshi o‘laroq hamisha sizlarni) eshitguvchi va (sizlarga) yaqindur!» — dedilar».

Qayd etilgan


AbdulAziz  27 Iyul 2008, 06:51:24

117-bob. Vodiyga tushganda tasbih aytmoq haqida

Jobir ibn Abdulloh: «(Tepalikka) ko‘tarilganimizda takbir, vodiyga tushganimizda ersa tasbih aytar erdik», — deydilar.

Qayd etilgan


AbdulAziz  27 Iyul 2008, 06:51:31

118-bob. Tepalikka ko‘tarilganda takbir aytmoq haqida

Bu yerda yuqoridagi hadis takrorlangan.

Abdulloh ibn Umar raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam, agar g‘azot yoki haj yoxud umradan qaytayotgan bo‘lsalar, (yo‘lda uchragan) har bir tepaliqda uch bor takbir aytib, so‘ng: «Lo iloha illallohu vahdahu, lo shariyka lahu, lahul-mulku va lahul-hamdu va huva ala kulli shay’in qadiyr! Biz (ibodatlarga cho‘mib Olloh taolo huzuriga) qaytguvchi, (gunohlarimiz uchun Olloh taologa) tavba (qilib, shariat maqtagan amallarni) qilguvchi, parvardigorimizga ibodatu sajda qilguvchi va hamd aytguvchilarmiz, Olloh taolo (Islomga rivoju zafar ato etmoq xususidagi) va’dasiga vafo qilib, o‘z bandasi (Muhammad sallallohu alayhi va sallam)ga madad berdi va bir o‘zi (ko‘p sonli kofirlar) to‘dalarini mag‘lub qildi» — der erdilar».

Qayd etilgan


AbdulAziz  27 Iyul 2008, 06:51:40

119-bob. Musofirga muqimlik vaqtida qilayotgan amallariga qancha savob yozilsa, shuncha savob yozilur

Abu Muso raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam: «Agar banda kasal bo‘lib qolsa yoki (Olloh taolo yo‘lida) safarga chiqsa (va shu boisdan qilib turgan amallarini davom ettira olmay qolsa), unga muqim va sog‘ chog‘ida qilib turgan amallariga yoziladirgan savobchalik savob yozilur» — deb marhamat qildilar». (Ba’zi ulamolar: «Agar banda kasalligi yoki safarga chiqqanligi boisidan nafl ibodatlarni bajara olmay qolsa, unga muqim va sog‘ligida bajarib turgan nafl ibodatlariga yoziladirgan savobchalik savob yozilur», — deyishadi. Ayrim ulamolar ersa: «Bul amallarga farz ibodatlar ham kiradi, zero bandaning muqim va sog‘ligida ularni ado etmog‘i shart bo‘lib, kasalligi boisidan ularni butunlay yoki qisman bajarolmasa ham, unga bajarganlik savobi yozilur, chunki kasal bo‘lmaganida ularni ado etgan bulur erdi. Masalan, kasalligi tufayli o‘ltirib namoz o‘qigan bandaga turib o‘qiganchalik savob yozilur», — deyishadi).

Qayd etilgan


AbdulAziz  27 Iyul 2008, 06:51:48

120-bob. Yakka o‘zi safar qilmoq haqida

Ibn Umar raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam: «Agar odamlar yolg‘iz safar qilmoqliqda men bilganchalik xatar borligini bilishganida erdi, biror otliq yakka o‘zi tunda safarga chiqmagan bo‘lur erdi», — dedilar». (Ya’ni, yolg‘iz o‘zi safar qilmoqning nechog‘lik xatarnok ekanligidan qatiy nazar, har bir musulmon uchun Olloh taolo yo‘lida yakka safar qilmoqlik matlub va joizdur. Masalan, bir kishining yakka o‘zini kofirlar tomon ayg‘oqchi yoxud ilg‘or qilib jo‘natish).

Qayd etilgan


AbdulAziz  27 Iyul 2008, 06:51:57

121-bob. (Safardan qaytayotganda yoki haj vaqtida) ulovini yoxud qadamini tezlatmoq haqida

Abu Humayd raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam (safardan qaytayotib): «Men Madinaga shoshib turibman, kimki men birlan (Madinaga) tezroq bormoqni istasa, (ulovini) tezlatsin!» — dedilar».

Yahyo raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Usoma ibn Zayddan: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam Hajjat ul-Vido’ vaqtida (Arafotdan Muzdalifaga) tumonat odamlar orasidan qanday o‘tib kelgan erdilar? — deb so‘rashdi. Usoma: «Ul zot (odamlar tiqilinch joylarda) o‘rtacha qadam tashlab, (odamlar) siyrak yerlarda ersa shitob birlan yurganlar», — dedilar».

Zayd ibn Aslamning otalari bunday deydilar: «Men Abdulloh ibn Umar birlan birga Makka yo‘lida ketayotgan erdim. Shunda Safiyya binti Abu Ubaydning qattiq betob bo‘lib qolgani haqida ul kishiga xabar keltirishdi. Abdulloh ulovlarini tezlatib, qorong‘u tushguncha yurdilar. So‘ng, ulovlaridan tushdilar-da, shom birlan xuftonni qushib o‘qidilar. Keyin: «Men Janob Rasulullohning, agar safar toliqtirib qo‘ysa, shomni kechiktirib, xuftonga qo‘shib uqiganlarini ko‘rganman», — dedilar».

Abu Hurayra raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam: «Safar azobning bir bo‘lagi bulib, u sizni uyqudan, yeb-ichishdan mahrum qiladi. Agar birortangiz (safardan ko‘zlagan) hojatingizni ado etib bo‘lgan bo‘lsangiz, darhol oilangizga shoshingiz!» — dedilar».

Qayd etilgan


AbdulAziz  27 Iyul 2008, 06:52:05

122-bob. Agar bir odam bir kishini Olloh taolo yo‘lida otga mindirib yuborgan bo‘lsa-yu, so‘ng o‘shal otning sotilayotganini ko‘rsa, ne qilur?

Abdulloh ibn Umar raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «(Otam) Umar ibn al-Xattob bir kishini Olloh taolo yo‘lida otga mindirib yubordilar-da, keyinchalik uning sotilayotganini ko‘rdilar. Shunda o‘shal otni sotib olmoqchi bo‘lib, Janob Rasulullohdan shu haqda so‘radilar. Ul zot: «Uni zinhor sotib olma, qilgan sadaqangni qaytarib olma!» — dedilar».

Bu yerda yuqoridagi hadis mazmunan takrorlangan.

Qayd etilgan