Imom al-Buxoriy. Al-jome' as-sahih (2-jild)  ( 502869 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 61 62 63 64 65 66 67 68 69 70 71 ... 111 B


AbdulAziz  10 Avgust 2008, 01:21:18

4-bob. Rasululloh sallallohu alayhi va sallamning Bahrayn (erlari)dan ulush bo‘lib berganlari va Bahrayndan keltiriladirgan mol va jizadan in’om qilmoqni va’da qilganlari haqida. O’ljalar va jizya kimlarga taqsim qilinadi?

Anas raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam ansorlarni o‘z huzurlariga chaqirib, ularga Bahrayn (erlari)dan ulush vasiyat qilib qoldirmoqchi bo‘ldilar. Shunda ansorlar: «Yo‘q, Olloh taolo haqi, toki Quraysh qabilasiga mansub birodarlarimizga ham (ya’ni, muhojir birodarlarimizga ham) bizga bo‘lib berayotganingizchalik yer ulushi bo‘lib bermas erkansiz, olmasmiz!» — deyishdi. Janob Rasululloh ularga: «Mendan keyin, sizlar istibdodni (ya’ni, hukmdorlarning mol-dunyo orttirish. birlan mashg‘ul bo‘lib, o‘zlaringizni xoru zor va muhtoj qilganlarini) ko‘rursizlar. Meni (Havzi Kavsar bo‘yida) uchratguningizga qadar sabr qilingizlar!» — dedilar».

Jobir ibn Abdulloh raziyallohu anhu rivoyat qiladilar. «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam menga: «Agar bizga Bahrayn moli kelsa, senga shuncha va shuncha va shuncha in’om qilurman» — deb erdilar. Ammo, o‘shal mol Janob Rasululloh vafot qilganlaridan so‘ng yetib keldi. Shunda Abu Bakr raziyallohu anhu: «Janob Rasululloh kimga (Bahrayn molidan) bermoqni va’da qilgan bo‘lsalar, mening huzurimga kelsin!»— deb ovoza qildilar. Men Abu Bakr as-Siddiqnii huzurlariga borib: «Janob Rasululloh menga: «Agar bizga Bahrayn moli kelsa, senga shuncha va shuncha va shuncha in’om qilurman»— deb aytgan erdilar», — dedim. Abu Bakr as-Siddiq menga: «Undan (moldan) bir hovuch ol!» — dedilar. Men bir hovuch oldim. So‘ng: «Sana, qancha erkan?» — dedilar. Men sanasam, besh yuzta erkan. Keyin, Abu Bakr as-Siddiq menga (yana ikki hissa qo‘shib, jami) bir ming besh yuzta berdilar».

Qayd etilgan


AbdulAziz  10 Avgust 2008, 01:21:40

Anas ibn Molik raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallamga Bahrayndan mol keltirishib erdi, ul zot: «Buni masjid hovlisiga to‘kib qo‘yingizlar!» — dedilar. Bul mol Janob Rasulullohga kelgan mollarning ichida eng ko‘pi erdi. Bir vaqt, (amakilari) Abbos qoshlariga kelib: «Yo Rasulalloh, menga (bul moldan) beringiz, chunki men o‘zim uchun ham, Uqayl uchun ham fidya to‘ladim»,— dedilar. Janob Rasululloh: «(Mayli), olingiz!» — dedilar. Abbos (ul moldan) etaklariga (to‘ldirib) soldilar-da, ko‘tarib ketmoqchi erdilar, ko‘tara olmadilar. Shunda ul zotga: «Biror kishiga buyuringiz, menga ko‘tartirib yuborsin!»— dedilar. Ul zot: «Yo‘q», — dedilar. Abbos: «Bo‘lmasa, o‘zingiz ko‘tartirib yuboringiz!» — dedilar. Ul zot (yana): «Yo‘q», — dedilar. Shunda Abbos (noiloj) etaklaridagi moldan ozginasini to‘kdilar-da, ko‘taraman, deb yana ko‘tara olmadilar. Janob Rasulullohga (yana): «Biror kishiga buyuringiz, menga ko‘tartirib yuborsin!» — dedilar. Janob Rasululloh: «Yo‘q», — dedilar. Abbos: «Bo‘lmasa, o‘zingiz ko‘tartirib yuboringiz!» — dedilar. Ul zot: «Yo‘q», — dedilar. Abbos (noiloj) yana bir oz to‘kdilar-da, zo‘r-bazo‘r kugarib ketdilar. Janob Rasululloh Abbosning ochko‘zliklaridan ajablangancha toki ko‘zdan g‘oib bo‘lgunlaricha ortlaridan qarab qoldilar».

Qayd etilgan


AbdulAziz  10 Avgust 2008, 01:21:55

5-bob. Aybsiz zimmiyni o‘ldirgan kishining gunohi (jazosi) haqida

Abdulloh ibn Amr raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam: «(Aybsiz) zimmiyni o‘ldirgan kishi jannatning hidini hidlamas! Jannatning hidi ersa qirq yillik masofadan turib ham hidlanur!» — deb marhamat qildilar».

Qayd etilgan


AbdulAziz  10 Avgust 2008, 01:22:18

6-bob. Yahudiylarni Arab yarim orolidan badarg‘a qilish xususida

Hazrat Umar raziyallohu anhu bunday deb xabar qiladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam (Xaybar yahudiylariga): «Olloh taolo sizlar xususingizda ne deb qaror qilgan bo‘lsa, biz ham shunday deb qaror qilurmiz!» — dedilar». (Ya’ni, «Olloh taolo taqdir qilgan vaqtga qadar sizlarni bul yerda qoldirurmiz, ammo xohlagan vaqtimizda sizlarni bul yerdan chiqarib yuborurmiz, chunki Olloh taolo sizlarni bul yerdan allaqachon chiqarib yuborgandur!»).

Abu Hurayra raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Biz masjidda o‘ltirgan erdik, Rasululloh sallallohu alayhi va sallam (uylaridan). chiqib kelib: «Yahudiylar (mahallasiga) yuringizlar!» — dedilar. Biz yo‘lga tushib, (yahudiylar tavrotxonlik qiladirgan) Bayt ulmidrosga yetib bordik. Janob Rasululloh yahudiylarga: «Musulmon bo‘lingizlar, (jonu mollaringiz) omon bo‘lur! Darhaqiqat, Yer Olloh taolo birlan uning Rasulinikidur. Men sizlarni bul yerdan badarg‘a qilmoqni iroda qildim. Sizlardan qaysi biringizning biror (ko‘chmas) moli bo‘lsa, sotsin! Aks holda bilib qo‘yingizlarki, Yer Olloh taolo birlan uning Rasulinikidur!» — dedilar».

Qayd etilgan


AbdulAziz  10 Avgust 2008, 01:22:38

Sa’id ibn Jubayr raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Ibn Abbos raziyallohu anhu: «Panjshanba kuni... panjshanba kuni o‘zi qanday kun bo‘ldiki, (boshimizga shunchalar musibatlar keltirdi?!)» — dedilar-da, ho‘ngrab yig‘lab yubordilar, hatto (oyoqlari ostidagi) toshlar ho‘l bo‘lib ketdi. Men: «Yo Ibn Abbos, qaysi panjshanba kuni?» — dedim. Ibn Abbos bunday dedilar: «(O’shal biz uchun musibatli bo‘lgan panjshanba kuni) Rasululloh sallallohu alayhi va sallamning dardlari og‘irlashib qoldi. Shunda ul zot: «Menga kurak (ya’ni, hayvon kuragi) keltiringizlar, unga vasiyat bitib berurman, keyin mutlaqo yo‘ldan adashmagaysizlar!» — dedilar. Ammo, odamlar payg‘ambar huzurida tortishish mumkin emasligiga qaramay, (vasiyat yozdirib olish yo yozdirib olmaslik xususida) o‘zaro tortisha boshlashdi. (G’ala-g‘ovur ko‘chayib ketgach, Janob Rasululloh: «Meni o‘z holimga qo‘yingizlar!» — dedilar). Odamlar (buni eshitib): «Ul zot bizni xushlamayotirlar», — deyishdi. Janob Rasululloh: «(Huzurimdan) chiqib ketingizlar! Mening hozirgi holatim (ya’ni, Olloh taolodan taqvo qilib, ul birlan uchrashish taraddudida ekanligim va faqat shul xususda o‘ylayotganim) sizlar meni undayotgan narsadan (ya’ni, vasiyat yozib bermog‘im xususidagi tortishuvlaringizdan) afzaldur!» — dedilar. Keyin, ul zot ularga: «Mushriklarni Arab yarim orolidan chiqarib yuboringizlar. Elchilarni men singari mehmon qilib, ularga tuhfalar berib turingizlar...»— deb uch narsani amr qildilar. Shunda uchinchi farmonlarini yo aytmadilar yoki aytgan bo‘lsalar ham men yodimdan chiqarib quydim».

Qayd etilgan


AbdulAziz  10 Avgust 2008, 01:22:57

7-bob. Agar mushriklar musulmonlarga xiyonatkorlik qilsa, ular kechiriladimi?

Abu Hurayra raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Xaybar fath qilinganda Rasululloh sallallohu alayhi va sallamga (zahar solib pishirilgan) bir quy hadya qilindi. (Uni Zaynab binti al-Horis degan bir yahudiy ayol hadya qilgan erdi. Janob Rasululloh go‘shtdan bir luqma og‘izlariga solishlari hamonoq Olloh taoloning irodasi va inoyati birlan undan «Yo Rasulalloh, yemangiz, menga zahar solmishlar!» degan ovoz chiqdi. Ul zot darhol muborak og‘izlaridagi luqmani tupirib tashladilar). So‘ng, Janob Rasululloh: «Bul yerda mavjud barcha yahudiylarni huzurimga to‘plangizlar!» — dedilar. Ularni to‘plashdi. Janob Rasululloh ularga: «Men sizlarga bir narsa xususida savol berurman, savolimga rost javob berursizlarmi?» — dedilar. Yahudiylar: «Ha», — deyishdi. Janob Rasululloh: «Bobokalonlaringiz kim?» — dedilar. Yahudiylar: «Falonchi» — deb (mutlaqo boshqa odamning nomini) aytishdi. Janob Rasululloh: «Yolg‘on aytdingizlar, bobokalonlaringiz (ul ermas), balki falonchidur», — dedilar. Yahudiylar: «Ha, gapingiz to‘g‘ri», — deyishdi. Keyin, Janob Rasululloh: «Men sizlarga (yana) bir narsa xususida savol bersam, savolimga rost javob berursizlarmi?» — dedilar. Yahudiylar: «Ha, yo Abolqosim! Agar sizga (bul safar ham) yolg‘on so‘zlasak, bobokalonimiz xususida yolg‘on so‘zlaganimizni bilganingizdek, bilib qolursiz», — deyishdi. Janob Rasululloh ularga: «Jahannam ahli kimlar?» — dedilar. Yahudiylar: «Biz unda birrovgina bo‘lurmiz, siz ersangizlar, biz (undan chiqqanimiz)dan keyin, ul yerda (abadiy) qolursizlar», — deyishdi. Janob Rasululloh sallallohu alayhi va sallam: «(O’zlaringiz) ul yerga daf bo‘lingizlar! Olloh taolo haqi, biz sizlardan keyin unda abadiy qolmasmiz, (balki sizlarning o‘zlaringiz unda abadiy qolursizlar!)» — dedilar. So‘ng, Janob Rasululloh: «Men sizlarga (yana) bir narsa xususida savol bersam, savolimga rost javob berursizlarmi?» — deb aytdilar. Yahudiylar: «Ha, yo Abolqosim!» — deyishdi. Janob Rasululloh: «Bul qo‘y (go‘shti)ga zahar soldingizlarmi?» — dedilar. Yahudiylar: «Ha», — deyishdi. Janob Rasululloh: «Nechun bunday qildingizlar?» — dedilar. Yahudiylar: «Agar yolg‘onchi (soxta payg‘ambar) bo‘lsangiz, sizdan qutulmoqni istadik va agar chin (payg‘ambar) bo‘lsangiz, ul holda (zahar) sizga zarar qilmaydi, dedik», — deyishdi».
(Suhayliy: «Janob Rasululloh o‘shanda ul yahudiylarni darhol qatl qilmadilar, chunki odati shariflari shunday erdiki, shaxsan o‘zlariga qilingan dushmanlik uchun qasos olmas erdilar. Ammo, ul go‘shtdan yegan Bishr ibn al-Baro zaharlanib o‘lgach, ularni qatl qildilar», — deydilar).

Qayd etilgan


AbdulAziz  10 Avgust 2008, 01:23:14

8-bob. Imomning ahdga vafo qilmaganlarni duoi bad qilmog‘i haqida

Osim raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Men Anas raziyallohu anhudan Duoi Qunut haqida so‘rab erdim, ul kishi: «Ruku’dan avval (o‘qiladi)» — deb aytdilar. Shunda men: «Falonchi ta’kidladiki, siz: «Ruku’dan keyin (o‘qiladi)» — deb aytgan emishsiz», — dedim. Anas: «Yolg‘on aytibdi (yanglishgan)», — dedilar-da, bizga Rasululloh sallallohu alayhi va sallamning Duoi Qunutni qay vaqtda o‘qiganlari haqida bunday deb aytdilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam bir oy davomida ruku’dan so‘ng Duoi Qunutni o‘qib, Banu Sulaym mahallalari (ahlini) duoi bad qilganlar. Ul zot qirq yoki yetmish qorini mushriklar orasiga yuborgan erdilar. Mushriklar, o‘zlari birlan Janob Rasululloh o‘rtalarida ahdlashilganiga qaramay, ularni o‘ldirishgan. Men ul zotning o‘shal mushriklardan g‘azablanganchalik biror kimsadan g‘azab-langanlarini kurmaganman».

Qayd etilgan


AbdulAziz  10 Avgust 2008, 01:23:34

9-bob. (Musulmon) ayollarning (Islomni qabul qilmay mushrikligicha qolgan sobiq erlariga) omonlik berib, (ularni) o‘z himoyalariga olmoqlari haqida

Ummu Honi’ binti Abu Tolib raziyallohu anho rivoyat qiladilar: «Men (Makka) fathi kuni Rasululloh sallallohu alayhi va sallamning (uylariga) bordim. Qarasam, ul zot g‘usl qilayotirlar, qizlari Fotima alayhossalom ersalar, (bir choyshab birlan) ul zotni pana qilib turibdilar. Men ul zotga salom berdim. (Ul zot alik olgach): «Bu kim?» — dedilar. Men: «Bu men — Abu Tolibning qizi Ummu Honi’man», — dedim. Ul zot: «Ummu Honi’ xush kelibdi!» — dedilar. So‘ng, g‘usl qilib bo‘lgach, o‘rinlaridan turib (joynamozga bordilar-da), bir kiyimga uralib sakkiz rak’at namoz uqidilar. (Namoz o‘qib bo‘lganlaridan so‘ng), men ul zotga: «Yo Rasulalloh, onamning o‘g‘li (ya’ni, birodarim) Ali (ibn Abu Tolib) men o‘z himoyamga olgan kishini (ya’ni, bugun men musulmon bo‘lgach, Islomni qabul qilmay, Makkadan qochib ketgan sobiq erimm Hubayra o‘g‘li falonchini o‘ldirurman, deb ta’kidladilar», - dedim. Ul zot: «Sen himoyangga olgan kishini biz ham himoyamizga oldik, ey Ummu Honi’!» — deb marhamat qildilar. Shu vaqt zuho namozi vaqti erdi». Yuqorida «sobiq erim» deyilishining boisi shuki, Olloh taolo: «Na (musulmon bo‘lgan) xotinlar (kofir) erlariga va na (kofir) erlar (musulmon bo‘lgan) xotinlariga halol bo‘lurlar», — deydi].

Qayd etilgan


AbdulAziz  10 Avgust 2008, 01:23:51

10-bob. (Barcha) musulmonlarning (o‘zlariga tobe g‘ayridinlarga) omonlik berib, (ularni) o‘z himoyalariga olganliklari birlan bir musulmonning (musulmonlarga tobe bir g‘ayridinga) omonlik berib, uni o‘z himoyasiga olganining farqi yo‘qdur, (chunki barcha musulmonlar bir tanu bir jon kabidurlar). Ahdni eng tuban musulmon buzur!

Ibrohim at-Tamimiy raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Hazrat Ali raziyallohu anhu bizga xutba (va’z) qila turib bunday dedilar: «Bizda Olloh taoloning Kitobi birlan (Janob Rasulullohning) mana bu sahifadagi (ahkomlari)dan bo‘lak biz o‘qiydirgan biror bitik yo‘qdir. Bul sahifada bunday deyilgan: «Madinaning bir (tog‘i)dan falon (tog‘i)gacha (ya’ni, Savr tog‘igacha) bo‘lgan yerlari muqaddasdur. Bul yerda (Qur’on va sunnatga xilof) ish qilgan yoxud shunday ish qilgan kimsaga yordam qilib; uni o‘z panohiga olgan kishiga Olloh taoloning, farishtalarning va barcha odamlarning la’nati bo‘lur, bundaylarning na farzlari va na nafllari qabul qilinmas hamda o‘z homiylari (ya’ni, qulliqdan ozod qilib, o‘z himoyasiga olgan kishilar)ning iznisiz bo‘lak bir qavmni o‘ziga homiy qilib olgan kimsaga ham xuddi shunday (la’nat) bo‘lur. (Barcha) musulmonlarning (uzlariga tobe g‘ayridinlarga) omonlik berib, (ularni) o‘z himoyalariga olganliklari birlan bir musulmonning (musulmonlarga tobe bir g‘ayridinga) omonlik berib, uni o‘z himoyasiga olganining farqi yo‘qdur, (chunki barcha musulmonlar bir tanu bir jon kabidurlar). Bir musulmonning (bir g‘ayridinga nisbatan bo‘lgan ahdu burchini) buzgan kimsaga ham xuddi shunday (la’nat) bo‘lur!».

Qayd etilgan


AbdulAziz  10 Avgust 2008, 01:24:16

11-bob. Agar (mushriklar): «Kufr dinimizdan qaytib, musulmon bo‘ldik» — deb aytmoqchi bo‘lib, (qo‘rqqanlaridan va shoshib qolganlaridan): «Dindan qaytdik» — deb yuborsalar...

Ibn Umar: «Xolid ibn Valid (ularni tushunmay) o‘ldira  boshladilar. Keyin, Rasululloh sallallohu alayhi va sallam (Xolid ibn Validning ularning gapini tushunmay, ko‘pchiligini qirib tashlaganlarini eshitib): «Yo parvardigoro, Xolid qilib quygan (gunohdan) meni xalos qilgaysan!» — deb iltijo qildilar», — deydilar.

Qayd etilgan