18-bob. Uch kunga yoki muayyan bir vaqtga sulh tuzmoq haqida
Baro raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam umra qilmoqchi bo‘lganlarida Makkaga kirishlari uchun izn so‘ragani Makka ahliga odam yubordilar. Shunda Makka akobirlari ul zotga Makkada uch kundan ortiq turmaslikni, ul yerga faqat qiniga solingan qilichlar birlangina kirishlikni va mushriklardan birortasini Islomga da’vat qilmaslikni shart qilib quyishdi. Ikki o‘rtada tuzilayotgan sulh shartlarini Ali ibn Abu Tolib yozishga kirishdilar. Shunda ul kishi «Bu Ollohning rasuli Muhammadning hukm (qarori)dur» deb yozib qo‘ydilar. Ammo, mushriklarning akobirlari: «Agar bizlar sizni Ollohning rasuli, deb tan olganimizda erdi, Makkaga kirmog‘ingizga to‘sqinlik qilmay, sizga bay’at qilgan bo‘lur erdik. Shuning uchun «Bu Abdullohning o‘g‘li Muhammadning hukmi (qarori)dur» deb yozingiz!» — deyishdi. Jaiob Rasululloh: «Men, Olloh taolo haqi, (ayni vaqtda) Abdullohning o‘g‘li Muhammadman ham, Olloh taolo haqi, Ollohning rasuliman ham!» — dedilar. (Mushriklarning akobirlari o‘z shartlarida qattiq turib olishgach), Janob Rasululloh Hazrat Aliga: «Rasululloh degan so‘zni o‘chir!» — dedilar. Hazrat Ali: «Olloh taolo haqi, hech qachon o‘chirmasman!» — dedilar. Janob Rasululloh: «O’shal so‘zni menga ko‘rsat!» — dedilar. Hazrat Ali ko‘rsatib erdilar, ul zot o‘z qo‘llari birlan uni o‘chirdilar-da, («Bu Abdullohning o‘g‘li Muhammadning qaroridur» deb yozib qo‘ydilar). So‘ng, (Makkaga) kirdilar. Uch kun o‘tgach, mushriklarning akobirlari Hazrat Alining oldilariga kelib: «Do‘stingga (hamrohingga) ayt, endi (bul yerdan) chiqib ketsin!» — deyishdi. Hazrat Ali ularning bul gaplarini Janob Rasulullohga eslatib erdilar, ul zot: «Ha, (darvoqe’)», — dedilar. So‘ng, (Makkadan barcha sahobalari birlan birgaliqda) chiqib ketdilar».