Imom al-Buxoriy. Al-jome' as-sahih (2-jild)  ( 503964 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 65 66 67 68 69 70 71 72 73 74 75 ... 111 B


AbdulAziz  10 Avgust 2008, 01:33:28

Ibn Abbos raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Jabroil alayhissalom Qur’onni menga bir tovushda o‘qitdilar, men ko‘proq trvushlarda o‘qitmoqlarini iltimos qilaverganimdan so‘ng, ul kishi uni yetti tovushga (harfga) yetkazdilar» — deb aytdilar Janob Rasululloh».

Ibn Abbos raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam eng (o‘ta) saxovatli kishi erdilar, ul zotning saxovatlari, ayniqsa, ramazon oyida Hazrat Jabroil huzurlariga kelganda benihoyat ortib ketar erdi. Jabroil alayhissalom ramazon oyida har kecha ul zotning huzurlariga kelib Qur’on o‘rgatar erdilar. Rasululloh sallallohu alayhi va sallamning Hazrat Jabroil huzurlariga kelgan kezlardagi saxovatlari bo‘rondan ham tezroq erdi».

Qayd etilgan


AbdulAziz  10 Avgust 2008, 01:33:37

Abu Hurayra va Fotima raziyallohu anhumo rivoyat qilishadiki, Jabroil alayhissalom Janob Rasulullohni Qur’ondan imtihon qilur erkanlar.

Ibn Shihob rivoyat qiladilar: «Umar ibn Abdulaziz asr namozini bir oz kechiktirdi. Shunda Urva ul kishiga: «Ammo, Hazrat Jabroil osmondan tushib Janob Rasulullohning oldilarida namoz o‘qiganlar», — dedi. Umar ibn Abdulaziz: «Nima demoqchi bo‘lganingni bilib turibman, ey Urva!» — dedi. Urva bunday deb javob qildi: «Men bul xususda Bushayr ibn Abu Mas’ud birlan Abu Mas’uddan va hatto Janob Rasulullohning o‘zlaridan eshitganman, ul zot bunday degandilar: «Jabroil alayhissalom osmondan huzurimga tushib, meni o‘rnimdan turgizdilar. Keyin, men ul kishi birlan namoz o‘qidim, so‘ng birga (yana) namoz o‘qidim, so‘ng birga (yana) namoz o‘qidim, so‘ng birga (yana) namoz o‘qidim, so‘ng birga (yana) namoz o‘qidim». Urva yuqoridagi gaplarni aytayotib barmoqlari birlan besh (vaqt) namozni sanadi».

Qayd etilgan


AbdulAziz  10 Avgust 2008, 01:33:45

Abu Zarr raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam bunday dedilar: «Jabroil alayhissalom menga: «Ummatlaringizdan kimki Olloh taologa zarracha shirk keltirmay vafot etsa, jannatga kirgay (yoki do‘zaxga sira kirmagay)», —dedilar. Shunda men: «Zino qilgan bo‘lsa-chi, o‘g‘rilik qilgan bo‘lsa-chi?» — dedim. Hazrat Jabroil: «Shunday qilgan bo‘lsa ham», — dedilar».

Abu Hurayra raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam bunday dedilar: «Farishtalar tunda ham, kunduzi ham o‘rin almashib navbatchilik qilgaylar. Keyin, ular bomdod va asr namozida to‘planishgay. So‘ng, tunda sizlarning orangizda bo‘lgan farishtalar Olloh taoloning huzuriga chiqishgay. Olloh taolo, o‘zi yaxshi bilsa-da, ulardan: «Bandalarimni qay holda tark etdingizlar?» — deb so‘ragay. Farishtalar: «Qaytib kelayotganimizda ham, borganimizda ham ular namoz o‘qiyotgan erdilar», — deyishgay».

Qayd etilgan


AbdulAziz  10 Avgust 2008, 01:33:57

6-bob. Qaysiningizdir «omin» desangiz-u, osmonda farishtalar ham «omin» desalar va siz birlan ularning «omini» aynan bir vaqtga muvofiq kelib qolsa, Olloh taolo sobiq gunohlaringizni mag‘firat qilgay!

Oisha raziyallohu anho bunday deb xabar qiladilar: «Men Rasululloh sallallohu alayhi va sallamga atab gilamga o‘xshash suratlari bor bir yostiq tikdim. O’shal kuni ul zot ko‘chalan kelib (ichkariga kirmay) uy ostonasida to‘xtab qoldilar, (g‘azabdan) yuzlari o‘zgarib ketdi. Buni ko‘rib men: «Yo Rasulalloh, biz (ayollar) ne gunoh qilib quydik?» — dedim. Janob Rasululloh: «Mana bul yostiq bul yerda ne qilib turibdur?» — dedilar».
Shunda Oisha onamiz: «(Boshingizga qo‘yib) yotmog‘ingiz uchun tikib erdim» — deb javob qilibdilar. Janob Rasululloh: «Axir, sen farishtalarning surat bor uyga kirmasliklarini hamda surat chizgan kishiga Qiyomat kuni azob berilishini va bundaylarga: «O’zingiz yaratgan narsaga jon ato etingiz!» — deb amr qilinishini bilmasmi erding?!» — debdilar.

Abu Talha raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Men Rasululloh sallallohu alayhi va sallamning: «Farishtalar it va surat bor uyga kirmagaylar» — deb aytganlarini eshitdim».

Qayd etilgan


AbdulAziz  10 Avgust 2008, 01:34:12

Zayd ibn Xolid Busr ibn Sa’id birlan Ubaydulloh al-Xavaloniyga: «Darhaqiqat, Rasululloh sallallohu alayhi va sallam: «Farishtalar surat bor uyga kirmagaylar» — deb aytdilar», — debdilar.

Busr raziyallohu anhu bunday deydilar: «(Bir kuni) Zayd betob bo‘lib qolib, biz uni kurgani bordik. Uyida o‘ltirganimizda suratli (chiziqli) parda osigliq erkanligiga ko‘zimiz tushdi. Shunda men Ubaydulloh al-Xavaloniyga: «Zayd bizga suratlar xususida gapirmaganmidi?!» — dedim. Ubaydulloh: «Sen uning matoda (chiziqdan) bo‘lak surat bo‘lmasligi lozimligini aytganini eshitmaganmi erding?» — dedi. Men: «Yo‘q», — dedim. Ubaydulloh: «Ha, u shunday deb eslatgandi»,— dedi».

Qayd etilgan


AbdulAziz  10 Avgust 2008, 01:34:27

Solimning otalari bunday deb xabar beradilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam Hazrat Jabroil alayhissalom birlan uchrashdilar. Shunda Jabroil alayhissalom: «Biz (farishtalar) surat va it bor uyga kirmagaymiz!, — dedilar».

Abu Hurayra raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Darhaqiqat, Rasululloh sallallohu alayhi vasallam: «Imom: «Sami’allohu liman hamidah» — deganida, sizlar: «Ollohumma rabbano lakal-hamd» — deb aytingizlar! Shunda kimning so‘zi maloikalar so‘ziga muvofiq kelib qolsa, Olloh taolo uning sobiq gunohlarini mag‘firat qilgay», — dedilar».

Qayd etilgan


AbdulAziz  10 Avgust 2008, 01:34:39

Abu Hurayra raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam: «Qaysi biringiz namozda bo‘lsangiz, namoz birlan mashg‘ul bo‘lib turganingizda farishtalar: «Yo parvardigoro, namozini tugatmasidan burun uni mag‘firat qilgaysan va unga rahm etgaysan!» - deb turgaylar»,— dedilar».

Safvon ibn Ya’loning otalari rivoyat qiladilar: «Men Rasululloh sallallohu alayhi va sallamning minbarda turib: «Va faryod qilurlarki, ey Molik...» — deya qiroat qilayotganlarini eshitdim». («Az-Zuxruf» surasi, 77-oyat, «Molik» — jahannam farishtalari sardorining nomi).

Qayd etilgan


AbdulAziz  10 Avgust 2008, 01:34:49

Urva raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallamning jufti halollari — Oisha onamiz ul zotga: «Boshingizga Uhud kunidan og‘irroq kun tushganmi?» — dedilar. Janob Rasululloh bunday deb javob qildilar: «Qavming menga ko‘p kulfatlar keltirgan bo‘lib, Aqaba kuni ular menga keltirgan kulfat eng og‘ir kulfat bo‘lgan. O’shanda men Ibn Abd Yolil ibn Abd Kalolga uchragan va u men istagan narsaga mutlaqo ko‘nmagan erdi. Keyin, men xavotirlik birlan xayolga cho‘mgan holda yo‘limda davom etgan va Qarnussa’olib degan joyga yotganimdagina o‘zimga kelgan erdim. Bir mahal boshimni kutarib qarasam, bulut ostida turibman-u, u menga soya solib turibdi. Tikilib qarab, bulut ichra Hazrat Jabroil alayhissalomga ko‘zim tushdi. Ul kishi menga nido qilib: «Darhaqiqat, Olloh taolo qavmingizning sizga ne deganini va sizga ne deb e’tiroz bildirganini eshitdi. U sizning huzuringizga tog‘lar farishtasini yubordiki, qavmingizga nisbatan o‘zingiz istagan chorani ko‘rmoqlikni unga amr qilgaysiz», — dedilar. So‘ng, tog‘lar farishtasi menga nido qilib salom berdi-da: «Ey Muhammad alayhissalom, men sizning xohishingizni bilmoqchidurmen, ne chora ko‘rmoqni istasangiz, darhol ul yaramaslarga nisbatan qo‘llagumdir!» — dedi. Men unga: «Men istardimki, Olloh taolo ularning pushti kamaridan Olloh taologa zarracha shirk keltirmay, uning yolg‘iz o‘zigagina ibodat qiladirgan farzandlarni dunyoga keltirsa!» — dedim».

Abu Ishoq ash-Shayboniy rivoyat qiladilar: «Men Zarr ibn Hubayshdan Olloh taoloning «Keyin, (Jabroil alayhissalom) ikki kamon qadar yo undan ham yaqinroq bir yerda to‘xtadi-da, Olloh taolo bandasiga (Muhammad alayhissalomga) tushirgan vahiyni keltirdi» degan qavli («An-Najm» surasi, 9— 10-oyatlar) xususida so‘radim. Shunda Ibn Mas’ud bizga: «Ul zot Hazrat Jabroilning olti yuzta qanotlari borligini ko‘rganlar», — dedilar».

Qayd etilgan


AbdulAziz  10 Avgust 2008, 01:35:00

Abdulloh (ibn Mas’ud) raziyallohu anhu Olloh taoloning «Darhaqiqat, (Muhammad alayhissalom) parvardigorining buyuk nishonlaridan birini (ya’ni, Olloh taoloning buyuk qudrat sohibi ekanligini ko‘rsatuvchi dalillardan birini) ko‘rdi» («An-Najm» surasi, 18-oyat) degan qavli xususida so‘zlab: «Janob Rasululloh Jabroil alayhissalomning osmon ufqini to‘sib turgan yashil qanotlarini ko‘rganlar», — dedilar.

Oisha raziyallohu anho bunday dedilar: «Kimki: «Janob Rasululloh parvardigorlarini ko‘rganlar» — deb aytsa, lof urgan bo‘lur. Ammo, ul zot Hazrat Jabroilning asl qiyofalarini ko‘rganlar. Hazrat Jabroilning gavdalari ufqni ul chetidan bul chetiga qadar to‘sib turgan erkan».

Qayd etilgan


AbdulAziz  10 Avgust 2008, 01:35:12

Masruq raziyallohu anhu rivoyat qiladilar. «Men Oisha raziyallohu anhoga: «Olloh taoloning «So‘ng, u yaqinlashib pastladi, keyin ikki kamon qadar yo undan ham yaqinroq bir yerda to‘xtadi-da...» degan oyatlari mazmuni qanday?» — dedim. Oisha onamiz: «Bul o‘shal Hazrat Jabroil bo‘lib, Janob Rasulullohning huzurlariga odam (erkak) qiyofasida kelib turar erdilar. Bu gal ersa Hazrat Jabroil o‘z qiyofalarida keldilarki, gavdalari ufqni (bugunlay) to‘sib turgan erdi», — dedilar».

Sumra raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam bunday dedilar: «Men tunda huzurimga ikki kishining kelganini ko‘rdim. Ular (meni xo‘b sayr qildirishgach): «Boyagi o‘t yoqayotgan kishi Molik bo‘lib, jahannam xazinachisidur, men ersam Jabroilman, bu ersa Mikoildir», — deyishdi».

Qayd etilgan