Imom al-Buxoriy. Al-jome' as-sahih (2-jild)  ( 502936 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 69 70 71 72 73 74 75 76 77 78 79 ... 111 B


AbdulAziz  11 Avgust 2008, 09:02:14

Abu Hurayra raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam bunday dedilar: «Lo iloha illallohu vahdahu, lo shariyka lahu, lahul-mulku va lahul-hamdu va huva ‘ala kulli shay’in qadiyr, deb kuniga yuz marta aytgan kishi o‘nta qul ozod qilganlik savobini olur hamda unga yuzta amali solih yozilib, yuzta gunohi o‘chirilur, shuningdek (bu duo) o‘shal kuni ertadan to kechgacha uni shaytondan himoya qilur. (Bu duoni) kuniga yuz martadan ortiq aytgan kishi erishgan savoblarga bo‘lak hech bir kimsa erisha olmas!».

Sa’d ibn Abu Vaqqos rivoyat qiladilar: «Umar raziyallohu anhu Rasululloh sallallohu alayhi va sallamning huzurlariga kirmoqqa ruxsat so‘radilar. Shunda ichkarida bir guruh Quraysh ayollari bor bo‘lib, ular payg‘ambarimizning ovozlarini bosib ketgudek baland ovoz birlan ul zotga savollar berishar erdi. Hazrat Umar izn so‘raganlarida ayollar o‘rinlaridan turib, hijoblarini (yuzlariga) tushirib olishdi. Janob Rasululloh Hazrat Umarga izn bera turib kulib qo‘ydilar. Hazrat Umar: «Yo Rasulalloh, Olloh taolo sizni hamisha kuldirsin!» — dedilar. Janob Rasululloh: «Huzurimdagi anavi xotinlarning qilgan ishlaridan taajjublandim, sening ovozingni eshitiboq hijoblarini tushirib olishdi», — dedilar. Hazrat Umar: «Yo Rasulalloh, axir ular eng avvalo (barchadan ko‘ra) sizdan hayiqmoqlari lozim ermasmi?!» — dedilar. So‘ng, ayollarga qarata: Ey o‘ziga-o‘zi dushman bo‘lgan ayollar! Mendan hayiqasizlar-u, Rasululloh sallallohu alayhi va sallamdan hayiqmaysizlarmi?!» — deb aytdilar. Ayollar: «Ha, shundoq, chunki siz Janob Rasulullohga nisbatan to‘ng va qo‘polroqsiz!» — deyishdi. Shunda Janob Rasululloh: «Jonim qo‘lida bo‘lgan zot haqi, (ey Umar), basharti shayton yo‘lingda duch kelsa, (dag‘alligingdan) bo‘lak yo‘ldan ketgan bo‘lur erdi!» — dedilar».

Abu Hurayra raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam: «Birortangiz uyqudan uyg‘onib, tahorat olsangiz, burningizni uch bor qoqib tashlangiz, chunki shayton tunda uning ichiga kirib olur», — dedilar».

Qayd etilgan


AbdulAziz  11 Avgust 2008, 09:03:29

11-bob. Jinlar hamda ularning savobi va jazosi xususida

Olloh taoloning qavli: «Ey jinlar va insonlar jamoalari! Sizlarning qoshlaringizga o‘z jinslaringizdan bo‘lmish payg‘ambarlar mening oyatlarimni sizlarga bayon qilib va sizlarni bu kunga mubtalo bo‘lmog‘ingizdan ogohlantirib kelmaganmi erdilar?! Ular: «Biz o‘z gunohimizga iqror bo‘ldik»,— deyishdi. Ularni dunyo hayoti aldab qo‘ygan bo‘lib, ular kofir bo‘lganliklarini e’tirof qilganlari holda o‘zlari o‘zlariga guvohlik berdilar. Buning (ya’ni, Olloh taolo payg‘ambarlar yuborib, xalqni barcha xayru sharrdan xabardor qilganligining) boisi shulki, parvardigoringiz aholisi g‘ofil (bexabar) bo‘lgan shaharlarni zulm birlan halok qilguvchi emasdur va har kim uchun qilgan amallari ajridan darajalar bordur va parvardigoringiz ularning qilayotgan amallaridan bexabar emasdur» («Al-An’om» surasi, 130, 131 va 132-oyatlar).
«Baxsan» («Al-Jin» surasi, 13-oyat) — «ziyon» demaqdir.

Mujohid raziyallohu anhu: «Quraysh kofirlari: «Farishtalar Ollohning qizlari bo‘lib, ularning onalari jinlar  sardorining qizlaridur» — deb aytishdi. Shunda Olloh taolo: «Va (mushriklar) Olloh ila jinlar o‘rtasida nasab (qarindoshlik) bor, deb hisobladilar, vaholanki jinlar ularning (mushriklarning Olloh qiladirgan hisob-kitobga) hozir qilinguvchi ekanliklaridan (yaxshi) xabardordurlar» — deb aytdi», — dedilar. («As-Soffot» surasi, 158-oyat).

Qayd etilgan


AbdulAziz  11 Avgust 2008, 09:04:07

Abdurrahmon ibn Abdulloh ibn Abdurrahmon ibn Abu Sa’sa’a al-Ansoriy rivoyat qiladilarki, Abu Sa’id al-Xudriy ul kishining otalariga bunday deb aytgan erkanlar: «Men sening qo‘ylarni hamda yaylovni sevishingni ko‘rib turibman, qo‘ylaringni boqib yurganingda yoki yaylovda bo‘lganingda namozga azon aytsang, baland ovoz birlan aytgil, chunki muazzin ovozi qanchalik uzoqlarga yetib borsa, shunchalik ko‘p jinu insonlar yoki bo‘lak narsalar eshitib, Qiyomatda uning azon aytib (namoz o‘qiganiga) guvohlik bergaylar».

Abu Sa’id al-Xudriy: «Men bul hadisni Rasululloh sallallohu alayhi va sallamdan eshitganman», — deydilar.

Qayd etilgan


AbdulAziz  11 Avgust 2008, 09:04:48

12-bob.

Olloh taoloning qavli: «(Ey habibim), Biz bir guruh jinlarni Qur’on tinglasinlar, deb sizning huzuringizga yuborib erdik. Ular (Qur’on tilovatida) hozir bo‘lgan vaqtlarida (bir-birlariga): «Sukut saqlab turingizlar!» — deb aytdilar, (Qur’on tilovati) tugagach ersa, o‘z qavmlariga ogohlantiruvchi bo‘lib qaytdilar-da: «Ey qavmimiz, biz shunday bir Kitobni (Qur’onni) tingladikki, u Musodan keyin nozil bo‘lgan bo‘lib, o‘zidan avval (nozil etilgan) kitoblarni tasdiqlab, haq (din)ga va to‘g‘ri yo‘lga hidoyat qilur. [Jinlarning «(Qur’on) Musodan keyin nozil bo‘lgan...» deganining boisi shuki, ular Muso alayhissalom va Tavrotni hamda Muhammad alayhissalom va Qur’onni bilishar, ammo Iso alayhissalom birlan Injildan mutlaqo bexabar edilar» — deyishadi ba’zi mufassirlar]. Ey qavmimiz, Olloh tarafiga da’vat qilguvchining (Rasululloh sallallohu alayhi va sallamning) so‘zlarini qabul qilingizlar va unga iymon keltiringizlarki, Olloh ba’zi gunohlaringizni mag‘firat qilur hamda dardli azobdan sizlarga panoh berur va kimki qabul etmasa Olloh tarafiga da’vat qilguvchining so‘zlarini, bas u yer yuzida (Ollohning g‘azabidan) qochib qutilguvchi emasdur va yo‘qdur unga Ollohdan bo‘lak himoyachilar, ana o‘shalar aniq gumrohdurlar» — deb aytishdi». («Al-Ahqof» surasi, 29, 30, 31 va 32-oyatlar).

Qayd etilgan


AbdulAziz  11 Avgust 2008, 09:05:45

13-bob.

Olloh taoloning qavli: «...va (Olloh) har turli hayvonlarni tarqatib qo‘ygan (Yerda) aqlli qavm uchun (o‘z parvardigorlari birlan uning qudratini idrok qilmoqlariga yetarli)... alomatlar mavjuddur» («Al-Baqara» surasi, 164-oyat).

Ibn Abbos raziyallohu anhu bunday deydilar: «Su’bon» — «hayya» (ilon) so‘zining muzakkari bo‘lib, ilonlar jinlar jinsidan deyiladi. («Hud» surasining) «O’rmalagan (yurgan) har qanday jonivorni ul zot (Olloh taolo) peshonasidan tutib turur» degan (56-oyatining) mazmuni «Barcha jonivorlar tamoman Olloh taoloning hukmi va qo‘l ostidadur» demaqdur. («Mulk» surasining 19-oyatida) «Ular tepalarida qanotlarini dam yozib va dam yig‘ib uchib yurgan qushlarga (bir) qaramaydilarmi?! Ularni yolg‘iz Rahmonning o‘zigina (havoda muallaq holda) tutib turur...» deb aytilgandur».

Ibn Umar raziyallohu anhu Rasululloh sallallohu alayhi va sallamning minbarda turib bunday deganlarini eshitgan erkanlar: «Ilonlarni — ustida xurmo bargiga o‘xshash ikki oq alomati bor ilonlarni hamda dumi kalta (to‘mtoq) ilonlarni o‘ldiringizlar, chunki ular ikkisi ko‘zni ko‘r qilib, homilani tushiradi».

Abdulloh raziyallohu anhu bunday deydilar: «Bir mahal men bir ilonni o‘ldirmoqchi bo‘lib ta’qib qilayotgan erdim, Abu Luboba menga: «Uni o‘ldirma!» — deb qichqirdi. Men: «Axir, Rasululloh sallallohu alayhi va sallam ilonlarni o‘ldirmoqni amr qilganlar-ku?!» — dedim. U: «Shundan keyin, ul zot xonaki (oq) ilonlarni o‘ldirmoqdan qaytarganlar, ular uylarda yashovchi jindurlar», — dedi».

Qayd etilgan


AbdulAziz  11 Avgust 2008, 09:06:20

14-bob. Musulmonning eng yaxshi moli uning tog‘lar tepasiga haydab ketadigan qo‘ylari ekanligi haqida

Abu Sa’id al-Xudriy raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam bunday dedilar: «Yaqin kelajaqda kishining eng yaxshi moli dinini fitnalardan olib qochib tog‘lar tepasiga (vodiylarga) hamda yomg‘ir yog‘adirgan joylarga (cho‘llarga) haydab ketadigan qo‘ylari bo‘lib qolur».

Abu Hurayra raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam: «Kufrning boshi mashriq tomonda bo‘lib, manmanlik va kibr otboqar, tuyaboqar va molboqarlarda, ya’ni ko‘chmanchilarda, vazminlik (bosiqlik, kamtarlik) ersa qo‘yboqarlardadur», — dedilar».

Qayd etilgan


AbdulAziz  11 Avgust 2008, 09:06:38

Abu Hurayra raziyallohu anhu rivoyat qiladilar. «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam: «Agar xo‘rozlarning qichqirganini eshitsangiz, Olloh taolodan lutfu marhamat qilmog‘ini so‘rangiz, chunki ular farishtani ko‘rib qolgandurlar va agar eshakning hangraganini eshitsangiz, «A’uuzu billohi minash-shaytoni» deb aytingiz, chunki u shaytonni ko‘rib qolgandur», — dedilar».

Jobir ibn Abdulloh raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam bunday dedilar: «Tun qanotini yozsa yoki kunni kech qilgan bo‘lsangiz, bolalaringizni (tashqariga chiqarmay, uyda) olib o‘ltiringiz, chunki aynan shul vaqtda shaytonlar atrofga tarqalgaylar. Tunning bir soati o‘tgach ersa, ularni (uyda qoldiringizda), «Bismillohir rahmonir rahiym» deb eshiklarni tambalab quyingiz, shunda shayton tambalangan eshikni ocha olmaydi».

Qayd etilgan


AbdulAziz  12 Avgust 2008, 09:56:24

Abu Hurayra raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam: «Banu Isroilga mansub bir qancha odamlar yo‘qolib qoldi, ularga nima bo‘lgani noma’lum. Men esam ularni aynan sichqonlar (kalamushlar)ning o‘zi (ya’ni, ular sichqonlarga aylantirilgan) deb hisoblayman, chunki sichqonlar tuya suti quyilsa, ichmaydi, quy suti quyilsa, ichadi», — dedilar. (Olloh taolo Banu Isroilga tuya suti birlan go‘shtini harom qilib, qo‘y suti birlan go‘shtini halol qilgandur). Men Ka’bga shul hadisni aytib bergan erdim, u  menga: «Sen bu hadisni Janob Rasulullohning o‘z og‘izlaridan eshitdingmi?» — dedi. Men unga: «Ha, o‘z og‘izlaridan eshitdim», — dedim. Ka’b takroran: «Sen bu hadisni Janob Rasulullohning o‘z og‘izlaridan eshitdingmi?» — deb so‘radi. Men (jahlim chiqib): «Janob Rasulullohdan nimaiki eshitgan bo‘lsam, aytdim, men Tavrotdan olib aytmayman!» — dedim».

Oisha raziyallohu anho: «Men Rasululloh sallallohu alayhi va sallamning sichqonni «zararkunanda» deganlarini bilaman, ammo uni o‘ldirishni buyurganlarini sira eshitmaganman», — deydilar.

Qayd etilgan


AbdulAziz  12 Avgust 2008, 09:57:21

Sa’d ibn Abu Vaqqos (esa): «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam sichqonni o‘ldirishni amr qilganlar» — deb ta’kidlaydilar.

Ummu Sharik (ham) aytadilarki, Rasululloh sallallohu alayhi va sallam sichqonlarni o‘ldirmoqni amr qilgan erkanlar.

Oisha raziyallohu anho rivoyat qiladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam: «Ustida xurmo bargiga o‘xshash ikki oq alomati bor ilonlarni o‘ldiringizlar, chunki ular ko‘zni ko‘r qilib, homilani tushiradi», — dedilar».

Oisha raziyallohu anho Janob Rasulullohning dumi kalta (to‘mtoq) ilonlarni (ham) o‘ldirmoqni amr qilganlarini aytgan erkanlar, chunki bunday ilonlar (ham) ko‘zni ko‘r qilib, homilani tushirar erkan (ya’ni, yuqorida tilga olingan ilonlarga homilador ayolning ko‘zi tushsa, bolasi tushib qolar ekan yoxud shunday ilonning ko‘zi tushgan inson darhol o‘lar yo ko‘zi ko‘r bo‘lib qolar ekan).

Qayd etilgan


AbdulAziz  12 Avgust 2008, 09:57:46

Ibn Abu Mulayka rivoyat qiladilar: «Ibn Umar ilonlarni o‘ldirar erdilar, keyin bunday qilmoqdan qaytarildilar. Ibn Umar bunday dedilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam uylarining devorlaridan birini buzganlarida kesaklar orasidan ilon po‘stini topib oldilar, shunda ul zot sahobalarga: «Qidiringlar-chi, o‘zi qaerda erkan?» — dedilar, sahobalar uni kesaklar orasidan izlab topishgach: «Uni o‘ldiringlar!» — deb amr qildilar. Shuning uchun men uni o‘ldirgan edim. Keyin, men Abu Lubobani uchratdim, shunda u menga bunday dedi: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam: «Jinlardan (xonaki oq ilonlardan) bo‘lak har qanday dumi kalta, ustida xurmo bargi yanglig‘ ikki oq alomati bor ilonlarni o‘ldiringizlar, chunki bunday ilonlar homilani tushirib, ko‘zni ko‘r qilur, ularni uldiringizlar!»— deb aytdilar».

Nofi’ aytadilarki, Ibn Umar ilonlarni o‘ldirar erkanlar. Abu Luboba Janob Rasulullohning xonaki jinlarni (xonaki oq ilonlarni) o‘ldirmoqdan qaytarganliklari haqida aytganidan so‘ng, ul kishi bunday qilmay qo‘yibdilar.

Qayd etilgan