90-bob. Islomdagi payg‘ambarlik alomatlari
Abu Rajo’ rivoyat qiladilar: «Bizga Imron ibn Husayn xabar berdilarki, ular Rasululloh sallallohu alayhi va sallam birlan birgalikda safarda bo‘lishib, tun bo‘yi yo‘l yurishibdi. So‘ng, tong otay deb qolganda dam olgani to‘xtashibdi. Shunda uyqu g‘oliblik qilib, uxlab qolishibdi, hatto Quyosh (chiqib) baland ko‘tarilib ketibdi. Ulardan birinchi bo‘lib Abu Bakr uyg‘onibdilar, lekin Rasululloh sallallohu alayhi va sallamni o‘zlari uyg‘ongunlaricha uyg‘otmabdilar. Keyin, Hazrat Umar uyg‘onibdilar, shunda Abu Bakr ul kishining boshlari yonida o‘ltirgan erkanlar. So‘ng, (Hazrat Umar o‘rinlaridan turib) baland ovoz birlan takbir ayta boshlagan erkanlar, Rasululloh sallallohu alayhi va sallam uyg‘onib, nariroqqa borib qaytib kelibdilar. «Keyin ul zot, — deydilar Imron,— biz birlan bomdod o‘qidilar. Shunda qavmdan bir kishi biz birlan namoz o‘qimay, chetroqda turdi. Janob Rasululloh (namozni tugatib) ortlariga o‘girilgach, (o‘shal kishiga): «Ey falonchi, biz birlan namoz o‘qimog‘ingga nima mone’lik qildi?»— dedilar. U: «Bulg‘anib (nahs) bo‘lib qoldim», —dedi. Shunda Janob Rasululloh unga (toza) tufroq birlan tayammum qilmoqni amr qildilar. Keyin u (tayammum qilgach), namoz o‘qib oldi. So‘ng, ul zot menga ro‘paralarida ulovlarga minib turgan kishilarni shoshirishni buyurdidar. Biz qattiq chanqab qolgan erdik. Yo‘lda ketayotib chochvon yopinib olgan bir ayolga duch keldik. (U tuya minib olgan bo‘lib), ikki oyog‘i ikki katta mesh orasida erdi. Biz unga: «Qaerda suv bor?» — dedik. U (bu atrofda) suv yo‘qligini aytdi. Biz: «(Bu yerdan) qavming yashaydirgan yer va suv bor joy oraligi qancha?» — dedik. U: «Bir kecha-kunduzlik yo‘l», — dedi. Biz: «(Unday bo‘lsa), biz birlan Rasululloh sallallohu alayhi va sallamning oldilariga yur!» — dedik. U: «Rasulullohning menda nima ishlari bor?»— deya surishtira ketdi. Biz uning gaplariga e’tibor bermay, Rasululloh sallallohu alayhi va sallamning qoshlariga olib bordik. So‘ng, men Janob Rasulullohga o‘shal ayol bizga nimaiki degan bo‘lsa, barini aytdim. Ammo (musulmonlarga tobe’ bo‘lmagan) g‘ayridin ayol erkanligini ul zotga uning o‘zi aytdi. Keyin, Janob Rasululloh uning ikkala meshini olib kelmoqni amr qildilar-da, ularning pastki og‘izlarini yechdilar. So‘ng, biz qirq kishi meshlardagi suvdan o‘zimiz ham qonib ichdik, ulovlarimizni ham sug‘ordik, hatto barcha idishlarimizni ham to‘ldirib oldik. Biroq biz bir tuyanigina sug‘ormadik, chunki u o‘zi shunday ham ko‘p suv ichib olganidan yorilib ketay deb turgan erdi. Keyin, Janob Rasululloh: «Nimangiz bo‘lsa, hammasini bu ayolga beringizlar!» — dedilar. Odamlar non burdalari va xurmolarini to‘plab unga berishdi. So‘ng, ayol o‘z oilasiga borib: «Men eng sohir odamning qoshiga bordim, (bilmadim) balki u payg‘ambardur?» — dedi. Aytishlaricha, keyin Olloh taolo o‘shal ayol tufayli uning qavmiga hidoyat qilibdi, ayolning o‘zi ham, qavmi ham musulmon bo‘libdi». [Ayolning «Men eng sohir odamning qoshiga bordim, (bilmadim) balki u payg‘ambardur?» deganining boisi shuki, Janob Rasululloh muborak kaftlari birlan meshlardagi suvdan olib, yana qaytib quyib qo‘yganlaridan so‘ng, qirq kishi ichib, ulovlar sug‘orilib va barcha idishlar to‘ldirib olinganda ham ulardagi suv zarracha kamaymadi].