Abdurrahmon ibn Abu Bakr raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «(Al-Masjid an-Nabaviydagi soyabonli) supada (yashovchilar) faqir odamlar erdi. (Bir kuni) Rasululloh sallallohu alayhi va sallam: «Kimning ikki kishiga yetadigan yeguligi bo‘lsa, (supada yashovchi kishilardan) uchtasini va kimning to‘rt kishiga kifoya qiladigan taomi bo‘lsa, (ulardan) beshtasini va kimning besh kishilik yeguligi bo‘lsa, (ulardan) oltitasini (uyiga) olib ketsin!» — deb marhamat qildilar. Shunda (otam) Abu Bakr as-Siddiq raziyallohu anhu (supa ahlidan) uchtasini. (uyimizga) olib keldilar. Rasululloh sallallohu alayhi va sallam ersalar, (ulardan) o‘ntasini olib (uylariga) ravona bo‘ldilar. O’shanda hovlimizda men, otam (Abu Bakr as-Siddiq), onam («xotinim va mening oilam birlan ota-onamga xizmat qilguvchi xodim» deb ham aytgan erdilar shekilli Abdurrahmon) istiqomat qilar erdik. (Otam) Abu Bakr as-Siddiq (mehmonlarni uyda qoldirib, o‘zlari) Rasululloh sallallohu alayhi va sallamning huzurlarida kechki ovqatni yeb keldilar, so‘ng (mehmonlar birlan birgalikda) xufton o‘qildi. Keyin, otam Rasululloh sallallohu alayhi va sallamning huzurlariga qaytib ketdilar-da, ul zot kechki ovqatni yegunlariga qadar o‘shal yerda bo‘ldilar. (Bu yerda chalkashlik bo‘lib, yuqorida Abu Bakr as-Siddiqning Janob Rasululloh huzurlarida kechki ovqatni yeb kelganlari aytilgan erdi. Imom Muslim keltirgan hadislarida «ul zotni mudroq bosgunga qadar» deyilgandur). So‘ng, (otam) Abu Bakr as-Siddiq tunning Olloh taolo iroda qilgancha (qismi) o‘tganda (uyga) keldilar. Xotinlari (ya’ni, onam) ul kishiga: «Ne sababdan mehmonlaringiz huzuriga kechikib keldingiz?» — dedilar. (Otam) Abu Bakr as-Siddiq: «Ularni ovqatlantirmadingmi?» — dedilar. (Onam): «Taom keltirilib erdi, siz kelguningizcha yemoqdan bosh tortishdi», — dedilar. Shunda men (otam urishadilar, deb) bir yerga borib berkinib oldim. (Otam) Abu Bakr as-Siddiq (meni mehmonlarga yaxshi qaramagan, deb uylab): «Ey befarosat!» — deb chaqirdilar-da, (burning yoki quloqlaring yoxud lablaring qirqilsin, degan ma’noda) qarg‘adilar. Keyin, (mehmonlarning o‘zlari kechroq ovqatlanmoqni istaganlarini bilgach): «Olingizlar, yengizlar! (Uzr, meni deb) o‘z vaqtida (taomdan) lazzatlana olmabsizlar, xudo haqi, men mutlaqo yemayman!» — dedilar. Olloh taologa ont ichamanki, (taomdan) qancha luqma olib yemaylik, (kamayish o‘rniga) tagidan tobora ko‘payib borar, hatto hamma to‘yib yegandan keyin ham ilgarigidan ko‘p erdi. (Otam) Abu Bakr as-Siddiq taomning boyagidek turganini (yoki ilgarigidan ham ko‘proq ekanligini) ko‘rib, xotinlariga (ya’ni, onamga): «Ey Firoszoda, bu ne hol?» — dedilar. (Onam): «Ko‘zim gavhari(ni yaratgan zot) haqiki, (taom) hozir ilgarigidan uch barobar ko‘p, (deb ayta olaman, xolos)» — dedilar. (Bu g‘ayri tabiiy hodisa Janob Rasulullohning mo‘‘jizalaridan biri bo‘lib, Abu Bakr as-Siddiqning qo‘llarida zohir buldi. Bu ersa, Abu Bakr as-Siddiqning karomat sohibi erkanliklarini ko‘rsatadi). Sung, (otam) Abu Bakr taomdan o‘zlari ham yegach: «Darhaqiqat, bu shaytonning qilmishi erdi (ya’ni, shaytonning vasvasasi tufayli «mutlaqo yemayman» deb qasam ichib erdim)» — dedilar. Keyin, ul kishi (mehmonlar ko‘nglini yozish uchun) yana bir luqma yegach, taomni Janob Rasulullohga (ilinib) olib ketdilar va ul zotning huzurlarida tong ottirdilar. Biz birlan bir qavm o‘rtasida sulh tuzilgan bo‘lib, uning muddati tugagach, (ular Madinaga kelishdi). Biz ulardan o‘n ikkitasini ajratib, har birini bir guruhga boshliq qilib qo‘ydik. Ammo, har birining qo‘l ostida qancha odam borligi Olloh taoloning o‘zigagina ayon». «Abdurrahmon ibn Abu Bakrning aytishicha, — deydilar roviy Abu Usmon, — o‘sha kishilarning barchasi Abu Bakr as-Siddiq keltirgan taomdan tanovul qilishdi».