Oisha raziyallohu anho rivoyat qiladilar: «Darhaqiqat, Rasululloh sallallohu alayhi va sallam vafot qilganlarida (otam) Abu Bakr Sunh degan yerda erdilar. (Ismoil: «Sunh — bu Oliyadur», — deydilar). Shunda Hazrat Umar: «Olloh taolo haqi, Rasululloh sallallohu alayhi va sallam o‘lgan emaslar! Olloh taolo haqi, ul zotdan bo‘lak hech kimsaga qalbimizda o‘rin yo‘q erdi! Olloh taolo ul zotni albatta qayta tiriltirur va ul zot hali (ko‘plab) kishilarning (mushriklarning) qo‘lu oyoqlarini qirqurlar!» — dedilar. Keyin, (otam) Abu Bakr kelib, Rasululloh sallallohu alayhi va sallamning yuzlarini ochdilar-da, ul zotni o‘pdilar. So‘ng: «Ota-onam sizga fido bo‘lsinlar, hayotligingizda ham xushro‘y erdingiz, vafot qilganingizda ham xushro‘ysiz! Jonim qo‘lida bo‘lgan zot haqi, Olloh taolo sizga aslo ikki o‘lim bermas!» — deya tashqariga chiqdilar-da, (Hazrat Umar: «Olloh taolo haqi, parvardigor ul zotni albatta qayta tiriltirur!» — deb aytganlari uchun): «Ey ont ichguvchi, o‘ylab gapir!» — dedilar. Abu Bakrning bu gaplaridan Hazrat Umar o‘ltirib qoldilar. Abu Bakr Olloh taologa hamdu sanolar aytgach: «Kimda kim Muhammad (alayhissalom)ga ibodat qilgan bo‘lsa, ul zot vafot qildilar va kimda kim Olloh taologa ibodat qilgan bo‘lsa, u (hamisha barhayot) bo‘lib, (sira) o‘lmas! Olloh taolo: «(Ey Muhammad), darhaqiqat siz ham o‘lguvchidursiz, ular ham (boshqalar ham) o‘lguvchidurlar» («Zumar» surasi, 30-oyat) — deb aytgandur. Shuningdek, Olloh taolo: «Muhammad bir payg‘ambar, xolos. Undan ilgari ham payg‘ambarlar o‘tgandur. Agar u (ya’ni, Muhammad alayhissalbm) vafot qilsa yoki o‘ldirilsa, (Islomdan yuz o‘girib) ortingizga (kufrga) qaytursizlarmi?! Kimda kim ortiga qaytsa, Ollohga zarracha ziyon yetkaza olmas, (bilaks o‘ziga zarar keltirur). Olloh shukrguzorlarni mukofotlagusidur!» («Oli Imron» surasi, 144-oyat) — deb ham aytgandur»,— dedilar. «Shunda, — deydilar Ibn Abbos raziyallohu anhu, — odamlar o‘kirib yig‘lab yuborishdi. Keyin, ansorlar Banu So’ida ayvonida o‘ltirgan Sa’d ibn Ubodaning huzuriga to‘planishdi. Ular: «Bir gal bizlardan (ya’ni, ansorlardan) va bir gal sizlardan (ya’ni, muhojirlardan) amir (xalifa) bo‘lmog‘i lozim», — deyishdi. Keyin, Abu Bakr as-Siddiq, Hazrat Umar ibn al-Xattob va Abu Ubayda ibn al-Jarroh ularning huzuriga borishdi. Shunda Hazrat Umar gapira boshlagan erdilar, Abu Bakr ul kishini jim qildilar. (Shul voqea xususida Hazrat Umar: «Olloh taolo haqi, men o‘zimni katta tutib, ul kishidan ilgari gapirmoqchi ermasdim, balki Abu Bakr aytmoqchi bo‘lgan gaplarini ularga tushuntira olmaydilar, deb xavotir olganimdan o‘zimga ma’qul so‘zlarni avvaldan o‘ylab qo‘ygan erdim», — deydilar). So‘ng, Abu Bakr o‘zlari eng so‘zamol kishilar singari ravon va sodda qilib: «Bizlar amir va sizlar vazir bo‘lmog‘ingiz lozim», — dedilar. Shunda Habbob ibn al-Munzir: «Yo‘q, bo‘lmaydi, Olloh taolo haqi, o‘zimizdan ham, sizlardan ham amir qilmaymiz!» — dedi. Abu Bakr as-Siddiq: «Yo‘q, bo‘lmaydi, bizlar amir va sizlar vazir bo‘lmog‘ingiz lozim, Quraysh Makka arablarining boylik va nasl-nasab jihatidan o‘rta holidurlar. Umar ibn al-Xattobga yoki Abu Ubayda ibn al-Jarrohga bay’at qilingizlar!» — dedilar. Hazrat Umar: «Aksincha, sizning o‘zingizga bay’at qilurmiz, siz bizning ulug‘imiz, eng yaxshimiz va Janob Rasulullohga eng mahbubimizsiz!» — dedilar-da, Abu Bakrning qo‘llarini olib, ul kishiga bay’at qildilar. So‘ng, qolganlar ham bay’at qilishdi. Shunda bir (kishi kinoya birlan): «Sa’dni o‘ldirdingizlar!» — dedi. Hazrat Umar: «Uni Olloh taolo o‘ldirdi!»— deb javob qildilar». («Ya’ni, Abu Bakrga bay’at qilganintiz birlan xalifalik xususida ansorlarni muhojirlarga qarshi qo‘zg‘agan Sa’d ibn Ubodani pichoqsiz so‘ydingizlar!» — deb kinoya qildi).