Imom al-Buxoriy. Al-jome' as-sahih (2-jild)  ( 502879 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 94 95 96 97 98 99 100 101 102 103 104 ... 111 B


AbdulAziz  21 Avgust 2008, 10:01:07

Sa’d ibn Abu Vaqqos: «Men Islomga kirgan kundan bo‘lak kuni hech kim Islomga kirmadi, men yetti kun (Makkada) turib, Islomga uchinchi bo‘lib kirdim», — deydilar.

Sa’d ibn Abu Vaqqos: «Men Olloh taolo yo‘lida birinchi bo‘lib o‘q otgan arabdurman. Biz (sahobalar) Rasululloh sallallohu alayhi va sallam birlan birga g‘azot qilur erdik, daraxt barglaridan o‘zga yeguligimiz bo‘lmas erdi, hattoki ba’zi birimizning ichimiz tuya tezagi yoki qo‘y qumalog‘i kabi erdi. Keyin, Banu Asad menga: «Namozni yaxshi ado etmaysan, ilgarigi amali solihlaringni habata qilding!» — deb tanbeh bera boshladi».

Qays: «Banu Asad (o‘shanda) Sa’dni Hazrat Umarning huzurlariga olib borishib: «Sa’d namozni yaxshi ado etmaydi» — deb shikoyat qilishgan erdi», — deydilar.

Qayd etilgan


AbdulAziz  21 Avgust 2008, 10:01:17

16-bob. Rasululloh sallallohu alayhi va sallamning kuyovlari, xususan ulardan Abu al-Os ibn ar-Rabiy’ haqida

Misvar ibn al-Maxrama raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Hazrat Ali Abu Jahlning qizi (Juvayriya)ga uylanmoqchi buldilar. Fotima alayhossalom buni eshitib qolib, Rasululloh sallallohu alayhi va sallamning huzurlariga keldilar-da: «Qavmingiz ta’kidlashayotirki, siz qizlaringizga aziyat yetkazilsa, darg‘azab bo‘lmas emishsiz. Anavi Ali ersa mening ustimga Abu Jahlning qiziga uylanmoqchi», — dedilar. Shunda men Rasululloh sallallohu alayhi va sallamning o‘rinlaridan turib kalimai shahodat aytgach, bunday deganlarini eshitdim: «Ammo ba’d, men (katta qizim Zaynabni) Abu al-Os ibn ar-Rabiyga nikohlab bergan erdim, u (qizim ustiga uylanmaslikka menga va’da berib) so‘zining ustidan chiqdi. Fotima mening bir bo‘lagimdur, men unga biror kimsaning yomonlik qilmog‘ini istamasman. Olloh taolo haqi, Rasululloh sallallohu alayhi va sallamning qizi birlan Olloh taoloning dushmani (bo‘lmish Abu Jahlning) qizi bir erning nikohida bo‘lmas!» — dedilar. Shundan so‘ng, Hazrat Ali o‘shal qizga uylanmadilar».

Bu yerda yuqoridagi hadis qisqacha takrorlangan.

Qayd etilgan


AbdulAziz  21 Avgust 2008, 10:01:31

17-bob. Rasululloh sallallohu alayhi va sallamning ozod qilgan qullari Zayd ibn Horisaning manoqiblari

Baro raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam Zayd ibn Horisaga: «Sen bizning birodarimiz va mavlomizsan!» — deb marhamat qildilar».

Abdulloh ibn Umar raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam (Rum tarafga yuborish uchun) qo‘shin tayyorlab, unga (Zayd ibn Horisaning o‘g‘illari) Usoma ibn Zaydni amir qilib tayinladilar. (Usomaning otalari Zayd ibn Horisa Rum tarafda halok bo‘lgan erdilar). Shunda ayrim (muhojiru ansorlar) Usomaning amir qilib tayinlanganiga e’tiroz bildirishdi, (chunki ul kishi sobiq qulning o‘g‘li erdilar). Rasululloh sallallohu alayhi va sallam (darg‘azab bo‘lib): «Usomaning amirligiga e’tiroz bildirsangizlar, bundan ilgari uning otasi (Zaydning) amir bo‘lganiga ham e’tiroz bildirgan bo‘lursizlar. Olloh taologa ont ichamanki, Zayd amirlikka haqlig‘ va menga eng mahbub kishi bulgan erkan, demak bu (Usoma) ham (otasidan keyin) menga eng mahbub kishi bo‘lib qolgusidur!» — dedilar».

Qayd etilgan


AbdulAziz  21 Avgust 2008, 10:01:51

Oisha raziyallohu anho rivoyat qiladilar: «(Bir kuni men hujramda hijobda o‘ltirgan erdim), Rasululloh sallallohu alayhi va sallam ham shu yerda erdilar. Usoma ibn Zayd va (uning otasi) Zayd ibn Horisa ikkalalari ersa (ustlariga chopon yoki choyshab yopinib) yotishgan bo‘lib, (ularning faqat oyoqlarigina ko‘rinib turgan erkan). Bir mahal, bir topqir kishi (ya’ni, Mujazziz al-Midlajiy) hujramga kirib kelibdi-da, (ularning oyoqlariga qarab): «Darhaqiqat, bul oyoqlar biri ikkinchisidandur» (ya’ni, ota-bolaning oyoqlaridur), — debdi. Shunda Rasululloh sallallohu alayhi va sallam uning topqirligidan mamnun bo‘libdilar hamda taajjub qilibdilar».

Urva raziyallohu anhu: «Keyin, Rasululloh sallallohu alayhi va sallam buni Oishaga aytdilar», — deydilar.

Qayd etilgan


AbdulAziz  21 Avgust 2008, 10:02:17

18-bob. Usoma ibn Zayd haqlarida

Oisha raziyallohu anho rivoyat qiladilar: «Quraysh ahli Banu Mahzum urug‘iga mansub (o‘g‘rilik qilgan) bir ayolning taqdiriga qiziqib: «Bul xususda Rasululloh sallallohu alayhi va sallamga ul zotning suyuklilari Usoma ibn Zayddan bo‘lak kim ham gapira olardi!» — deyishdi».

Oisha raziyallohu anho rivoyat qiladilar: «Banu Mahzum urug‘iga mansub (Fotima ismli) bir ayol (birovning taqinchog‘ini) o‘g‘irladi. Shunda (Quraysh ahli): «Bu ayolning (qo‘lini kestirmangiz, deb) Rasululloh sallallohu alayhi va sallamga kim gapira olur?» — deyishdi. Ammo, ul zotga gapirmoqqa biror kimsa jur’at qilolmay, faqat Usoma ibn Zaydgina botinib gapira oldi. Janob Rasululloh (unga javoban): «Banu Isroil, agar oralaridan biror aslzoda kishi o‘g‘rilik qilsa, unga tegmaganlar va agar biror bechorahol o‘g‘rilik qilsa, uning qo‘lini kesganlar. Basharti o‘g‘rilik qilgan (o‘shal) Fotima (mening qizim) bo‘lganida ham, albatta qo‘lini kesgan bo‘lur erdim!» — dedilar».

Qayd etilgan


AbdulAziz  21 Avgust 2008, 10:02:34

19-bob.

Abdulloh ibn Dinor raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Ibn Umar bir kuni masjidda erkanliklarida bir kishining ko‘ylaklaridan tortib masjidning bir tarafiga qaramoqqa undayotganini ko‘rdilar. Keyin, u: «Qarang, anavi yerda turgan kim? Qani endi, o‘sha mening o‘g‘lim bo‘lib qolsa!» — dedi. Shunda boshqa bir odam unga: «Ey Abu Abdurrahmon, ammo uning kim erkanligini bilursanmi? U Muhammad ibn Usomadur (ya’ni, Usoma ibn Zaydning o‘g‘li Muhammaddur)», — dedi. Ibn Umar boshlarini sarak-sarak qildilar va qo‘llari birlan yerni ura turib: «Agar uni Rasululloh sallallohu alayhi va sallam ko‘rganlarida erdi, albatta sevib qolgan bo‘lur erdilar!» — dedilar».

Usoma ibn Zayd raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam men birlan (nabiralari) Hasanni ko‘tarib olardilar-da: «Yo parvardigoro, bularni (O’zingga) mahbub qilgaysen, chunki men bularni yaxshi ko‘rurmen!» — der erdilar».

Qayd etilgan


AbdulAziz  21 Avgust 2008, 10:02:48

20-bob. Abdulloh ibn Umar ibn al-Xattob raziyallohu anhuning manoqiblari

Ibn Umar raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallamning hayotlik vaqtlarida bir kishi bor erdi, u agar tush ko‘rsa, darhol ul zotga aytib berar erdi. O’shal kezlarda men masjidda yotib yurguvchi bir bo‘ydoq yigitcha bo‘lib, «Qani endi, men ham bir tush ko‘rsam-u, uni Janob Rasulullohga aytib bersam!» — deb orzu qilur erdim. Nihoyat, bir kuni tush ko‘rdim. Tushimda go‘yo ikki farishta meni ushlab jahannam tomon olib borishgan emish. Jahannamning atrofi (ya’ni, og‘zi) quduq (og‘zi) singari (erdan) ko‘tarib qurilgan bo‘lib, (quduqniki kabi) ikki ustuni bor emish. Jahannamda men ilgari tanigan odamlar bor bo‘lib, «Yo parvardigoro, meni jahannamdan o‘z panohingda asragil! Yo parvardigoro, meni jahannamdan o‘z panohingda asragil!» — der emishman. Keyin, bizga boshqa bir farishta duch kelib, u menga: «Qo‘rqma!» — degan emish. Sung, men bu tushimni Hafsaga aytib berdim, u ersa Rasululloh sallallohu alayhi va sallamga aytib beribdi. Janob Rasululloh: «Abdulloh o‘zi ajoyib (solih) yigit, qani endi, kechalari turib namoz o‘qisa!» — deb marhamat qilibdilar».

Solim raziyallohu anhu: «Shundan so‘ng, Abdulloh kechalari juda kam uxlaydigan bo‘lib qoldi», — deydilar.

Qayd etilgan


AbdulAziz  21 Avgust 2008, 10:03:01

21 -bob. Ammor va Huzayfa raziyallohu anhumoning manoqiblari

Alqama ibn Hays raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Men Shomga kelib, ul yerdagi masjidda ikki rak’at namoz o‘qidim. So‘ng: «Yo parvardigoro, menga bir solih hamsuhbat ato etsang, behad mamnun bo‘lur erdim!» — dedim-da, bir qavmning yoniga borib o‘ltirdim. Shunda bir keksa kishi kelib yonimga o‘ltirdi. Men odamlardan: «Bul kishi kim?» — deb so‘radim. Ular: «Abu ad-Dardo’», — deyishdi. Men Abu ad-Dardo’ga: «Boya men o‘zimga bir solih hamsuhbat so‘rab Olloh taologa iltijo qilgan erdim, mana sizni hamsuhbat qilib, meni ko‘p baxtiyor etdi», — dedim. Abu ad-Dardo’: «Qaerliksan?» — dedilar. Men: «Kufa ahlidanman», — dedim. Abu ad-Dardo’: «Janob Rasulullohga poyabzallarini kiygizib qo‘yguvchi, boshlariga yostiq qo‘yguvchi va ul zotga obdasta tutguvchi Ibn Ummu Abd (ya’ni, Ibn Mas’ud) sizlarda emasmilar?» — dedilar. (Men: «Ha, bizdalar», — dedim). So‘ng, Abu ad-Dardo’ yana: «Olloh taolo o‘z Rasuli sallallohu alayhi va sallamning tillari birlan (ya’ni, duolari tufayli) shaytondan himoya qilgan kishi (ya’ni, Ammor) oralaringizda emasmilar?» — dedilar. (Men: «Ha, borlar»,— dedim). Abu ad-Dardo’ yana: «O’zidan bo‘lak hech kim bilmaydirgan sirdan voqif kishi (ya’ni, Huzayfa) oralaringizda emasmilar?» — dedilar. (Men: «Ha, borlar», — dedim). Keyin, Abu ad-Dardo’: «Abdulloh (ibn Mas’ud) «Vallayli izo yag‘sho vannahori izo tajallo» oyatini qanday qiroat qilur erdilar?» — dedilar. Shunda men ul kishiga: «Val-layli izo yag‘sho van-nahori izo tajallo vazzakari val-unso» — deb «va mo xalaqa» so‘zlarisiz qiroat qilib berdim. Abu Dardo’: «Olloh taolo haqi, Rasululloh sallallohu alayhi va sallam bu oyatni menga qiroat qildirib, o‘z og‘izlaridan (tillaridan) mening og‘zimga (tilimga) o‘tkazganlar», — dedilar» (ya’ni, «va mo xalaqa» so‘zlari yo‘q erdi» demoqchilar).

Bu yerda yuqoridaga hadis mazmunan takrorlangan.

Qayd etilgan


AbdulAziz  21 Avgust 2008, 10:03:12

22-bob. Abu Ubayda ibn al-Jarroh raziyallohu anhuning manoqiblari

Anas ibn Molik raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam: «Har bir ummatning (o‘z) ishonchli kishisi bor, bizning ishonchli kishimiz ersa, ey ummat(im), Abu Ubayda ibn al-Jarrohdur» — deb marhamat qildilar».

Huzayfa raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam Najron ahliga: «Men sizlarga chin ishonchli kishini yuborurman», — dedilar. Shunda ul zotning sahobalari o‘rinlaridan turishdi, (chunki ularning har biri meni yuborsalar kerak, deb umid qilgan erdi). Ammo, ul zot Abu Ubaydani yubordilar».

Qayd etilgan


AbdulAziz  21 Avgust 2008, 10:03:29

23-bob. Mus’ab ibn Umayr zikri

Bu yerda ushbu bobga taalluqli birorta hadis keltirilmagan.

24-bob. Hasan va Husayn raziyallohu anhumo manoqiblari

Abu Hurayra raziyallohu anhu: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam (nabiralari) Hasanni quchoqlab, (bag‘irlariga bosdilar)», — deydilar.

Abu Bakra raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam (nabiralari) Hasanni yonlariga olib minbarga o‘ltirdilar. Hasan bir odamlarga va bir ul zotga jovdirab qarar erdi. Shunda ul zot: «Mening mana bu o‘g‘lim (nabiram) sayyiddur. Shoyad Olloh taolo uning vositasi ila musulmonlarning ikki guruhini yarashtirsa!» — dedilar».

Qayd etilgan