18-bob. Ko‘chat (ekin) ekish haqida
Sahl ibn Sa’d raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Biz jum’a kuni kelsa, xursand bo‘lur erdik. Chunki, bizning bir kampirimiz bo‘lib, jum’a kuni u biz ariqlar bo‘yiga ekib qo‘ygan qand lavlagidan olardi-da, unga bir oz arpa qo‘shib, qozonda qaynatib qo‘yar erdi. Olloh taolo haqi, ul taomda na go‘sht va na yog‘ bo‘lar erdi. Biz har safar jum’ani o‘qib bo‘lib, o‘shal kampirni ko‘rgani borar, ul ersa bizga mazkur taomdan keltirar va biz uni tanovul qilar erdik. Jum’a kunidan xushnud bo‘lishimizning boisi shul erdi. Biz (o‘shal kezlarda) jum’ani o‘qigachgina tushlik va qaylula qilar erdik».
Abu Hurayra raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Odamlar: «Abu Hurayra Rasululloh sallallohu alayhi va sallamning hadislarini ko‘p aytur, muhojir va ansorlar ersa ul zotning hadislarini Abu Hurayrachalik ko‘p bilmaslar», — deyishur. (Buning boisi) — muhojir birodarlarim bozorlarda bor-baraka qilish birlan band bo‘lishgan kezlarda men qornim to‘yishi birlan kifoyalanib Janob Rasulullohning xizmatlarini qilib yurdim, ular bulmagan joylarda bo‘ldim, ular eshitmagan narsalarni eshitib, yod oldim. Shuningdek, ansoriy birodarlarim o‘z mol-mulklari (va ekin ekish) ishlari birlan band erdilar. Men ersam, bir miskin sifat odam bo‘lib, ular eshitmagan narsalarni eshitib, yod oldim. Janob Rasululloh bir kuni: «Kimki ushbu hadisimni tugatgunimcha kiyimini yerga yoyib o‘ltirib, hadisimni tugatganimdan keyin, uni yig‘ib olib bag‘riga bossa, mendan eshitganlarini yoddan chiqarmaydigan bo‘lur», — dedilar. Shunda men chakmonimni yerga yoyib qo‘ydim, hadis tugagach, uni olib bag‘rimga bosdim. Shu-shu Janob Rasulullohdan nimaiki eshitsam, yodimda qoladigan bo‘ldi».