22-bob. Agar bir jamoa bir qavmga hadya qilsa...
Misvar ibn Maxrama raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam, Havozin qabilasi elchilari huzurlariga musulmon bo‘lib kelib, (o‘lja olingan) mollari birlan asir olingan odamlarini qaytarib berishlarini iltimos qilishganda, ularga: «Men birlan turgan (askar)larni ko‘rib turibsizlar, mening uchun eng mahbub so‘z — rost so‘zdur! Ikki narsadan birini — yo asir olingan odamlaringizni yoxud o‘lja olingan mollaringizni (qaytarib bermog‘imni) tanlangizlar, men sizlarni kutib, (ularni taqsimlamay turgan erdim)», — dedilar. Darhaqiqat, Janob Rasululloh Toifdan (Ji’ronaga) qaytganlarida o‘n kecha (kunduz)dan ortiq ularni kutgan erdilar. Havozin elchilari Janob Rasulullohning ikki narsadan birinigina qaytarib bermoqlarini anglashgach, (ul zotga): «Biz asir olingan odamlarimizni tanladik», — deyishdi. Shunda Janob Rasululloh musulmonlar orasida tik turgancha Olloh taolo sha’niga uning o‘zi bildirgan hamdu sanolarni aytdilar, so‘ng: «Ammo ba’d, dar-haqiqat mana bu birodarlaringiz bizning huzurimizga tavba qilib kelishibdi, men ularning asir olingan odamlarini o‘zlariga qaytarib bermog‘imni ma’qul ko‘rdim. Sizlardan kimda-kim (o‘z asirini, evaziga biror narsa olmay), qaytarib bermoqni istasa, qaytarib bersin va kimda-kim biror narsa badaliga qaytarib bermoqchi bo‘lsa, ul ham qaytarib beraversin, biz unga Olloh taolo ato etadirgan dastlabki o‘ljalardan ulush (hadya) berurmiz!» — dedilar. Odamlar: «Yo Rasulalloh, siz ularga shuni ravo ko‘rgan erkansiz, biz ham shuni ma’qullaymiz!» — deb aytishdi. Janob Rasululloh ularga: «Biz qaysi biringiz bunga rozisiz, qaysi biringiz rozi emassiz, bilmasmiz, boringizlar, oqsoqollaringiz (barchangizning fikringizni bilgach), bizga kelib xabar qilsinlar!»— dedilar. Odamlar (oqsoqollari qoshiga) qaytishdi. Oqsoqollar ular birlan fikrlashib olgach, Janob Rasulullohning huzurlariga borishib, barchalarining shuni (ya’ni, asirlarni evaziga biror narsa olmay, qaytarib berishni) ma’qul ko‘rib, rozilik bildirishganini xabar qilishdi».