17-bob. Shirk ahlidan guvohlik va boshqa narsalar so‘ralmas!
Sha’biy: «(Islomdan bo‘lak) dinlar ahlining bir-birlariga guvohliklari joiz ermas», — deydilar. Chunki, Olloh taolo: «Ularning o‘rtalariga to Qiyomat nafratu adovat solib qo‘ydik», — deydi («Moida» surasi, 14-oyat).
Abu Hurayra raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam: «Kitob ahliga ishonmangizlar ham, ularni yolg‘onchi qilmangizlar ham, (yaxshisi): «Ollohga va bizga nozil qilingan Kitobga va Ibrohim, Ismoil, Ishoq, Ya’qubga va o‘shal urug‘-avlodga nozil qilingan narsalarga, Muso va Isoga berilgan narsalarga va barcha payg‘ambarlarga parvardigor tarafidan berilgan narsalarga ishondik. Biz ulardan birortasini ajratmasmiz va biz ul zotga (Olloh taologa) buyinso‘nguvchilarmiz, deb aytingizlar», — dedilar». (Janob Rasululloh bul so‘zlarni «Baqara» surasining 136-oyatidan olib aytdilar).
Ibn Abbos raziyallohu anhu bunday dedilar: «Ey musulmonlar jamoasi, Olloh taolo o‘z Rasuli sallallohu alayhi va sallamga nozil qilgan Kitobingiz Olloh taolo xususida eng yangi xabar bo‘la turib va sizlar uni qiroat qila turib, qandayin kitob ahlidan (ularning dinlari xususida) so‘raysizlar? Kitob ahlining parvardigor yozganini o‘zgartirganlari va o‘z qo‘llari birlan Kitobni qayta yozganlari hamda Ollohga bergan va’dalarini oz bahoga sotish uchun uni Olloh nozil qilgan, deb aytganlari haqida Olloh taolo sizlarga xabar qilganiga hech qancha vaqt bo‘lgani yo‘q-ku! o‘zlaringizga nozil qilingan ilm ulardan so‘ramog‘ingizni man’ qilmaydimi?! Olloh taolo haqi, ulardan biror kishining o‘zlaringizga nozil qilingan narsa xususida sizlardan so‘raganini sira ko‘rgan ermasmiz!».
18-bob. Mushkul (ikki yoki undan ortiq kishilar o‘rtasida tortishuv chiqishiga sabab bo‘ladirgan) hollarda qur’a tashlamoq haqida
Abu Hurayra raziyallohu anhu: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam bir qavmga qasam ichmoqni taklif qilib erdilar, ular shoshib (bir-biriga navbat bermay) qasam ichishga tushishdi. Shunda ul zot ulardan qaysi biri birinchi bo‘lib qasam ichmog‘ini aniqlab olish uchun o‘rtalarida qur’a tashlamoqni amr qildilar».
Nu’mon ibn Bashir raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam bunday deb marhamat qildilar: «Amri maruf va nahiy munkar qilguvchi kishi birlan amri ma’rufni ado etmay, munkar ishlarni qilib gunohkor bulayotgan kishi go‘yoki o‘zaro qur’a tashlab bir kemani sherikchilikka ijaraga (yoxud mulk qilib) olgan qavmga o‘xshaydi. Ul qavm kimga kemaning qaeridan joy tegishini aniqlash uchun o‘rtalarida qur’a tashlashadi, shunda ba’zilariga kemaning yuqorisidan va ba’zilariga pastidan joy tegadi. Keyin, kemaning pastidan joy olgan kishilar suv olgani kemaning tepasidan joy olganlar huzuriga hadeb boraverib, ularni bezor qilishadi. Shunda kemaning tepasidan joy olganlar uning pastidan joy olganlarga: «Agar qur’a tashlaganimizda kemaning pasti bizga nasib qilgan bo‘lganida, tepamizdagilarga sira aziyat yetkazmas erdik!» — deyishadi. Buni eshitib, kemaning pastidagilardan biri qo‘liga bolta oladi-da, kemaning tubini tesha boshlaydi. Shunda kemaning tepasidan joy olganlar uning oldiga kelib: «Ne qilayotirsan?» — deyishadi. U: «Hadeb huzurlaringizga boraverib, sizlarga aziyat yetkazayotirman, menga ersa suv kerak!» — deydi. Agar ular uning qo‘lidan ushlab, kemani teshmog‘iga yo‘l qo‘ymasalar, uni ham, o‘zlarini ham halokatdan qutqarib qoladilar va agar uni o‘z holiga qo‘yib quysalar, uni ham, o‘zlarini ham halok qiladilar».
Xorija ibn Zayd al-Ansoriy raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Ansorlar o‘z uylaridan muhojirlarga joy berish uchun o‘zaro qur’a tashlaganlarida Usmon ibn Maz’un Ummulaloning qur’asiga chiqdi. Ummulalo bunday deydilar: «Shunday qilib, Usmon ibn Maz’un bizning uyimizda yashay boshladilar. Keyin, xastalanib yotib qoldilar, biz ul kishini to vafot qilgunlariga qadar parvarish qildik. So‘ng, jasadlarini kiyimlari birlan kafanlab qo‘ydik. (Shu asnoda) Janob Rasululloh ul kishini ko‘rgani huzurimizga kirib erdilar, men: «Olloh taolo sizni rahmat qilsin, ey Abo Soib! Ko‘rib turibmanki, Olloh taolo sizni rahmat qilgandur!» — dedim. Shunda Janob Rasululloh menga: «Olloh taolo bul kishini rahmat qilganini sen qaerdan bilursan?!» — dedilar. Men: «Ota-onam sizga fido bo‘lsinlar, yo Rasulalloh! Men buni bilmasman»,— dedim. Janob Rasululloh: «Usmon qazo qildi, Olloh taolo haqi, men unga faqat yaxshilikni tilarman! Olloh taolo haqi, men o‘zim Ollohning Rasuli bo‘la turib, (Qiyomatda) menga ne qilinmog‘ini bilmasman!» — dedilar. Shundan buyon men, Olloh taolo haqi, biror mayyitni maqtamaydirgan bo‘ldim».
Oisha raziyallohu anho rivoyat qiladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam, agar safarga chiqmoqni iroda qilsalar, xotinlari o‘rtasida qur’a tashlar, qur’a ulardan qaysinisiga chiqsa, o‘shal birlan safar qilur erdilar. Shuningdek, Janob Rasululloh (muqimliqtsa) xotinlaridan har biri uchun bir kecha-kunduz vaqt ajratgan erdilar. (Bir kuni) Savda binti Zam’a ul zotning ko‘ngillarini olish uchun o‘z kunini Oishaga tuhfa qilgan erdi».
Abu Hurayra raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam: «Agar odamlar azon birlan (namozxonlarning) birinchi safida qanchalar xayru barakot borligini bilganlarida erdi, (masjidga azonga qadar yetib kelib, birinchi safdan joy olish uchun) o‘rtalarida qur’a tashlashdan bo‘lak iloj topolmay, qur’a tashlagan bo‘lur erdilar! Agar odamlar takbirda qanchalar xayru barakot borligini bilganlarida erdi, unga (barvaqtroq yetib kelish uchun) kim o‘zarga musobaqalashgan bo‘lur erdilar! Agar odamlar xufton va bomdodda qanchalar xayru barakot borligini bilganlarida erdi, ularga emaklab bo‘lsa ham, kelur erdilar!» — dedilar».