Imom al-Buxoriy. Al-jome' as-sahih (2-jild)  ( 502501 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 41 42 43 44 45 46 47 48 49 50 51 ... 111 B


AbdulAziz  21 Iyul 2008, 09:05:21

10-bob. Olloh taolo yo‘lida jarohatlanganlar haqida

Abu Hurayra raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam: «Jonim qo‘lida bo‘lgan zot haqi, Olloh taolo yo‘lida (ya’ni, jihodda, zolim hukmdorlarga qarshi jangda va o‘z haq-huquqini himoya qilish, qaroqchi va o‘g‘rilar birlan olishish hamda amri ma’ruf va nahiy munkar qilish jarayonida) qaysi bir musulmon jarohatlanmasin, Olloh taolo ersa qaysi bandasi o‘zining yo‘lida jarohatlanganini yaxshi bilur, Qiyomat kuni jarohatidan qon oqib turgan va rangi qon rangi, hidi mushk hidi (yanglig‘) holda kelib, (Olloh taologa ro‘baro‘ bo‘lur)» — deb marhamat qildilar». (Ya’ni, yuqorida zikr qilingan kurashlarda ishtirok qilgan har bir musulmon mujohid bo‘lib, agar jarohatlanib qazo qilsa, shahiddur).

Qayd etilgan


AbdulAziz  21 Iyul 2008, 09:06:14

11-bob. Olloh taoloning qavli: «(Ey Muhammad, siz ularga): «Sizlar biz xususimizda ikki yaxshilik (ajru o‘lja olmoq va shahidligu jannatga kirmoq)dan birigagina muntazirdursizlar» — deb ayting!» («Tavba» surasi 52-oyat)

Abu Sufyon raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Hiraql menga bunday dedi: «Men sendan: «Unga (ya’ni, Janob Rasulullohga) qarshi qilgan janglaringiz qanday bo‘lgan erdi?» — deb so‘radim. Shunda sen urushning (quduqqa tashlanganda bir gal ko‘p va bir gal kam suv tortib oladirgan) chelak (kabi) ekanligini aytding. Ha, shuningdek payg‘ambarlar ham bir mag‘lub va bir g‘olib bo‘lib turadi».

Qayd etilgan


AbdulAziz  21 Iyul 2008, 09:06:57

12-bob. Olloh taoloning qavli: «Mo‘minlar orasida shunday kishilar borki, ular o‘zlari Ollohga bergan ahdu paymonlariga (ya’ni, Olloh taolo yo‘lida jihod qilib shahid bo‘lmoqlik haqidagi ahdu paymonlariga) vafo qildilar. Ulardan (bir qanchasi) o‘z ahdiga vafo qilib, (shahid bo‘ldi, qolganlari) ersa (shahidlikka) muntazirdurlar. Ular (munofiqlar yanglig‘ o‘z ahdlarini) o‘zgartirganlari yo‘q» («Ahzob» surasi, 23-oyat)

Anas ibn Molik raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Amakim Anas ibn an-Nazr raziyallohu anhu Badr janggida bo‘lmadilar. Keyin, ul kishi: «Yo Rasulalloh, siz mushriklarni qirgin qilgan dastlabki jangda bo‘lmadim. Agar Olloh taolo mushriklarga qarshi qilingan (o‘shal) jangda ishtirok etmog‘imni nasib etganida, nimalar qilishimni bir ko‘rgan bo‘lur erdi», — dedilar. Keyin, Uhud kunidagi jangda musulmonlar yengilib (qochdilar). Shunda amakim: «Yo parvardigoro, do‘stlarim qilgan ish uchun senga uzr aytaman hamda mushriklar qilgan ishdan xalos etmog‘ingni surayman!» — dedilar. (Ya’ni, do‘stlarining jangda mag‘lub bo‘lib qochganlari uchun parvardigordan uzr suradilar hamda mushriklarning jangda g‘olib kelib, musulmonlarning uldirilmog‘idan o‘z panohida asramog‘ini tiladilar). So‘ng, amakim (mushriklar tomon) yurib erdilar, (qochib kelayotgan) Sa’d ibn Muoz yo‘liqdilar. Shunda amakim: «Ey Sa’d ibn Muoz, (jangda shahid bo‘lib) jannatga (kirmoqni istarman), Nazrning parvardigori haqi, men Uhud (tog‘i) tomondan (jannat) hidi kelayotganini sezib turibman!» — dedilar. (Ya’ni, «Uhud etagida turgan mushriklarni tor-mor qilish birlangina jannatga erishmog‘imni yaxshi bilurman», — dedilar). Sa’d (ul kishiga javob berish o‘rniga): «Yo Rasulalloh, u kabi (ya’ni, Anas ibn an-Nazr kabi jasorat ko‘rsatish) qo‘limdan kelmadi», — dedilar. (Keyin, amakim Anas ibn an-Nazr mushriklarga qarshi jangga kirib shahid bo‘ldilar). So‘ng, biz ul kishining (jasadlarida) qilich, nayza yoki kamon o‘qi zarbasidan hosil bo‘lgan saksondan ortiq jarohat borligini ko‘rdik. Ul kishini mushriklar shul qadar pora-pora qilib tashlagan erdiki, biror odam taniy olmadi, hatto o‘zlarining singillari ham barmoqlaridan (yoki tirnoqlaridan arang) tanidi. Biz (Olloh taoloning) «Mo‘minlar orasida shunday kishilar borki, ular o‘zlari Ollohga bergan ahdu paymonlariga vafo qildilar...» deb boshlanadirgan (yuqoridagi) oyati karimalarini ul kishi va ul kishiga o‘xshash (jasorat ko‘rsatib, shahid bo‘lgan) musulmonlar haqida nozil qilingan, deb hisoblar erdik.
(Bir kuni) ul kishining (ya’ni, Anas ibn an-Nazrning) Rubayyi’ ismli singillari bir ayolning kurak tishini (urib) sindirib quydi. Shunda (Rubayyi’ning qarindoshlari tishi singan ayolning qarindoshlaridan) uni afv etmoqlarini iltimos qilishdi (ya’ni, jarima badaliga). Ammo, ular (bunga) ko‘nmay, Rasululloh sallallohu alayhi va sallamning huzurlariga (shikoyat qilib) borishdi. Janob Rasululloh qasos olmoqni (ya’ni, uning tishini ham sindirmoqni) amr qildilar. Shunda Anas (ibn an-Nazr): «Yo Rasulalloh, sizni haq (din) birla yuborgan zot haqi, uning (singlimning) tishi sindirilmasin!» — deb (elbordilar. Shunda) tishi sindirilgan ayolning qarindoshlari jarima olishga rozilik berishib, qasos olmaydirgan bo‘lishdi. Keyin, Janob Rasululloh: «Olloh taoloning qaysi bir bandasi o‘z parvardigori nomini o‘rtaga qo‘yib ont ichsa, unga vafo qilmog‘i lozim!» — dedilar». (Tishi sindirilgan ayol qarindoshlarining o‘z ontlarida turmay, Anas ibn an-Nazrning singillarini afv etishga rozi bo‘lganlari, yuzaki qaraganda, Janob Rasulullohning so‘zlariga ziddek tuyuladi. Ammo, ba’zi musulmonlar Badr janggida qochganlarida Anas ibn an-Nazrning ularning qilgan ishi uchun Olloh taolodan uzr so‘raganlarini eslasak, musulmonlarning bir-birlariga rahmdil, bir-birlarining gunohlarini kechiruvchan bo‘lmoqlari lozimligini anglaymiz).

Zayd ibn Sobit raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Sahifalardan (ya’ni, bir vaqtlar teri, mato, yassi tosh, hayvon kuragi kabi narsalarga bitib qo‘yilgan Qur’on oyatlaridan) mushaflarga (kitoblarga) nusxa ko‘chirildi. Shunda men «Ahzob» surasidagi bir oyatni uchratmadim, uni Janob Rasululloh qiroat qilganlarini (ko‘p marta) eshitgan erdim, Qidira-qidira uni Xuzayma (ibn Sobit) al-Ansoriydan topdim. Janob Rasululloh bir vaqtlar (Xuzaymaga shunday bir imtiyoz bergan erdilarki), ul kishining guvohliklari ikki kishining guvohligiga o‘tgan erdi. (Ya’ni, Janob Rasululloh bir kuni bir kishiga bir narsa xususida gapirib erdilar, u aytgan so‘zlarining rostligini inkor qildi. Shunda Xuzayma: «Mana men so‘zingizning rostligiga guvohlik beraman!» — dedilar. Janob Rasululloh: «Mendan dalil talab qilmay ham guvohlik berasanmi?» — dedilar. Xuzayma: «Biz sizga osmondan xabar kelishiga ishonamiz, bizga yana qanday dalil kerak?!» — dedilar. Shunda Janob Rasululloh Xuzaymaning guvohliklarini ikki kishining guvohligi o‘rnida qabul qilgan erdilar). Bu xususda Olloh taolo: «Mo‘minlar orasida shunday kishilar borki, ular- o‘zlari Ollohga bergan ahdu paymonlariga vafo qildilar...», — deydi».

Qayd etilgan


AbdulAziz  21 Iyul 2008, 09:07:48

13-bob. Jangdan burungi amali solih (ya’ni, jangdan burun musulmon bo‘lmoqlik) haqida

Olloh taoloning qavli: «Ey mo‘minlar, o‘zlaringiz qilmaydirgan narsani nechun (qilamiz, deb) aytursizlar? O’zlaringiz qilmaydirgan narsani (qilamiz, deb) aytmoqlaringiz Olloh nazdida nihoyatda manfur (ishdur). Batahqiq, Olloh o‘zining yo‘lida guyo tutash imoratlar yanglig‘ bir saf bo‘lib jang (jihod) qilguvchi kimsalarni yaxshi ko‘rur» («Saf» surasi, 2—4-oyatlar).

Baro raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Temir birlan niqoblangan (ya’ni, boshu yuzini yopib turguvchi dubulg‘a kiyib olgan) bir kishi Rasululloh sallallohu alayhi va sallamning qoshlariga kelib: «YO Rasulalloh! (Avval mushriklarga qarshi) jang qilaman, so‘ng musulmon bo‘laman», — dedi. Janob Rasululloh (unga): «(Avval) musulmon bo‘l, so‘ng jang qilgil!» — dedilar. Keyin, o‘shal kishi (avval) musulmon bo‘ldi, so‘ng jang qilib, (jangda) o‘ldirildi. Shunda Janob Rasululloh; «Kam ish (amali solih) qildi-yu, (lekin) ko‘p ajru savob topib ketdi» — deb marhamat qildilar». (Ya’ni, Olloh taoloning fazlu karami shul qadar kengki, u o‘z bandasi sidqidildan qilgan kichik bir amali solih uchun ham mul ajru savob ato etur).

Qayd etilgan


AbdulAziz  21 Iyul 2008, 09:08:33

14-bob. Daydi o‘q tegib halok bo‘lgan kishi xususida

Anas ibn Molik raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Ummu ar-Rubayyi’ binti al-Baro’ (shuningdek, u Ummu Xorisa ibn Suroqa) Rasululloh sallallohu alayhi va sallamning qoshlariga kelib: «Yo Rasulalloh, menga (o‘tlim) Horisa(ning taqdiri endi ne bo‘lmog‘i) haqida so‘zlamaysizmi? Agar u (hozir) jannatda bo‘lsa, sabr qilgum, aks holda uning (o‘limi) uchun dod-faryod solib yig‘lagumdur», — dedi. Chunki, Horisa Badr kuni daydi o‘qdan halok bo‘lgan erdi. (Onasi ersa, Olloh taolo dushman qasddan o‘ldirgan musulmonnigina shahidlikka sazovor aylab jannatga kiritadi, deb tushunar erdi). Shunda Janob Rasululloh (unga): «Ey Ummu Horisa, jannatda (turli) darajalar mavjud bo‘lib, o‘g‘lingga (uning) eng yuksak darajasi — Firdavsdan (joy) nasib bo‘ldi» — deb marhamat qildilar».

Qayd etilgan


AbdulAziz  23 Iyul 2008, 08:16:20

Bismillahir rohmanir rohim.

1-bob. Olloh taoloning so‘zi yuksak (ulug‘vor) bo‘lmog‘i uchun jang qilgan kishi haqida

Abu Muso raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Bir odam Rasululloh sallallohu alayhi va sallamning qoshlariga kelib: «(Bir) kishi o‘lja (boylik orttirish) uchun jang qilur, (ikkinchi) kishi shuhrat (orttirish) uchun jang qilur va (uchinchi) kishi (qanchalik) shijoatli ekanligini kursatish uchun jang qilur. Ulardan qaysi biri Olloh taolo yo‘lida jang qilgan bo‘lur?» — dedi. Shunda Janob Rasululloh: «Olloh taoloning so‘zi (ya’ni, kalimai tavhid) eng ulug‘ (so‘z) bo‘lmog‘i uchun jang qilgan kishi Olloh taolo yo‘lida jang qilgan bo‘lur» — deb marhamat qildilar».

Qayd etilgan


AbdulAziz  23 Iyul 2008, 08:16:40

2-bob. Olloh taolo yo‘lida oyoqlari chang bo‘lgan kishi haqida

Olloh taoloning qavli: «Madinaliklarga va ularning tevaraklaridagi badaviy arablarga (g‘azotga bormay), Ollohning rasulidan ortda (ya’ni, uylarida) qolmoqlari hamda ul zot birla ishlari bo‘lmay, o‘zlari birlan mashg‘ul bo‘lmoqlari nomunosib erdi. Zero, Olloh yo‘lida ular yo tashnalik yo biror kulfat va yo ochlikka giriftor bo‘lsalar yoxud kofirlarni darg‘azab qiladirgan biror joyga qadam bossalar va yo dushmanlardan biror narsani tortib olsalar, buning uchun ular(ning nomai a’mollari)ga amali solih (qilganlari xususida) bitib qo‘yilur. Albatga, Olloh yaxshi amallar qilguvchilarni ajru savobdan benasib qilmas!» («Tavba» surasi, 120-oyat).

Abdurrahmon ibn Jabr raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam: «Olloh taolo yo‘lida oyoqlari chang bo‘lmagan bandaga jahannam duchor bo‘lur», — dedilar». (Demak, Olloh taolo yo‘lida oyoqlari chang bo‘lgan bandaga jannatdan joy nasib bo‘lur).

Qayd etilgan


AbdulAziz  23 Iyul 2008, 08:16:57

3-bob. Biror kishining yonidan o‘tib keta turib, unga qo‘ngan changni qoqib tashlamoq haqida

Abu Sa’id al-Xudriy raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Biz masjid (qurayotganimizda) g‘ishtlarni bittadan, Ammor ersalar ikkitadan (biri o‘zlari uchun, ikkinchisi Janob Rasululloh uchun) tashiyotgan erdilar. Shunda Rasululloh sallallohu alayhi va sallam ul kishining yonlaridan o‘tib keta turib, boshlariga qo‘ngan changni qoqib tashladilar-da: «Bechora Ammor! Uni bir zulmkor toifa o‘ldiradi. Bu ularni jannatga chorlasa, ular buni jahannamga chorlaydilar», — dedilar. (Ammor: «Yo parvardigoro, meni fitnalardan o‘z panohingda asragil!» — dedilar)». (Ya’ni, Siffin voqeasi vaqtida — Hazrat Ali birlan Muoviya o‘rtalarida ixtilof chiqqan chog‘da Ammor Muoviya tarafdorlarini Hazrat Aliga itoat etishga da’vat qiladilar. Ammo, ular bundan bosh tortib, ul kishining o‘zlarini Muoviyaga itoat etishga chorlashadi. Natijada, ikki tomon o‘rtasida urush boshlanib, Muoviya tarafdorlari Ammorni o‘ldirishadi).

Qayd etilgan


AbdulAziz  23 Iyul 2008, 08:17:11

4-bob. Urushdan so‘ng g‘usl qilmoq hamda (Olloh taolo yo‘lida boshga qo‘ngan) chang haqida

Oisha razishshohu anho rivoyat qiladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam Xandaq kuni(dagi g‘azotdan) qaytgach, qurollarini qo‘yib, g‘usl qildilar. (Shul asnoda) Hazrat Jabroil boshlariga chang qo‘ngan holda ul zotning qoshlariga kelib: «Siz qurolingizni qo‘yibsiz, ammo, Olloh taolo haqi, biz hali qurolimizni qo‘yganimizcha yo‘q!» — dedilar. Ul zot: «Yana qaerga (jihod qilamiz)?» — deb so‘radilar. Hazrat Jabroil: «Hov anavi tomonga» — deya Banu Qurayza tarafga ishora qildilar. Keyin, Rasululloh sallallohu alayhi va sallam Banu Qurayza tomon yurish qildilar».

Qayd etilgan


AbdulAziz  23 Iyul 2008, 08:17:23

5-bob. Olloh taoloning quyidagi qavlining fazilati haqida: «Olloh yo‘lida o‘ldirilganlarni hargiz o‘liklar deb o‘ylamangiz, aksincha ular Ollohning qoshida tirik bo‘lib, Olloh o‘z fazlu karamidan ato etgan (anvoi) ne’matlardan mamnunlik birla bahramand bo‘lmoqdalar va hali ortlaridan yetib kelmagan birodarlarining (bu dunyoda amali solihlar birla mashg‘ul ekanliklari boisidan o‘z oxiratlari xususida) na xavotir (olmoqlari) va na tashvishlanmoqlari lozim emasligidan xursanddurlar. Shuningdek, ular Ollohning ne’matu karamidan hamda Olloh mo‘minlarning ajrlarini zoe qilmasligidan xushnuddurlar» («Oli Imron» surasi, 169—172-oyatlar)

Anas ibn Molik raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam Bi’ru Ma’una ashoblarini (Islomga da’vat qilish uchun yuborilgan yetmish musulmonni) o‘ldirib, Olloh taolo birlan uning Rasuliga osiylik qilgan Ra’l, Zakvon va Usayya nomli qabilalarni o‘ttiz kun (ba’zi hadislarda qirq kun) bomdodda duoi bad qildilar. Olloh taolo Bi’ru Ma’unada («Ma’una» qudug‘i joylashgan yerda) o‘ldirilgan o‘shal musulmonlar xususida quyidagi oyatni nozil qildi: «Bizning parvardigorimizga ro‘baro‘ bo‘lganimizni va parvardigorimiz bizdan rozi bo‘lib, bizni (ham) rozi qilganini qavmimizga yetkazingizlar». Biz uni qiroat qilib yurdik, keyin u mansux (bekor) qilindi».

Jobir ibn Abdulloh raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Musulmonlardan bir nechasi Uhud kuni tongda sharob (mast qilguvchi ichimlik) ichishdi-da, (jangga kirib ketishdi). So‘ng, barchalari shahid bo‘lishdi. O’shal kun oxirida odamlar Sufyonga savol berishdi. Shunda ul kishi: «Bu u haqda emas» — deb javob qildilar. (Bu hadisda aytilgan voqea ichkilik harom qilinmasidan ilgari sodir bo‘lgan bo‘lib, ichkilik ichib shahid bo‘lgan musulmonlar xususlarida savol berganlarning savollari mazmuni ham, Sufyonning javoblari mazmuni ham qorong‘udur. Ammo, biz bu haqda taxminan bunday deb aytmog‘imiz, ehtimol, joiz bulur: mast qilguvchi ichimlik xususida eng dastlab nozil bo‘lgan oyat «Sizga sharob va qimor haqida savol berurlar, siz aytingki, bularda katta gunoh bordur» degan oyat bo‘lib, unda ichkilikning qabohati isbot etilgan. Keyin, «Ey mo‘minlar, mastlik chog‘ingizda, toki nima deyaetganlaringizni biladirgan bo‘lguningizga qadar, namozga yaqinlashmangizlar!» degan oyat nozil bo‘ldi. Undan so‘ng ersa, «Ey mo‘minlar, sharob, qimor, butlar va qur’a o‘qlari nopok bo‘lib, shayton amalidandur. Bas, najot topmoqlaringiz uchun ulardan saqlaningizlar!» degan oyat nozil qilinib, ichkilik qat’iy man’ qilindi).

Qayd etilgan