18-bob. Janob Rasulullohning Islomga do‘st bulsinlar deb Quraysh va boshqalarga xums va shu kabilardan (tuhfalar) berib turganlari haqida
Hakim ibn Hizom raziyallohu anhu rivoyat qiladilar; «Men Rasululloh sallallohu alayhi va sallamdan (tuhfa) so‘radim, berdilar, so‘ng (yana) so‘radim, (yana) berdilar, keyin (yana) so‘radim, (yana) berdilar. So‘ng, ul zot: «Ey Hakim, bul mol degan narsa (kishini o‘ziga tortguvchi) yam-yashil, shirin-shakar (mevali bir bog‘ yokim bir daraxtga o‘xshaydiki), undan kimki ochko‘zlik qilmay, nafsiga yarasha olsa, barakali bo‘lur va kimki baloi nafsining so‘ziga kirib, ortiqcha olsa, bebaraka bo‘lur. (Bunday odam) yeb to‘ymas mechkay (it) kabidur. Ko‘tarilgan (ya’ni, mehnat qilib, xayr-ehson qilguvchi) qo‘l tushirilgan (ya’ni, mehnat qilmay, tilamchilik qiladirgan) qo‘ldan afzaldur!» — deb marhamat qildilar. Shunda men: «Yo Rasulalloh, sizni haq (din) birla yuborgan zot haqi, endi dunyodan kuz yumgunimga qadar ham pastkashlik qilib biror kishidan biror narsa so‘ramasman!» — dedim».
Abu Bakr as-Siddiq raziyallohu anhu (xalifa bo‘lgan kezlarida) tuhfa bermoqchi bo‘lib Hakimni chaqirdilar, ammo ul kishi olmadilar. Keyin, Hazrat Umar raziyallohu anhu ham (xalifa bo‘lganlarida) tuhfa berish uchun Hakimni chaqirib erdilar, olmadilar. Shunda Hazrat Umar: «Ey musulmonlar jamoasi, sizlarni guvoh qilib aytamanki, Hakimga mana bu o‘ljalardan o‘z haqini olmoqni taklif qilsam, olmayotir!» — dedilar. Hakim o‘shanda Janob Rasulullohdan tuhfa so‘raganlaridan keyin, bu dunyodan ko‘z yumgunlariga qadar ham o‘zlarini kamsitib biror kishidan biror narsa so‘ramadilar».
Nofi’ raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Umar ibn al-Xattob raziyallohu anhu: «Yo Rasulalloh, johiliyat davrida bir (kecha-)kunduz e’tikof qilmog‘imni nazr qilib qo‘ygan erdim, (endi ne qilayin?)» — dedilar. Janob Rasululloh: «Nazringga vafo qil!» — deb amr qildilar».
Ibn Umar raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Umar raziyallohu anhuga Hunayn asirlaridan ikki qizcha ulush qilib berildi. Ul kishi ularni Makkadagi uylardan biriga junatdilar. Keyin, Janob Rasululloh Hunayn asirlarini (Islomga kirganlari uchun xums olmay) ozod qildilar. Ular shosha-pisha ko‘chalar buylab uylariga qayta boshlashdi. Hazrat Umar: «Ey Abdo‘lloh, qara-chi, ne bo‘libdi?» — dedilar. Men (surishtirib kelgach): «Janob Rasululloh Hunayn asirlarini (Islomga kirganlari uchun xums olmay) ozod qilibdilar», — dedim. Hazrat Umar: «Bor, ikki (asira) qizchani qo‘yib yubor!»— dedilar».
Amr ibn Tag‘lib raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam bir qavmga (xumsdan) tuhfalar berib, boshqalarga bermagan erdilar, ular norozi bo‘lgandek bo‘lishdi. Shunda ul zot: «Men bir qavmga tuhfa bersam, ularning (Islomdan) aynib qolishlari va sabr-qanoatsiz ekanliklaridan cho‘chib (tuhfa) berurman. (Boshqa) qavmlarning ersa Olloh taolo qalblariga jo qilgan qanoatu iymonlariga ishonurman. Shundaylardan biri Amr ibn Tag‘libdur!» — deb marhamat qildilar. Janob Rasulullohning bul so‘zlari mening uchun eng sara tuyalar podasiga ega bo‘lmoqdan ham afzalroqdur!».
Anas raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Rasululloh sallallohu alayxi va sallam: «Men Qurayshga Islomga do‘st bo‘lsinlar, deb tuhfalar berurman, chunki ular yaqindagina johiliyatda (ya’ni, kofir) erdilar», — dedilar».
Anas ibn Molik raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Olloh taolo o‘z Rasuli sallallohu alayhi va sallamga Havozin mollaridan (urushsiz) o‘ljalar ato etganida, ul zot Quraysh kishilariga yuzta tuyani bo‘lib bera boshladilar. Shunda bir guruh ansorlar: «Olloh taolo Rasulullohni mag‘firat qilsin! Ul zot Qurayshga o‘ljalardan ulush berayotirlar-u, ammo bizlarga bermayotirlar, vaholanki ularning (ya’ni, Quraysh kofirlarining) qonlari qilichlarimizdan hanuz tomib turibdi!» — deyishdi. Ansorlarning bul gaplari Janob Rasulullohga yetkazilib erdi, ul zot odam yuborib, ularni chaqirtirdilar-da, teridan qilingan bir chodir ostiga to‘pladilar, ul yerda ulardan bo‘lak biror kishini qoldirmadilar. Barcha ansorlar chodir ostiga to‘plangach, Janob Rasululloh kelib: «Sizlar xususingizda menga yetkazilgan gap qanday gap bo‘ldi?!» — dedilar. Shunda ularning fahm-farosatlilari: «Biz birlan hamfikr va so‘zimizga kiradigan kishilar biror narsa deyishgani yo‘q. Ammo, oramizda yosh-yalanglar bo‘lib, ana o‘shalar: «Olloh taolo Rasulullohni mag‘firat qilsin! Ul zot Qurayshga o‘ljalardan ulush berayotirlar-u, lekin bizga bermayotirlar, vaholanki ularning qonlari qilichlarimizdan hanuz tomib turibdi!» — deb aytishdi», — deyishdi. Janob Rasululloh ularga javoban: «Men kechagina kofir bo‘lgan kishilarga (tuhfalar) berurman. Odamlarning o‘zlari birlan mollarni (o‘ljalarni) olib ketmog‘iga, o‘zlaringizning ersa Rasululloh sallallohu alayhi va sallam birlan birga uylaringizga qaytmog‘ingizga rozi bo‘lmassizlarmi? Olloh taolo haqi, sizlar olib qaytadirgan narsa, ular olib qaytadirgan narsadan afzaldur!» — dedilar. Ular: «Ha, shunday, yo Rasulalloh, biz (siz birlan qaytmoqqa) rozimiz!» — deyishdi. Janob, Rasululloh: «Sizlar mendan keyin qattiq istibdodni — (ya’ni, hukmdorlarning mol-dunyo orttirish birlan mashg‘ul bo‘lib, o‘zlaringizni xoru zor va muhtoj qilganlarini) ko‘rursizlar. Olloh taologa ro‘baro‘ bo‘lguningizga qadar va uning Rasuli sallallohu alayhi va sallam birlan Havzi Kavsar bo‘yida uchrashguningizgacha sabr qilingizlar!» — deb marhamat qildilar».
Muhammad ibn Jubayr raziyallohu anhu rivoyat qiladilar. «Jubayr ibn Mut’im odamlar birlan birga Hunayndan qaytayotgan Rasululloh sallallohu alayhi va sallamning yonlarida kelayotgan erdilar. Shunda badaviylar o‘ljalardan ulush bermoqlarini so‘rab, ul zotga shul qadar yopishib olishdiki, hatto bir samura (daraxtining) ostiga (borib dam olmoqqa) majbur bo‘ldilar. O’shal daraxt tomon ketayotganlarida ridolarini (tikanlar yoxud badaviylar) yechib oldi. Janob Rasululloh to‘xtab: «Ridoimni beringizlar! Agar mana shu daraxt tikanaklarichalik tuyalarim bo‘lganida ham, keyin meni baxil, yolg‘onchi va qo‘rqoq demasliklaringiz uchun, hammasini sizlarga bo‘lib bergan bulur erdim», — dedilar».
Anas ibn Molik raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Men Rasululloh sallallohu alayhi va sallam birlan birga piyoda ketayotgan erdim, ul zot yoqasi dag‘al (qattiq) bir najroniy chopon kiyib olgan erdilar. Shunda bir badaviy ortlaridan yetib kelib, (choponlaridan) shunchalik qattiq tortdiki, hatto men muborak bo‘yinlariga choponlari yoqasining izi tushib qolganini ko‘rdim. Keyin, o‘shal badaviy ul zotga: «Olloh taoloning o‘zingizdagi molidan menga tuhfa bermoqni amr qilingiz!» — dedi. Janob Rasululloh unga ugirilib qaradilar-da, kulib quydilar. So‘ng, unga tuhfa bermoqni amr qildilar».
Abdulloh (ibn Mas’ud) raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Hunayn kuni Rasululloh sallallohu alayhi va sallam (o‘ljalarni) taqsim qilayotib bir necha kishiga (boshqalarga nisbatan) ko‘proq ulush berdilar. Aqra’ ibn Hobisga yuzta, Uyayna ibn Hisnga ham shuncha tuya berdilar. O’shal kuni bir necha arab zodagonlariga ham boshqalardan ko‘ra ko‘proq tuhfalar berdilar. Shunda bir kishi: «Olloh taolo haqi, bu taqsimotda adolat qilinmadi, men (o‘ljalarning) Olloh taoloni yuz-xotir qilib taqsimlanmog‘ini istayman!» — dedi. Men (uning bul gapidan darg‘azab bo‘lib): «Olloh taolo haqi, men buni Rasululloh sallallohu alayhi va sallamga aytmay qo‘ymayman!» — dedim-da, ul zotning huzurlariga borib, aytib berdim. Janob Rasululloh: «Agar Olloh taolo birlan uning Rasuli adolat qilmasa, unda kim adolat qilur?! Olloh taolo Muso alayhissalomni rahmat qilsin, ul kishi bundan qattiqroq aziyat stkazilganda ham, sabr qilgan erdilar», — dedilar».
Asmo rashyallohu anho rivoyat qiladilar: «Men donlarni boshimga qo‘yib Rasululloh sallallohu alayhi va sallam (erim) Zubayrga ulush qilib bergan yerdan ko‘tarib borur erdim. Ul yer mening uyimdan uchdan ikki farsax narida erdi».
Hishom raziyallohu anhu: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam Zubayrga Banu an-Nazirning o‘lja olingan yerlaridan ulush ajratib bergan erdilar», — deydilar.
Ibn Umar raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Umar ibn al-Xattob yahudiy va nasarolarni Hijoz yerlaridan badarg‘a qildilar. (Chunki), Janob Rasululloh Xaybar ahli ustidan g‘alaba qilganlarida yahudiylarni ul yerdan badarg‘a qilmoqni iroda qilgan erdilar. Janob Rasululloh Xaybar ustidan zafar qozongan (dastlabki vaqtlarda) uning yerlari yahudiylarniki, Rasulullohniki va musulmonlarniki erdi. (Ya’ni, Xaybarning bir qismi jang birlan va bir qismi tinchlik birlan fath qilingan bo‘lib, jang birlan fath qilingan qismi Rasululloh birlan musulmonlarniki, tinchlik birlan fath qilingan qismi ersa yahudiylarniki erdi. Keyin, Janob Rasululloh yahudiylarni, Islomga kiravermagach, Xaybardan badarg‘a qilmoqchi bo‘ldilar. Shunda) yahudiylar (yillik) hosilning yarmini berish sharti birlan (o‘zlariga tegishli yerlarda) qoldirilmoqlarini Janob Rasulullohdan iltimos qilishdi. Janob Rasululloh ularga: «Biz sizlarni shu shart birlan o‘zimiz iroda qilgan vaqtga qadar qoldirurmiz», — dedilar. So‘ng, yahudiylar, toki Hazrat Umar ularni Taymo va Ariyhoga badarg‘a qilgunlariga qadar, Xaybarda yashab qolishdi».