Oisha raziyallohu anho rivoyat qiladilar: «Bu’os kuni (ya’ni, Janob Rasululloh Madinaga kelmaslaridan besh yil burun ul yerdagi Avs va Xazraj qabilalari o‘rtasida urush bo‘lib o‘tgan kun) Olloh taolo uz Rasuli sallallohu alayhi va sallamga taqdim qilgan kun erdi. Janob Rasululloh (Madinaga) kelganlarida ul yerdagi aholi parokanda hamda ulug‘lari o‘ldirilgan, jarohatlangan holda bo‘lib, Olloh taolo Bu’os kunini o‘z Rasuli sallallohu alayhi va sallamga Madina ahlini Islomga kiritmoqlari uchun taqdim etdi». (Ya’ni, Olloh taolo Madina ahlining Islomga qarshilik qiladirganlarini Janob Rasululloh ul yerga kelmaslaridan besh yil burun — Buos kuniyoq halok qilib yoxud mayib-majruh qilib quygan erdi. Shul boisdan ham Bu’os kuni ul zot uchun Olloh taoloning bir tuhfasi bo‘ldi).
Anas raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Makka fathi kuni (ya’ni, Makka fath qilinadirgan yili) ansorlar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam Qurayshga (ya’ni, ularning musulmonlariga Xaybar g‘azotida olingan o‘ljalardan) berdilar-u, ammo bizga bermadilar. Bu g‘oyatda ajablanarlidur. Chunki, bizning qilichlarimizdan Quraysh (kofirlarining) qoni hanuz tomib turgan bulsa-yu, nahot bizga tegishli o‘ljalar ularga (ya’ni, Quraysh musulmonlariga) berilsa!» — deyishdi. Bu gap Janob Rasulullohning quloqlariga yetgach, ul zot ansorlarni huzurlariga chaqirtirdilar-da: «Sizlarning, xususlaringizda menga yetkazilgan gap qanday gap bo‘ldi?!» — dedilar. Ansorlar rost so‘zlaguvchi kishilar bo‘lib, ul zotga: «Nimaiki eshitgan bo‘lsangiz, rostdur», — deyishdi. Shunda Janob Rasululloh: «Odamlar uylariga o‘ljalar olib qaytsalar, sizlar ersangiz Rasululloh sallallohu alayhi va sallamni uylaringizga olib qaytsangiz, rozi bo‘lmaysizlarmi?! Agar ansorlar vodiy yoki dara buylab yursalar, men ham ular yurgan vodiy yoxud dara buylab yurgan bo‘lur erdim!» — dedilar».