Imom al-Buxoriy. Al-jome' as-sahih (2-jild)  ( 502774 marta o'qilgan) Chop etish



AbdulAziz  26 Avgust 2008, 07:36:23

1-bob. Rasululloh sallallohu alayhi va sallam birlan ul zotning sahobalariga Makkada mushriklar tomonidan yetkazilgan aziyatlar

Xabbob raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Men Rasululloh sallallohu alayhi va sallamning oldilariga keldim, ul zot Ka’ba soyasida boshlarini choponlariga qo‘yib yetgan erdilar. Shu kuni mushriklardan bizga aziyat yetgan bo‘lib, men: «Yo Rasulalloh, mushriklarni duoi bad qilib» Olloh taologa iltijo qilmaysizmi?» — dedim. Shunda ul zotning yuzlari qizarib ketdi, o‘rinlaridan turib o‘ltirdilar-da, bunday dedilar: «Sizlardan avval o‘tgan odamlar orasida bir payg‘ambar bo‘lgan erdi. Qavmi uning badanini suyaklari ko‘ringunga qadar temir taroq birlan taraganda ham, u o‘z dinidan qaytmagan. Keyin, uning boshini arra birlan qoq ikkiga bo‘lishgan, shunda ham u o‘z dinidan qaytmagan. Inshoolloh, otliq odam Olloh taolodan bo‘lak hech kimdan qo‘rqmay San’odan Hazramavtga bemalol boradirgan paytlar kelur!».

Abdulloh raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam «An-Najm» surasini qiroat qilib, sajda qildilar. Shunda bir kishidan bo‘lak barcha sajda qildi. Men bir odamning qo‘liga tufroq olib, uni  peshonasiga keltirganini hamda ana o‘shanga sajda qilib: «Menga shu kifoya qilur» — deb aytganining shohidi buldim. Keyinchalik men uning Olloh taologa kufr keltirgan holda o‘ldirilganini ko‘rdim».

Qayd etilgan


AbdulAziz  26 Avgust 2008, 07:36:37

Abdulloh raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam sajda qilib turgan erdilar, bir qancha qurayshliklar ham atroflarida erdi. Shunda Uqba ibn Abu Mu’it molning ichak-chavoqlarini olib kelib, ul zotning ustlariga tashladi. Janob Rasululloh boshlarini sajdadan ko‘tarmadilar. Shu asnoda Fotima alayhossalom kelib qolib, ichak-chavoqlarni ul zotning ustlaridan olib tashladilar-da, bu ishni qilgan kishini duoi bad qildilar. Janob Rasululloh ham: «Yo parvardigoro, Qurayshdan Abu Jahl ibn Hishom, Utba ibn Rabiy’a, Shayba ibn Rabiy’a, Umayya ibn Xalaf (yoki Ubay ibn Xalaf), Shu’ba ash-Shokka g‘azabingni bisyor qilgaysin!» — deb duoi bad qildilar. Men ularni Badr kuni o‘ldirishib,  quduqqa tashlaganlarini  ko‘rdim.  Umayya  (Ski Ubay) ibn Xalaf ersa, quduqqa tashlanmay, qiyma-qiyma qilingan holda tashqarida qoldirildi».

Qayd etilgan


AbdulAziz  26 Avgust 2008, 07:36:51

Sa’id ibn Jubayr rivoyat qiladilar: «Abdurrahmon ibn Abziy: «Olloh taolo (nohaq o‘ldirmoqni) harom qilgan jonni o‘ldirmangizlar!» va «Kimki qasddan bir mo‘minni o‘ldirsa...» degan oyatlarning mazmunini Ibn Abbosdan so‘ragil!» — deb menga buyurdilar. Men shul xususda Ibn Abbosdan so‘radim. Ul kishi: «Furqon» surasidagi mazkur oyat nozil bo‘lganda Makka ahli mushriklari: «Olloh taolo (nohaq o‘ldirmoqni) harom qilgan jonni ham o‘ldirganmiz, Olloh taologa shirk ham keltirganmiz, buzuq ishlarni ham qilganmiz», — deyishdi. Shunda Olloh taolo «Tavba qilgan va iymon keltirganlar bundan mustasnodurlar» degan oyatni nozil qildi. Bu oyat ana ushalar xususidadur. Ammo, «Niso» surasidagi oyatning mazmuni shuki, agar kishi Islomni va uning shariatini e’tirof qilgani holda (nohaqdan-nohaq bir mo‘minni) o‘ldirsa, uning joyi abadiy do‘zax bo‘lib, (tavbasi qabul qilinmas)», — dedilar».

Urva ibn az-Zubayr raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Men Ibn Amr ibn al-Osga: «Mushriklarning Janob Rasulullohga yetkazgan eng qattiq aziyati haqida menga aytib bergil!»— dedim. Shunda u bunday dedi: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam Ka’ba tevaragidagi hijr ichkarisida namoz o‘qib turgan erdilar, Uqba ibn Abu Mu’it kelib, kiyimini ul zotning muborak buyinlariga tashladi-da, qattiq tortib bo‘g‘a boshladi. Shunda Abu Bakr kelib qolib, Uqbani yelkasidan ushlab, Janob Rasulullohdan nariga itarib tashladilar-da: «Kishini rabbim Ollohdur, deb aytgani uchun o‘ldirasizlarmi?» - dedilar».

Qayd etilgan


AbdulAziz  26 Avgust 2008, 07:37:03

2-bob. Abu Bakr as-Siddiq raziyallohu anhuning Islomga kirganlari haqida

Ammor ibn Yosir raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Men Rasululloh sallallohu alayhi va sallamni ko‘rdim. Ul zotning huzurlarida Islomga kirganlardan faqat besh banda (ya’ni, Bilol, Zayd ibn Horisa, Omir ibn Fuhayra, Abu Fukayha, Ubayd ibn Zayd al-Habashiy), ikki ayol (ya’ni, muminlar onasi Xadicha va Ummu Ayman yoki Samiyya) va Abu Bakr bor erdilar».

Qayd etilgan


AbdulAziz  26 Avgust 2008, 07:37:13

3-bob. Sa’d raziyallohu anhuning Islomga kirganlari haqida

Sa’d ibn Abu Vaqqos: «Men Islomga kirgan kundan bo‘lak kuni hech kim Islomga kirmadi. Men (Makkada) yetti kun turib, uchinchi bulib Islomga kirdim», — deydilar.

Qayd etilgan


AbdulAziz  26 Avgust 2008, 07:37:24

4-bob. Jinlar haqida hamda Olloh taoloning «(Ey Muhammad), siz aytingiz: «Menga vahiy qilindiki, jinlarning bir guruhi (mening tilovatimni) eshitib"¦» deb» degan qavli («Jin» surasi, 1-2-oyatlar)

Ma’n ibn Abdurrahmon raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Men otamning bunday deganlarini eshitdim: «Men Masruqdan: «Jinlar Qur’on (tilovatini) tinglashgan kecha ular xususida Rasululloh sallallohu alayhi va sallamga kim ma’lum qildi?» — deb so‘radim. Masruq: «Ular haqida bir daraxt ma’lum qildi», — dedi».

Abu Hurayra raziyallohu anhu rivoyat hiladilar: «Men Rasululloh sallallohu alayhi va sallam birlan birga yurgan kezlarimda ul zotning tahoratlari va hojatlari uchun bir meshchada suv olib yurur erdim. (Bir kuni ul zot hojatga ketganlarida) ortlaridan meshchani olib borib erdim, (sharpamni sezib): «Bul kim?» — dedilar. Men: «Abu Hurayraman»,— dedim. Ul zot: «Poklanmog‘im uchun bir necha tosh (kesak) keltir, ammo suyak yoki tezak keltirma!» — dedilar. Men etagimga bir necha tosh (kesak) solib, ul zotning yonlariga olib borib quydim-da, nariroqqa borib turdim. Ul zot hojatdan qaytgach, birgalashib ketayotib: «(Yo Rasulalloh), suyak va tezak ishlatsa ne bo‘lur?» — dedim. Ul zot: «Suyak va tezak jinlarning taomidur. Mening huzurimga Nasiybiyn jinlarining vakillari — ajoyib (yaxshi) jinlar kelishib: «(Ey Muhammad, ummatingizni suyak va tezak birlan istinjo qilmoqdan qaytaringiz, chunki Olloh taolo suyak va tezakni bizga taom qilib ta’yin etgandur» — deb) iltimos qilishdi. Shunda men: «(Ummatim) na biror suyak va na biror tezak yonidan o‘tmasinlar, uni albatta taom deb bilsinlar!» — deb Olloh taologa duo qildim», — dedilar».

Qayd etilgan


AbdulAziz  26 Avgust 2008, 07:37:44

5-bob. Abu Zarr al-G’iforiy raziyallohu anhuning Islomga kirganlari haqida

Ibn Abbos raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Abu Zarr Rasululloh sallallohu alayhi va sallamga payg‘ambarlik vahiyi kelganligini eshitib, o‘z birodarlariga: «Ulovingni minib o‘shal vodiyga bor, o‘zining payg‘ambar ekanligini, o‘ziga osmondan xabar kelayotganini ta’kidlayotgan kishini top, uning gaplarini eshitib, menga ul haqda bilib kel!» — dedilar. So‘ng, birodarlari yo‘lga tushib, Janob Rasulullohning huzurlariga bordi, ul zotning so‘zlarini tinglab, ortiga qaytgach, Abu Zarrga: «Men ul kishini ko‘rdim, odamlarni olijanob xulqli bo‘lmoqqa da’vat qilib, she’r singari so‘zlarni aytayotir», — dedi. Abu Zarr: «Meni kufrdan xalos qilg‘uvchi xabar keltirmabsan», — dedilar-da, bir meshchada suv va yegulik olib o‘zlari Makkaga keldilar. So‘ng, masjidga (ibodatxonaga) borib Rasululloh sallallohu alayhi va sallamni qidirdilar, lekin ul zotni o‘zlari tanimaganlari uchun birovlardan so‘ragilari kelmadi. Shul bois bir necha kecha masjidda yetib qoldilar. Hazrat Ali ul kishini ko‘rib, begona ekanliklarini sezdilar-da: «(Musofirmisiz, yuringiz men birlan» — deb uylari tomon boshlab ketdilar). Abu Zarr (indamay) Hazrat Aliga ergashdilar, ikkalalari ham bir-birlaridan kim ekanliklarini so‘rashmadi. So‘ng, Abu Zarr ertalab yana masjidga bordilar-da, kun buyi o‘shal yerda bo‘ldilar, ammo Janob Rasulullohni uchratmadilar. Kech bo‘lgach, masjiddagi yetar joylariga keddilar. Shunda Hazrat Ali yonlaridan o‘tib ketayotib:  «Kishi o‘z turar joyini bilib olmog‘i lozim bo‘lgan vaqt kelmadimi?» (ya’ni, «Biror boshpana topdingizmi?») — dedilar. (Abu Zarr: «Yo‘q» — deganlaridan so‘ng), Hazrat Ali ul kishini turg‘azib, yana uylariga olib ketdilar. Bu safar ham ikkalalari bir-birlaridan hech narsa xususida so‘rashmadi. Uchinchi kuni ham Hazrat Ali Abu Zarrni masjidda yotgan joylaridan turg‘azib, uylariga olib ketdilar. Shundagina Abu Zarrdan: «Bu yerga qanday yumush birlan kelganingizni menga aytmaysizmi?» — dedilar. Abu Zarr: «Agar sirimni yashirsangiz, aytaman», — dedilar. Hazrat Ali shunga so‘z berib erdilar, Abu Zarr bu yerga ne maqsadda kelganlarini aytib berdilar. Hazrat Ali: «Siz to‘g‘ri yo‘ldasiz, (o‘zini payg‘ambar deb ta’kidlayotgan kishi) Rasululloh sallallohu alayhi va sallamdurlar. Ertalab turgach, mening ketimdan kelaveringiz, agar yo‘lda siz uchun biror xatarnok narsani sezsam, suv ichayotgan kishi bo‘lib to‘xtab turaman. Agar yana yo‘lda davom etsam, toki biror ostonaga kirgunimcha ketimdan kelaveringiz», — dedilar. Keyin, ertasiga ertalab Hazrat Ali o‘zlari aytganlaridek, Abu Zarrni ergashtirib ketaverdilar-da, nihoyat Rasululloh sallallohu alayhi va sallamning huzurlariga kirib bordilar. Abu Zarr ham ul kishi birlan birga kirib, Janob Rasulullohning so‘zlarini tingladilar-da, shul zahoti musulmon bo‘ldilar. So‘ng, Rasululloh sallallohu alayhi va sallam Abu Zarrga: «Qavming huzuriga qaytgil-da, to mening ishim (ya’ni, Islomga oshkora da’vat qilayotganim) haqidagi xabar o‘zingga yetib borguniga qadar ularni (Islomdan) voqif qilib tur!» — deb marhamat qildilar. Shunda Abu Zarr: «Jonim qo‘lida bo‘lgan zot haqi, men hoziroq mushriklar o‘rtasida buni ro‘y-rost aytaman!» — dedilar-da, masjidga borib, bor ovozlari birlan: «Ashhadu allo iloha illallohu va anna Muhammadan rasulullohi!» — deb aytdilar. Shunda masjiddagi (ibodatxonadagi) qavm o‘rnidan turdi-da, Abu Zarrni yotqizib olib do‘pposlay boshladi. Shu vaqt Abbos kelib qolib, gavdalari birlan Abu Zarrni to‘sdilar-da: «Sho‘ringiz qursin! Uning G’ifor qabilasidan ekanligini, savdo karvonlaringiz uning qabilasi yerlari orqali o‘tishini bilmaysizlarmi?!» — deya ul kishini ulardan qutqarib oldilar. Keyin, Abu Zarr ertasiga ham xuddi shunday qilib erdilar, qavm yana darg‘azab bo‘lib ul kishini do‘pposladi. Abbos bu safar ham Abu Zarrni o‘z gavdalari birlan to‘sib qutqarib qoldilar».

Qayd etilgan


AbdulAziz  26 Avgust 2008, 07:37:54

6-bob. Sa’id ibn Zayd raziyallohu anhuning Islomga kirganlari haqida

Qays raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Sa’id ibn Zayd ibn Amr ibn Nufayl Kufa masjidida: «Olloh taolo haqi, darhaqiqat Hazrat Umar (otam) Amr (Ibrohim alayhissalomning dinlarini qabul qilib) musulmon bo‘lishlaridan burun Islomga kirganimning guvohidurlar. Agar sizlarning Hazrat Usmonga nisbatan qilgan ishlaringiz (ya’ni, ul kishini o‘ldirganingiz) sababli biror kishi o‘z o‘rnini (amalini) tark etsa, noto‘g‘ri qilgan bo‘lur», — dedilar».

Qayd etilgan


AbdulAziz  26 Avgust 2008, 07:39:11

7-bob. Umar ibn al-Xattob raziyallohu anhuning Islomga kirganlari haqida

Abdulloh ibn Mas’ud raziyallohu anhu: «Hazrat Umar Islomga kirganlaridan buyon tobora qudratli bo‘lib bormoqdamiz», — dedilar.

Abdulloh ibn Umar raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «(Otam) Umar ibn al-Xattob hovlida qo‘rqib turganlarida Os ibn Voil as-Sahmiy Abu Amr kelib qoldilar, egnilarida yo‘l-yo‘l hulla va ipak qamis bor erdi. Ul kishi Banu Sahm qabilasidan bo‘lib, bul qabila johiliyat davrida bizning ittifoqchimiz erdi. Al-Os (otamning qo‘rqib turganlarini ko‘rib): «Senga nima bo‘ldi?» — dedilar. Otam: «Qavmingiz Islomga kirganim uchun meni o‘ldirajaklarini aytishdi», dedilar. Al-Os: «Bunga yo‘l qo‘ymayman, xotirjam bo‘laver!» dedilar-da, tashqariga chiqib, butun Makka ahli to‘planib kelayotganini ko‘rdilar. Al-Os ularga: «Qaerga ketayotirsizlar?» — dedilar. Ular: «Ota-bobolarimiz dinidan qaytib Islomga kirgan Al-Xattobning o‘g‘lini o‘ldirgani ketayotirmiz», — deyishdi. Al-Os ularga: «Bunga yo‘l qo‘ymayman!» - dedilar. Shunda ular qaytib ketishdi».

Abdulloh ibn Umar raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «(Otam) Umar Islomga kirganlarida odamlar ul kishining hovlilari oldida to‘planishib:  «Umar dindan qaytdi!» deyishdi. O’shal kezlarda men yosh bola bo‘lib, uyimiz tomiga chiqib olgan erdim. Shu asnoda deboj chopon kiyib olgan bir kishi kelib qolib, odamlarga: «Umar (sizlarning) diningizdan qaytib, (Islomga kirdi), men uni o‘ldirmoqlaringizga yo‘l qo‘ymasman, men uning qo‘shnisi bo‘laman!» — dedi. Shunda men odamlarning ul kishidan hayiqib, qaytib ketganini ko‘rdim. Keyin, (otamdan): «Bul kishi kim?» - so‘radim. (Otam): «Bul kishi Al-Os ibn Voil bo‘ladilar, - dedilar».

Qayd etilgan


AbdulAziz  26 Avgust 2008, 07:39:50

8-bob. Oyning (ikkiga) bo‘lingani haqida

Anas ibn Molik raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Makka ahli Rasululloh sallallohu alayhi va sallamdan (payg‘ambar ekanliklarining isboti uchun) mo‘‘jiza ko‘rsatmoqlarini talab qildi. Shunda ul zot oyni ikkiga bo‘lib ko‘rsatdilar, hatto odamlar Hiro’ tog‘ini oyning ikki bo‘lagi orasida ko‘rishdi (ya’ni, bir bo‘lagi tog‘ning u tomonida va ikkinchi bo‘lagi tog‘ning bu tomonida turdi)».

Abdulloh (ibn Mas’ud) raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Biz Rasululloh sallallohu alayhi va sallam birlan birga Minoda turgan erdik, oy ikkiga bo‘lindi. Shunda ul zot: «(Mening mo‘‘jizamning) guvohi bo‘lingizlar!» - dedilar. (Oyning) bir bo‘lagi tog‘ tomonga ketdi».

Abdulloh: «(Oy) Makkada ikkiga bo‘lindi», — deydilar.

Abdulloh ibn Abbos raziyallohu anhu: «Oy Rasululloh sallallohu alayhi va sallamning zamonlarida ikkiga bo‘lindi»,— deydilar.

Qayd etilgan