Imom al-Buxoriy. Al-jome' as-sahih (3-jild)  ( 483602 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 96 97 98 99 100 101 102 103 104 105 106 ... 114 B


Doniyor  24 Oktyabr 2006, 06:14:22

23-bob. Sutli xo‘rda haqida

Urva ibn Zubayr rivoyat qiladilar: «Janob Rasululloh sallallohu alayhi va sallamning jufti halollari bo‘lmish Oisha raziyallohu anhoning biror yaqin kishilari vafot qilsa, qo‘shni ayollar ta’ziya bildirgani uylariga kirishar erdi, keyin ular chiqib ketib, faqat xonadon ahli qolar erdi. Shunda Oisha onamiz bir tog‘ora sut olib kelmoqlarini buyurar, so‘ng uni pishirib non burdalari ustiga quyib xo‘rda tayyorlar erdilar-da: «Bundan ichingizlar! Chunki, men Janob Rasulullohning «Sutli xo‘rda bemorning diliga orom berib, azador kimsaning qayg‘usini yengillashtiradi» deb aytganlarini eshitganman»,— der erdilar».

Qayd etilgan


Doniyor  24 Oktyabr 2006, 06:14:40

24- bob, Sarid (non burdalari yoki qovoq solib tayyorlanadirgan sutli xo‘rda) haqida

Abu Muso al-Ash’ariy rivoyat qiladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam bunday deb aytdilar: «Ko‘pchilik erkaklar kamolotga erishdi, ammo Maryam binti Imron va Fir’avnning xotini Osiyadan bo‘lak ayollar kamolotga erishmadi. Sarid boshqa taomlardan afzal bo‘lgani kabi, Oisha ham boshqa ayollardan afzaldur!».

Anas ibn Molik rivoyat qiladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam: «Oishaning boshqa ayollardan afzalligi — saridning boshqa taomlardan afzalligi kabi-dur!» —dedilar».

Anas raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Men Janob Rasululloh birlan birga tikuvchi g‘ulomlarining huzuriga kirdim. U Janob Rasulullohga bir idishda sarid (shirqovoq) berdi-da, o‘z ishiga ketdi. Janob Rasululloh shirqovoqni tanovul qila boshladilar, men ham ro‘paralarida o‘ltirib yeya boshladim. Shundan beri qovoqni juda xush ko‘raman!»

Qayd etilgan


Doniyor  24 Oktyabr 2006, 06:14:52

25-bob. Qo‘y go‘shti qovurdog‘i, qo‘l va biqin go‘shti haqida

Qatoda raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Anas ibn Molikning uyiga borganimizda qoshida nonvoyi turgan erdi. Shunda Anas bizga: «Olingizlar, (nondan) yengizlar! Ammo, men Janob Rasulullohning vafot qilgunlariga qadar ham yumshoq oq nonni ko‘rganlarini bilmayman, ul zot qo‘y qo‘shti qovurdogini o‘z ko‘zlari birlan mutlaqo ko‘rgan ermaslar!» —dedi».

Ja’far ibn Amr ibn Umayya otalaridan nakl qiladilar: «Men Rasululloh sallallohu alayhi va sallamning qo‘yning qo‘lini kesib yeganlarini ko‘rdim. Keyin, namozga azon aytilib erdi, o‘rinlaridan turib qo‘llaridagi pichoqni tashladilar-da, tahoratlarini yangilamay namoz o‘qidilar».

Qayd etilgan


Doniyor  24 Oktyabr 2006, 06:15:10

26-bob. Ajdodlarning o‘z uylari va safarlari uchun taom, go‘sht va boshqa yeguliklar g‘amlab qo‘yganlari haqida

Oisha va Asmo raziyallohu anhumo: «Biz Rasululloh sallallohu alayhi va sallam birlan Abu Bakr as-Siddiq uchun yo‘lga yeguliklar tayyorlab berdik»,— deyishadi.

Abdurrahmon ibn Obis otalaridan naql qiladilar: «Men Oisha onamizga: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam qurbonlik go‘shtini uch kundan ortiq yemoqlikdan qaytarganmilar?»—dedim. Oisha onamiz: «Odamlar och qolgan yili boylarning kambagallarni to‘ydirmogini istab shunday qilgan erdilar, xolos!» — dedilar. So‘ng, (hazillashib); «Agar bitta sonni ko‘tarib olib ketolsak, uni o‘n besh kunda yeb bitirar erdik»,— deb aytdilar. Shunda odamlar: «Bunga sizlarni nima majbur qilgan erdi?»—deyishdi. Oisha onamiz kulib yubordilar-da: «Muhammad sallallohu alayhi va sallamning oilalari ul zot vafot qilgunlariga qadar uch kun bo‘lsa ham oq bugdoy nonini to‘yib yemagan!» — dedilar».

Jobir raziyallohu anhu: «Janob Rasulullohning davrlarida kurbonlikka so‘yilgan jonliqlar go‘shtini Madinaga (ketayotganda yo‘lda yeb ketish uchun) ehtiyotlab qo‘yar erdik»,— dedilar. Ibn Jurayj Atodan so‘radilar: «Madinaga yetib kelgunimizga qadar, deb aytdimi?». Ato «Yo‘q»,— dedilar.

Qayd etilgan


Doniyor  24 Oktyabr 2006, 06:15:25

27- bob. Hays (xurmoga yog‘ va pishloq qo‘shib tayyorlanadirgan taom) haqida

Anas ibn Molik rivoyat qiladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam Abu Talhaga: «G’ulomlaringdan biri mening xizmatimni qilib yursa!» - dedilar. Abu Talha meni ulovlariga mingashtirib olib yo‘lga chiqdilar, men Janob Rasululloh qaerda tushib dam olsalar, xizmatlarini qilar erdim. Shunda men ul zotning nuqul «Yo parvardigoro, meni g‘amu tashvishdan, musibatdan, munkillaganlikdan, yalqovlikdan, qo‘rqoqlikdan, baxillikdan, qarzga botmoqdan hamda odamlar qahridan o‘z panohingda asragin!»—deb aytganlarini eshitar erdim. Men Janob Rasulullohning Xaybardan ortga qarab yo‘lga chiqqunlariga qadar ham xizmatlarini qilib yurdim. Janob Rasululloh o‘zlariga xotin qilib olgan Safiyya binti Huyay birlan birga yo‘lga chiqdilar. Shunda men ul zotning Safiyyani o‘z kiyimlari birlan o‘rab-chirmab tuyalariga mingashtirib olganlarini ko‘rdim. Biz Sahbo degan joyga yetib borganimizda yerga charm palos yozdirib, «hays» tayerladilar, so‘ng meni jo‘natdilar, men odamlarni dasturxonga taklif qilib keldim. Odamlar «hays» tanovul qilishdi. Bu Janob Rasulullohning Safiyyaga uylanganlari munosabati birlan berilgan to‘y ziyofati erdi Keyin, yo‘lga chiqdilar, yo‘lda Uhud tog‘i ko‘ringach «Bu tog‘ bizni yaxshi ko‘rur, biz ham uni yaxshi ko‘rurmiz!» — dedilar. Madinaga yaqinlashgach ersa: «Yo par-vardigoro, Ibrohim Makkani muqaddas qilgani kabi, men ham Madinaning ikki tog‘i oralig‘idagi yerlarni muqaddas qildim! Yo parvardigoro, Madina axlining toshu tarozusiga barakot ato etgaysan!»—dedilar».

Qayd etilgan


Doniyor  24 Oktyabr 2006, 06:15:35

28- bob Kumush idishda ovqat yemoq xususida

Mujohid rivoyat qiladilar: «Abdurrahmon ibn Abu Laylo Huzayfaning huzurida bo‘lganida Huzayfa suv so‘radilar. Bir majusiy qadahda suv keltirib Huzayfaning qo‘llariga berganda u kishi uni otib yubordilar-da «Men unga kumush idishda suv keltirmaslikni bir-necha bor tayinlagandim, u bo‘lsa endi bunday qilmayman, deb «aytgandek bo‘ladi-yu, baribir o‘z bilganidan qolmaydi. Men Janob Rasulullohning «Na ipak va na deboj kiymangizlar, oltin va kumush idishda yeb-ichmangizlar, chunki bunday kiyimu idishlar bu dunyoda ular uchun, oxiratda ersa bizlar uchundur!» — deb aytganlarini eshitganman»,— dedilar»

Qayd etilgan


Doniyor  24 Oktyabr 2006, 06:15:51

29- bob. Din ilmi xususidagi yig‘inda taom haqida so‘zlash (makruh ermas!)

Abu Muso al-Ash’ariy rivoyat qiladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam bunday dedilar: «Qur’on qiroat qiluvchi mo‘min utrujja (limon) singari xushbo‘y va xushta’mdur, Qur’on qiroat qilmaydirgan mo‘min ersa xurmo kabi shirin bo‘lgani birlan xushbuy hiddan mahrumdir, Qur’on qiroat qiladirgan munofiq xususiga kelsak, u rayhon kabi xushbo‘y bo‘lsa-da, ta’mi achchiqdur, Qur’on qiroat qilmaydirgan munofiq ersa achchiq tarvuz (kolokvint) kabi hidsiz va ta’mi achchiqdur!».

Anas ibn Molik rivoyat qiladilar: «Oishaning boshqa ayollardan afzalligi — sarid (sutli xo‘rda)ning boshqa taomlardan afzalligi kabidur!» — dedilar. Rasululloh sallallohu alayhi va sallam».

Abu Hurayra rivoyat qiladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam: «Safar azobning bir bo‘lagi bo‘lib, u sizni uyqu birlan taomdan qoldiradi. Agar kimniki safarda nafsi mag‘lub qilsa, darhol oilasiga qayqin!» — dedilar».

Qayd etilgan


Doniyor  24 Oktyabr 2006, 06:16:05

30- bob. Xurush (ishtahani ochuvchi vositalar) haqida

Qosim ibn Muhammad rivoyat qiladilar: «Joriya Bariraga nisbatan ado etilmog‘i lozim bo‘lgan uch sunnat mavjud erdi. Oisha raziyallohu anho Barirani sotib olib, ozod qilmoqchi bo‘ldilar. Shunda uning egalari unga homiylik huquqini o‘zlarida qoldirilishini shart qilib qo‘yishdi. Oisha raziyallohu anho buni Janob Rasulullohga aytdilar. Ul zot: «Ularning shartiga ko‘nib, uni sotib olaver, chunki homiylik huquqi uni ozod qilgan shaxsga o‘tadi!» — dedilar. Keyin, Oisha raziyallohu anho Barirani ozod qilib, unga eri birlan yashash yoki yashamaslik ixtiyorini berdilar. Bir kuni Janob Rasululloh Oishaning uyiga kirdilar, shunda qozonda go‘sht qaynab turardi. Ul zot ovqat keltirmoqni buyurdilar, dasturxonga non va uyda mavjud bo‘lgan xurushlardan olib kelib qo‘yishdi. Ul zot: «Qozonda go‘sht qaynatib qo‘yilganini ko‘rdim shekilli?»— dedilar.

«Ha, yo Rasulalloh! Ammo, bu go‘sht Bariraga sadaqa qilingan bo‘lib, u bizga ozginasini ilinib yuboribdi»,— deyishdi. Ul zot: «Bu go‘sht Bariraga sadaqa, bizga ersa hadyadur» — dedilar».

Qayd etilgan


Doniyor  24 Oktyabr 2006, 06:16:15

31-   bob. Halvo va asal haqida

Oisha raziyallohu anho: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam halvo birlan asalni yaxshi ko‘rar erdilar»,— dedilar.

Abu Hurayra raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Patir yemay va harir kiymay yurgan kezlarimda hamda biror g‘ulom yoki cho‘ri xizmatimni qilmagan chog‘larda men qornimni to‘yg‘azish uchun Rasululloh sallallohu alayhi va sallamning ortlaridan ergashib yurgan erdim. Ushanda ochlikdan qornim umurtqamga yopishib qolgan bo‘lib, qornim och erkanligini sezarmikan, degan maqsadda, o‘zim yaxshi bilsam ham, uchragan odamdan miskinlarni to‘yg‘azish lozimligi haqidagi oyatni o‘qib bermog‘ini iltimos qilar erdim. Eng miskinparvar odam bo‘lmish Ja’far ibn Abu Tolib bizga qiyo boqib uyida bor narsani olib chiqib qornimizni to‘yg‘azar va agar u bo‘m-bo‘sh yog‘ idishini olib chiqsa ham, biz uning yuqini yalab tozalab qo‘yar erdik».

Qayd etilgan


Doniyor  24 Oktyabr 2006, 06:16:24

32-   bob. Qovoq (kadi) haqida

Anas rivoyat qiladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam tikuvchi mavlolarining uyiga kirib erdilar, bir idishda oldilariga pishirilgan qovoq olib kelib qo‘ydi. Janob Rasululloh qovoqdan tanovul qila boshladilar. Men Janob Rasulullohning qovoq yeganlarini ko‘rganimdan buyon qovoqni yaxshi ko‘raman».

Qayd etilgan