Imom al-Buxoriy. Al-jome' as-sahih (3-jild)  ( 483744 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 30 31 32 33 34 35 36 37 38 39 40 ... 114 B


Doniyor  17 Oktyabr 2006, 07:02:26

Tashqariga chiqqandan so‘ng, men sheriklarimga: «Abu Kabsha o‘g‘lining (ya’ni, Janob Rasulullohning) ishi juda kuchayib ketdi, hatto undan rumliklar podshohi ham qo‘rqyapti»,— dedim. Dilimda yarsa «Rasulullohning ishlari yaqinda ro‘yobga chiqadi» degan ishonch paydo bo‘ldi va nihoyat Olloh taolo meni islomga kirgizdi».

Zuhriy bunday deydilar: «Hiraql butun Rum ulug‘larini chaqirib, o‘z saroyiga to‘pladi-da, ularga: «Ey rumliklar, mulkingiz qo‘lingizda sobit bo‘lgan holda zamon nihoyasida (qiyomatda) sizlar uchun najot bormi?»—deb xitob qildi. Shunda, yig‘ilganlar hurkak yovvoyi eshaklardek o‘zlarini eshiklarga urdilar, biroq qulflangan eshiklardan chiqib ketolmadilar. Hiraql: «Menga yaqinroq kelinglar!» deb ularni qayta jam’ qildi-da, ularga: «Men sizlarning o‘z diningizga bo‘lgan sadoqatingizni sinab ko‘rdim, sizlarga muhabbatim ziyoda bo‘ldi» — dedi. Hammalari unga sajda qilishdi va undan mamnun bo‘lishdi».

Qayd etilgan


Doniyor  17 Oktyabr 2006, 07:02:43

5-bob. Olloh taoloning qavli: «Yaxshi ko‘rgan narsalaringizdan ehson  qilmaguningizcha hargiz xayriyatga erinmagaysiz va Olloh nimaiki ehson qilsangiz, uni bilib turgay»

Anas ibn Molik bunday deydilar: «Madinadagi ansoriylardan eng xurmozori ko‘p kishi Abu Talha erdilar. Ushal xurmozor bog‘larning Abu Talhaga mahbubrog‘i «Bayruho» erdi, chunki bu bog‘ Rasulullohning masjidlari ro‘parasida bo‘lib, Rasululloh unga kirib, pokiza suvidan ichardilar. Ollohning «Yaxshi ko‘rgan narsalaringizdan ehson qilmagu-ningizcha hargiz xayriyatga erishmagaysiz» degan oyati karimasi nozil bo‘lganda Abu Talha o‘rinlaridan turib: «Ey Ollohning rasuli, Olloh taolo: «Yaxshi ko‘rgan narsalaringizdan ehson qilmaguningizcha hargiz xayriyatga erishmagaysiz»,— deyapti. Mening eng yaxshi ko‘rgan mulkim ersa Bayruhodur. Uni Olloh taolo yo‘lida sadaqa qildim. Buning uchun Olloh taolodan ajru savob umid qilgayman. Yo Rasulalloh, bu bog‘ni o‘zingiz istagan kishiga in’om qiliniz!»—dedilar. Janob Rasululloh: «Juda savobli ish qilding, bu bog‘ tufayli oxirating obod bo‘lgay. Aytgan gapingni angladim, uni qarindoshlaringga bersang!» — dedilar. Abu Talha: «Yo Rasulalloh, aytganingizdek qilgayman!»—dedilar. Keyin, Abu Talha o‘sha bog‘ni yaqinlari «birlan amakivachchalari o‘rtasida taqsim qilib berdilar».

Anas ibn Molik raziyallohu anhu: «Bog‘ni Hasson birlan Ubayga bo‘lib berdilar. Men Abu Talhaga ulardan ko‘ra yaqinroq erdim, lekin menga hech narsa bermadilar»,— deydilar.

Qayd etilgan


Doniyor  17 Oktyabr 2006, 07:02:57

6-bob. Olloh taoloning qavli: «Ey Muhammad, «Agar rostgo‘y bo‘lsangizlar, Tavrotni keltirib o‘qib ko‘ringizlar!»—deb aytingiz!»

Ibn Umar raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Yahudiylar Payg‘ambar alayhissalom huzurlariga zino qilgan bir erkak va ayolni olib kelishdi. Rasululloh ulardan: «Sizlarda zino qilgan kishiga qanday jazo beriladi'» — deb so‘radilar. Ular: «Ikkovining ham yuziga qora surtib, keyin darra uramiz!»—deyishdi. Rasululloh: «Tavrotdan toshbo‘ron qilib o‘ldirish haqidagi hukmni topmadingizlarmi?»—dedilar. Ular: «Tavrotdan bu haqda hech narsa topolmayapmiz»,— deb javob berishdi. Abdulloh ibn Salom ularga: «Yolg‘on aytdingiz, agar rostgo‘y bo‘lsalaringiz, Tavrotni keltirib o‘qib ko‘ringizlar!»—dedi. Tavrot mudarrislaridan biri ataylab kaftini «Rajm oyati» ustiga qo‘yib turib, atrofdagi oyatlarni o‘qiy boshladi, «Rajm oyati»ni ersa o‘qimay tashlab o‘tdi. Abdulloh ibn Salom buni sezib, uning qo‘lini «Rajm oyati» ustidan olib tashladi-da: «Bu nima?!» —deb so‘radi. Hammalari Tavrotga qarab, unda «Rajm oyati» borligini ko‘rishdi va: «Bu Rajm oyati-ku!» — deyishdi. Rasululloh ikki zinokorni rajm (toshbo‘ron) qilmoqqa buyurdilar, ularni masjid oldidagi janoza. o‘qiladirgan joyning yaqinida toshbo‘ron qilib o‘ldirishdi. Shunda men zinokor yahudiyning o‘z gavdasi birlan ayolni toshdan himoya qilganini ko‘rdim».

Qayd etilgan


Doniyor  17 Oktyabr 2006, 07:03:11

8-bob. Olloh taoloning qavli: «Sizlar odamlarni (hidoyatga yetaklamoq) uchun yuborilgan eng yaxshi ummaqizlar»

Abu Hurayra raziyallohu anhu bunday deydilar: «Sizlar odamlarni (hidoyatga yetaklamoq) uchun yuborilgan eng yaxshi ummaqizlar» degan oyatning mazmuni shuki, musulmonlar boshqalarni hidoyatga yetaklab, ularni bo‘yinlaridagi kufr kishanlaridan xalos qilib, islomga kiritadilar».

Qayd etilgan


Doniyor  17 Oktyabr 2006, 07:03:34

9-bob. Olloh taoloning qavli: «Orangizdan ikki guruh umidsizlikka tushib nomardlik qilmoqchi bo‘lganda...»

Jobir ibn Abdulloh raziyallohu anhu bunday deydydilar: «Orangizdan ikki guruh umidsizlikka tushib nomardlik qilmoqchi bo‘lganda, vaholanki Olloh ularning madadkori erdi...» degan oyati karima bizning haqimizda nozil bo‘lgan. Usha ikki toifa biz, ya’ni Banu Horisa va Banu Salama kishilari erdik. Bu oyat nozil bo‘lmaganda biz quvonmas erdik, chunki unda Ollohning biz to‘g‘rimizda «... vaholanki Olloh ularning madadkori erdi» degan qavli bor!»

Qayd etilgan


Doniyor  17 Oktyabr 2006, 07:03:48

10- bob. Olloh taoloning qavli: «Ey Muhammad, siz uchun bu ishda biror narsa yo‘qdur»

Solim otalaridan naql qiladilar: «Rasululloh bomdod namozining ikkinchi rak’atida ruku’dan bosh ko‘tarib «Sami’allohu liman hamidah» dedilar-da, «Yo Olloh, falonchi, falonchi va falonchini la’natlagil!» deb aytdilar. Shunda Olloh taolo: «Siz uchun bu ishda biror narsa (ixtiyor) yo‘q, Olloh ularning tavbalarini yo qabul qiladi yoki zolimliklari uchun ularni azoblaydi» degan oyatni nozil qildi». Bu hadisni Ishoq ibn Roshid ham Zuhriydan naql qilib aytib berganlar.

Abu Hurayra raziyallohu anhu bunday deydilar: «Rasululloh agar birovni duoi bad yoki duoi xayr qilmoqni xohlasalar, Qunutni o‘qib, ruku’dan keyin «Sami’allohu liman hamidah, rabbano va lakal-hamd» derdilar, so‘ng: «Ey Olloh, Valid ibn Validga, Salama ibn Hishomga va Iyosh ibn Abu Rabiy’aga najot ber! Ey Olloh, Muzar qabilasiga nisbatan qahringni kuchaytir, ularga Yusuf zamonidagi qahatchilikdek qahatchilik yubor!»—deb ovoz chiqarib aytardilar. Yana ba’zi namozlarida, masalan bomdod namozida: «Yo Olloh, arab qabilalaridagi falon va falonni la’natlagin!»—derdilar. Pirovardida Olloh taolo: «Siz uchun bu ishda biror narsa yo‘qdur» degan oyatini nozil qildi».

Qayd etilgan


Doniyor  17 Oktyabr 2006, 07:04:01

11-bob. Olloh taoloning qavli: «Holbuki, payg‘ambar ortingizdan chaqirayotgan erdi»

Oyatdagi «uxrokum» so‘zi «oxarukum» so‘zining muannasidur. Ibn Abbos: «Oyatdagi ikki xayriyatdan biri yo fath yoki shahid bo‘lmoqlik erdi»,— deydilar.

Barro ibn Ozib raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Payg‘ambar alayhissalom piyodalarga Abdulloh ibn Jubayrni amir etib tayinlagan erdilar. Hammalari dushmandan chekina boshlaganda Rasululloh ularning ortidan chaqirgan erdilar. Payg‘ambarimiz yonlarida o‘n ikki kishidan boshqa hech kim qolmagan erdi».

Qayd etilgan


Doniyor  17 Oktyabr 2006, 07:04:10

12-bob. Ollohning «amanatan nu’osan» («shirin mudroq») degan qavli xususida

Abu Talha: «Uhud kuni jang maydonida erkanligimizda bizlarni shunday bir uyqu elitdiki, qo‘limdan qilichim tushib ketdi. Men uni qo‘limga olsam, yana tushib ketar erdi»,— deydilar.

Qayd etilgan


Doniyor  17 Oktyabr 2006, 07:04:44

13-bob. Olloh taoloning qavli: «Uzlariga jarohat yetganiga qaramay, Olloh va uning  rasuli hukmlariga bo‘yinsunib amali solihlar qilgan va Ollohdan taqvo qilganlar uchun katta savoblar bordur»

14-   bob. Olloh taoloning qavli: «Darhaqiqat, Quraysh sizlarga qarshi lashkar to‘pladi»

Ibn Abbos raziyallohu anhu bunday deydilar. «Bizga Ollohning o‘zi kifoya qiladi, u naqadar yaxshi chorasoz!» degan qavlni Ibrohim alayhisealom o‘zlarini olovga tashlashganda aytgan erdilar. «Darhaqikat, Quraysh sizlarga qarshi lashkar to‘pladi, ulardan qo‘rqingizlar!» deyishganda Janob Rasululloh ham shunday degan erdilar. Shunda musulmonlarning iymonlari yanada mustahkamlanib, ular ham: «Bizga Ollohning o‘zi kifoya qiladi, u nakadar yaxshi chorasoz!»—deb javob qilishgan erdi».

Ibn Abbos: «Ibrohim alayhissalomning o‘tga tashlashganda aytgan oxirgi gaplari: «Menga Ollohning o‘zi kifoya qiladi, u naqadar yaxshi chorasoz!» degan gaplari erdi».

Qayd etilgan


Doniyor  17 Oktyabr 2006, 07:05:05

15-bob, Olloh, taoloning qavli: «Olloh o‘z fazlidan bergan narsaga baxillik kiladirgan kishilar bu qilmishlarini o‘zlari uchun yaxshilik, deb hisoblamasinlar, balki bu ularga yomonlik bo‘lib, qiyomat kuni o‘zlari baxillik qilgan mol bo‘yinlariga bo‘yinturuq qilib solingay, osmonlaru yerning merosi Ollohgagina xosdur va qilib turgan ishlaringiz Ollohga ma’lumdur!»

Abu Hurayra raziyallohu anhu rivoyat hiladilar, «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam: «Olloh taolo mol-dunyo ato etgan kishi mol-dunyosining zakotini bermasa qiyomatda o‘shal boyligi ikki ko‘zining ustida qora dog‘i (xoli) bo‘lgan, boshi sip-silliq ajdahoga aylantiriladi keyin, u egasiga: «Men sening molingman, men sening xazinangman»,— deydi-da, uning tanasiga o‘ralib, ikki lunjidan tishlaydi»,— dedilar. So‘ng, «Olloh o‘z fazlidan bergan narsaga baxillik qiladirgan (qizg‘anadirgan) kishilar bu qilmishlarini o‘zlari uchun yaxshilik, deb hisoblamasinlar, balki bu ularga yomonlik bo‘lib...» degan oyati karimani oxirigacha tilovat qildilar».

Qayd etilgan