Imom al-Buxoriy. Al-jome' as-sahih (3-jild)  ( 483645 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 78 79 80 81 82 83 84 85 86 87 88 ... 114 B


Doniyor  23 Oktyabr 2006, 07:56:23

56- bob. Uylangan kishi qanday duo qilinadi?

Anas raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam Abdurrahmon ibn Avfda sarig‘ dog‘ borligini ko‘rib: «Bu nima?»—dedilar. U: «Men danakdek keladirgan oltin berib, bir ayolga uylandim»,— dedi. Ul zot: «Borakalloh, bir qo‘y so‘yib bo‘lsa ham to‘y qilgin!» — dedilar».

Qayd etilgan


Doniyor  23 Oktyabr 2006, 07:56:38

57- bob. Kelinni kuyovning huzuriga kuzatgan ayollarni hamda kelinni duo qilmoq haqida

Oisha raziyallohu anho rivoyat qiladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam menga uylandilar. Shunda, onam qoshimga kelib, meni hovliga olib kirdilar. Uyda ko‘pgina ansoriya ayollar bo‘lib, ular menga xayru baraka va baxtli turmush tiladilar».

Qayd etilgan


Doniyor  23 Oktyabr 2006, 07:56:49

58- bob. G’azotdan ilgari ayoliga qo‘shilmoqni yaxshi ko‘rgan kishi haqida

Abu Hurayra raziyallohu anhu Rasululloh sallallohu alayhi va sallamdan naql qilib bunday deydilar: «Payg‘ambarlardan biri g‘azotga otlangach, o‘z qavmiga: «Birorta ham kishi xotinlarini olib mening ketimdan g‘azotga ergashmasin, chunki u xotiniga yaqinlik qilmoqni xohlagani birlan, yaqinlik qilolmaydi, g‘azotda bunga imkon yo‘q!» — dedi».

Qayd etilgan


Doniyor  23 Oktyabr 2006, 07:57:00

59- bob. To‘qqiz yashar qizaloqqa qo‘shilgan kishi haqida

Urva rivoyat qiladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam Oishaga olti yoshligida uylanib, to‘qqiz yoshligida unga qo‘shildilar. Oisha ul zot birlan to‘qqiz yil turmush qurdi».

Qayd etilgan


Doniyor  23 Oktyabr 2006, 07:57:14

60- bob. Safarda qo‘shilmoq haqida

Anas rivoyat qiladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam Safiyyaga qo‘shilmoq uchun Xaybar birlan Madina oralig‘idagi bir yerda uch kun turib qoldilar. Men musulmonlarni Janob Rasulullohning to‘y ziyofatlariga taklif qildim. Dasturxonda na non va na go‘sht bor erdi, shul boisdan ul zot boriga qanoat qilmoqni amr qildilar. Dasturxonga xurmo, pishloq va yog‘ tortildi, shu birlan to‘y ziyofatlari bo‘lib o‘tdi. Musulmonlar: «Safiyya mo‘minlarning onalaridan biri bo‘larmikin yoki ul zotning cho‘rilaridan biri bo‘larmikin?» —deyishdi. Keyin, ular o‘zlaricha: «Agar Janob Rasululloh uni hijobga olsalar (parda ortiga yashirsalar), u mo‘minlarning onalaridan biri, basharti olmasalar, cho‘rilaridan biri bo‘ladi»,— deyishdi. Safiyyaning kajavasi Janob Rasulullohning ortlaridan yo‘lga chiqqanda, ul zot u birlan odamlar orasiga parda tortib qo‘ydilar».

Qayd etilgan


Doniyor  23 Oktyabr 2006, 07:57:32

61-bob. Ulovga mindirmay va olov yoqmay, kuppa-kunduzi qo‘shilmoq haqida

Oisha raziyallohu anho rivoyat qiladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam menga uylandilar. Keyin, onam qoshimga kelib meni hovliga olib kirdilar. Kuppa-kunduzi bo‘lgani uchun ham,  men faqat Janob Rasulullohdan cho‘chirdim».  (Islomdan ilgari kelinni ulovga mindirib, gulxan atrofidan aylantirilgan).

Qayd etilgan


Doniyor  23 Oktyabr 2006, 07:57:48

62-bob. Ayollar uchun namatlar va shunga o‘xshash narsalar haqida

Jobir ibn Abdulloh raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam: «Namatlarni oldingizlarmi?» — dedilar. Men: «Yo Rasulalloh, bizda namat nima qiladi?!» — dedim. Ul zot: «Bo‘lishi kerak!» — dedilar».

Qayd etilgan


Doniyor  23 Oktyabr 2006, 07:58:02

63-bob. Kelinni kuyov huzuriga kuzatib qo‘yuvchi ayollar haqida

Hishom ibn Urva rivoyat qiladilar: «Oisha raziyallohu anho bir kelinni bir ansoriy kuyovning huzuriga kuzatib qo‘ydilar. Janob Rasululloh: «Ey Oisha, musiqa chalib o‘yin-kulgi birlan kuzatib qo‘ydingizlarmi? Ansorlar musiqa chalib o‘yin-kulgi qilishni xush ko‘radilar»,— dedilar».

Qayd etilgan


Doniyor  23 Oktyabr 2006, 07:58:20

64- bob. Kuyovga qilinadirgan hadya haqida

Abu Usmon rivoyat qiladilar: «Men Anas ibn Molikning biz birlan birga «Baniy Rifoa» masjididan o‘tib ketayotib bunday deb aytayotganini eshitdim: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam Ummu Sulaymning hovlisi yonidan o‘tib ketayotib uning uyiga kirdilar-da, unga salom berdilar. Ushanda ul zot Zaynabga uylanish arafasida erdilar. Ummu Sulaym menga: «Janob Rasulullohga (Zaynabga qo‘shilgan kunlari ertalab) nonushta tortiq qilsak, juda soz bo‘lar erdi!» — dedi. Men unga: «Shunday qilgin!» — dedim-da, xurmo, yog‘ va pishloqdan «haysa» (uch xil narsadan tayyorlanadirgan taom) tayyorlab, uni bir idishga soldim. Keyin, uni olib Ummu Sulaym birlan birgalikda Janob Rasulullohning huzurlariga ravona bo‘ldim. Janob Rasululloh menga: «Qo‘lingdagini qo‘y!» —dedilar, so‘ng: «Falonchilarni hamda yo‘lingda uchragan kishilarni chaqirib kel!» — deb amr qildilar. Men amrlarini bajo keltirib, qaytib keldim. Hovli odamlarga liq to‘ldi. Janob Rasulullohga qarasam, qo‘llarini o‘sha «haysa» ustiga qo‘yib: «Mo shoalloh!» — dedilar. So‘ng, huzurlariga o‘nta-o‘ntadan odam chaqira boshladilar, ular kirib taomdan yeyishdi. Ul zot ularga: «Olloh taoloning ismini aytib yengizlar, har bir kishi o‘ziga nasib qilganicha yesin!» — dedilar. Hamma to‘yguncha yedi. Keyin, ko‘pchilik chiqib ketdi, faqat bir nafar kishi suhbatlashib o‘ltirib qoldi. Bunga mening g‘ashim keldi. So‘ng, Janob Rasululloh chiqib, hujralar tomon yurdilar, men ham ketlaridan chiqdim-da: «Ular ketishdi»,— dedim. Janob Rasululloh qaytib uyga kirib, pardani tashlab qo‘ydilar, men ersam dahlizda turib qoldim. Shunda ul zot: «Ey mo‘minlar, payg‘ambarning uylariga biror taomga taklif qilinganingizdagina kiringizlar, (barvaqtroq kirib taomning) pishishiga intizor bo‘lib o‘ltirmangizlar va lekin qachon chaqirilsangizlar, kiringizlar, vaqtiki taom yeb bo‘ldingizlar, tarqalingizlar va o‘ltirmangizlar o‘zaro suhbatlashib, bu narsa albatta payg‘ambarga ozor berur va payg‘ambar sizlardan hayo qilur va Olloh taolo haqiqatni bayon qilishdan hayo qilmas («Al-Ahzob» surasi, 53-oyat)»,— dedilar».

Abu Usmon: «Anas Janob Rasulullohga o‘n yil xizmat qildi»,— deydilar.

Qayd etilgan


Doniyor  23 Oktyabr 2006, 07:58:42

65- bob. Kelin uchun kiyim va boshqa narsalarni birovdan vaqtincha olib turmoq haqida

Xishom otalaridan naql qiladilar: «Oisha raziyallohu anho Asmodan marjonini vaqtincha taqish uchun so‘rab olgan erdilar, yo‘qotib qo‘ydilar. Janob Rasululloh uni qidirib topish uchun bir qancha sohobalarini jo‘natdilar. Shu asnoda namoz vaqti bo‘lib qolib, ular betahorat namoz o‘qishdi (chunki, suv yo‘q bo‘lib, «tayammum» haqidagi oyat hali nozil bo‘lmagan erdi). Keyin, Janob Rasulullohning oldilariga kelishganda, shul haqda ul zotga shikoyat qilishdi. Shunda «tayammum» xususida oyat nozil bo‘ldi. Usayd ibn Huzayr Oisha onamizga: «Xudo xayringizni bersin, Olloh taolo haqi, bundan avval ham siz tufayli Olloh taolo biz musulmonlarga barakot ato etgan erdi!» — dedi».

Qayd etilgan