5- bob. To‘ygunicha taom yegan kishi haqida
Anas ibn Molik rivoyat qiladilar: «Abu Talha Ummu Sulaymga: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam ochlikdan toliqqan ko‘rinadilar, ovozlarini arang eshitdim, biror yeguliging bormi?» — dedilar. Ummu Sulaym bir necha arpa nonini yopinchig‘lariga o‘rab, qo‘ynimga tiqib qo‘ydilar-da, meni Rasululloh sallallohu alayhi va sallamning qoshlariga jo‘natdilar. Men nonlarni olib yo‘lga chiqdim, ul zotni masjiddan topdim, huzurlarida bir qancha odamlar ham bor erdi. Men ularning tepasiga borib turdim. Rasululloh sallallohu alayhi va sallam menga: «Seni Abu Talha yubordimi?»—dedilar. Men: «Ha»,— dedim. Janob Rasululloh: «Taomga taklif qildimi?» — dedilar. Men: «Ha»,— dedim. Janob Rasululloh o‘zlari birlan birga o‘ltirganlarga: «Turingizlar!» — dedilar-da, yo‘lga chiqdilar, men ham birgalikda yo‘lga chiqib, ularni Abu Talhaning uylariga boshlab bordim. Abu Talha: «Ey Ummu Sulaym, Janob Rasululloh bir necha odamlar birlan birga keldilar, bizning ersa ularni mehmon qilarlik taomimiz yo‘q!» — dedilar. Ummu Sulaym: «Olloh taolo va uning Rasuli yaxshiroq bilgaydur!» — dedilar. Abu Talha tashqariga chiqib Janob Rasulullohni kutib oldilar, keyin ikkalalari uyga kirib kelishdi. Janob Rasululloh: «Ey Ummu Sulaym, boringni olib kelavergil!» — dedilar. Ummu Sulaym boyagi nonlarni dasturxonga qo‘yib erdilar, Janob Rasululloh nonxurush keltirmoqni amr qildilar. Ummu Sulaym yog‘donlariga meva solib, nonxurush tayyorlab berdilar. Keyin, Janob Rasululloh dasturxonga qo‘yilgan yeguliklarni maqtab-maqtab tanovul qildilar. So‘ng, o‘zlari birlan kelgan odamlardan o‘n kishini dasturxonga taklif qilmoqqa ruxsat berdilar. Ular to‘ygunlaricha yeb, so‘ng chiqib ketishdi. Keyin, yana o‘n kishini dasturxonga taklif qilmoqqa izn berdilar, ular ham to‘ygunlaricha yeb, chiqib ketishdi. So‘ng. yana o‘n kishini dasturxonga taklif qilmoqqa ruxsat berdilar, ular ham to‘ygunlaricha yeb, chiqib ketishdi. Keyin, yana o‘n kishiga izn berdilar, ular ham to‘ygunlaricha yeb, so‘ng chiqib ketishdi. Shul tariqa, barchalari to‘yib ovqatlanishdi, vaholanki ular sakson kishi erdilar».