So'rovnoma

Imom Muslimni bilasizmi?


Yo'q
  0 (0%)
Ha
  0 (0%)

Foydalanuvchilar ovoz berdi: 0



Imom Muslim. Sahihi Muslim (1-jild)  ( 257274 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 34 35 36 37 38 39 40 41 42 43 44 ... 68 B


Doniyor  19 Oktyabr 2006, 06:52:24

363/2. Mug‘iyra ibn Sho‘‘ba roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Muso alayhissalom Rabbilaridan jannat ahlining eng past darajadagisini so‘raganlarida, Alloh: «U shunday kishiki, jannat ahli jannatga kiritilganidan keyin olib kelinib, «Jannatga kirgin», deyiladi. U: «Ey Rabbim, qanday qilib kiraman? Odamlar manzillarini egallab, oladigan narsalarni olib bo‘lishgan-ku», deydi. Keyin unga: «Dunyo podshohlaridan bir podshohga berilgan mulk kabi narsa berilishiga rozimisan?» deb aytilsa, u: «Roziman, ey Rabbim!» deydi. Shunda Alloh: «Senga u kabi, u kabi, u kabi, u kabi», deb beshinchisini aytganida, u kishi: «Rozi bo‘ldim, ey Rabbim», deydi. Yana Alloh: «Bu va bunga o‘n barobar narsa hamda nafsing ishtaha qilib, ko‘zing lazzatlanadigan narsalar senga», desa, u: «Rabbim, rozi bo‘ldim, mana shu manzillarning oliysidir», deydi. Alloh: «Men ularga ko‘rsatiladigan karomatlarni o‘z qo‘lim bilan ekdim, ya’ni karomatlariga hech bir o‘zgarish kirmaydi. Va unga Uzim muhr urganman. U narsani biror ko‘z ko‘rmagan, biror quloq eshitmagan va biror inson qalbi his etmagan», deb aytdi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bu so‘zning tasdig‘iga dalil qilib Allohning kitobidan quyidagi oyatni aytdilar: «Ular uchun berkitib qo‘yilgan ko‘zlar quvonchini (ya’ni, oxirat ne’matlarini) biron jon bilmas» (Sajda surasi, 17-oyat).

Bu yerda yuqoridagi hadis takror kelgan.

Qayd etilgan


Doniyor  19 Oktyabr 2006, 06:52:33

364/3. Abu Zarr roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Men jannatga oxirgi bo‘lib kiruvchi va oxirgi do‘zaxdan chiquvchi kishini bilaman. Bir kishi qiyomat kuni olib kelinib: «Kichik gunohlarini ko‘rsatib, katta gunohlarini undan ko‘taringlar», deb aytilsa, kichik gunohlari ko‘rsatiladi. Va unga: «Shu kuni shunday, shunday va shunday, falon kuni shunday, shunday va shunday qilganmiding?» deyilsa, u: «Ha!» deb katta gunohlarida shafqat qilinishi uchun kichigini inkor etishga qodir bo‘lmaydi. Shunda unga: «Har bir qilgan yomonliging barobaridagi yaxshilik sen uchun», deyilsa, u kishi: «Ey Rabbim! Men ko‘p (katta gunohlarni) sodir qilganman. Men ularni ko‘rmayapman-ku», deydi», deb aytdilar. Roviy: «Men Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ushbu so‘zlarni aytayotib kulganlarida tishlari ko‘rinib qolganini ko‘rdim», deb aytdilar.

Bu yerda yuqoridagi hadis takror kelgan.

Qayd etilgan


Doniyor  19 Oktyabr 2006, 06:52:44

365/4. Jobir ibn Abdulloh roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Bu zotdan (jannat yoki do‘zaxga) tushuvchilar haqida so‘ralganida u zot: «Biz qiyomat kuni unday va bunday bo‘lib kelamiz. Buni odamlarning qiyofasiga qarab (bilgin). Ummatlar o‘zlari ibodat qilgan but-sanamlari bilan chaqiriladi. Avval ibodat qilganlari birinchi bo‘lib kelishadi. Ana shundan keyin Rabbimiz keladi. Va: «Kimni ko‘ryapsizlar?» deydi. Ular: «Rabbimizni ko‘ryapmiz», deyishadi. U: «Men sizlarning Rabbingizman», deydi. Ular: «Biz Senga qaramoqchimiz», deyishsa, Alloh ularga kulgan holda ko‘rinadi. U ular bilan birga yuradi, Unga ergashishadi. U insonlarning har biriga, ya’ni munofiq yoki mo‘minga nur ato qiladi. Keyin ular o‘sha nurga ergashishadi. Jahannam ustida ko‘prik bo‘lib, unda tikan va ilgichlar hozir turadi, Alloh xohlagan kishilarni ushlaydi. So‘ngra munofiqlar nuri o‘chirilib, mo‘minlar qutqariladi. Najot topgan birinchi jamoaning yuzlari badr kechasidagi oyga o‘xshaydi. Ular yetmish ming bo‘lib, hisob-kitob qilinmaydi. Ularning yaqinlarida yana shunday kishilar bo‘lishadiki, ular osmondagi yulduz nuriga o‘xshashadi. Mana shunday turishganidan keyin ularga shafoat halol bo‘ladi. Ular shafoatchi bo‘lishgach, «La ilaha illalloh», deb qalbida arpa og‘irligicha yaxshiligi borlarni do‘zaxdan chiqarishadi. Va ular jannat kengligiga qo‘yiladi. Jannat ahli ularga suv quyadi. Ular sel oqqanda bir narsa unib chiqqani kabi unib chiqishadi. Ulardan esa do‘zax asoratlari ketkaziladi. Ular so‘raganlarida, dunyo va uning barobaridagi o‘nta dunyo ato qilinadi», dedilar.

Qayd etilgan


Doniyor  19 Oktyabr 2006, 06:52:51

366/5. Jobir roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Bu zot Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning quyidagi so‘zlarini quloqlari bilan eshitganlar: «Alloh taolo do‘zaxdan odamlarni chiqarib, jannatga kiritadi».

Qayd etilgan


Doniyor  19 Oktyabr 2006, 06:52:58

367/6. Hammod ibn Zayd roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. «Men Amr ibn Dinorga «Jobir ibn Abdulloh Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning: «Albatta Alloh taolo bir qavmni do‘zaxdan shafoat sababli chiqaradi», deb aytgan so‘zlarini rivoyat qilganini eshitganmisan?» desam, u: «Ha», deb aytdi».

Qayd etilgan


Doniyor  19 Oktyabr 2006, 06:53:06

368/7. Jobir ibn Abdulloh roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Albatta bir qavm do‘zaxdan yuzlari atrofi kuymagan holda chiqib, hattoki jannatga kiradi», deb aytdilar.

Chunki sajda o‘rni bo‘lgan yuzni do‘zax o‘ti kuydirmaydi.

Qayd etilgan


Doniyor  19 Oktyabr 2006, 06:53:19

369/8. Yazid ibn Faqir roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Bu zot aytadilar: «Meni xavorijlarning bir fikri qiziqtirib qoldi. Biz bir necha kishi haj qilish maqsadida yo‘lga chiqdik. Keyin odamlarga xavorijlar fikrini tarqatishni xohlab, ular huzuriga bordik. Madina ko‘chalarida ketayotsak, Jobir ibn Abdulloh xodaga o‘tirgan holda Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan vorid bo‘lgan hadislarni qavmga so‘zlar edilar. Shu holda u zot jahannam ahlini zikr qildilar. Men u kishiga: «Ey Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning do‘sti! Nimani gapirmoqdasiz? Vaholanki, Allohning kalomida: «Parvardigoro, albatta Sen kimni jahannamga kiritsang, muhaqqaq, uni rasvo qilursan», «Har qachon undan (do‘zaxdan) chiqmoqchi bo‘lsalar, yana unga qaytarilurlar», deyilgan oyat bor-ku! Sizlar o‘zi nimalarni gapirmoqdasiz?» desam, u zot: «Sen o‘zi Qur’on o‘qiysanmi?» dedilar. Men: «Ha», dedim. U zot: «Alloh Uzi yuborgan Muhammad alayhissalomning maqomlarini eshitganmisan?» dedilar. Men: «Ha», desam, u zot: «U Muhammad alayhissalomning maqtalgan maqomlari bo‘lib, Alloh u sababli chiqarishni (xohdagan) kishilarni chiqarib yuboradi», deb Sirot ko‘prigining o‘rnatilishini va odamlar uning ustidan o‘tishini zikr qildilar. Va: «Yana yodlay olmaganimdan qo‘rqqan holda quyidagi eshitgan narsalarimni aytib beraman: albatta bir qavm do‘zaxda vaqtni o‘taganidan keyin u yerdan chiqadi. Ular go‘yo qora rangli abnus daraxti kabi bo‘lib qolishadi. Keyin jannat anhorlaridan biriga tushib cho‘milishsa, go‘yoki (oq) varaq kabi toza bo‘lib chiqishadi», dedilar. Keyin biz qaytib (Toifadagi kishilarga): «Sizlarga voy bo‘lsin, hech qachon bu shayx, ya’ni Jobir ibn Abdulloh roziyallohu anhu Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga nisbatan yolg‘on gapirarmidi?» dedik. Biz (hajdan) qaytganimizda barchamiz xavorijlarning o‘sha fikridan qaytdik. Faqat bizdan bir kishi ularning fikrida sobit qoldi».

Yoki Abu Nu’aym aytganlaridekdir.

(Izoh: Hadis rivoyat qiluvchi rivoyati o‘zgarib ketishidan xavf qilib, ehtiyot yuzasidan ngunday deyishi odobdandir).

Qayd etilgan


Doniyor  19 Oktyabr 2006, 06:53:26

370/9. Anas ibn Molik roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Do‘zaxdan to‘rt (toifa) kishi chiqqanida ular Allohga namoyish qilindi. Ularning biri burilib qaradi-da: «Ey Rabbim! Meni undan chiqargin, qayta u yerga qaytarmagin», degan edi, Alloh u kishiga do‘zaxdan najot berdi», dedilar.

Qayd etilgan


Doniyor  19 Oktyabr 2006, 06:53:42

371/10. Anas ibn Molik roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: «Alloh qiyomat kuni odamlarni to‘plaganida ular (shafoatga) ahamiyat berishadi. (Ibn Ubayd rivoyatlarida esa o‘sha shafoatni so‘rashga ilhom beriladi, deyilgan.) Ular: «Agar Rabbimiz bizga shafoatchi berganida biz bu joydan (qo‘zg‘olib) farog‘at topgan bo‘lar edik», deyishadi. Va shu holda Odam alayhissalom oldilariga borib: «Siz butun xaloyiqning otasi Odamdirsiz. Alloh sizni o‘z qo‘li bilan yaratib, O’zining ruhidan pufladi. Hamda farishtalariga buyurgan edi, ular sizga sajda qilishdi. Bizga Rabbingiz huzurida shafoatchi bo‘lsangiz, biz bu yerdan (qo‘zg‘olib) taskin topsak», deyishadi. Odam alayhissalom: «Men buning ahli emasman», dedilar va (bug‘doyni yeb qo‘yib) sodir etgan xatolari sababli Rabbilaridan hayo qilishlarini zikr etdilar. «Lekin sizlar Alloh (eng) avval rasul etib yuborgan Nuhning oldiga boringlar», deb aytadilar. Ular Nuh alayhissalomning oldilariga borishsa, u zot ham sodir etib qo‘ygan xatolari sababli Rabbilaridan hayo qilishlarini aytdilar. «Lekin sizlar Alloh Uziga xalil (do‘st) qilib olgan Ibrohim alayhissalom oldilariga boringlar», desalar, ular Ibrohim alayhissalom huzurlariga borishdi. U zot ham: «Men buning ahli emasman», deb sodir etib qo‘ygan xatolari sababli Rabbilaridan hayo qilishlarini aytib: «Lekin sizlar Alloh bilan so‘zlashgan va Tavrot ato etilgan Musoning huzurlariga boringlar», dedilar. Ular Muso alayhissalom huzurlariga kelishsa, u zot ham: «Men buning ahli emasman», deb sodir etib qo‘ygan xatolari sababli Rabbilaridan hayo qilishlarini aytdilar, so‘ng: «Lekin sizlar Allohning ruhi va kalimasi bo‘lmish Iso alayhissalom huzurlariga boringlar», dedilar. U zot ham: «Men buning ahli emasman-u, lekin sizlar avvalgi-yu keyingi gunohlari kechirib qo‘yilgan banda Muhammad alayhissalom huzurlariga boringlar», deb aytsalar, ular huzurimga kelishadi. Rabbimdan (shafoatga) izn so‘rasam, menga izn beriladi. Men o‘shanda sajda qilgan holimdaligimni ko‘rdim. Alloh xohlaganicha sajdada tark qilinaman. Keyin: «Ey Muhammad, boshingizni ko‘tarib (biror narsa) deng, aytgan narsangiz eshitiladi. (Biror narsa) so‘rang, so‘ragan narsangiz beriladi. (Bir narsada) shafoatchi bo‘ling, shafoatchi qilinasiz», deb aytildi. Men boshimni ko‘tarib Rabbim qanday o‘rgatgan bo‘lsa, o‘shanday hamd aytaman. Keyin shafoat qilaman, shundan keyin menga bir hudud ajratib beriladi. Men o‘sha hududdagi kishilarni do‘zaxdan chiqarib, jannatga kiritaman, so‘ngra qaytib, yana sajdaga yiqilaman. Alloh xohlaganicha sajda qilgan holimda tark qilinaman. Keyin: «Boshingizni ko‘taring! Ey Muhammad, (biror narsa) deng, aytgan narsangiz eshitiladi. (Biror narsa) so‘rang, so‘ragan narsangiz beriladi.    (Biror    narsada)    shafoatchi    bo‘ling,    shafoatchi    qilinasiz», deyildi. Men boshimni ko‘tarib Rabbim o‘rgatganidek, Unga hamd aytaman. Keyin shafoat qilsam, menga ajratib qo‘yilgan hududdagilarni do‘zaxdan chiqarib, jannatga kiritaman.

(Roviy uchinchi, to‘rtinchisini bilmayman, deb aytdilar.) Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Ey Rabbim! Do‘zaxda faqat abadiy qolishlarini Qur’on xabar bergan kishilargina (qoldi), xolos», deb aytaman», dedilar.

Ibn Ubayd: «Qatodaning rivoyatlarida «abadiyligi vojib bo‘lganlargina» bo‘lib kelgan», dedilar.

Qayd etilgan


Doniyor  19 Oktyabr 2006, 06:53:53

372/11. Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam dedilar: «Mo‘minlar qiyomat kuni to‘planib (shafoatga ahamiyat berishadi yoki shunga, ya’ni shafoat so‘rashga) ilhom beriladi...». Hadis yuqoridagidek davom ettirilgan. Lekin davomida aytilishicha, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «To‘rtinchi gal boraman yoki to‘rtinchi gal qaytganimda: «Ey Rabbim! Bu yerda faqat abadiy qolishlarini Qur’on xabar bergan kishilargina qolishdi, xolos», deb aytaman», dedilar.

Bu yerda yuqoridagi hadis takror kelgan.

Qayd etilgan