456/6. Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam maqbara oldiga kelib: «Ey mo‘minlar diyori qavmi! Sizlarga salom bo‘lsin. Xudo xohlasa, bizlar ham sizlarga yo‘liqurmiz, qani biz birodarlarimizni ko‘rsak edi», deganlarida, sahobalar: «Ey Allohning rasuli! Biz sizning birodarlaringiz emasmizmi?» dedilar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Sizlar sahobiylarimsiz, birodarlarimiz hali kelishmagan», dedilar. Sahobalar: «Ey Allohning rasuli! Ummatingizdan hali kelmaganlarini qanday taniysiz?» deyishganida, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Bilmaysizlarmi, agar bir kishining qora-qura otlari orasida oq qashqali oti bo‘lsa, o‘sha oq qashqali otini tanimasmidi?» dedilar. Sahobalar: «Taniydi, ey Allohning rasuli!» deyishdi. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Ular tahoratlari sababli oq qashqa bo‘lib kelishadi. Men esa ularni havzga olib kelaman. Ogoh bo‘ling! Xuddi adashib yurgan begona tuyani (suv havzasidan) haydagan kishi kabi havzimdan (begona) kishilarni haydab, (ummatilarimni) «Kelinglar!» deb chaqiraman. Menga «Ular sendan keyin (dinni) o‘zgartirib yuborishgan», deyilsa, men: «Unday bo‘lsa, uzoq-uzoq turishsin», deyman», dedilar.
Bu yerda yuqoridagi hadis takror kelgan. Faqat «havzimdan (begona) kishilarni haydayman» jumlasi zikr etilmagan.