23-bob Peshona va sallaga mash tortish haqida
497/1. Urva ibn Mug‘iyra otalari Mug‘iyra ibn Shu’badan rivoyat qiladilar. Mug‘iyra ibn Shu’ba roziyallohu anhu: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ortda qoldilar, men ham u zot bilan birga ortda qoldim. Qachonki, u zot hojatlarini chiqarib bo‘lganlaridan keyin: «Senda suv bormi?» dedilar. Men obdastada (suv) olib borgan edim, u zot ikki kaftlari va yuzlarini yuvdilar. Bilaklarini ochaman, deb kirishgandilar, chopon yengi torlik qilib qoldi. U zot qo‘llarini chopon ostidan chiqarib, choponni yelaklariga tashlab oldilar. Hamda ikki bilaklarini yuvib, peshonalari, salla va mahsilari ustiga mash tortdilar. So‘ngra u zot (ulovlariga) mindilar va men ham (ulovimga) minib bir qavm oldida to‘xtadik. Ular namozga tik turishgan edi. Abdurahmon ibn Avf ularga namoz o‘qib, bir rakatini o‘qib bo‘lgandilar. Qachonki, u zot Rasululloh sollallohu alayhi vasallam kelganlarini his qilib orqalariga tisarilayotgandilar, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam u zotga imo-ishora qildilar. Bas, u zot qavmga namoz o‘qib berdilar. (Namoz tugab) salom bergandilar, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam o‘rinlaridan turdilar va men ham o‘rnimdan turib o‘tqazib yuborgan bir rakat namozni o‘qib (mukammal qildik)», deb aytdilar.