IYMON KITOBI
1-bob
Iymon, Islom, ehson bayoni hamda Allohning taqdiriga iymon keltirishning vojibligi, taqdirga ishonmaydigan kishilardan uzoq bo‘lishga dalillar va ular haqida aytilgan mubolag‘ali so‘zlar bayoniAbulhusan Muslim ibn Hajjoj al-Qushayriy, ya’ni Imom Muslim: «Allohning yordami ila boshlaymiz va U bilan kifoyalanamiz. Bizning muvaffaqiyat qozonishimiz faqat Allohning iznidadir», deb aytdilar.
92/1. Yahyo ibn Ya’mar aytdilar: «Basrada taqdir haqida birinchi bo‘lib (noo‘rin) so‘z aytgan kishi Ma’bad al-Juhayniydir. Men va Humayd ibn Abdurahmon al-Himyariy haj yoki umra ibodatini bajargani borib, agar Rasululloh sollallohu alayhi vasallam sahobalaridan biror kishini uchratsak, ana bular so‘zlayotgan taqdir haqida so‘raymiz, deb aytdik. Nogahon masjidga kiraverishda Abdulloh ibn Umar ibn Xattobni uchratib qoldik. Men va do‘stim u zotni ihota qilib, birimiz o‘ng tomondan, ikkinchimiz chap tomonlaridan o‘rab oldik. Do‘stim gap boshlashni menga topshirdi, deb gumon qildim. Men: «Ey Abu Abdurahmon (ya’ni, Abdulloh ibn Umar)! Biz tomonlarda ba’zi kishilar paydo bo‘lishdiki, ular Qur’on o‘qishadi, ilm talab qilishadi», deb ularning bir nechta fazilatlarini zikr qildim-da, «Lekin ular: «Qadar Allohning ilmidan bo‘lmagan, Alloh ham narsalarni sodir bo‘lganidan keyin biladi», deb aytishadi», desam, u zot: «Agar ana shunday so‘z aytuvchi kishilarga yo‘liqsang, mening ulardan va ularning mendan yiroq ekanliklari xabarini ber», dedilar. Va yana Abdulloh ibn Umar qasam ichib aytadiki: «Agar ana shunday so‘zni aytuvchilardan birining Uhud tog‘i miqdoricha tillasi bo‘lib, uni infoq qilsa ham, to qadarga (ya’ni, Allohning narsalar sodir bo‘lishini azaldan bilishiga) iymon keltirmagunicha Alloh uning sadaqasini qabul etmaydi», deb aytdilar. Keyin u zot: «Otam Umar ibn Xattob menga shunday gapirib berganlar», deb quyidagilarni zikr qildilar:
«Biz bir kuni Rasululloh sollallohu alayhi vasallam huzurlarida edik, oppoq ko‘ylak kiygan, sochlari qop-qora bir kishi keldi. Unda safar asoratlari ko‘rinmas edi. Va ichimizdan biror kimsa u kishini tanimas edi. U Rasululloh sollallohu alayhi vasallam oldilariga o‘ltirib, tizzasini tizzalariga yaqin qilib, kaftini o‘z soni ustiga qo‘ydi-da: «Ey Muhammad, menga Islomdan xabar bering», dedi. U zot: «Islom - Allohdan o‘zga iloh yo‘q, Muhammad Uning rasuli, deb guvohlik bermog‘ing, namozni ado etishing, zakot berishing, ramazon ro‘zasini tutishing, agar yo‘lga qodir bo‘lsang, Baytullohni haj qilishing», dedilar. U kishi: «Rost gapirdingiz», dedi. Biz uning so‘rab, keyin o‘zi tasdiq etganidan ajablanardik. U kishi: «Menga iymon haqida xabar bering», dedi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Allohga, Uning farishtalariga, kitoblariga, payg‘ambarlariga, oxirat kuniga, qadarning yaxshisi-yu, yomoniga iymon keltirishing», deb aytdilar. U kishi: «Rost gapirdingiz», dedi-da, keyin «Ehson haqida xabar bering», dedi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Ehson - Allohga go‘yo Uni ko‘rib turgandek ibodat qilmog‘ingdir.
Agar sen Uni ko‘rmayotgan bo‘lsang, U seni ko‘rib turibdi», dedilar. U kishi: «Menga qiyomat haqida xabar bering», dedi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «So‘ralayotgan kishi so‘raguvchidan ortiq bilmaydi», dedilar. U kishi: «Qiyomatning alomatlaridan xabar bering» dedi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Cho‘rining o‘z xojasini tug‘ishi, yalang oyoq, yalang‘och, faqir podachi-cho‘ponlar imoratni (kim o‘zarga) baland qilib qurishlarini ko‘rishing qiyomatning alomatlaridandir», dedilar. Keyin u kishi ketdi. Men uzoq vaqt (kutib) turdim. So‘ngra Rasululloh sollallohu alayhi vasallam menga: «Ey Umar! So‘rovchi kishi kim ekanini bildingmi?» dedilar. Men: «Alloh va Uning rasuli biluvchiroq», dedim. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Bu kishi Jabroil edilar. Huzuringizga dinlaringizni ta’lim berish uchun keldilar», deb aytdilar».