"Oltin qon"dagi to'y. Farhod Jilon  ( 21196 marta o'qilgan) Chop etish

1 2 3 4 B


shoir  16 Oktyabr 2006, 20:35:30

Farhod Jilon, uyg'ur yozuvchisi

"OLTIN QON"DAGI TO'Y

Azaldan bordur elning panohi,
Ozodlik najoti—quyoshi, mohi.
Qasos o‘ti taqdirda bori,
To‘solmas yo‘limizni devlar ilohi!

Miloddan avvalgi 330 yil yoz kunlarining biri edi. Musaffo osmon uzra quyosh charaqlardi. Poyonsiz cho‘l xuddi osmon bilan omuxta bir juftlikday bir-biriga to‘ymay boqishib turganday tuyulardi. Samo va quyosh bu cho‘lga azaldan eng yaqin sirdosh, hamroh bo‘lib kelmoqda. Necha-necha qahramonlik dostonlari yaraldi; polvonlar o‘z karomatlarini ko‘rsatib el dong‘ini doston ayladi; elning tinchligi, salomatligini asrash uchun o‘z jonlarini fido qilib qanchadan-qancha mardu maydonlarning muqaddas  qonlari shu cho‘ldagi yulg‘unlar ostiga singib ketardi!...
Adog‘i ko‘rinmaydigan dasturxonday yastangan tekislikdagi emin-erkin o‘tlab yurgan bir uyur yovvoyi otlar  to‘satdan hurkib, uchgandek chopgan ko‘yi olislardagi adirliklarda g‘oyib bo‘ldi. Ko‘m-ko‘k bo‘liq o‘tloqzorda o‘ynoqlab yurgan bir necha kulrang quyonlar ularning tuyoq tovushlarini eshitgandan keyin, uzun quloqlarini ding qilib bir yerda qotib qolishdi-da, o‘sha zahotiyoq sakrashib har tomonga qochib ketishdi. Nariroqdagi quyuq o‘rmon ichidan jon holatda yetti-sakkiz juft jayronlar dupurlashib chiqib yana cho‘l bo‘ylab qochishda davom etishardi. Ajab, bu jonivorlar nimadan shunchalik hurkib ketishdiykin? Ha, sayyod! Xuddi shu payt jayronlarni quvib bir suvoriy chiqib keldi. Qoni qizib ketgan ot go‘yo qanotli dulduldek guvullab shitob bilan chopib borar, tuyoqlarining ham yerga tegib-tegmayotganligini bilib bo‘lmasdi. O‘ynoqi cho‘l shamoli tulporning yoli va uzun dumini uchirib, o‘ynatardi. Chavandoz yigit oldiga egilib otning bo‘yniga  yopishib olgandi. Jayronlarning charchab qolganlari bir-birlab o‘z to‘pining ortida qola boshladilar, to‘p oldida chopib ketayotgan jayron serkasi ro‘parasidagi uncha baland bo‘lmagan taqir tog‘ tomonga yo‘l oldi. Uchqur tulpor o‘q yetgudek oraliqqa borib qolganda jayronlar tog‘ bag‘riga yetib qolgandilar. Sayyod ularning tog‘ ortiga o‘tib ketishining oldini olish uchun darhol tizginini qo‘yib yuborib, paykonni oldi-da, oyoqlari bilan uzangiga tiranib egardan ko‘tarildi va o‘qni o‘ljasiga qaratib kamon ipini torta boshladi. Xuddi shu chog‘da jayronlar nima uchundir yo‘nalishlarini yana o‘zgartirib, shiddat bilan ortga burilib, jar yoqalab chopa boshladi. Bu paytda tog‘ tumshug‘i tomonda bir to‘p suvoriy lashkarlar ko‘rindi. Sayyod yigit kechikkan edi, u o‘qni qaytadan sadog‘iga solib, kamonni yelkasiga osgancha bir qo‘lida tizginini tortib, yana bir qo‘li bilan otining bo‘ynini silab, to‘xtashga da’vat qildi. So‘ngra tizginini yanada qaattiqroq tortdi. Mag‘rur tulpor qadamini noiloj astalatgan holda oldingi ikki oyog‘ini bir bora baland ko‘tarib tushdi, so‘ngra qizib ketgan ko‘zlarini norozilik bilan olaytirib to‘xtadi.

Qayd etilgan


shoir  16 Oktyabr 2006, 20:35:41

Tog‘lar orasidan to‘satdan chiqib kelayotgan ellik-oltmish chog‘li lashkarlar otlarini yeldirib, sayyod yigit turgan tarafga yaqinlab kelayotgandi. Ularning hammasi to‘liq qurollangan bo‘lib, bir qarashda olis yo‘ldan yoki muhorabadan qaytayotgandek ko‘rinardi. Nayza uchlari va dubulg‘alarida kun nuri g‘ira-shira chaqnardi, suvoriylar yaqinlashgan sari ularning chiroylari va baland ko‘tarilgan yakka tug‘ning belgisi aniq ko‘rina boshladi.
Sayyod yigit ularga tikilib qaradi va o‘z-o‘ziga:
—    Bars Tegin! — deb qo‘ydi.
Dubulg‘a va sovut kiyib saf oldida kelayotgan qaddi-basti kelishgan yigit haqiqatdan ham xoqonnining to‘ng‘ich o‘g‘li Bars Tegin edi. Ko‘tarilgan o‘sha yolg‘iz tug‘ Bars Teginning ehtimol tug‘i, lashkarlar esa, uning xos soqchi navkarlari edi. Sayyod yigit ismini aytayotib xoqon o‘g‘lining oldiga bordi va unga ot ustida bosh egib ta’zim qildi-da:
—    Xoqonimizning to‘ng‘ich o‘g‘li Bars Teging‘a  baxt va omad yor bo‘lsin! — deb salom berdi.
—    Qut bo‘lsin seng‘a ham, botir yigit! — deb javob qaytardi Bars Tegin, — isming nedur? Bul cho‘lda yolg‘iz ne qilub yurmushsen?
—    Ismim Arslon, shikor qilub yurgumdur, shahzodam, — dedi sayyod yigit tabassum ila boqqan ko‘yi muloyimlik bilan.
Shu payt yuzboshi Arslonga qarab buyruq ohangida o‘dag‘ayladi:
—    Shahzoda Tegin hazratlari oldinda o‘zungni qanday tutodursen?! Otdin tush!
Arslon uning do‘q bilan qilgan po‘pisasiga pisand qilmay:
—    Xoqon o‘g‘loni otdin tushub bosh egkanlarni botir deb hisoblamaydur, elga sodiq fidokorlarni qadrlaydurlar, — dedi.

Qayd etilgan


shoir  16 Oktyabr 2006, 20:36:13

Bars Tegin qiziqsinib Arslonga tikilib qaradi.
—    Sen shunday fidokormu? — so‘radi u.
—O‘n yil muqaddam sizning padari buzrukvoringiz Tungo Bilga xoqon a’lo hazratlari qizilboshlarga qarshi qo‘shin tortub chiqg‘onda mening otam ham shul qo‘shunda jangchi bo‘lg‘on erdi, — dedi Arslon, — otam fidoyilik birlan muhoraba qilg‘onlig‘i bois xoqon hazratlari otamni butun qo‘shun oldinda «Alp Qayum» deb e’lon qilg‘on erkanlar va barcha jangchilarig‘a otamni shul nom birlan atashni buyurg‘on erkanlar. Otam hozir chilangarlik bilan shug‘ullonodurlar, xoqon hazratlari uchun qurol-yarog‘ yasaydurlar, meni bolaligimdinoq Vatan va xalqimga qalqon, xoqon hazratlaring‘a sodiq navkar bo‘lishga o‘rgatg‘onlar.
—Sizlar ne boisdan xoqong‘a ushmuncha inoyat ko‘rsatadursizlar? — so‘radi Bars Tegin uni sinchkovlik bilan sinab ko‘rmoqchi bo‘lib.
—Fuqarolarning xoqong‘a sodiq bo‘lishlig‘i oning odilliq, haqqoniyat birlan hukm yuritg‘oni, el-yurtg‘a tinch-osoyishta hayot, obod-farovonliq, inoq-ittifoqliq baxsh  etayoturg‘onindandur, — deb javob berdi Arslon.
Bars Tegin bu oddiy sayyod yigitning bunday samimiy so‘zlarini eshitib unga yanada qiziqib qoldi. Arslonning shamol va oftobda kuyib biroz qoraygan chehrasiga, endigina sabza urgan mo‘ylari o‘ziga juda yarashib tushgandi. Uning keskin turilgan tim qora tutash qoshlaridan qaysarlik va mardlik alomatlari shundoq aks etib turardi. Qattiq qimtilgan lablaridan, ayniqsa lablarining burchagida bilinar-bilinmas ko‘rinib turgan nim tabassumidan uning o‘ta g‘ururli yigit ham ekanligi, jigargo‘shalikka ustuvorligi, uning keng yelkali va alp qomatidan butkul mardlik, jasorat va kuch yog‘ilib turganligini ham payqash qiyin emas edi. Yigit mingan to‘riq tulpor hanuz bir yerda tinim turmay hadeb olg‘a intilar, yer tepinar, pishqirib, uyoq-buyoqqa aylanardi.

Qayd etilgan


shoir  16 Oktyabr 2006, 20:36:37

«Qanday botirona ko‘rinish!» deb o‘yladi Bars Tegin unga zavqlanib qarab, yana so‘radi:
—Nechun shikorg‘a o‘zung birlan burgut yoxud shunqor olib chiqmading?
Arslon bu savolga ham hech bir dovdiramay dadil javob berdi:
—Bung‘a hojat yo‘q erdi. Mening bugun shikorg‘a chiqishim faqat ot ustunda turib kamondin o‘q otishni mashq etish, otimni jangavorliqg‘a  o‘rgatishga qaratilg‘on erdi.
Bars  Teginning bu cho‘l farzandiga tobora ixlosi ortib borardi. Uning o‘zini tutishidan va har bir aniq va dadil javobidan xushomadga qilcha o‘rin qoldirmagan samimiylik aks etib turardi.
—Maqbul ota o‘g‘il! Yaraysen! — dedi oxiri Bars Tegin Arslonga jiddiy qarab, — o‘g‘il degan shunday bo‘lmog‘i kerak. Ko‘rinishingdan sen ham otang kabi qahramon jangchi bo‘ladurg‘ong‘a o‘xshaydursen, men bung‘a inonurmen.
Halol va jo‘shqin mehnatga, erkin hayotga odatlangan oq ko‘ngil cho‘l farzandi bunday maqtovlarga ko‘nikmagani uchun biroz o‘ng‘aysizlangandek bo‘lib, Teginga qarashga botinolmay qoldi va nima deyishini ham bilmay ko‘zini undan qochirib, suhbatga qiziqsinib qarab turgan navkarlarga nigoh tashladi. Navkarlar ham endi unga nisbatan o‘zlarida samimiy hurmat va dil izhorlari paydo bo‘lganligini qalban his etishardi. Ularning ba’zilari bu mardona yigitga madad bergilari ham kelgandek do‘stona bir tarzda bir-birlariga qarashgan ko‘yi kulimsirab, boshlarini irg‘ishib qo‘yishdi. Bars Tegin ham qarab kulib qo‘ydi-da:
—Emdi sen nechun mening qaerdin  kelayoturg‘onligimni,  ne qilub yurg‘onlig‘imni so‘ramaydursen? — deb yana kutilmagan savolni qo‘ydi va shu onda uning javobini kutmayoq jiddiy qiyofada so‘zida davom etdi, — bilib qo‘y, botir yigit, elimizg‘a bir kuchli dushman bostirub kelmoqda. Bul dushmanning ismini Iskandar Zulqarnayn deyishodur. Ul olis-olis yerlardag‘i, ko‘pgina tog‘u toshlar, cho‘lu sahro, biyobonlar ortindag‘i Yunon degan elning xoqonidir. Bul yovuz xoqon kunbotishdag‘i talay ellarni muhosara etmishdur va emdilikda narhi qon kechub, tuman-tuman kishiliq ulkan qo‘shin birlan Turon zamining‘a hujum qilib chegaradag‘i ellarni qirg‘ing‘a olmoqda. Eshitishimizg‘a qarag‘anda Turonning yuragi bo‘lmish Shamirkent shahrini kunfayakun qilub, ko‘p xalqni, ko‘p qarindosh elatimizni qirg‘ing‘a olub emdilikda bul yoqlarg‘a bosturub kelayoturg‘on ermish.
Arslon bu gaplarni eshitib ko‘zlaridan birdan g‘azab uchqunlari chaqnab ketdi.
—Mumkin ermas, ichkarilab kirolmaydur! — deya baqirib yubordi u o‘zini tutolmasdan.

Qayd etilgan


shoir  16 Oktyabr 2006, 20:36:45

Bars Tegin o‘sha noxush voqealarning, o‘z so‘zining ta’siriga berilgan holda yana so‘zida davom eta boshladi:
—Men bu bahodir navkarlarim birlan chegaradag‘i ahvolni borib o‘z ko‘zim birlan ko‘rdum. Hozir shul yerdin kelayoturmiz. Ul yerda Iskandarning elchisi birlan ko‘rishdum. Elchi bizning taslim bo‘lishimiz keraklig‘in talab qilmush. Men ang‘a «Muhoraba maydoninda ko‘rishg‘aymiz» deb javob berib qaytmushmen.
—Muhorabag‘a meni boshlab boring‘iz, men sizning aytg‘on yeringg‘izdin qat’iy chiqmag‘aymen! — deb keskin javob qildi Arslon hayajon bilan.
Bars Tegin notanish sayyoddan shunday javob kutganday, unga mamnunlik bilan qaradi.
—Yaxshi! — dedi shahzoda, —xoqonning muhorabag‘a chorlovchi farmoni e’lon qiling‘onda qo‘shung‘a bor. Seni muhoraba g‘o‘lig‘a boshlab kirg‘aymen. Dushmanning qilich, nayzasi oldinda o‘zungni qanday tutushlig‘ingni ko‘rayin.
Shundan keyin ovozini ko‘tarib Arslonga ham, navkarlarga ham barobar qaratib inod qildi:
—Biz alarg‘a o‘z qudratimizning nelarg‘a qodir ekanlig‘in albatta ko‘rsatub qo‘yg‘aymiz! Yovuz bosqinchi Iskandar yetmish tog‘ botirlarin bir ko‘rub qo‘ysun! Halok bo‘lg‘on jafokash qarindosh elatlarimiz uchun ham illo qasos olg‘aymiz! Alarni tor-mor kelturmag‘unumizg‘acha muhorabadin aslo qaytmag‘aymiz.

Qayd etilgan


shoir  16 Oktyabr 2006, 20:36:52

Arslon endi Bars Teginga zavqlanib qaradi. Teginning yoshi Arslondan ko‘p katta bo‘lsa uch-to‘rt yosh kattaroq ko‘rinardi. U g‘oyat kelishgan yigit edi, ayni chog‘dagi g‘azabnok chehrasi, dubulg‘asi ostidan chiqib turgan jingalak qo‘ng‘ir sochlari, his-tuyg‘uli qo‘y ko‘zlari, maysadek o‘sgan mayin qisqa soqol-mo‘ylari uning shubhasiz yanada haqiqiy botir va chin jasorat sohibi ekanligidan ham darak berayotganday edi.
Bars Tegin to‘satdan Arslon tomonga keskin burilib shunday dedi:
—Meng‘a qara yigit, baxtingni sinaydurg‘on vaqtg‘ada emdi ko‘p qolmadi. Muhorabag‘a birg‘a borg‘aymiz, botirlik ko‘rsatsang sen mening eng yaqin do‘stumg‘a aylanodursen, magar qo‘rqoqlik qilsang...
U so‘zini to‘xtatib, Arslonning ko‘zlariga mixdek tikilib qaradi va o‘ng qo‘li bilan qilichning dastasini tutib turib, har bir so‘zini dona-dona etib takrorladi:
—Magar qo‘rqoqlik qilsang adabingni o‘zum berg‘um!
Shahzoda bu gapni aytganda uning chiroyi butkul o‘zgacha surli tus oldiki, jangda qo‘rqoqlik qiladiganlar undan so‘zsiz hech qanday yaxshilik kutmasligi kunday ravshan ko‘rinib turardi.

Qayd etilgan


shoir  16 Oktyabr 2006, 20:37:00

—Ketdik yigitlar! – dedi Bars Tegin va o‘ynoqlab turgan tulpor otini quyundek uchirib ketdi. Navkarlar ham nayzalarini hamda atrofidan nur taratib chiqib kelayotgan tong quyoshi va bo‘ri boshi tasviri aks ettirilgan bir necha zarrin popuklik ko‘k ipak tug‘ni baland ko‘tarishgan holda uning ortidan ot qo‘ydilar.
Arslon tobora olislab ketayotgan jangovar suvoriylarning ortidan biroz qarab turgandan keyin, nimadir yodiga kelganday bo‘lib darhol otini choptirib, Tegin ketgan yo‘ldan boshqa bir manzilga qarab yo‘l oldi. U uzoq yo‘l bosdi. Cho‘l oxirlashganda  olisda yashil bog‘lar ko‘rindi. Arslon mahallaning chetidagi daraxtzorlikka kelib otidan tushdi. U daraxtlar orasida o‘tlab yurgan bir otni va sharillab oqayotgan suv bo‘yida o‘ychan o‘tirgan bir qizni ko‘rdi. Arslon birdaniga o‘ynab ketgan yuragini bosib olish uchun qizning orqasidan biroz qarab turdi. So‘ngra go‘yo tushida ko‘rayotgan parizodni cho‘chitib yubormaslikka  tirishayotgandek maysazorlarni avaylab bosib, bir otlab, ikki otlab asta-sekin qizga yaqinlashdi. Qizning vujudi yengilgina titrab ketdi, ko‘rinishidan uning yigitni allaqachon ko‘rganligi va o‘zini ataylab ko‘rmasga olib o‘tirganligi sezilib turardi, uning oqayotgan tip-tiniq suvga qarab turgan katta-katta ko‘zlari visol onlaridan yanada charaqlab ketdi. Arslon suv bo‘yiga kelib uning yonida to‘xtadi va mayin ovoz bilan:
—Bolqiz! – deb chaqirdi.

Qayd etilgan


shoir  16 Oktyabr 2006, 20:37:22

Qiz boshini ko‘tarmadi. Arslon yelkasidan kamonini olib yerga qo‘ydi-da, qizning yoniga o‘tirdi. —Bolqiz, — dedi u yana qizga yer ostidan qarab, —men vaqtida kelolmadim... kechikib qoldim, uzr... Qiz indamagandan keyin o‘z aybini bo‘yniga olgan ohangda yana qo‘shib qo‘ydi. —Tan olamen qarshingg‘izda gunohkormen. Sizni kuttirib qo‘ydim. Sizdan yana bir bor uzr so‘raydurmen.
Qiz xuddi sakrab urushga tayyorlangan sho‘x kiyikdek boshini bir yo‘la ko‘tardi-da, yigitning haddan tashqari muhabbatga to‘la muloyim ko‘zlariga tikilib qaradi. Qiz o‘zining xafa bo‘lganligini bildirishga harqancha tirishsada, istarasi issiq hamda ko‘rkam chiroyining iliqligini aslo o‘zgartolmadi, g‘uncha lablarini kulib yuborishiga yo‘l qo‘ymaslikka tirishsa-da, hiloldek qalam qoshlarini chimirib turishga urunsada, buloqdek otilib turgan otash ko‘zlari tabassumidan o‘zini qochirolmadi.
—Shunchalik ham kuttirib qo‘yar ekansiz, shuni oldinroq o‘ylasang‘iz bo‘lmasmudur yigit?  — dedi u o‘zining yoqimli ovozi bilan Arslonni yanada dovdiratib.
—Menga qarang, Bolqiz, men sizg‘a hammasini gapirib berurmen, — dedi Arslon yalingansimon qizga termulib va bir qo‘lini ko‘ksi ustiga qo‘ydi, — men o‘zimiz kelishg‘on vaqtni unutib qolg‘onim yo‘q... bilodurmisiz, bugung‘i kunni qanchalik tashnaliq-intizorliq ila kutg‘onimni!
—Unday ersa nechun kechikding‘iz? — takror so‘radi Bolqiz..

Qayd etilgan


shoir  16 Oktyabr 2006, 20:37:31

Arslon sevgilisini taslim etishga tirishib gapira boshladi:
— Ko‘rishish vaqtimiz kelgunga qadar paykon otishni mashq qilish uchun shikorg‘a chiqqandim. O‘zingg‘iz bilodursiz, paykon otish mashg‘ulotin bir kun ham to‘xtatub bo‘lmasdur. O‘lja quvib cho‘l ichkarising‘a kirib ketubmen. Boz usting‘a, — deb so‘zini davomlashtirdi Arslon qaytadan jiddiylashib, uning ko‘zlari yana boyagi cho‘ldagidek chaqnab ketdi, — men shu cho‘lda valiahd shahzoda Bars Tegin birlan uchrashib qoldim. Ul chegara yerlaring‘a borub kelubdi. Iskandar degan bir ajnabiy xoqon bizning zaminimiz sari qo‘shin tortub elimizg‘a bostirub kelayoturg‘on ermush. Buni Bars Tegin o‘z og‘zi birlan aytmush.
—    Men sizg‘a shuni aytmoqchi erdum, — dedi Bolqiz.
—    Ne? Bu haqda siz ham bilodurmusiz? — hayron bo‘lib so‘radi Arslon. Qiz tasdiq alomati boshini irg‘ab qo‘ydi.
—    Otamdin onglodim, — dedi u, — kecha uyumizg‘a bir lashkarboshi kelub erdi. Ul kishi otam birlan shul haqda gaplashishayotg‘anlarin onglab qoldim, bugun  saharda bir navkar xoqonning yorlig‘in kelturub otamni o‘rdag‘a  boshlab ketmush.
Bolqizning otasi Qora Boqshi xoqonning yaqin odamlaridan bo‘lib, yoshlikdan tortib jang ishlarida toblangan sarkarda edi. U donishmand va bilimdon odam bo‘lganligidan, xoqon tomonidan unga «Qora Boqshi» degan nom ism qilib berilgandi.
—Muhoraba boshlansa siz ne qilodursiz? — deb so‘radi Bolqiz Arslondan nigohini uzmagan holda.
—Bars Tegin birlan muhorabag‘a birg‘a boradurg‘on bo‘lib kelishib qo‘y-mushmen, — dedi Arslon.

Qayd etilgan


shoir  16 Oktyabr 2006, 20:37:40

—Sizning mana shunday javob berishingg‘izni bilardim, — dedi Bolqiz. Endi uning nafaqat ko‘zlarigina emas, balki lablari ham kulimsirab turardi.
Arslonning shu topda Bolqizning ipakdek yumshoq qo‘ng‘ir sochlarini qo‘liga olib o‘ynagisi, uning tong shafag‘idek qirmizi yanoqlaridan o‘pgisi, eng shirin sevgi so‘zlarini qulog‘iga ohista pichirlagisi kelardi. Lekin, allaqanday zo‘r kelgan g‘oyibona sehrli bir kuch uning bunday qilishiga yo‘l qo‘ymasdi. Yigit o‘zining kuchli qo‘llarini qizga uzatolmasdi. Har qanday holatda ham dadillik bilan faqat haqiqatnigina so‘zlashga odatlangan cho‘l o‘g‘loni endi qizning ko‘nglini olgudek biror so‘z ham topolmasdi.
—Qora Boqshi ko‘pni bilodurg‘on tajribalik odam. Ikkovimizning to‘y qilishimizg‘a qo‘shilurmu? — dedi u oxiri xo‘rsinib.
Bolqiz darhol javob qaytarolmadi. U, otasining bu ishga qo‘shilolmasligini bilardi. Qora Boqshi o‘z qizining bir oddiy sayyod yigit bilan ahdlashib yurganligini bilgandan keyin, ancha xafa bo‘lgandi. U hatto bir marta Arslonning otasiga: «Bolqiz yobg‘uning qizi, uning munosibi o‘rda ichidan bo‘lishi kerak!» degan ekan. Bu gapni o‘shandayoq Arslon Bolqizga bildirgan edi. Shundan buyon Bolqiz otasidan o‘zini chetga olib yurardi. Keyin, u bu dardni ichiga sig‘dirolmay onasiga yig‘lab turib: «Otam Arslonni yomon ko‘rmasunlar, ul vijdonliq, aqlliq, botir yigitdur. Men oni tushunodurmen, magar ul xoqonning xizmating‘a kirsa qat’iy kerakli odamg‘a aylanodur» deb yolborgandi. Onasi qizining ko‘zyoshlarini ko‘rib yuragi achishdi. U o‘zining arjumand qizining nidoli hasratini ko‘rib turib, uning ko‘nglini yanada o‘ksitishni istamasdi. Shunga ko‘ra, u mehr ila qizning yuzlarini yuvib tushayotgan ko‘zyoshlarini surtgan ko‘yi iliq onalik bag‘riga bosdi. «Otang birlan bu haqda gaplashib ko‘rg‘aymen qizim» deb qizga tasalli bergandi. Shundan buyon, Bolqizning qalbida «o‘lmagan jondan umid» degandek, qalbida umid uchqunlari chaqnay boshlagan esa-da, biroq otasining hanuzgacha o‘z shashtidan tushmaganligini ko‘rib yana xotirjamligi yo‘qolardi. Kunlar, oylar shu tarzda o‘tardi.

Qayd etilgan