Quvguchilar yana tutday to‘kilishga boshladilar.
Zulqarnayn uyg‘urlarning bunday ajoyib mahoratiga hayratlanib, yonida hozir bo‘lib turganlarga shunday dedi:
— Bu odamlar o‘qni oldindan qanday merganlik bilan otsalar, orqadin ham xuddi shunday ustalik bilan otisharkan, alar boshqalarg‘a aslo muhtoj bo‘lmay, o‘z ozuqasini o‘zi topib yeydirg‘onlar erkanlar: alarning qo‘lundin o‘lja aslo qochub qu-tu-lol-mag‘ay-dur! Alar qachon xohlasalar, o‘shal chog‘da otub yeydurlar!
Arslon boshliq yigitlar va ularni ta’qib etayotganlar «Oltin qon» tog‘iga yetib borganda soy ichidan to‘satdan Bars Tegin va Qora Boqshi boshliq qo‘shinlar yashin tezligida otilib chiqib, dushman qo‘shinining yon tomonidan xujumga o‘tdi. Qochayotgan yigitlar ham darhol ortlariga burilib dushman ustiga bo‘rondek yopirilib tashlandilar. Ikki tomon davra olishib, aralash-quralash bo‘lib ketdilar. Ur-yiqit, dahshatli qirg‘in-barot boshlandi. Otlarning ayanchli kishnashi, jangchilarning shovqin-suroni, yog‘iylarning yirtqichlardek hayqirishlari, o‘z tillarida allanarsalar deb baqirishlari, Bars Tegin lashkarlaridagi: «Ko‘kda tangri, Yerda botir!» Tangrilar bizlarg‘a yoru, madadkordur! U-ur — u-u-ur,» hayyo-hay na’ralari maydon uzra yangrar, qonlar sel bo‘lib oqardi. Taqir-tuqurlar, nog‘ora, karnaylarning ovozi, qilich va qalqonlarning zarb bilan sharaq-shuriq urilishi yeru ko‘kni larzaga keltirardi. Otlar hurkib pishqirar, jang qizigandan qizir, shamshiru oyboltalarning osmonga chaqqonlik bilan chiqib tushishidan qanchadan-qancha boshlar yerga dumalar, tuproqqa qorilib, ot tuyoqlari ostida toptalardi. Ayovsiz va bexato uchgan o‘qlar bahodirlarning yurak-bag‘rini tilka-pora qilar, es-hushini yo‘qotgan, egasiz, ba’zilari yaralangan tulporlar qon kechib, o‘zlarini har yonga urar, chiqib ketishga joy topisholmas edi. Egarlaridan yiqilgan yarador jangchilarning esa son-sanog‘i yo‘q edi! Ular hasrat bilan nido qilar, armon bilan jon berardilar. Hamma yerlar murdalar bilan to‘lib borardi. Bu yerda shunday jang bo‘lgan ediki, Zulqarnaynning o‘zi ham umrida bunday jangni aslo ko‘rmagandi! Har ikki tomon mislsiz qahramonlik ko‘rsatib, jon-jahdi bilan olishdilar. Odamlar bir-birlarini qilichlar, nayzalar bilan urishardi, ba’zilari ot ustida bir-biri bilan xezlashib, soch-soqollaridan tortishar, giribonlaridan olib bo‘g‘ishardi, bir-birini egardan yulib olib yerga uloqtirib tashlashardi...