Ba’zi olimlarning fikrlaricha, Muso va Horunga bani Isroilning hammasi, qibtiylardan ham katta guruh, bundan tashqari sehrgarlarning hammasi imon keltirgan edilar. Bu gapning rostligiga Qur’on oyati dalildir:
فَمَا آمَنَ لِمُوسَى إِلا ذُرِّيَّةٌ مِنْ قَوْمِهِ عَلَى خَوْفٍ مِنْ فِرْعَوْنَ وَمَلَئِهِمْ أَنْ يَفْتِنَهُمْ وَإِنَّ فِرْعَوْنَ لَعَالٍ فِي الأرْضِ وَإِنَّهُ لَمِنَ الْمُسْرِفِينَ
"œMusoga Fir’avn qavmidan faqat bir guruh kishilar Fir’avn va uning zodagonlarining fitna qilishlaridan xavfsiragan holda imon keltirdilar. Zero Fir’avn Yerda «oliy» va isrofgar tajovuzkorlardandir". (Yunus, 83.) Shayx Abdulaziz Mansur ushbu oyatning tarjimasida:
«Musoga qavmidan faqat bir guruh kishilar Fir’avn va uning zodagonlarining fitna qilishlaridan xavfsiragan holda imon keltirdilar» - deb, Isroil avlodlarining barchasi emas, bir qismi imonga kelganligini aytgan.
Mazkur oyatning tafsirida Ibn Kasir shunday deydi:
«Illo zurriyyatun min qovmihi» oyatidagi zamir Fir’avnga qaytadi. Chunki oyat mazmunining yo‘nalishi shuni taqozo qiladi. Ba’zilar zamirni Musoga qaytadi, deydilar. Avvalgi gap sahihdir. Chunki, Fir’avnning jabborligidan uning qavmi orasidagi mo‘minlar imonlarini yashirishga majbur bo‘lganlar.