JURNALIST. JUR'AT. JASORAT
"O'zbekiston ovozi" gazetasi rasmiy saytidan olindi
Nomoz SA’DULLAYEV, «O‘zbekiston ovozi» gazetasining ijtimoiy hayot va iqtisodiyot bo‘limi mudiri, O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan jurnalist:
— ... Bugun matbuot erkin. Bu imkoniyatni qadriga yetish kerak... Bizning vazifamiz va burchimiz, eng avvalo, mana shunga yo‘l ochib bergan Istiqlolni, uning milliy g‘oyalarini turli mavzu va janrlarda mazmunli yoritish.
Jurnalist qachonki, har bir voqea yoki hodisaning ijtimoiy, siyosiy, ma’naviy va ma’rifiy mohiyatini o‘z Vatanining jahondagi mavqei, oriyati va hamiyati uyg‘unligida tushunsagina yaxshini ham, yomonni ham ziyrak ajrata oladi... Chunki, hozir dunyoda shunday siyosiy «o‘yin»lar borki, «bir balosi bo‘lmasa, shudgorda quyruq na qilur» naqliga o‘xshash...
Mana, Andijon voqealarini oling: fojia ijrochilari ortida kimlar turibdi? Ular oldiniga «hamkormiz» deya o‘zlarini bizga xayrixoh ko‘rsatishgandi... Mayli, ular-ku, begona. Ammo, o‘zimizdan chiqqan birga baqamti yashayotgan tomoshabin, loqayd, ayg‘oqchi, ikki yuzlamachilarga nima deysiz? O‘zga davlatlardan va hatto okeanlar ortidan o‘z Vatanining hasadgo‘ylari-yu g‘arazgo‘ylaridan panoh so‘rasa, dodingni kimga aytasan? Balki bugungi ayrim xamelionlarga ham aytar gapimiz bordir?
Shu bois, har bir millat jurnalisti — eng avvalo, oriyatli, nafsoniyatli, hushyor, jasur, fidoyi, xolis va hozirjavob bo‘lmog‘i shart!
Ayni chog‘da u mohir notiq, kuchli siyosatchi va nozik diplomat ham bo‘lmog‘i kerak...
Umida FAYZIYEVA, «Xalq so‘zi» gazetasining gazetxonlar bilan aloqa va mintaqa bo‘limi mudiri, O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi:
— Nazarimda, avvalo har bir jurnalist o‘z yurti, Vatanini e’zozlash, qadriga yeta olish hissi bilan yashashi lozim. Keng va teran mushohadali, chuqur bilimli, o‘tkir nafas egasi bo‘lish istagi bizni sira tark etmasligi kerak, deb o‘ylayman. Nega? Chunki Vatan g‘ururi, Vatan mehri hissi bilan yonmasak, egallagan bilim doiramizni hamisha, har qadamda yangilab, boyitib bormasak, hayotimizda har jabhada, har onda bo‘layotgan o‘zgarishlar, islohotlarni qanday qilib anglab olishimiz mumkin? Emin-erkin hayotimizga rahna solishga urinayotgan har qanday kuchlarga o‘z aql-zakovatimiz bilan zarba bermasak, ona diyorimizni nechog‘li ardoqlab, sevib-suyganimiz, shu vatan farzandi ekanimizni izhor etib, g‘ururlanmasak, o‘zgalarga qay yo‘sinda yordam bera olamiz? Fikrimcha, bugungi kunda jurnalist oldidagi muhim vazifa u nafaqat tevarak-atrofidagi, balki chet ellardagi voqea-hodisalardan boxabar bo‘lishi lozim. Tili uzun, qalami o‘tkir, ma’naviyati boy bo‘lishi uchun esa tinimsiz izlanishi kerak. Ana shu faoliyat jurnalist bilimi, aqli bilan uyg‘unlashsa, u o‘quvchisi — xalqining ishonchini oqlay olsa, ana o‘shanda vatanparvar degan tushuncha ko‘ngilga osongina jo bo‘ladi.
Habib TEMIROV, «Qishloq hayoti» gazetasi bosh muharriri birinchi o‘rinbosari:
— Hozir jurnalist oldida turgan birlamchi vazifa o‘zining bilimi, dunyoqarashini tinimsiz kengaytirish, professional mahoratini, saviyasini muttasil oshirishdan iborat. Toki shu narsa bo‘lmas ekan, balandparvoz gaplar, dabdabali shior va da’vatlar bir pul. Bugun biz «axborot urushlari» davrida yashayapmiz. Nechog‘lik vahimali tuyulmasin, bu — ayni haqiqat. Jahon axborot maydoni zamonaviy kommunikatsiya texnologiyalari tufayli sarhadsiz, chegarasiz, yagona hudud bo‘lib qoldi.
Internet tarmog‘i orqali tarqalayotgan axborotlar, yer yuzining istalgan burchagidagi manzilga, xonadonga kirib bormoqda. Uning yo‘liga hech qanaqa to‘siq qo‘yib bo‘lmaydi. Ana shundan foydalangan ayrim siyosat arboblari buyuk davlatchilik iddaolarini yangi kuch, yangi to‘lqin bilan avj oldirmoqdalar. Davlatlarni, xalqlarni o‘z «ta’sir va manfaat doirasiga» kiritish uchun, oddiy qilib aytganda, qaramlikda, «axborot mustamlakasida» tutish maqsadida, jamoatchilik ongi, shuuri, fikrini o‘zlari istagan yo‘nalishda shakllantirishga urinmoqdalar. Aniqrog‘i, axborot maydonida hukmronlik uchun ayovsiz kurash bormoqda. Bu kurash davomida turli tomondan bo‘layotgan va muttasil bo‘lajak axborot xurujlariga dosh berish, munosib javob qaytarish uchun ham aql, yuksak saviya, yuqori darajadagi bilim, mahorat, hozirjavoblik, qat’iyat suv va havoday zarur. Shunga erishsak, ayni paytda rostgo‘ylik, mustahkam iymon, pok vijdonga asoslangan aniq fuqarolik pozitsiyasini egallasak, yuragimizda Vatanga cheksiz muhabbat va sadoqat, milliy g‘urur va oriyat jo‘sh ursa, chindan ham hech qachon, hech kimga qaram ham, hech kimdan kam ham bo‘lmaymiz.
Inobat NORMURODOVA, «O‘zbekiston» telekanali «Siyosat» studiyasining katta muharriri:
— Jurnalistning bugungi kundagi asosiy vazifasi — vaziyatga haqqoniy baho berish. Bo‘layotgan voqealarga xolisona yondashish, qo‘l urayotgan mavzusini chuqur va mukammal o‘rganish. So‘zda mas’ullik hissini unutmaslik!
Bugungi shiddatkor davr mulohazakor bo‘lishni ham talab etadi. Jurnalist xomxatala fikrlarga asoslanmasligi, tezkorlikka intilib, xolislikdan yiroqlashmasligi shart. Bundan tashqari ommadan, odamlardan bir qadam ilgari yurmog‘i lozim.
Andijon voqealari bizni yana bir bor sinovdan o‘tkazdi. Ayrim xorij OAV bu haqda shoshma-shosharlik bilan axborotlar tarqatdi. Axir, jurnalist hukm chiqarmasligi, balki manbalarni tahlil qilib, fikr bildirishi lozim.
Abdusamat RAHIMOV, «Ma‘rifat» gazetasi bosh muharriri birinchi o‘rinbosari, O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan jurnalist:
— Jurnalist oldidagi mas’uliyat, vazifa ham, agar u biror bir mamlakatga, jamiyatga mansub yoki kengroq olsak o‘z vataniga ega bo‘lsa, unda yashayotgan insonlar maqsad-muddaolari bilan mushtarak keladi. Uning kasbi nuqtai nazaridan amalga oshiradigan har bir ishi yurtining ertaga bugundan ko‘ra go‘zal, to‘kis va mustahkam bo‘lishiga xizmat qiladi. Qachonki, jurnalist bu yo‘ldan og‘sa, maydalashib ketadi, o‘z tayanch nuqtasini yo‘qotadi. Muallaq holatdagi narsa esa faqatgina xohish-irodasiz, tashqi ta’sir izmida harakatlanadi.
Ma’ruf OTAXONOV, «Ovozi tojik» gazetasi bo‘lim muharriri, O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan jurnalist:
— Mustaqillik davrida qo‘lga kiritilgan siyosiy, ijtimoiy, iqtisodiy yutuqlarimiz salmog‘i asrlarga teng. Mening nazarimda, ana shu yutuqlarga yo‘l ochgan Istiqlol g‘oyalarini xalq ongiga singdirish eng muhim vazifadir. Bu ulug‘vor vazifani bajarilishi jurnalistdan analitik bilim, mahorat va iste’dod talab qiladi, jurnalistni Haq va Haqiqat tomonida bo‘lishini taqozo etadi. Haqiqat esa, Istiqloldan oziqlanadi.
Yuragi pok, ya’ni qalbi haq tomondagi jurnalist istiqloldan ilhom oladi, hamisha haqiqatni yozadi, xalq bilan birga, Vatan ardog‘ida bo‘ladi. Hech vaqt birovlarning musiqasiga ham o‘ynamaydi, sotilmaydi.
Sharofiddin TO‘LAGANOV, «O‘zbekiston» radiokanali «Rejalashtirish va tahlil» guruhi rahbari, siyosiy sharhlovchi:
— Hamkasblarimizdan biri aytganidek, bugungi dunyoni yadro jamodonidagi tugmachani bosish bilan emas, balki radio mikrofoni tugmachasini bosish bilan o‘zgartirib yuborish mumkin. Shu sababli ham, o‘zbek jurnalistlari oldida to‘g‘ri so‘zni, haqiqatni yetkazishdek muhim vazifa turibdi.
Matbuot sahifalarida o‘qigan edim, «Ulkan iste’dodlar ko‘pincha bir-biriga do‘st emas, raqib bo‘ladilar». Men o‘zini iste’dodli deb bilgan jurnalistlar bir-biriga raqib bo‘lishini xohlayman. Hozir jurnalistlarning bir gazetadan ikkinchisiga o‘tib ketishi odatiy holga aylandi. Aslida esa jurnalistning boshqa jamoaga o‘tib ketishi katta sensatsiya bo‘lishi kerak.
Jurnalist xolis, jasoratli va doimo bedor bo‘lishi, faqat haqiqat tomonda turishi kerak. Eskicha ish uslublaridan voz kechadigan vaqt keldi. Eng katta kamchiligimiz yangiliklarning muhimini nomuhimidan ajrata olish malakasi shakllanmaganidir...
Toshpo‘lat XOLIQOV, «Turkiston» gazetasi muxbiri:
— Jurnalist ro‘y berayotgan voqea va hodisalarga xolis yondashishi, ulardan o‘z manfaat yoki ayrim guruhlar foydasi uchun mos keladigan nuqtalarni izlamasligi kerak. Aslida xolislik jurnalistikaning asosiy qonunlaridan biri sanaladi. Afsuski, bugunga kelib, jurnalist uchun suv va havodek zarur bo‘lgan ushbu xususiyat ba’zi hamkasblarimizda yetishmayapti. Jurnalist uchun xolislikning naqadar katta ahamiyatga ega ekanligi tajribadan ma’lum. Uzoqqa bormaylik, Andijon voqealarida jurnalistning noxolisligi qanday holatlarni keltirib chiqarishi ro‘y-rost ko‘rindi. Qolaversa, u o‘z fikri va so‘ziga ega bo‘lishi kerak. Ijodkor uchun birovlar manfaati yo‘lida qaram, birovlar qo‘lida qurol bo‘lishdan ko‘ra ayanchliroq holat bo‘lmasa kerak.
Nozimjon MO‘MINOV, «Yoshlar» telekanali «Davr» direksiyasi muharriri:
— Bugun jurnalistlar oldida turgan eng muhim vazifa, menimcha, jamiyatda ro‘y berayotgan yangilanishlar, demokratik o‘zgarishlarning odamlar ongiga tezroq yetib borishi uchun kurashish. Bu oson emas, albatta. Chunki, bunga ta’kidlayverish bilan emas, balki o‘z chiqishlarimizdagi jasorat va dadillik orqali erishishimizga to‘g‘ri keladi.
Yana bir muhim jihat — har qanday holatda ham vijdonga sodiqlik kerak. Zero, so‘zi bilan ishi bir bo‘lgan jurnalistgina odamlarning ishonchiga sazovor bo‘la oladi.
Eng muhimi — ayrim nosog‘lom kuchlar o‘z manfaati yo‘lida yurtimizga turli tomondan informatsion xurujlar yog‘dirib turgan bugungi tahlikali zamonda vaziyatni to‘g‘ri mushohada qila oladigan va Vatan manfaatlarini eng birinchi o‘ringa qo‘ya oladigan jurnalistlar juda-juda zarur.
Zayniddin MAMADALIYEV tayyorladi.