Muharrir ilovasi
Abdurauf Fitrat risolasini Andalusdagi xalifalar tarixi bilan tugatadi. Tugatgan, degan gap agar rost bo‘lsa! Bizning nazarimizda ham risolaning davomi bordek. Ehtimolki, tala-to‘plarda, Fitratning boshiga balo-ofatlar yog‘ilganda asarning davomi yo‘qolgandir.
Tasavvur qilib ko‘raylik: agar asarning davomi bo‘lsa, Fitrat nimalarni, Islom tarixining qaysi jihatlarini yoritdi ekan?
Nazarimizda, albatta Afrika va Andalusdagi tarixiy hodisalarni o‘ziga xos lo‘nda uslubda bayon qilib, asosan Mo‘g‘ul istilosiga e’tibor bergan va bu istilo natijasida qanchadan qancha Islom obidalarining, kutubxonalarining, umuman madaniy va ilmiy jabhalarining yo‘qolib ketganligini yozar edi. Ayni paytda xalifalar o‘rtasidagi to‘qnashuvlarning, bir dindagi, bir millatdagi odamlarning bir-birlarining qonlarini to‘kishi jamiyatni qay ahvolga solganligini ko‘z oldimizda gavdalantirgan bo‘lur edi.
Albatta, buyuk olim Islom dinining O’rta Osiyoga tarqalishi va undan avval O’rta Osiyoning tarixiy, ijtimoiy-siyosiy ahvolini bayon qilgan holda, bu yerga ham Haq dinning naqadar zarur ekanligini isbot qilardi. Fitrat yashagan siyosiy zo‘ravonlik va ma’naviy tushkunlik zamonida bunday isbot dadillik talab qiladi, biroq bunday dadillik Fitratga xos xususiyatdir.
Ummaviylar sulolasi zavol topib, abbosiylar sulolasi boshlangach, fan va madaniyat rivojiga xiyla e’tibor berilgani tarixiy dalil, albatta. Ammo abbosiylar sulolasi ham o‘z umrining oxirlariga borib, Fitrat aytgandek, xalifalik emas, shayxlik qila boshladi; binobarin, Bog‘dodda o‘tirgan xalifa podshohlardan keladigan sadaqalar bilangina kun o‘tkazadigan bo‘ldi. Ammo bu shayxlik ham mo‘g‘ul sarkardasi Xulakuxon kelishi bilan qumga singidi. Mo‘g‘ul xonlari ham asta-sekinlik bilan musulmon dinini qabul qilib, Islom sulolasining bir shaxobchasini egalladilar.
Amir Temur tarix maydoniga chiqqach, bu sulola ham Amir Temur eshigining gadosi bo‘lib qoldi. Islom bayrog‘ini endi Amir Temur baland ko‘tardi. Ammo bu buyuk saltanat ham zavol topdi, keyingi hodisalar esa bizga qonli urushlar, o‘zaro to‘qnashuvlar manzarasini chizib beradi va paydo bo‘lgan har bir sulolanish tanazzulini ko‘ramiz.
Ammo Islom hamisha barqaror bo‘ldi va o‘zining sobitligini yo‘qotmay, taraqqiy qildi.
Albatta, Fitrat bu hodisalarni qisqa tarzda yoritib, asosiy e’tiborini Islom olamida keng quloch otgan fan va madaniyatning taraqqiyotiga bag‘ishlagan bo‘lur edi.
Muhammad ‘alayhissalom vafotlaridan keyin dastlabki ilmiy ish Qur’oni karimni jamlash bo‘ldi va Payg‘ambarimizning amakivachchalari Abdulloh binni Abbos birinchi bo‘lib Qur’oni karim tafsiri ilmiga asos soldi. Va u kishining sa’y-harakati bilan hadislar ham to‘plana boshlandi. Payg‘ambarimizning keyingi avlodlari, xususan, Ja’fari Sodiq rahmatullohi ‘alayh ko‘plab hadislar to‘pladi.
Lekin hadislarni bir tizimga solish, ularni ilmiy jihatdan o‘rganish O’rta Osiyo olimlarining buyuk xizmatlaridir, hadis ilmining peshvosi bo‘lgan Imom Buxoriy va bu ilmning azamat namoyondalaridan biri Imom Termiziy shu ilm orqasida dunyoga tanildilar. Qur’oni karim tafsiri masalasida ham O’rta Osiyo olimlari peshqadamlikka erishib, Islom olamiga mashhur, dasturul-amal bo‘lgulik tafsir kitoblari yaratdilar.
O’rta Osiyoda o‘ziga xosgina emas, balki Islom olami tan olgan avliyolar sulolasi ham vujudga keldiki, bu avliyolarning jamiyat taraqqiyotida, davlatchilikning barqaror bo‘lishida ahamiyatlari buyuk bo‘ldi.
Fitrat risolani davom ettirganda, albatta, mana shu masalalarni olimona tafakkur bilan yoritgan bo‘lur edi.
Haqiqatda Islom tarixi buyuk bir ummon; uni daf’atan qamrab olish bir kitobning, bir muallifning yumushi emas. Ummaviylar va abbosiylar xalifaligining o‘zi bir necha asrlarni qamrab oladi va ularning o‘zaro kurashlari, boz ustiga abbosiy bilan abbosiyning bir-biriga qilich ko‘tarishi, ummaviy bilan ummaviyning yoqa bo‘g‘ishishlari, hatto ota-bolaning bir-biriga lashkar tortishi singari voqealarni bir zarb bilan yoritishning iloji yo‘q.
Afsuski, hali Islom tarixi bo‘yicha o‘zbek tilida salmoqli asarlar yaratilmagan, bu ish, albatta, kelajakdagi vazifalardandir.
Asror Samad