Mulla Fazliddin bugun Quvada pochchasining uyida bexosdan aytib yuborgan bu e’tiqodini boshqa ishongan odamlariga ham aytgan paytlari bo‘lgan edi. Ana shu ishonganlaridan allaqaysisi ayg‘oqchilik qilib, bu gapni dorug‘aga yetkazganini, endi dorug‘a buni podshohga dasturxon qilib olib borishi mumkiligini sezdi-yu, badanidan sovuq ter chiqib ketdi. Lekin dorug‘aga sir boy berish qanchalik xatarli ekanini payqab:
— Bu hammasi ig‘vo! — deb xitob qildi: — Janob dorug‘a, sizning ustingizdan ig‘vo qiluvchilar ham oz emas! Buni bilursiz! Men Andijonda neki bino qilgan bo‘lsam, hammasiga Mirzo hazratlarining nomlarini bitmoqdamen! Arkdagi devonxonani ko‘ring! Chorbog‘dagi ko‘shkni ko‘ring! Men ularning biror joyiga o‘z nomimni yozibmenmi? Qani, ig‘vogarlar dalil keltursinlar! Men hammasiga Mirzo hazratlarining muborak nomlarini bitganmen! Demak, tarixda mening nomim emas, Mirzo hazratlarining nomi qolsin, deganmen! Shundoqmi, yo‘qmi? Qani ayting!
Dorug‘a bu mantiqli dalillarni rad etolmasdan:
— Shundoqlikka shundoq, ammo...
— Ammosi yo‘q, janob dorug‘a! Siz meni bosqinchilardan himoya qilish o‘rniga, ayg‘oqchilarning tuhmatiga ishonadirgan bo‘lsangiz, men alhol Axsiga borib, Mirzo hazratlariga arz qilurmen!..
Uzun Hasan bu do‘qni pisand qilmay:
— Mayli, boring, arz qiling! — dedi. — Lekin shuni bilingki, atrofimizni yog‘iy bosgan bu xatarli damlarda podshohga me’mordan ko‘ra navkar zarurroq! Ahmadbekdek, mendek jangovar beklar uchun podshoh hozir sizdeklardan qanchasining bahridan o‘tur!