Imom Navaviy. Riyozus-solihiyn  ( 486552 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 111 112 113 114 115 116 117 118 119 120 121 ... 128 B


AbdulAziz  19 Iyul 2008, 08:27:33

1685/9. Oishadan (r.a.) rivoyat qilinadi. Jabroil alayhissalom Rasululloh (s.a.v.) bilan (bir paytni aniqlab) o‘sha soatda uchrashishga va’dalashdilar. Qachonki, o‘sha fursat bo‘lganda kelavermadilar. Oisha (r.a.) aytadilar: «Rasulullohning (s.a.v.) qo‘llarida hassa bor edi, o‘sha hassani irg‘itib: «Alloh ham, Uning elchilari ham va’daga xilof qilmas», deb o‘girilib qaragan edilar, karavotlari ostida bir kuchuk bolasi turibdi. U zot: «Bu it qachon kirib oldi?» degandilar, men: «Bilmasam», dedim. Keyin buyurgan edilar, u it chiqarib tashlandi. So‘ngra Jabroil alayhisalom kelgandilar, Rasululloh (s.a.v.) «Siz mening huzurimga kelishga va’da qilgan edingiz. Men kelishingizni kutib o‘tirdim. Lekin siz nima sababdandir kelavermadingiz?» deb so‘radilar. Jabroil alayhissalom: «Meni va’da qilingan vaqtda ko‘rishishdan uyingizdagi it man qildi. Chunki biz farishtalar it va (jonli) surat bor uyga kirmaymiz», deb aytdilar». Imom Muslim rivoyati.

1686/10. Abu Tayyoh Hayyon ibn Husayndan (r.a.) rivoyat qilinadi: «Ali ibn Abu Tolib menga: «Rasululloh (s.a.v.) meni yuborgan narsaga seni ham yuboraymi? Biror (jonli) surat qoldirmasdan yo‘q qilgin. Biror baland qabr qoldirmasdan yer bilan barobar qilgin», dedilar». Imom Muslim rivoyati.

Qayd etilgan


AbdulAziz  19 Iyul 2008, 08:27:49

306-bob
It boqishning haromligi, lekin ov, chorvani qo‘riqlash va ekinlarni poylash uchun boqishning joizligi haqida


1687/1. Ibn Umardan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh (s.a.v.) «Kim itga ega bo‘lsa, ya’ni uni boqsa, har kuni uning savobidan ikki qiyrot kamaytiriladi. Lekin iti ov uchun yoki chorvalarni poylash uchun bo‘lsa, unda zarari yo‘q», dedilar. Imom Buxoriy va Muslim rivoyatlari.

Boshqa rivoyatda «Bir qiyrot» bo‘lib kelgan.

1688/2. Abu Hurayradan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh (s.a.v.) «Kim it boqsa, har kuni uning amalidan bir qiyrot kamaytiriladi. Lekin ekin va chorvalarni poylovchi it bunday emas», dedilar. Imom Buxoriy va Muslim rivoyatlari.

Imom Muslimning boshqa rivoyatlarida Rasululloh (s.a.v.) «Kim it boqsa-yu, o‘sha iti ov uchun yoki chorva va yerlarni poylash uchun bo‘lmasa, har kuni uning savobidan ikki qiyrot kamaytiriladi», dedilar.

Qayd etilgan


AbdulAziz  19 Iyul 2008, 08:28:04

307-bob
Tuya va boshqa hayvonlarning bo‘yniga qo‘ng‘iroq osishning hamda safarda it va qo‘ng‘iroq olib yurishning karohiyati haqida


1689/1. Abu Hurayradan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh (s.a.v.) «Qaysi bir (karvonda) it yoki qo‘ng‘iroq bo‘lsa, ularga rahmat farishtalari hamroh bo‘lishmaydi», dedilar. Imom Muslim rivoyati.

1690/2. Abu Hurayradan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh (s.a.v.) «Qo‘ng‘iroq shaytonning karnay va surnaylaridandir», dedilar. Abu Dovud Imom Muslimning shartlariga binoan sahih isnod ila rivoyat qilganlar.

Qayd etilgan


AbdulAziz  19 Iyul 2008, 08:28:18

308-bob
Axlatlarni yeydigan tuyani minishning karohiyati, agar u pok narsalarni yeyishni boshlasa, go‘shti halol bo‘lib, karohiyat ketishi haqida


1691/1. Ibn Umardan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh (s.a.v.) nopok narsalarni yeyuvchi (jalola) tuyani minishdan man qildilar. Abu Dovud rivoyati.

Qayd etilgan


AbdulAziz  19 Iyul 2008, 08:28:36

309-bob
Masjidga tupurishdan qaytarish, agar tupuk ko‘rib qolinsa, uni tozalashga va masjidlarni iflos narsalardan pok tutishga buyurilgani haqida


1692/1. Anasdan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh (s.a.v.) «Masjidga tupurish xatokorlikdir. Bu xatoning kafforoti uni ko‘mib qo‘yishdir», dedilar. Imom Buxoriy va Muslim rivoyatlari.

Bu o‘rindagi «ko‘mib qo‘yishdan» maqsad agar masjidda tuproq, qum yoki shunga o‘xshash narsalar bo‘lsa, tupukni ana shular ostiga yashirishdir.

Abul Mahosin ar-Ruvyoniy «Bahr» nomli kitoblarida «Ko‘mishdan maqsad uni masjiddan chiqarib tashlashdir. Lekin masjid yeriga tosh yotqizilgan yoki gips (asfalt va sement) bo‘lsa, uni oyog‘i bilan aksar johillar kabi bosib ketib qolsa, uni ko‘mish, deyilmaydi. Balki bu ziyoda xatokorlik va masjidni ifloslantirishdir. Endi bosib ketgan kishi o‘sha tupukni kiyimi yoki qo‘li yo boshqa narsa bilan chiqarib tashlamog‘i yoki yuvmog‘i lozim», deb aytdilar.

1693/2. Oishadan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh (s.a.v.) qibla (tomon) devorida tupuk yoki balg‘am ko‘rib qolib, uni sidirib tashladilar. Imom Buxoriy va Muslim rivoyatlari.

1694/3. Anasdan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh (s.a.v.) «Albatta masjid siydik va boshqa nopokliklar uchun munosib emas. Aslida masjid Alloh zikri va Qur’on tilovat qilinadigan joy», dedilar yoki shunga o‘xshash so‘z aytdilar. Imom Muslim rivoyati.

Qayd etilgan


AbdulAziz  19 Iyul 2008, 08:28:52

310-bob
Masjidda janjallashib ovoz ko‘tarish, yo‘qolgan narsasini izlash, oldi-sotdi, ijara va shunga o‘xshash muomalalarni amalga oshirishning karohiyati haqida


1695/1. Abu Hurayradan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh (s.a.v.) «Kim yo‘qolgan narsasini masjidda ovoza qilib e’lon etayotgan kishini eshitsa, «Alloh uni senga qaytarmasin, masjidlar bu maqsadda qurilmagan», deb aytsin», dedilar. Imom Muslim rivoyati.

1696/2. Abu Hurayradan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh (s.a.v.) «Agar masjidda oldi-sotdi qilayotgan kishini ko‘rsanglar, «Alloh tijoratingga foyda bermasin», deb aytinglar. Agar masjidda yo‘qolgan narsani ovoza qilib e’lon etayotgan kishini ko‘rsangizlar, «Alloh uni senga qaytarmasin», deb aytinglar», dedilar. Imom Termiziy rivoyati.

Qayd etilgan


AbdulAziz  19 Iyul 2008, 08:28:59

1697/3. Burayda (r.a.) aytadilar: «Bir kishi masjidda: «Kim menga yo‘qolgan qizil tuyamni olib keladi?» dedi. Shunda Rasululloh (s.a.v.) «Topa olma. Masjidlar nima uchun qurilgan bo‘lsa, o‘shanga xoslangandir», dedilar». Imom Muslim rivoyati.

1698/4. Amr ibn Shu’ayb otalaridan, otalari esa bobolaridan qilgan rivoyatlarida Rasululloh (s.a.v.) masjidda oldi-sotdi qilishdan, yo‘qolgan narsasini e’lon qilishdan va she’rlar o‘qishdan man etdilar. Abu Dovud va Termiziy rivoyatlari.

1699/5. Soib ibn Yaziddan (r.a.) rivoyat qilinadi: «Men masjidda tursam, bir kishi mayda toshlarni otdi. O’girilib qarasam, otgan kishi Umar ibn Xattob ekanlar. U zot: «Ana u ikki kishini huzurimga keltir», dedilar. Qachonki, ularni olib kelsam, u zot: «Qaerliksizlar?» deb so‘radilar. Ikkovlari: «Toifdanmiz», deb javob berishdi. U zot: «Agar sizlar madinalik bo‘lganingizda, ta’ziringizni berib qo‘yar edim. Sizlar Rasulullohning (s.a.v.) masjidlarida ovozingizni baland qilasizlarmi?» dedilar». Imom Buxoriy rivoyati.

Qayd etilgan


AbdulAziz  19 Iyul 2008, 08:29:15

311-bob
Sarimsoq, piyoz, ko‘k piyoz va shunga o‘xshash badbo‘y narsalarni tanovul qilib, og‘zidan hidi ketmay turib, zaruratsiz masjidga kirishdan qaytarilgani haqida


1700/1. Ibn Umardan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh (s.a.v.) «Kim mana bu o‘simlikdan, ya’ni sarimsoq yegan bo‘lsa, masjidimizga yaqinlashmasin», dedilar. Imom Buxoriy va Muslim rivoyatlari.

Imom Muslimning boshqa rivoyatlarida «masjidlarimizga yaqinlashmasin» bo‘lib kelgan.

1701/2. Anasdan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh (s.a.v.) «Kim mana bu o‘simliklardan (sarimsoq, piyoz) yesa, bizga yaqin kelib, birga namoz o‘qimasin», dedilar. Imom Buxoriy va Muslim rivoyatlari.

Qayd etilgan


AbdulAziz  19 Iyul 2008, 08:29:23

1702/3. Jobirdan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh (s.a.v.) «Kim sarimsoq yoki piyoz yesa, bizdan va masjidlarimizdan uzoq tursin», dedilar. Imom Buxoriy va Muslim rivoyatlari.

Imom Muslimning rivoyatlarida «Kim piyoz, sarimsoq va ko‘k piyoz yesa, masjidlarimizga yaqinlashmasin. Chunki farishtalar ham odam bolalari ozorlangan narsadan ozor topishadi» bo‘lib kelgan.

1703/4. Umar ibn Xattobdan rivoyat qilinadi. Jumalarning birida bu zot: «Ey odamlar, sizlar ikki o‘simlik - piyoz va sarimsoqni yeysizlar. Men uni yomon narsa deb bilaman», dedilar.

Rasululloh (s.a.v.) agar masjidda (sarimsoq yegani sababli og‘zidan) hid yoyilib turgan kishini topsalar, Baqiy’ (qabristoni)ga o‘sha kishini chiqarib tashlashni buyurardilar. Keyin u kishi o‘sha yerga olib borilar edi. «Kim sarimsoq va piyozlarni yeydigan bo‘lsa, pishirib, hidini qoldirmasdan yeyaversin», dedilar. Imom Muslim rivoyati.

Qayd etilgan


AbdulAziz  19 Iyul 2008, 08:29:37

312-bob
Imom juma kuni xutba aytib turganida, ikki oyoqni qoringa yopishtirib, qo‘lni xalqa qilib o‘tirishning karohiyati haqida (chunki bunday o‘tirish uyqu keltirib, xutbani eshittirmasligi va tahoratni ketkazishi mumkin)


1704/1. Muoz ibn Anas al-Juhaniydan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh (s.a.v.) juma kuni imom xutba aytib turganida ikki oyoqni qoringa yopishtirib, qo‘lni xalqa qilib mahkamlab o‘tirishdan man etdilar. Abu Dovud va Termiziy rivoyatlari.

Qayd etilgan